Bugun 4-sentabr… 2023-2024-oʻquv yiliga start berildi. Oʻquvchilar va talabalar bilan toʻlgan koʻchalar, bayramona qiyofalar va yoqimli kuz fasli hammaga maktab davrini eslatayotgani aniq. 1-sinfga borgan davringizni eslay olasizmi? Aynan mana shu savol bilan bir qancha taniqli va faol yurtdoshlarimizga yuzlandik. Oʻziga xos xotiralarga tobingiz qalay?
Xosiyat Rustamova,
shoira, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, xalqaro tanlovlar gʻolibi, “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri:

1-sinf… Bu kun bilan bogʻliq xotiralarim va hissiyotlarimni boricha aks ettirishga harakat qilaman.
Tonglar otmagan. Kunlar ham oʻtib qoʻya qolmagan. Xullas shu kunga juda-juda olisdan kelgan edim. Hayajonlarim meni tor koʻchalarda necha marta yiqitgan edi. Aynan maktab uchun olingan kiyimlarim hammadan yashirinib, necha bor kiyib koʻrilgan… sochlar har kuni har xil taralgan. Xayollar maktabni necha bor tasavvurlarimga chizgan va oʻchirgan. Ismim yerlarda doira ichiga olinib, necha bor qiyshiq harflar bilan yozilgan. Toʻgʻrida, oʻqituvchim toʻsatdan, “qani ismingni yozchi” desalar, yer chizib qolishdan qoʻrqishlar… Men maktabga borguncha ham oʻzim xayolimda yaratgan maktabga har kuni borib qaytardim. Faqat u yerda ozgina boshqacha edi… Aniq eslayman, sinfxona juda katta va osmonga oʻxshagan doska havoda chayqalib turardi. Men sinfga katta-kichik harflar bilan yashin tezligida kirib kelardim. Qizigʻi, men bilan taniganimdan beri jim yashagan harflar birdan harakatga kelib, oʻyinga tusha boshlardi… Men ularni tutmoqchi boʻlib chopardim va kichik harflarnigina ushlay olardim. Katta harflarga esa kuchim yetmasdi. Men ulardan qoʻrqardim. Va bulutlar ichidan chiqib kelayotgan muallimimga jovdirab qarardim. Negadir muallimim sariq kiyimlarda ertak qahramonlariga oʻxshab koʻrinardi… men faqat maktab haqida oʻylardim. Va uydagilarga faqat maktab haqida gapirardim. Uydagilar mening savollarimdan bezor boʻlishgan edi. Xullas, mening tushlarim ham maktab edi… Men oʻsha kuni hali tong otmasdan kiyinib, Onamni koʻchada kutib turdim. Hech kim meni ichkariga olib kirolmadi. Hech yoʻq nonushta qilib ol, hali maktab qorovuli ham kelmagan, dedilar Dadam. Shunday paytda choy oʻtarmidi!.. Indamay oʻtiraverdim. Oxiri Oyim chiqdilar. Tor koʻchadan maktabga yaqin edi. Men oʻsha koʻchaga qarab yurdim. Ammo Onam qoʻlimni ushladilar va katta koʻchadan keta boshladik. Men hozirgacha ham bundan uzoqroq yoʻlni bilmayman. Maktabgacha toʻqqiz yoki oʻn daqiqalik yoʻl mening bola tasavvurimda, bir asrlik yoʻl boʻlib qoldi. Kimdir aytganda eslab qolgandim, birinchi partada aʼlochi bolalar oʻtiradi. Sinfga kirish ruxsat berilganda, men chopib borib birinchi partani tanladim va maktabni bitirgunimcha ham shu joyda qoldim.
Bizning muallimamiz chiroyli edi… Menga hamisha sirli tuyulgan mualimam bilan men hamisha faxrlanardim. Men unuta olmaydigan voqealardan birini aytaman. Bir kuni maktab boshlanganiga hali bir hafta ham boʻlmagan, ammo meni harflarni tanishim va qisqa soʻzlarni qoʻshib oʻqishim haqida maktabga gap tarqalgan boʻlib, boshqa sinf oʻqituvchilari meni koʻrib qolishsa, savolga tutishardi. Oʻsha kuni maktab maydonchasida boʻr bilan yerga nimalarnidir oʻrtoqlarim bilan yozib, chizib turgandik… 1-“v” sinfining oʻqituvchisi Ulkanoy opa kelib, “Qani, “bobo”, deb yoz-chi”, dedilar… “Bo”, deb yozdim. “Yozuving chiroyli ekan”, dedilar. Men yerga qarab turaverdim. “Bobo”ni yozolmadim. Bu voqeani oʻqituvchi oʻsha zahoti unutib yubordilar, ammo men haligacha unutganim yoʻq. Chunki, men ularga bir necha marotaba aytdim, “bobo” soʻzini yozolmaganman, eslaysizmi, deb. Ammo ular eslolmaganlar. Men esa shu soʻzni yoza olmaganim uchun oʻqituvchidan shu qadar hijolat chekkanmanki, hozir ham ularning oldida oʻzimni hech narsa bilmaydigandek his qilaman va uyalaman…
Fozil Farhod,
shoir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi:

