YAGONA VATANMIZ, BITTA XALQDIRMIZ!

Ikki daryo poyin o‘pgan gul diyor,

Osiyo yuragi bo‘lgan shul diyor.

Pok niyat, pok amal, azim kelajak –

Barchasiga Vatan bo‘lgan shul diyor.

Birlashsak shijoat, azmu shahddirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Bobom ekkan nihol zo‘r himmat menga,

Momomning allasi chin hikmat menga.

Otamdan, onamdan merosim Vatan –

Uni asramoqlik saodat menga.

Tomirda oqqan qon, shiddat, jahddirmiz

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Dunyoning beshigin tebratgan bu el,

Yo‘qdan bino qilgan, yaratgan bu el.

Karvonida ilmu ma’rifat tashib –

Ne-ne dovonlarni titratgan bu el –

Shiddatim balamda, yana qalq dermiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Qadim tarix yo‘li kimga pinhondir,

Kecham ham bugunim senga ayondir.

Mening dono xalqim, donishmand xalqim –

Hamisha yaxshilik, mardlik tomondir,

Mardona bobolar yo‘li ahddirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Yer yuzin yondirar urush to‘zoni

Go‘daklar faryodi tutar samoni.

Mening Vatanimda shodiyona to‘y –

Ma’rifat zamoni, millat zamoni,

Temur tutgan bayroqdek yakka shahddirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Aytay qay birini – bahodirlarim,

Vatan – orim degan qancha zo‘rlarim.

Muqaddas yurt sha’ni ko‘ksida tumor –

Dunyolar tanigan Javohirlarim.

Raqibni mot aylab turgan taxtdirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

O‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmas imorat,

Yurt taqdiri nomus ila jasorat.

Xalq qismatin o‘zin qismati degan –

Bedor zotning hayotidan iborat.

Qadamlar zalvorli – qutlug‘ ahddirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz.

Ey, ilm-ma’rifat, nurlar, birlashing,

Yuragida olovi borlar, birlashing.

Ey, Vatan tarixin bitayotganlar –

Allomai zamon, pirlar, birlashing,

Birlashsak, el degan yorug‘ baxtdirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz!

Sayyora To‘ychiyeva

"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

"Ishonch" gazetasi

Rasmiy sahifalarimiz👇

🚨telegram | 📎Facebook

📺YouTube | 👚Instagram