Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda, oʻzgarishlar koʻlami keng, yangiliklar oqimi dolgʻali. Hozirda sunʼiy intellekt asr moʻjizasi sifatida namoyon boʻlib, insoniyatni qayta-qayta hayratga solyapti. U kirib bormagan soha, tatbiq qilinmayotgan yoʻnalishning oʻzi yoʻq hisob.

Rivojlangan mamlakatlarda sunʼiy intellekt imkoniyatlari joriy etilgan yuzlab turli xil xizmatlar paydo boʻlmoqda.

“Next Move Strategy Consulting” kompaniyasining bashoratiga koʻra, 2030-yilga borib global sunʼiy intellekt bozori sarmoyasi 1,8 trillion dollarga yetadi. Yurtimizda ham bu borada izlanishlar allaqachon boshlangan, reja va maqsadlar aniqlab olingan. 2024-yil 14-oktyabr sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini 2024–2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, sohani 2030-yilga qadar rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilab olingan.

Ahamiyatlisi shundaki, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda sunʼiy intellektning turli xil dasturlari orqali oʻzbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan koʻplab milliy kontentlar paydo boʻlmoqda.

Albatta, yangilikning kirib kelgani, ommalashayotgani va keng yoyilayotgani yaxshi. Biroq  axborot asrining oʻzgarmas bir haqiqati ham bor. Bu maydonda doimiy izlanish, aniq, tahliliy, haqiqatga asoslangan maʼlumotlarni koʻpaytirish bilangina turli xurujlarga qarshi turish mumkin. Bugun sunʼiy intellekt orqali oʻtmish, qadriyat, buyuk shaxslarning qiyofasi, tarixiy faktlar buzib koʻrsatilayotgan holatlar ham, afsuski, yoʻq emas.

Bularning oldini olish uchun shu sohaga chuqurroq kirib borish, haqqoniy maʼlumotlar bazasini mustahkamlab, sifati va sonini koʻpaytirish lozim.

Shu bois Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ziyolilar: olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yoʻlga qoʻyildi.

Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad sunʼiy intellekt imkoniyatidan toʻgʻri foydalanib, buyuk tarixiy ajdodlarimiz, ularning boy ilmiy, tarbiyaviy merosini olimlar fikriga tayangan holda jonlantirish, animatsion rolik, qisqa metrajli film, turli xil musiqalar yaratishdir.

Shu maqsadda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tarixchi olimlar, manbashunoslar, tadqiqotchilar jalb qilingan holda sunʼiy idrok yordamida tarixiy shaxslarning obrazini yaratish ustida ishlanmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichida buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qiyofasi jonlantirildi. Tayyorlangan mediamahsulot bilan tanishgan professor, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali shunday fikrlarni bildirdi:

–  Amir Temur haykali ijodkori Ilhom Jabborov bilan juda koʻp suhbatda boʻlganman. Usta haykalni juda joʻyali, aniq keltirilgan chizgilar asosida bunyod qilgan. Bir xil, yaʼni yagona maqbul qiyofada toʻxtalishimiz kerak! Masalan, Pyotr Birinchi desa, faqat bitta siymo koʻz oldimizda gavdalanadi. Yo boʻlmasa Napoleon Bonapart, hattoki Sezar deganda ham barcha faqat bir xil qiyofani eslaydi. Vaholanki, u miloddan avvalgi asrlarda yashab oʻtgan. Amir Temur deganda butun dunyo koʻz oʻngida har xil emas, balki bitta siymo gavdalanishi kerak!

Albatta, sunʼiy intellekt yordamida oʻtmishni, tarixiy shaxslarimizni yosh avlod koʻz oʻngida gavdalantirish masʼuliyatli va gʻoyat murakkab vazifa.

– Maqsadimiz tariximizni, buyuk ajdodlarimiz siymosini asosli manbalarga tayanib, haqqoniy aks ettirish, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Negaki, bu qiyofalarni oʻzimiz toʻgʻri talqinda gavdalantirmasak, sunʼiy idrok uni oʻzi istagancha, oʻzi bilgancha ruhsiz talqinda dunyoga taqdim etadi. Misol uchun, sunʼiy idrokka Amir Temurni tasvirlab ber desangiz, u sizga turli xil qiyofali “sohibqiron”ni koʻrsatadi. Bugun mana shu dolzarb masala oʻz yechimini kutyapti. 50–100 yildan keyingi avlod tarixni kitoblardan qidirmasligi mumkin. Ularning bilimi, dunyoqarashi media taassurot asosida shakllanadi. Demakki, mutaxassislarimiz kelajakni ham koʻzlab, savolga oʻrin qolmaydigan darajada tarixiy qiyofalarni jonlantirib berishlari kerak.

Ijodiy jarayonni kuzatar ekanmiz, tarixchi olimlar va media mutaxassislar qizgʻin munozara hamda bahslarda izlanish olib borayotganiga guvoh boʻldik. Loyiha doirasida Temur bobomizning shaxsi, qiyofasi, yuz tuzilishi, koʻz qarashi, liboslari, xatti-harakatlari, ovozi hamda tabiatidagi oʻziga xoslikning toʻlaqonli ifodasi sunʼiy intellektning maʼlumotlar bazasiga joylab borilyapti.

Loyiha ustida ishlayotgan soha mutaxassisi Davlat Hamroqulovning taʼkidlashicha, manbalarda keltirilgan maʼlumotlar va bizga tanish boʻlgan suratlar asosida izchil izlanishlar olib borildi:

– Tarixiy siymoning obrazini shakllantirishning oʻziga yarasha qiyinchiligi va masʼuliyati bor, albatta. Bu yerda zargarona nigoh va meʼyor kerak. Uzoq izlanishlar samarasi oʻlaroq, buyuk bobomizning qiyofasi manbalardagiga oʻxshadi, degan toʻxtamga kelindi. Shundan soʻng sunʼiy intellektdan tasdiq xati keldi. Biz yaratgan surat unga maʼqul kelgani va ushbu media mahsulotni tavsiyaviy ilovalarga joylashtirish uchun rozilik berishimizni soʻradi.

Otabek Hasanovning aytishicha, Sohibqironning 690 yillik yubileyigacha, yaʼni bir yil muddatda Amir Temur haqidagi barcha maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarga  joylanadi:

– Biz nimani xohlayapmiz? Amir Temur haqida qidiruv tugmasi bosilganda birinchi boʻlib, asoslangan va toʻgʻri talqindagi ilmiy tasdigʻini topgan siymo qiyofasi foydalanuvchiga taqdim etilishini maqsad qilganmiz. Bu natijaga erishish uchun biz bor texnik imkoniyatlarimizni ishga solamiz, olimlarimizdan esa bilim, fidoyilik va vatanparvarlik taqozo etiladi.

 

Bahora AHMEDOVA

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Axborot xizmati rahbari

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida