XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilarining ichida Elbek (Mashriq Yunusov, 1898–1942) alohida ajralib turadi. Ayniqsa, uning oʻzbek tilining himoyasi yoʻlidagi qator tadqiqotlari har qanday tahsinga loyiqdir. Jumladan, u “Turkiston”, “Qizil bayroq” gazetalari hamda “Inqilob” va “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnallarida eʼlon qilgan maqolalarida oʻzbek tiliga asrlar mobaynida kirib kelgan soʻzlarning oʻrniga sof turkiycha shakllarni taqdim etadi. Elbekning oʻzi buning sabablari haqida toʻxtalib: “Matbuotimizda, toʻgʻrisini aytganda bosilmoqda boʻlgʻon kitob, jurnal va gazetalarimiz, eski holidan oʻxshatib boʻlmasliq darajada oʻzgarib, kundan kunga yuksalib, kengayib boradir. Bir vaqtlar, yaramas, yanglish iboralar, arabiy, forsiy soʻzlar va turkcha soʻzlar ham uchrayturgʻonning, “ni”, “moq”, “mak” kabi qoʻshimcha va masdar belgilarini oʻz yerlariga qoʻyilmagʻon tubsiz safsatalar bilan toʻlib chiqqon kitoblar oʻrnigʻa, bu kun (garchi butunlay yanglish yoʻq deb aytib boʻlmasa-da) anchagina yoʻlgʻa qoʻyilgʻon kitob, jurnal va gazetalar bosilib turadir. Bu ish, bizning keyingi 3–5 yil orasida heyli yuksalganimizni koʻrsatishga taniq (isbot, misol – M.Alijonov) boʻla oladir. Biroq biz, bu yuksalishga yuz tutgʻon adabiyotimizni, ustidan qarab, sonini sanab, koʻnglimizni quvontirib borgʻonimizda, bu kun boʻlmasa ertaga bir turli ehtiyotsizliklar bilan tub yoʻlimizgʻa egri chiziqlar ham chizib qoʻyishimiz mumkindir. Mana shunday yanglish yoʻllardan yosh matbuotimizni qutqazish va uni toʻgʻri, foydali bir yoʻlgʻa solish uchun oz boʻlsa-da biz tilning tub negizi va yasalishdagʻi ruhiy hamda uning ingichkaligi bilan tanishmoq tegishdir (lozimdir – M.Alijonov). Hozirda matbuotimizda soddalashgan va arabiy, forsiy soʻzlarning oʻrnigʻa turkiy soʻzlar ishlana boshlagʻon esa-da, shu olingʻon soʻzlarning koʻpi arab, forsiy soʻzida (tilida – M.Alijonov) anglashilgʻon maʼnoning juda (xuddi – M.Alijonov) oʻzi boʻla olmay qoladir. Bundan boshqa til-imlo qoidalarida esa tub qoidaga teskari oʻlaroq tuzilgan yanglish va gʻoyat fahsh soʻzlar ham uchrab turadir… Tilimiz orasida hali arab, forsning boʻyunturugʻi ostida ezilmagan erkinli ravishda yashab kelmakda boʻlgʻon shunday nuqul (xolis) turkiy maʼnogʻa boy soʻzlar, turli oʻsimlik, jonivorlar uchun xos atalib qoʻyulgʻon atamalar bordirkim, buning arabning “Makkasi”, forsning “Mashhadi”dan ham topilishi mumkin emasdir” deb yozgan holda, “Turkiston” gazetasida maxsus tarzda “Lugʻat va atamalar bobi”ni ochishni taklif etdi va bunda keng jamoatchilikni ishtirok etishga chaqirdi.

“Lugʻat va atamalar bobi” “Turkiston” gazetasining 1923-yilgi 168, 169, 174, 177, 180, 183, 188, 191, 198, 199-sonlarida chop etilgan boʻlib, unda arab, fors va rus tillaridagi jami 550 ta soʻzning sof turkiycha shakllari taqdim etilgan. Biz quyida ushbu lugʻatdan baʼzilarini keltirmoqdamiz.

Elbekning ushbu lugʻati ilk bor bugungi kun oʻquvchilari eʼtiboriga havola etilmoqda.

Lugʻat va atamalar

Oʻzga tildagi atamalar

Atamalarning turkiy tildagi shakli

Doira

Tegra – tevarak

Qahat

Yut

Idora

Boshqarma

Hukumat

Buyurma

Noib

Bosqoq

Podshoh

Xon

Imperator

Xoqon

Mamlakat

Oʻlka

Asir

Tutqun

Paygʻambar

Yalavoch

Bechora

Boyaqish

Mehnat

Ish

Istiloh

Atama

Miskin

Yoʻqsul

Yetim

Oʻksuz

Xat

Chiziq

Poytaxt

Xonboliq

Shahar

Boliq

Dunyo

Ochun

Qavm

Ulus

Xalq

El

Zolim

Yovuz

Shuʼla

Yogʻdu

Aeroplan

Uchgʻich

Savol

Soʻrog‘

Ishorat

Imo

Dori

Em

Tabib – doʻxtur

Emchi

Apteka

Emloq

Ittifoq

Birikma

Tashkilot

Uyushma

Istehkom-Крепост

Qoʻrgʻon

Asorat

Tutqunliq

Fasod

Buzgʻun

 Xabar

Darak

Fursat

Payt

Vaqt

Chog‘

Qalam

Yozgʻich

Ohang

Kuy

Maslahat

Kengash

Nasihat

Oʻgut

Asokir

Qoʻshun

Notiq

Chechan

Sabr

Toʻzim

Gunoh-maʼsiyat

Yazoq

Vatan

Yurt

Jannat

Uchmoh

Doʻzax

 Tamug‘

Adad

Son

Foyda

Asig‘

Muhr-pechat

Tamgʻa

Guvohnoma

Ishonch bitigi

Eʼlon

Bildirish

Xat, kitob

Bitik

Mavqe, istansiya

Bekat

Duo

Olqish

Navbat

Gal

Qabr, goʻr

Sagʻana

Birodar

Ogʻa-ini

Taraf

Tomon

Jihat

Yoq

Xususan

Ayniqsa

Sayyoh

Kezguvchi

Sayohat

Kezish

Qiyofa

Turq

Shakl

Aft

Irq

Tus

Sehrgar

Koʻzboqchi

Odat

Qiliq

His

Sezgi

Darmon

Tinka

Xasis

Ziqna

Baxil

Qurumsoq

Barakat

Qut

Muborak

Qutlug‘

Qonun

Tuzuk

Hadya

Sovgʻa

Taʼzim

Yukun

Juma (hafta kuni)

Odina

Tagʻyir

Oʻzgarish

Inqilob

Toʻnkarish

Muvofiq

Mos

Hurriyat

Erk

Qadam

Odim

Nodir

Saygʻuli

Shuhrat

Dong

Mashhur

Dongli

Majnun

Telba

Tartib

Yoʻsun

Adabiy majlis

Gurung

 Intiho

Chek

Hudud

Chegara-avvat

Yordam, muovanat

Koʻmak

Kam

Oz

Non

Yemak

Meva

Yemish

Beruh

Soʻlgʻon

Sharob

Chogʻir

Mamnu’

Qatagʻon

Pushaymon

Oʻkinch

Afsus

Essiz

Noqis

Eksik

Maqsad (ideal)

Tilak

Daʼvat

Undash

Savob

Ezgu

Gʻam-gʻussa

Qaygʻu

Faqir

Qashshoq

Husn

Koʻrk

Musiqa

Cholgʻu

Tabaqa

Qatlam

Soya

Koʻlanka

Rahm

Ayash

Baxt

Oʻroz

Rost, haqiqat

Chin

Oshpaz

Bakovul

Markaz

Kindik

Nabotot

Oʻsimlik

Mahr

Qalin

Aql

Ong

Fahm

Es

Qonun

Bosqoq

Asl

Tub

Qahramon

Botir

Jasur

Yovqur

Dushman

Yov

Alomat

Belgi

Maʼlum

Belgili

Fasl

Palla

Rizq

Ozuq

Farz

Burch

Nazorat

Qaramoq

Musobaqa

Oʻzishma

Aslaha

Qurol

Hayo

Uyat

Barg

Yaproq

Salomat

Sog‘

Muallim

Oʻqitgʻuvchi

Mashaqqat

Imgang

Dehqon

Ekinchi

Igʻvo

Qutqu

Taqdir

Yozmish

Shoir

Oqin

Amir

Bek

Stul, kursi

Oʻrindiq

Tarjimon

Tilmoch

Mustaqil

Oʻz boshli

Tamom

Tugal

Abat

Turgʻun

Oftob

Quyosh

Atrof

Tegra

Matonat

Chidam

Qatliom

Qirgʻin

Subh

Tong

Rais

Boshliq

Sarkotib

Yozgʻuvchi

Hazin

Mung

Sado

Un

Musovot

Tenglik

Tarafdor

Yoqdirash

Doxiliy

Ichki

Xorijiy

Tashqi

Tig‘, asbob

Yaroq 

Muhofiz

Soqchi

Zanjir

Bogʻlov

Namuna

Oʻrnak

Ibtido

Boshlangʻich

Ittihod

Birlik

Asos

Negiz

Intiqom

Oʻch

Gʻayr

Oʻzga

Asli

Oʻzak

Zahar

Ogʻu

Oson

Oʻngaʼy

Matbaa

Bosoq

Tan

Gavda

Qadim

Burun

Igʻvo

Qutqu

Beozor

Yuvosh

Oliy

Yuksak

Magʻfirat

Yorlaqash

Tasodif

Toʻqnash

Natija

Sanoq

Hisob

Saygʻi

Istehzo

Uchrum

Qabila

Aymoq

Iqtisod

Tejash

Hunarmand

Joʻybor

Jazm

Qunt

Kayf

Yinak

Josus

Tilchi

Peshona

Manglay

Hosil

Unum

Haykal

Balbal

Kalit

Ochgʻich

Lab

Dudog‘

Gʻanima

Oʻlja

Muxtalif

Qorishiq

Taxmin

Chama

Sulh

Yarash

Hukm

Kesim

Muohada (dagovor)

Kelishish

Tole’

Koʻrgulik

Avans

Boʻnak

Xato

Yanglish

Nasr

Sochma

Nazm

Tizma

Invalid

Mayib

Bahodir

Alp

Gul

Chechak

Farmoni oliy

Yorliq

Nashrga tayyorlovchi: Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori