Bir syujet arkasidan iborat sarguzasht roman, muallifning ogʻir ruhiy tushkunlik va maishiy muammolardan qochish uchun oʻylab topgan sehrli dunyosi milleniallar orasida favqulodda ahamiyatli madaniy hodisa boʻldi – “Garri Potter” butun bir avlodning dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatgan fenomenga aylandi.
Asardagi sehr, ramz va sarguzashtlar jozibasi bolalar uchun ohanrabodek fon boʻldi, oʻsmirlarni undagi yolgʻizlik, oʻz oʻrnini izlash, doʻstlik, yoʻqotish, ogʻir tanlovlar va ulgʻayish kabi kechinmalar bayoni maftun etdi. Jumladan, meni ham. Shuning uchun bu epik romanlar turkumining besh qismini ikki yil mobaynida tarjima qildim. Oʻsha paytlar talabaman, kunduzi oʻqish, kechalari tarjima bilan band boʻlardim. Kezi kelib kunduzgi oʻqish ham ikkinchi darajali masalaga aylandi. Oʻy-xayol faqat tarjimada, bu mashgʻulot ortidan ingliz tilida oʻylashni, sarkazm va qochirimlarni oʻrgandim.
Ammo poytaxtning eʼtiborli noshirlari qoʻlimdagi tarjimani bosib chiqarishdan bosh tortishdi, koʻplar mualliflik huquqlarini olish qiyin boʻladi, dedi. Bir gal esa “bu kitobdagi ayrim qahramonlar, sehr-jodu masalasi bizning eʼtiqodimizga zid” degan rad javobini ham oldim. Oʻnlab noshirlarning “yoʻq” mazmunidagi “oʻylab koʻramiz”laridan keyin tarjima ishim toʻxtadi. Shu oxirgi javobdan soʻng hozirgacha oʻylayman: bizning eʼtiqodga, milliy oʻzlikka mos oʻsmirlarbop qanday badiiy asar bor oʻzi?
Bizda, odatda, oʻsmirlar va, hatto, kattalarga moʻljallangan badiiy asar ham koʻpincha tarbiyaviy vazifasi oldindan belgilab qoʻyilgan didaktik asar boʻladi. Qahramon yaxshi, xulosa aniq boʻlishi, tugun oxirida yechilishi kerak. Lekin oʻsmirlikning oʻzi bunday emas – oʻsmirlik savollar, shubhalar, ichki ziddiyatlar, oʻzini izlash va “men kimman?” degan savollar davridir.
“Young adult” (YA) adabiyoti aynan shu murakkab davr uchun yaratiladi. U bolalar va kattalar adabiyoti orasidagi “oraliq hodisa” emas. Oʻsmirlar adabiyoti mustaqil adabiy maydon boʻlib, oʻsmirning savollarini markazga qoʻyadi. Ular oʻz aksini qahramonda koʻrishni, qahramon bilan birga adashishni, xato qilishni, qoʻrqish va oxir-oqibat oʻz tanloviga kelishni xohlaydi. Garrining yetimligi, Germionaning oʻzini isbotlashga intilishi, Nevillning qoʻrquv ustidan gʻalaba qozonishi, Sneypning oʻtmish bilan yashashi, dementrlar obrazidagi halokatli tushkunlik va uning koʻlankasini quvish uchun baxtli xotiralar zarurati – barchasi sehrli dunyoga joylashtirilgan, ammo mohiyatan juda real insoniy muammolar. Bu yerda sehr – metafora. Xogvarts esa bolalikdan kattalikka oʻtish jarayonining badiiy makoniga aylangan. Romanni “eʼtiqodiy sabablarga koʻra” nashr etolmasligini bildirgan inson savodli, oʻtkir adabiy munaqqid edi. Hoynahoy, u asarning oʻzidan xavfsiramagan. U oʻzbek auditoriyasi, bolaga kitob sotib oluvchi kattalar asarning timsollar tilini toʻgʻri tushunishiga shubha qilgan. Hozir men ham shu xulosadaman.
Menimcha, “Garri Potter”ning avlod xotirasidagi oʻrnini faqat ommaviy madaniyat yoki marketing bilan izohlab boʻlmaydi. Bu asar bir avlodga oʻzining qoʻrquvlari, ijtimoiy munosabatlari, yoʻqotishlari va ulgʻayish jarayonini, jamiyatdagi tabaqalanish hamda boshqa meʼyor, yozilmagan qoidalarni ramzlar timsolida qayta idrok etish imkonini berdi. Asarning eng katta moʻjizasi sehrning oʻzi emas, millionlab odamlarni bir xil xotira va hissiyot atrofida birlashtira olganidadir.
Kitobdagi har bir muhim obraz va detalning ortida muayyan ramz va ijtimoiy maʼno yashirin. Chunki Xogvarts – jamiyatning kichik modeli. Unda boy va kambagʻal, imtiyozli, “toza qon” va aralash kelib chiqishga ega bolalar munosabatlari orqali real dunyodagi tabaqalanish va ijtimoiy tengsizlik aks etadi. Ayni shu maʼnoda asardagi “toza qon” gʻoyasi irqiy va ijtimoiy ustunlik mafkurasining ramziy ifodasi sifatida namoyon boʻladi. Voldemort va uning tarafdorlari insonning qadrini kelib chiqishi bilan oʻlchaydi. Bu qarash Germiona obrazi orqali yanada keskinlashadi: u oddiy odamlar oilasida tugʻilgan boʻlsa-da, bilimi, jasorati va axloqi bilan koʻplab “toza qon” sehrgarlaridan ustun turadi. Shu tariqa asar oʻsmirlarga insonning qiymatini kelib chiqishi emas, tanlovlari belgilashini uqtiradi.
Yigirma yoshni qoralagan roman tavsifi bilan qimmatli vaqtingizni olmayman. Bularni yozishdan maqsad – oʻzbek oʻquvchilari ham mana shunday, balki undan ham yaxshiroq badiiy asarlarga ehtiyojmand ekanini taʼkidlash edi.
Ammo bizga “Garri Potter”ning sunʼiy nusxasi kerak emas. Oʻzbek bolalariga oʻz qahramonlari, ruhiyati, mifologiyasi bilan yashaydigan asarlar zarur. Oʻsmirning savollari, ikkilanishi, yolgʻizligi, birinchi muhabbati, doʻstlikdagi xiyonati, oila bilan ziddiyati va oʻzligini izlashini adabiyotning munosib mavzusi deb biladigan asarlar kerak.
Shu bilan birga, asarlarda suiqasd, moddiy boylikning ustuvorligi, ijtimoiy tabaqalanish, tengsizlik, hokimiyat va manfaatlar toʻqnashuvi, yolgʻon axborot va manipulyatsiya kabi jamiyatda mavjud muammolarga ham murojaat qilish mumkin. Mana shunday ogʻriqli masalalar aks etadigan asarlar oʻquvchini oʻzi yashayotgan jamiyat haqida oʻylashga undaydi.
“Garri Potter”dagi qadim yunon afsonalari, mifologik obrazlar va arxetiplarga murojaat tasodifiy emas. Bu anʼana zamonaviy syujetni qadimiy madaniy xotira bilan bogʻlab, oʻquvchi uchun tanish va notanish maʼnolarning bir vaqtda idrok etilishini taʼminlaydi.
Bizda ham bunday badiiy baza bor. Boʻlganda ham katta omborxona, deyish mumkin: xalq ogʻzaki ijodi, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlari, “Lison-ut tayr”, “Hamsa” dostonlari zamonaviy adabiyot uchun tuganmas syujet, obraz va ramzlar manbai boʻla oladi. Masala faqat ulardagi universal gʻoyalarni zamonaviy oʻquvchi uchun qayta badiiylashtirishda.
Buning uchun, avvalo, voqelikka va adabiy merosimizga yagona kanonik nuqtai nazar orqali yondashish anʼanasidan voz kechish zarur. Mumtoz matnni faqat bir maʼnoda talqin qilish, qahramonni faqat bir mezon asosida baholash uning yangi avlod uchun tabdil imkoniyatlarini cheklaydi. Zotan, har bir davr oʻz savollarini beradi va mumtoz merosga oʻz nuqtai nazari bilan qayta qaraydi. Shu bilan birga, aynan oʻsmirlar adabiyotida tasvir texnikasining oʻziga emas, syujetning zichligi va dramatik harakatga koʻproq eʼtibor qaratish talab etiladi. Chiroyli tasvir, metafora va til jozibasi muhim, albatta. Ammo oʻsmir oʻquvchini asar ichida ushlab turadigan asosiy kuch – harakatdagi syujet, ziddiyat, kutilmagan burilish va qahramonning oʻzgarishidir.
Noshirlarning rad javoblaridan hafsalam pir boʻlganidan buyon salkam 15 yil oʻtibdi. Bu orada asarning toʻliq oʻzbekcha tarjimasi oʻquvchilarga yetib bordi. Bundan bagʻoyat xursandman, albatta. Ammo bu kam. Adabiy tarjimada ancha mashq qilgan oʻquvchi sifatida oʻzbek adabiyotida aynan oʻsmirlar segmentidagi boʻshliq toʻlishini istayman. Oʻsmirlarimiz qoʻlidan tushirmay oʻqiydigan, qahramonlari haqida bahslashadigan, ularga ishonadigan va, hatto, internetda oʻz versiyalari – “fanfik”larini yozadigan asarlar koʻpayishini orzu qilaman. Menimcha, bizga aynan shunday tirik adabiyot kerak. Oʻsmirni faqat (tarbiyalamay) “tarbiyalaydigan” nasihatnomalardan koʻra, xayolini rom qiladigan, tayyor xulosa bermaydigan, yangi savollar tugʻdiradigan, bir kitob bilan cheklanmay, butun bir oʻquvchilik madaniyatini paydo qiladigan adabiyotga ehtiyojimiz bor.
Munira BAXTIYOR