Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining 2021-yil 5-noyabrdagi 199-son bayoni bilan tasdiqlangan. Yangi tahrirda.
I. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Ustav Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (bundan keyin matnda - Markaz deb yuritiladi)ning tashkiliy-huquqiy shakli, maqsad va vazifalari, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini belgilaydi.
1.2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi "Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida"gi PQ-3160-son qaroriga asosan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yoʻli bilan ularning negizida tashkil etilgan.
1.3. Markaz Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi hamda Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
1.4. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi "Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-4307-son qaroriga asosan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining ishchi organi boʻlgan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.
1.5. Markazning tashkiliy-huquqiy shakli - muassasadir.
1.6. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining "Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qaror va farmoyishlariga hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
1.7. Markaz oʻz faoliyatini qonuniylik, oshkoralik va oʻzini oʻzi boshqarish tamoyillari asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.
1.8. Markaz oʻz nomidan mulkiy va nomulkiy huquqlarga egalik qilish, sudda daʼvogar va javobgar boʻlish huquqiga, mustaqil balansga, bank muassasalarida milliy hamda xorijiy valyutada hisob raqamlariga, oʻz nomi koʻrsatilgan dumaloq muhr, shtamp va blankalarga ega boʻladi.
Markaz belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan bayroq, vimpel, emblema va boshqa ramzlarga ega boʻlishi mumkin.
1.9. Markaz Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib koʻchasi, 76-uyda joylashgan.
1.9.1. Markazning toʻliq nomi:
- davlat tilida - "Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi";
- rus tilida - "Республиканский Центр духовности и просвещения";
- ingliz tilida - "Republican Center of Spirituality and Enlightenment".
Markazning qisqartirilgan nomlanishi:
- davlat tilida - RMMM;
- rus tilida - РЦДП;
- ingliz tilida - RCSE.
II. Markazning maqsad va vazifalari
2.1. Markazning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:
- ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan "Milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari" gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlik ruhini umummilliy harakatga aylantirish;
- milliy maʼnaviyatimizning mazmun-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, uning bugungi kunda rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil, taʼsirchan va zamonaviy usul va vositalardan foydalangan holda ilmiy tadqiqot va targʻibot ishlarini olib borish;
- vazirlik va idoralarda, hududlarda keng aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, fidoyilik, ularda islohotlarga daxldorlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarimizning hozirgi hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish;
- aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi qaratilgan tizimli va zamonaviy tashviqot ishlarini olib borish va boshqalar.
2.2. Markaz quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan milliy gʻoya targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
- soha va hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- aholi, ayniqsa, yoshlarni uzluksiz maʼnaviy tarbiyalash, dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish;
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targʻibot ishlarini amalga oshirish;
- keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati faoliyatini muvofiqlashtirish;
- dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, korrupsiya, separatizm, odam savdosi, axborot xurujlari, "ommaviy madaniyat"ning salbiy taʼsirlari, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish;
- jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan ichki tahdidlar - el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
- milliy gʻoyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari oʻrtasida keng targʻib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuygʻularini kuchaytirish;
- targʻibot-tashviqot ishlarida aholining maʼnaviy ehtiyojlari, hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;
- vazirlik, idoralar hamda hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini taʼminlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish;
- yoshlarda sogʻlom dunyoqarash, kitobxonlik koʻnikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;
- mahallalarda yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
- xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya anʼanalarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish;
- ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy gʻurur, komil inson tarbiyasi bilan bogʻliq tuygʻu va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga taʼsirchan vositalar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish;
- televideniye, radio, matbuot, internet imkoniyatlaridan toʻla foydalanib, turli mavzu va koʻrinishdagi ijtimoiy reklamalar tayyorlash, zamonamiz qahramonlari - yetakchi, ilgʻor fikrli, barchaga oʻrnak boʻlgan shaxslarning hayoti va faoliyati bilan ommani tanishtirish, ularning turli ijobiy tashabbuslarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan illatlarni, ularning turli muammolarini dadil koʻtarib chiqish;
- maʼnaviy-mafkuraviy jarayonlarni ilmiy asosda oʻrganish, uning diagnostik asoslarini ishlab chiqish va istiqbollarini belgilash, targʻibot ishlariga samarali tashkil qilish, soha xodimlarining malakasini oshirishni amalga oshirish;
- mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va ishchi (ekspert) guruhlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid boʻlgan zararli gʻoyalar va maʼnaviy tahdidlarning mohiyatini, aholining turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganib borish;
- yoshlarimiz ongiga salbiy taʼsir etuvchi, ularni gʻoyaviy jihatdan qaram etishga yoʻnaltirilgan harakatlarga qarshi samarali kurash olib borish hamda irodali, fidoyi, vatanparvar va oʻz mustaqil fikriga ega avlodni tarbiyalash boʻyicha maʼnaviy-axloqiy tarbiya dasturlarini ishlab chiqish;
- maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga doir xorijiy tajribani oʻrganish, shuningdek, bugungi mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash;
- maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimi, mahalla va boshqa tuzilmalar kesimida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning monitoringini olib borish, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha ilmiy asoslangan tarbiya boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
- maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish, ularning natijalarini amaliyotga tatbiq qilinishini muvofiqlashtirish va boshqalar.
2.3. Markaz faoliyati yuzasidan yuklangan vazifalarni "yoʻl xaritalari", chora-tadbirlar dasturlari orqali amalga oshiradi.
III. Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
3.1. Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning uzviyligini taʼminlashga koʻmaklashish;
- targʻibot-tashviqot va tarbiya yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha boʻyicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish;
- el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga befarqlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
- aholining internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish madaniyatini oshirish, gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;
- madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish;
- oila, taʼlim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar oʻrtasida maqsadli gʻoyaviy-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish;
- "Jaholatga qarshi maʼrifat" tamoyilidan kelib chiqqan holda terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, radikalizm, separatizm, korrupsiya, odam savdosi, "ommaviy madaniyat"ning salbiy taʼsirlari, narkobiznes kabi yurtimizning tinchligi va osoyishtaligiga rahna soladigan, xalqimizning iymon-eʼtiqodiga zarar yetkazadigan har qanday yot gʻoyalarga nisbatan ayovsiz kurash muhitini yaratish;
- globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora koʻpayib borayotgan tahlikali, murakkab vaziyatda maʼnaviy-maʼrifiy texnologiyalarni takomillashtirish;
- mamlakat ahli, ayniqsa, yosh avlodning dunyo va yurtimiz miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini, fidoyilik va vatanparvarlik tuygʻusini kamol toptirish;
- xalqaro maydonda yuz berayotgan muhim voqea-hodisalar, atrof-muhitimizda kechayotgan jarayonlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, odamlarni maʼnaviy yetuk, siyosiy jihatdan faol fuqarolarga aylantirishga qaratilgan maʼrifat tizimini yaratish;
- fuqarolik jamiyati, huquqiy davlatni rivojlantirish jarayonida barcha ijtimoiy guruh va tabaqalar vakillarining huquqiy ongini yuksaltirish orqali ular qalbida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini kuchaytirish, ayni paytda, oʻzining fuqarolik huquqi, erkinliklari va burchini chuqur anglagan holda yashash va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga koʻmaklashish.
IV. Markazning huquq va majburiyatlari
4.1. Markazning huquqlari quyidagilardan iborat:
- milliy gʻoya va mafkura nazariyasi va amaliyoti texnologiyalari boʻyicha tadqiqotlarni olib borish, targʻibot ishlarini metodik taʼminlash, ilmiy ekspertiza oʻtkazish, multimedia mahsulotlarini yaratish;
- olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilar va xalq ichida notiqlik mahoratiga ega fuqarolar ishtirokida tashkil topadigan "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati faoliyatini doimiy yoʻlga qoʻyish, joylarda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jamoat, madaniyat va sanʼat tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirish;
- respublikadagi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha korxona tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ahvolini oʻrganish, maʼnaviy muhitni tahlil etish, muhokama qilish va shu asosda ularga tegishli tavsiyalar berish;
- davlat organlari va tashkilotlar, muassasalarga maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samarali tashkil qilinmaganligi, shuningdek, davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy qadriyatlarga hurmatsizlik, maʼnaviy-axloqiy mezonlarga zid holatlar, ezgu insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi, axloqsizlik, behayolikni targʻib etuvchi holatlar bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish;
- markaz balansidagi ehtiyoj mavjud boʻlmagan mulkni begaraz foydalanish huquqi bilan markazning hududiy boʻlim va boʻlinmalariga belgilangan tartibda oʻtkazish;
- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari bilan maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha hamkorlik qilish;
- festivallar, tanlovlar va boshqa tadbirlar gʻoliblari, qatnashchilari va faxriy mehmonlarini esdalik sovgʻalari bilan mukofotlash;
- markaz tizimidagi iqtidorli, alohida fidokorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon qilgan maʼnaviy-maʼrifiy soha xodimlarini nomzodlarini mukofotlashga belgilangan tartibda taqdim etish;
- Markaz balansidagi binolarini shartnoma asosan bevosita vaqtinchalik ijaraga berish;
- "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati tomonidan maʼnaviyat va maʼrifat boʻyicha masʼul xodimlar va targʻibotchilar malakasini oshirish samaradorligini nazorat qilish;
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishlarini tashkil etish va kengash qarorlarini ijro etish bilan bogʻliq amaliy-tashkiliy ishlarni amalga oshirish;
- ommaviy axborot vositalarida, jahon axborot tarmogʻida oʻz faoliyatiga doir maʼlumotlarni yoritib borish;
- vazirliklar va idoralar, tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar, maʼnaviyat va maʼrifat kengashlaridan islohotlar natijalari, maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga doir maʼlumotlarni soʻrab olish;
- xalqimizning boy maʼnaviy, madaniy merosi, milliy qadriyatlarini respublikamiz va xorijda keng targʻib qilish maqsadida xorijiy mamlakatlarga safarlar uyushtirish, media mahsulotlar ishlab chiqarish;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari, oliy taʼlim muassasalarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorlari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlar lavozimlariga nomzodlarni tayinlash boʻyicha tavsiyalar berish;
- ustav doirasidagi maqsad va vazifalarni bajarish yuzasidan shartnomalar imzolash, ijtimoiy-maʼnaviy buyurtmalar berish, shartnoma asosida olimlar, ziyolilar, mutaxassislar, koʻpni koʻrgan, hayotiy tajribaga ega faol fuqarolarni kitob va risolalar targʻibot materiallari, ilmiy-publitsistik maqolalar, ssenariylar tayyorlash ishlariga jalb qilish, ish hajmini kelishib olish va ularga bajarilgan ishlar uchun kelishilgan narxlarda haq toʻlash, ularni targʻibot materiallari bilan taʼminlash;
- maʼnaviy va maʼrifiy adabiyotlar, uslubiy qoʻllanmalar, kitoblar, plakatlar va boshqa yozma nashrlar multimedia mahsulotlar, koʻrsatuv va eshittirishlar, badiiy va hujjatli filmlar, roliklar tayyorlash;
- turli korxonalarga oʻz ulushi bilan taʼsischi boʻlib kirish, turli xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shoʻba korxonalarini ochish;
- ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish, jumladan:
- buyurtmalar boʻyicha shartnomaga asosan yozma va audio kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini tashkil qilish;
- maʼnaviy-maʼrifiy mazmundagi video mahsulotlar savdosini tashkil etish;
- kinostudiyalar, elektron nashrlar, portal va saytlar tashkil qilish;
- shartnoma asosan adabiy-badiiy, oʻquv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va koʻrgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish;
- maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda shartnomaga asosan oʻquv kurslari tashkil qilish;
- Markaz oʻz vazifalarini amalga oshirish maqsadida qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin;
- Markazning pullik xizmatlardan tushgan pul mablagʻlari markazning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga hamda xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga sarflash;
- belgilangan vazifalar bajarilishini taʼminlash maqsadida davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining mablagʻlari, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlarini jalb etish;
- sohani rivojlantirish maqsadida qonunlarda belgilangan tartibda oʻz gazetasiga, ilmiy-metodik jurnallariga, jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayt va veb-sahifalarga, elektron nashrlarga ega boʻlish, ommaviy axborot vositalariga taʼsischilik qilish;
- aholining mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga munosabatini oʻrganish, hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida soha mutaxassislarini jalb etgan holda sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish, turli masalalar, muammolarga bagʻishlangan mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va anjumanlar tashkil etish, mustaqil ilmiy izlanuvchilarning sohaga oid ilmiy tadqiqotlar olib borishlari uchun sharoit yaratish, ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuzish, dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, ilmiy xulosa va tavsiyalar berish;
- Markaz tasarrufidagi boʻlim va boʻlinmalar hamda tashkilot, muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
Markaz oʻz vazifalarini amalga oshirish maqsadida amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Markazda muhim ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni amalga oshirish uchun Markaz rahbarining buyrugʻi bilan 7 nafardan iborat tarkibda Maslahat kengashi tashkil qilinishi mumkin. Maslahat kengashi faoliyati tegishli nizomga asosan amalga oshiriladi.
4.2. Markazning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
- Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish;
- oʻz mol-mulki va pul mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash;
- oʻz faoliyati yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobotlar taqdim etish;
- mintaqaviy hududiy va mahalliy boʻlimlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish yuzasidan istiqbolli reja va dasturlar, ularning muammolarini yechish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilishiga koʻmaklashish;
- turli jamoat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tashabbuslari, ish tajribalarini oʻrganish, ommalashtirish yuzasidan tavsiyalar berish;
- Markaz tizimlari va sohada xizmat koʻrsatayotgan masʼul xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish;
- Markaz qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega.
V. Markaz tarkibi, rahbar organlari va ularning vakolatlari
5.1. Markazning rahbar organi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi hisoblanadi, Kengash quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
- Markaz va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi hamda uning oʻrinbosarlarini, Kengash masʼul kotibini saylash;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Markaz va uning boʻlim va boʻlinmalarini qayta tashkil etish va tugatish;
- Markaz Ustavini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari nizomlarini tasdiqlash, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
- Markaz va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari faoliyatini nazorat qilish;
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi masʼul kotibi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari raislarining hisobotlarini tinglash;
- maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga oid chora-tadbirlar dasturlari, yoʻl xaritalari va faoliyatiga oid boshqa hujjatlarni tasdiqlash;
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi faoliyatiga oid hujjatlar Kengash raisi hamda uning oʻrinbosarlari tomonidan, shuningdek, Kengash masʼul kotibi tomonidan imzolanadi.
5.2. Markazning tasarrufiga quyidagilar kiradi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boʻlimlari (keyingi oʻrinda hududiy boʻlimlar deb ataladi);
- tuman va (shahar) boʻlinmalari (keyingi oʻrinda hududiy boʻlinmalar deb ataladi);
- Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti;
- "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati;
- "Maʼnaviyat" nashriyoti;
- "Tafakkur" jurnali;
- "Maʼnaviy hayot" jurnali;
- Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi.
Markaz tasarrufidagi boʻlim, boʻlinmalar hamda tashkilot, muassasalar tegishli Ustavlar asosida faoliyat yuritadi, ularning faoliyati Markaz tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5.5. Markaz rahbarining vakolatlari:
- Markazga umumiy rahbarlik qilish;
- qonun hujjatlariga asosan Markaz tasarrufidagi boʻlim, boʻlinmalar hamda tashkilot, muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
- Markaz nomidan ishonchnomasiz ish koʻrish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, xorijiy tashkilotlar oldida Markaz manfaatlarini ifoda etish;
- Markaz xodimlarini, Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boʻlimlari rahbarlarini, "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti, "Tafakkur", "Maʼnaviy hayot" jurnallari, "Maʼnaviyat" nashriyoti rahbarlarini oʻrnatilgan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, shuningdek ularga ragʻbatlantirish hamda intizomiy javobgarlikka tortish vakolatiga ega hisoblanadi;
- Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boʻlimlari hamda tasarrufidagi tashkilot, muassasalar ustavlarini tasdiqlaydi;
- oʻzining oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha Kengash raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiritish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish;
- rahbar oʻrinbosarlari, Markaz xodimlari, hududiy boʻlim boshliqlarining vazifalari va lavozim majburiyatlari hamda ularning shaxsiy javobgarligini belgilash;
- Markaz xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish;
- Markaz xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
- qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi muloqotini yoʻlga qoʻyish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda qabul qilish;
- Markaz xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tarixiy shaharlarga ziyorat qilishini amalga oshirish;
- Maslahat kengashi tomonidan tasdiqlangan nizomga asosan umummilliy va kasb bayramlari hamda boshqa tadbirlar munosabati bilan xodimlarni mukofotlash hamda ragʻbatlantirish, shuningdek, ularga qoʻshimcha ustama haqlari belgilash;
- Markaz shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
- mulkiy operativ huquqlarini amalga oshirish, shartnomalar tuzish, jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, ishonchnomalar berish, banklarda hisob raqamlarini ochish, bank, moliya va boshqa hujjatlarga birinchi imzo huquqidan foydalanish;
- Markaz xodimlari, hududiy boʻlim, boʻlinmalar hamda tasarrufidagi tashkilot, muassasalar uchun majburiy boʻlgan buyruq va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
- Markaz boʻlinmalari hamda tasarrufidagi korxona, tashkilot, muassasalar moliyaviy ishlari nazorat qilish;
- qonun hujjatlari asosida Markaz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yuridik shaxslar sifatida tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil qilish;
- Markazning moliyaviy-xoʻjalik masalalari bilan shugʻullanish, homiylarning moddiy yordami hamda xoʻjalik hisobidan qoʻshimcha mablagʻlar topishni yoʻlga qoʻyish;
- Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash;
- "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyatini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayoniga jalb etish, nashriyot va tashkilotlar tayyorlagan risola va qoʻllanmalar, shuningdek, yangi zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan taʼminlash, ragʻbatlantirish masalalarini hal etish;
- xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, delegatsiyalarni joʻnatish va qabul qilish yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- Markaz ishida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlar va jamoatchi targʻibotchilarini Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda ularni oʻz faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlash;
- xoʻjalik hisobidan ishlab topilgan va homiylar koʻmagida shakllantirilgan moliyaviy mablagʻlardan Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashda hamda xodimlarni ragʻbatlantirishda foydalanish;
- respublikada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish hamda yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni "Maʼnaviyat fidoyisi" koʻkrak nishoni bilan mukofotlash;
- xoʻjalik hisobidagi mablagʻlar hisobiga chiqarilgan nashriy mahsulotlar savdosini tashkil qilish;
- Markaz oʻz balansidagi binosini, transport vositalarini qonunlarda koʻzda tutilgan tartibda ijaraga berish, sotish;
- Markazni rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish;
- oʻz vazifalarini amalga oshirish maqsadida amaldagi qonunlarga zid boʻlmagan boshqa faoliyat turlarini olib borishi mumkin;
- Markaz rahbari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Markaz rahbari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi bilan kelishilgan holda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Markaz rahbari boʻlmaganda uning vazifasini Markaz rahbarining birinchi oʻrinbosari bajaradi.
VI. Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar (hududiy) boʻlimlari
6.1. Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari (bundan buyon - hududiy boʻlimlar) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga boʻysunadi hamda ushbu Ustav, oʻz Ustavi hamda qonun hujjatlariga asosan belgilangan vazifalarini amalga oshiradi.
6.2. Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari rahbarlari hududiy kengash raislari tomonidan taklif etilgan uch nafar nomzodlar orasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
6.3. Markazning hududiy boʻlimlari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlib, bank muassasalarida oʻzining hisob raqamiga hamda muhriga ega boʻladi.
6.4. Hududiy boʻlimlar tasarrufiga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining shahar va tumanlardagi boʻlinmalari kiradi.
6.6. Hududiy boʻlimlar joylarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi qarorlari va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining topshiriqlarini ijrosini taʼminlovchi tashkiliy idora boʻlib, targʻibotchilar faoliyatini muvofiqlashtiradi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.
6.7. Hududiy boʻlimlar oʻz faoliyatini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari tomonidan tasdiqlangan Ustavga asosan amalga oshiradi.
VII. Markazning tuman (shahar) boʻlinmalari
7.1. Markazning tuman (shahar) boʻlinmalari tegishli hududiy boʻlim rahbarligida faoliyat koʻrsatadi hamda qonun hujjatlariga asosan Ustavida belgilangan vazifalarini amalga oshiradi.
7.2. Markazning tuman (shahar) boʻlinmalari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlishi mumkin, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlish Markaz ruxsati bilan amalga oshiriladi.
7.3. Markazning tuman (shahar) boʻlinmalari rahbarlari oʻrnatilgan tartibda Markaz bilan rasman kelishilgan holda Markazning hududiy boʻlimlari rahbarlari tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
7.4. Markazning shahar va tuman boʻlinmalari maʼnaviyat va maʼrifat Kengashlarining ijro organlari sifatida ziyolilar qatlami, ayniqsa, oʻqituvchi va pedagoglar, mahalla faollari, turli nodavlat jamoatchilik tashkilotlari vakillaridan iborat guruhlar tuzib, tegishli tuman va shaharlarda joylashgan hamda mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha korxona, tashkilot va muassasalarda milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ahvolini oʻrganib boradi, muvofiqlashtiradi, oʻrganish xulosalarini tegishli Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashlari muhokamasiga qoʻyadi.
7.5. Markazning hududiy boʻlim va tuman (shahar) boʻlinmalari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
7.6. Boʻlim va boʻlinmalarning huquq va majburiyatlari, ularni tashkil qilish, qayta tashkil qilish va tugatish tartibi, mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari batafsil ravishda ularning Ustavlarida belgilanadi.
VIII. Markazning mulk va pul mablagʻlarini shakllantirish tartibi
8.1. Markaz oʻz tasarrufida binolar, inshootlar, uy-joylar, uskunalar, anjomlar, milliy va xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, intellektual mulk va mualliflik huquqlari obyektlari, tashkilot (korxona, muassasa)larga va ushbu Ustavda koʻzda tutilgan faoliyatni moddiy taʼminlash uchun zarur boʻlgan va oʻz mablagʻlari hisobidan barpo etiladigan boshqa mol-mulkka ega boʻlishi mumkin.
8.2. Markaz, uning boʻlim va boʻlinmalari mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
- davlat byudjeti mablagʻlari;
- Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi;
- jismoniy va yuridik, jumladan, xorijiy shaxslarning ixtiyoriy mulkiy badallari va ehsonlari;
- davlat buyurtmasiga asosan sohaga oid faoliyatini amalga oshirishga ajratilgan maqsadli moliyaviy ajratmalar va davlat koʻmagi;
- grant, subsidiya, ijtimoiy buyurtma koʻrinishidagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli kelib tushadigan mablagʻlar;
- Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun sarflanadigan, tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foyda);
- Markazning bosma nashrlaridan tushadigan mablagʻlar;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
8.3. Markaz va uning tuzilmalari tomonidan tadbirkorlik, pullik xizmat koʻrsatish hamda boshqa faoliyatidan olingan daromadlar Ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirishga, markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi.
8.4. Markazning hududiy boʻlimlari va boʻlinmalari, shuningdek, tasarrufidagi korxona, tashkilot, muassasalar mol-mulkini Markaz ruxsatisiz mustaqil ravishda balansdan chiqarishga haqli emas.
8.5. Markazning hududiy boʻlimlari va tuman (shahar) boʻlinmalari oʻzlariga biriktirib qoʻyilgan mulkni operativ boshqarish huquqini amalga oshiradi.
IX. Ustavga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritish tartibi
9.1. Markaz Ustaviga qonun hujjatlariga asosan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9.2. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgandan soʻng Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
X. Markazda hisob va hisobot ishi
10.1. Markazning hududiy boʻlimlari belgilangan tartibda Markazga har chorakda keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar amalga oshirgan ishlar yuzasidan hisobot berib boradi.
10.2. Markazning tuman (shahar) boʻlinmalari belgilangan shaklda har oyda keyingi oyning 5-sanasiga qadar hududiy boʻlimlarga amalga oshirgan ishlar yuzasidan hisobot berib boradi.
10.3. Markaz oʻz faoliyati natijalarini hisobga olib boradi va ularni belgilangan tartibda roʻyxatga oluvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etadi.
10.4. Zarur boʻlgan hollarda Markaz tomonidan Markaz va uning hududiy boʻlimlari hamda boʻlinmalarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini auditor tekshiruvidan oʻtkazish uchun tashqi auditor jalb qilinishi mumkin.
Shuningdek, Markaz tasarrufidagi boʻlim va boʻlinmalar hamda tashkilot, muassasalarning maʼnaviy va moliyaviy faoliyatini oʻrganish mumkin.
XI. Markazni qayta tashkil etish va tugatish tartibi
11.1. Markazni qayta tashkil etish Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
11.2. Markazning tugatilishi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi qaroriga yoki sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
11.3. Markaz tugatilgandan keyin uning mol-mulki Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki sudning qarorida koʻrsatilgan tartibda tasarruf etiladi.
11.4. Markazning kreditorlar talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk tashkilot qatnashchilari (aʼzolari), shuningdek rahbar organlarining aʼzolari yoki nodavlat notijorat tashkilotlarining xodimlari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi masʼul kotibi
M. Hojimatov