Men bolalar bogʻchasiga bormaganman. 6 yoshimda maktabga tayyorlovchi “ноловой” sinfga qatnaganman. Lekin oʻqituvchimiz juda talabchan boʻlganlar, shu sababdan ulardan qoʻrqqanman. Xullas, oʻqituvchi bahona boʻlib, shu yili oʻqishga chiqmadim. Keyingi yil, 7 yoshimda 1-sinfga bordim. Soddagina qishloq maktabida Roʻzixol muallim bizga dars oʻtardilar. Yoʻqotilgan bir yil oʻz ustimda qattiq ishlagan boʻlsam kerak, 1-sinfga borganimda savodim chiqqan edi, oʻqishni ham qoyil qilardim.
Nazarimda, maktabda namunali oʻquvchi boʻlganim uchun alohida qiziq voqealar sodir boʻlmagan yoki men eslay olmadim.
Arevat Grigoryan,
suxandon, “Sevimli” telekanali boshlovchisi:

Millatim oʻzbek boʻlmasa-da, ota-onam meni oʻzbek tilidagi bogʻchaga berishgan. Tabiiyki, yoshim yetgandan keyin oʻzbek maktabiga bordim. Maktabdagilar qabul qilishdan oldin menga alifbe kitobidan rasmlar koʻrsatib, oʻzbek tilidagi ogʻzaki nutqimni tekshirishgan. Men avvaliga oson boʻladi, deb oʻylaganman. Lekin oʻqish boshlanganidan keyin juda qiynalganman. Oʻzbek tilini yaxshi bilmasligim rosa koʻp pand bergan. Odatda, rusiy zabondagi oʻquvchilar oʻzbek sinflarida taʼlim olishmagan. Shu sababdan, sinfdoshlarim ham menga hayrat koʻzi bilan qarashardi. Ular oʻzaro suhbatlashishsa, men tushunmay oʻtirardim. Yigʻlagan kunlarim koʻp boʻlgan. Lekin oʻylaymanki, mana shu qiyinchiliklardan munosib oʻta oldim va oʻzbek tilini mukammal oʻrgandim. Hozir umuman afsuslanmayman. Oʻzbek suxandoni Arevat Grigoryan nomiga ega boʻlganimdan baxtiyorman.
Rasulxon Qodirxonov,
teatr va kino aktyori, teleboshlovchi:

Maktabga 6 yoshda borganman. Sinfimizda hatto 5 yoshli oʻquvchilar bor edi. Demak, u vaqtlari yosh emas, xohish muhimroq boʻlgan ekan. Maktabimiz ham kamtarona, bir qavatli boʻlgan… Rahmatli Xonigul muallim opamizni juda yaxshi eslayman. Qalbi goʻzal ayol edilar. Qoʻlimdan ushlab yozdirganlari koʻz oldimda qolib ketgan.
1-sinfda men avvalo ota-onamni xursand qilishni juda xohlaganman. Shu bois aʼlo bahoga oʻqishga harakat qilganman. Tabelimga imzo qoʻyishgan vaqtda men oʻzimdan gʻururlanardim. Muallim opamiz (biz shunday chaqirardik) menga deyarli dakki bermasdilar. Oʻzim bunga hojat qoldirmasdim. Faqat bir safar tanaffus vaqtida futbol oʻynashga berilib ketib, darsga kech qolganman. “Sendan kutmagandim”, deganlar oʻsha vaqtda… Bu gap men uchun juda ogʻir jazo boʻlgan. Bunday xatoni qayta takrorlamaganman.
6-7 yoshimda ham juda sanʼatga qiziqishim baland boʻlgan. Sheʼr yodlardim, sahnaga chiqardim… Hatto “Mustahzod” qoʻshigʻini ijro etishni ham oʻrgangan edim…
Butun maktab davrida tartib va masʼuliyat bilan tahsil oldim. Bu hozirgi faoliyatimda ham oʻz aksini topgan deb oʻylayman.
Nargiza Odinayeva,
shoira, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi:

Qishlogʻimizning masjidi bor edi. Hayit bayrami va umuman, mavsumiy hasharlarda katta yoshdagi qoʻshni qizlarga qoʻshilib, mana shu masjid hovlisini supurardik. Kattalar koʻrsatmasi bilan masjid hududiga oyoqyalang kirganmiz. Ana shu vaqtlarda men maktabga 1-sinfga chiqqanman. Buni qarangki, maktabni ham masjid qatorida bilib, eshigidan oyoq kiyimimni yechib kirganman. Bu voqeani tez-tez eslab turaman…
Mendan uch yosh katta akam sinfxonadagi birinchi partaga joylashtirib ketgan. Bir muddat oʻtib, oʻrnimni boshqa bir oʻqituvchining farzandi egalladi. Meni ikkinchi partaga oʻtkazishdi. Keyin nimadir boʻldi-yu, yana joyimga qaytdim va 7 yil oʻsha maktabda, oʻsha sinfda sinf sardori boʻlib tahsil oldim.
Maktabimiz va undagi qoidalar menga qiziq tuyulardi. Ochigʻi, katta qiziqish va ishtiyoq bilan oʻqiganman. Bugungi shaxsiyatim shakllanishida maktabimning roli yuqori deb oʻylayman.
Jahongir Toʻrayev,
matematik, xalqaro olimpiadalar gʻolibi:

6 yoshimda kirill va lotin alifbosida savodim chiqqan, hisob-kitobni ham juda yaxshi bilardim. Koʻrsatkichlarim sabab sinfdan sinfga ham sakraganman. Bora-bora oʻzimdan ikki yosh kattalar bilan oʻqiganimni eslayman.
Faqat maktabga borganimda sinfdoshlarimga qoʻshilib ketishga biroz qiynalganman. Bu balki tabiatim bilan bogʻliqdir… Chunki hozir ham vazmin xarakterdaman.
Men uchun maktab chin maʼnoda bilim beruvchi maskan boʻlgan, shu sababdan eʼtiborimni faqat intellektimga qaratganman. Bundan afsuslanmayman… Chunki aynan mana shu qarash sabab oʻz soham bilan bogʻliq koʻplab yutuqlarga erishganman.
Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, aynan 1-sinfdagi xarakter, odatlar va hissiyotlar qahramonlarimizning butun hayot tarziga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Demak, aynan 1-sinf, aynan maktabda oʻtayotgan dastlabki yillar kelajagimiz bilan uzviy bogʻliq. Shu asosda, eslatamiz: maktab ostonasiga qadam qoʻygan bolalarimizga eʼtiborli boʻlaylik.
Ha, aytgancha, siz ham 1-sinf xotiralaringiz bilan boʻlishsangiz xursand boʻlamiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz