YAGONA VATANMIZ, BITTA XALQDIRMIZ!
Ikki daryo poyin oʻpgan gul diyor,
Osiyo yuragi boʻlgan shul diyor.
Pok niyat, pok amal, azim kelajak –
Barchasiga Vatan boʻlgan shul diyor.
Birlashsak shijoat, azmu shahddirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Bobom ekkan nihol zoʻr himmat menga,
Momomning allasi chin hikmat menga.
Otamdan, onamdan merosim Vatan –
Uni asramoqlik saodat menga.
Tomirda oqqan qon, shiddat, jahddirmiz
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Dunyoning beshigin tebratgan bu el,
Yoʻqdan bino qilgan, yaratgan bu el.
Karvonida ilmu maʼrifat tashib –
Ne-ne dovonlarni titratgan bu el –
Shiddatim balamda, yana qalq dermiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Qadim tarix yoʻli kimga pinhondir,
Kecham ham bugunim senga ayondir.
Mening dono xalqim, donishmand xalqim –
Hamisha yaxshilik, mardlik tomondir,
Mardona bobolar yoʻli ahddirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Yer yuzin yondirar urush toʻzoni
Goʻdaklar faryodi tutar samoni.
Mening Vatanimda shodiyona toʻy –
Maʼrifat zamoni, millat zamoni,
Temur tutgan bayroqdek yakka shahddirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Aytay qay birini – bahodirlarim,
Vatan – orim degan qancha zoʻrlarim.
Muqaddas yurt shaʼni koʻksida tumor –
Dunyolar tanigan Javohirlarim.
Raqibni mot aylab turgan taxtdirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Oʻz-oʻzidan bunyod boʻlmas imorat,
Yurt taqdiri nomus ila jasorat.
Xalq qismatin oʻzin qismati degan –
Bedor zotning hayotidan iborat.
Qadamlar zalvorli – qutlug‘ ahddirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.
Ey, ilm-maʼrifat, nurlar, birlashing,
Yuragida olovi borlar, birlashing.
Ey, Vatan tarixin bitayotganlar –
Allomai zamon, pirlar, birlashing,
Birlashsak, el degan yorug‘ baxtdirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz,
Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz!
Sayyora Toʻychiyeva
"Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati aʼzosi
"Ishonch" gazetasi
Rasmiy sahifalarimiz👇
🚨telegram | 📎Facebook
📺YouTube | 👚Instagram