Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda, o‘zgarishlar ko‘lami keng, yangiliklar oqimi dolg‘ali. Hozirda sun’iy intellekt asr moʻjizasi sifatida namoyon bo‘lib, insoniyatni qayta-qayta hayratga solyapti. U kirib bormagan soha, tatbiq qilinmayotgan yo‘nalishning o‘zi yo‘q hisob.

Rivojlangan mamlakatlarda sun’iy intellekt imkoniyatlari joriy etilgan yuzlab turli xil xizmatlar paydo bo‘lmoqda.

“Next Move Strategy Consulting” kompaniyasining bashoratiga ko‘ra, 2030-yilga borib global sun’iy intellekt bozori sarmoyasi 1,8 trillion dollarga yetadi. Yurtimizda ham bu borada izlanishlar allaqachon boshlangan, reja va maqsadlar aniqlab olingan. 2024-yil 14-oktyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini 2024–2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, sohani 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan.

Ahamiyatlisi shundaki, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellektning turli xil dasturlari orqali o‘zbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan ko‘plab milliy kontentlar paydo bo‘lmoqda.

Albatta, yangilikning kirib kelgani, ommalashayotgani va keng yoyilayotgani yaxshi. Biroq  axborot asrining o‘zgarmas bir haqiqati ham bor. Bu maydonda doimiy izlanish, aniq, tahliliy, haqiqatga asoslangan ma’lumotlarni ko‘paytirish bilangina turli xurujlarga qarshi turish mumkin. Bugun sun’iy intellekt orqali o‘tmish, qadriyat, buyuk shaxslarning qiyofasi, tarixiy faktlar buzib ko‘rsatilayotgan holatlar ham, afsuski, yo‘q emas.

Bularning oldini olish uchun shu sohaga chuqurroq kirib borish, haqqoniy ma’lumotlar bazasini mustahkamlab, sifati va sonini ko‘paytirish lozim.

Shu bois Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ziyolilar: olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad sun’iy intellekt imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanib, buyuk tarixiy ajdodlarimiz, ularning boy ilmiy, tarbiyaviy merosini olimlar fikriga tayangan holda jonlantirish, animatsion rolik, qisqa metrajli film, turli xil musiqalar yaratishdir.

Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tarixchi olimlar, manbashunoslar, tadqiqotchilar jalb qilingan holda sun’iy idrok yordamida tarixiy shaxslarning obrazini yaratish ustida ishlanmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichida buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qiyofasi jonlantirildi. Tayyorlangan mediamahsulot bilan tanishgan professor, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali shunday fikrlarni bildirdi:

–  Amir Temur haykali ijodkori Ilhom Jabborov bilan juda ko‘p suhbatda bo‘lganman. Usta haykalni juda jo‘yali, aniq keltirilgan chizgilar asosida bunyod qilgan. Bir xil, ya’ni yagona maqbul qiyofada to‘xtalishimiz kerak! Masalan, Pyotr Birinchi desa, faqat bitta siymo ko‘z oldimizda gavdalanadi. Yo bo‘lmasa Napoleon Bonapart, hattoki Sezar deganda ham barcha faqat bir xil qiyofani eslaydi. Vaholanki, u miloddan avvalgi asrlarda yashab o‘tgan. Amir Temur deganda butun dunyo ko‘z o‘ngida har xil emas, balki bitta siymo gavdalanishi kerak!

Albatta, sun’iy intellekt yordamida o‘tmishni, tarixiy shaxslarimizni yosh avlod ko‘z o‘ngida gavdalantirish mas’uliyatli va g‘oyat murakkab vazifa.

– Maqsadimiz tariximizni, buyuk ajdodlarimiz siymosini asosli manbalarga tayanib, haqqoniy aks ettirish, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Negaki, bu qiyofalarni o‘zimiz to‘g‘ri talqinda gavdalantirmasak, sun’iy idrok uni o‘zi istagancha, o‘zi bilgancha ruhsiz talqinda dunyoga taqdim etadi. Misol uchun, sun’iy idrokka Amir Temurni tasvirlab ber desangiz, u sizga turli xil qiyofali “sohibqiron”ni ko‘rsatadi. Bugun mana shu dolzarb masala o‘z yechimini kutyapti. 50–100 yildan keyingi avlod tarixni kitoblardan qidirmasligi mumkin. Ularning bilimi, dunyoqarashi media taassurot asosida shakllanadi. Demakki, mutaxassislarimiz kelajakni ham ko‘zlab, savolga o‘rin qolmaydigan darajada tarixiy qiyofalarni jonlantirib berishlari kerak.

Ijodiy jarayonni kuzatar ekanmiz, tarixchi olimlar va media mutaxassislar qizg‘in munozara hamda bahslarda izlanish olib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Loyiha doirasida Temur bobomizning shaxsi, qiyofasi, yuz tuzilishi, ko‘z qarashi, liboslari, xatti-harakatlari, ovozi hamda tabiatidagi o‘ziga xoslikning to‘laqonli ifodasi sun’iy intellektning ma’lumotlar bazasiga joylab borilyapti.

Loyiha ustida ishlayotgan soha mutaxassisi Davlat Hamroqulovning ta’kidlashicha, manbalarda keltirilgan ma’lumotlar va bizga tanish bo‘lgan suratlar asosida izchil izlanishlar olib borildi:

– Tarixiy siymoning obrazini shakllantirishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi va mas’uliyati bor, albatta. Bu yerda zargarona nigoh va me’yor kerak. Uzoq izlanishlar samarasi o‘laroq, buyuk bobomizning qiyofasi manbalardagiga o‘xshadi, degan to‘xtamga kelindi. Shundan so‘ng sun’iy intellektdan tasdiq xati keldi. Biz yaratgan surat unga ma’qul kelgani va ushbu media mahsulotni tavsiyaviy ilovalarga joylashtirish uchun rozilik berishimizni so‘radi.

Otabek Hasanovning aytishicha, Sohibqironning 690 yillik yubileyigacha, ya’ni bir yil muddatda Amir Temur haqidagi barcha ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarga  joylanadi:

– Biz nimani xohlayapmiz? Amir Temur haqida qidiruv tugmasi bosilganda birinchi bo‘lib, asoslangan va to‘g‘ri talqindagi ilmiy tasdig‘ini topgan siymo qiyofasi foydalanuvchiga taqdim etilishini maqsad qilganmiz. Bu natijaga erishish uchun biz bor texnik imkoniyatlarimizni ishga solamiz, olimlarimizdan esa bilim, fidoyilik va vatanparvarlik taqozo etiladi.

 

Bahora AHMEDOVA

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Axborot xizmati rahbari

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida