XXI asrning chorak davri ham poyoniga yetmoqda. Mazkur axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar-u sunʼiy intellektlar bilan omixtalashib ketgan talatumli asrda muntazam kitob mutolaa qilish dolzarb masalaga aylandi. XVII asrdayoq ommaviylashgan kitobxonlik madaniyati bugungi kunga kelib son jihatdan oʻsib borayotgan boʻlsa ham, sifat borasida susayayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Xususan, Oʻzbekistonda soʻnggi oʻn yillikda kitobxonlik madaniyatida keskin oʻzgarishlar sodir boʻldi. Avvalo, bozor iqtisodiyoti – kapitalizm sabab oʻqirmanlarda tanlov imkoniyati ancha kengaydi, natijada esa kitobxonlar endi nafaqat muallif va asarlarni, balki nashriyot, tarjimon va muharrirlarni ham tanlashni boshladi. Bu orada sifatsiz kitoblar, yaroqsiz tarjimalar, mantiqsiz matnlar keng urchidi. Shu sabab ham 2025-yilda oʻzbek tilida nashr etilgan tarixiy, ijtimoiy, falsafiy, badiiy, didaktik va bolalar adabiyotidan eng sara 10 ta kitob roʻyxatini tayyorladik.
“OLTUN YORUG‘”
Mazkur sutra turkiy xalqlar madaniy hayotidagi eng muhim sahifalardan birini tashkil etadi. Asar yozma manba sifatida qadimgi turkiy xalqlarning jahon madaniyati tarixida tutgan oʻrnini belgilovchi muhim omillardan biridir. Milodiy I asrda yozilgan “Oltun yorug‘” (oltin singari nur) bevosita “Avesto” bilan bogʻliq manba ham hisoblanadi. Yigirma asr burun Markaziy Osiyoda istiqomat qilgan oriylarning janubga – Hindistonga koʻchishi va turkiy qavmlar tomonidan Kushon imperiyasining barpo etilishi, bugungi janubiy Oʻzbekiston hududlarida buddaviylik dinining keng yoyilishi hind, uygʻur, xitoy, shuningdek oʻzbek xalqlarini bir tamaddunga birlashtiruvchi “Oltun yorug‘” asari yaratilishiga sabab boʻldi. Asar til jihatdan ham “Avesto”ga yaqin, faqat tovushlarda oʻzgarishlar roʻy beradi, mifologik qahramonlar orasida ham umumiylik bor. Shuningdek “Avesto” zardushtiylikni, “Oltun yorug‘” esa maxayana mazhabini targʻib etish uchun yozilgan boʻlsa-da, ikki asarda ham turkiy xalqlar madaniyatiga oid bir qator kultlar mavjud. Masalan, olov – otashning muqaddasligi, yoki ulugʻvor, noyob oʻsimliklardan umrboqiylik ichimligini tayyorlash, yer osti hukmdori – Erlikxonning ikki asarda ham uchratish mumkinligi shular jumlasidandir. Yana asar qoraxoniylar kitobat va chigʻatoy adabiy tilining shakllanishiga ham katta taʼsir koʻrsatgan. “Oltun yorug‘”ning ilk tadqiqot ishlari oʻtgan asrning oʻninchi yillarida rus olimi S.E.Malovning Xitoyga qarashli Gansu provinsiyasidagi Vinshgu qishlogʻi buddaviylik ibodatxonasidan qoʻlyozmani topib olinishi bilan boshlandi. Ilk bor professor Radlov tomonidan tarjima qilindi. Keyinchalik esa turkiy tillar orasida birinchi uygʻur, keyin esa oʻzbek tillarda tatbiq etilgan matnlar nashr etildi. Ayniqsa, 2025-yil Nasimxon Rahmon tomonidan tatbiq etilgan “Oltun yorug‘” asarining nashr etilishi oʻzbek kitobxonlik madaniyati uchun bebaho tuhfa boʻldi desak, yanglishmagan boʻlamiz.
Nashriyot: Zabarjad Media
Adadi: 200 nusxa
“TURKISTON KUNDALIGI” – FRIS UILFORT
Muhandisligi sabab Oʻrta Osiyoga joʻnatilgan avstriyalik zaxiradagi zobit Fris Uilfort 1915-1921-yillar oraligʻida Namangan, Jizzax va Fargʻonada oʻtkazgan kunlarini kundaligiga qayd etib borar ekan, bir tomondan Samarqand, Pomir va Oloy tog‘ tizmalaridagi fusunkor olamga maftun boʻlsa, bir tomondan “Bosmachilar harakati”, Jizzax qoʻzgʻolonining tirik guvohiga aylanadi. Birinchi jahon urushi payti Chor imperiyasiga asir tushgan zobitlarni uzoq yurt – Turkistonga joʻnatilishi, mahbuslarning tinimsiz qoʻnim yerlarini oʻzgartirilishi, oʻsha yillarda xalqimiz, ota-bobolarimiz tomonidan toʻxtovsiz amalga oshirilgan milliy ozodlik harakati – “bosmachilik”dan darak beradi. Uilford kundaligida qayd etganidek erkka boʻlgan tashnalik oqibatida “gazetadagi xabarlar eskirib qolayotgan edi”. Shuningdek, kitobda ayanchli yut – ocharchilik yillari ham tilga olinadi, xalqning oʻsimlik ildizlari bilan qursogʻini toʻydirishga majbur boʻlganliklari qirgʻizlarga mengzaladi. Qoʻqon Muxtoriyatining eʼlon qilinishi va qizil armiya tomonidan shafqatsizlarcha ozodlik siymosining yoʻq qilinishiga ham Uilford oʻz koʻzlari bilan shohid boʻladi. Bundan tashqari, Turkistonda kechirgan olti yil ichida xalqning madaniy, maʼrifiy, qadim urf-odatlariga ham guvoh boʻladi. Pirovardi esa oʻz ona yurtiga qaytadi. Kitob – kundalik nafaqat tarixni sevuvchi, balki qadriyatlarga sodiq, asl oʻzligini qoʻmsagan kitobxonlar uchun ham birdek qadrli. Asar “Asliyat tarixi” nomli ruknda chop etilgan.
Nashriyot: Akademnashr
Adadi: 1000 nusxa
JADID ADABIYOTI NAMOYANDALARI
Ilk nashr etilganda katta adabiy rezonanslarga sabab boʻlib, oʻqirmanlar orasida jadid adabiyotiga muhabbat keskin oshirgan “Jadid adabiyoti namoyandalari”ning navbatdagi turkum kitoblari ham, shubhasiz yilning, balki soʻnggi oʻn yillikning ham eng yaxshi kitoblari sirasidan joy oldi. Toʻplamning bu galgi kitoblarida Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi tanish nomlarga koʻzimiz tushsa, Moʻminjon Toshqin, Elbek(Mirmashriq Miryunusov), Fozilbek Otabek oʻgʻli singari notanish ismlarni ham uchratamiz. Shuningdek, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning ikki tomlik oldin nashr etilmagan tarjimalari ham turkumga oʻziga xos jilo baxsh etgan. Avloniy va Fitrat qoʻlida tarbiya topgan Elbek asarlarini toʻplashda professor Bahrom Irzayev, Choʻlpon bilan yelkadosh taʼlim bergan, bizga bolalikdan tanish asar “Robinzo Kruzo”ning ilk tarjimoni Fozilbek Otabek oʻgʻli va eng soʻnggi jadid – Toshqin asarlarini tartiblashda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Iskandar Madgʻoziyevlarning ishtiroki esa turkum qiymatini yanada oshiradi. Oʻqirman “Jadid adabiyoti namoyandalari” ruknida tayyorlangan kitoblarni mutolaa qilar ekan, oʻzini shu vatanning ongli fuqarosi, yurt va millat taqdiri uchun masʼul inson sifatida his etadi.
Nashriyot: Zabarjad Media
Adadi: 2000 nusxa
“OCHLIK” – KNUT HAMSUN
Hamsun ixlosmandlari uchun bu yil omadli keldi, “Ochlik” romani bir emas, ikki nashriyot tomonidan, ayri-ayri tildan tarjima qilinib, oʻqirmanlarga tortiq etildi. Biz eʼtirof etmoqchi boʻlgan nashr esa ustoz tarjimon Qodir Mirmuhammedov tomonidan oʻzbek tiliga evrilgan boʻlib, asarning asl mohiyati koʻproq saqlanib qolgan. Zotan ustoz oʻzining xotiralarida taʼkidlaganlaridek: “shoʻrvaning shoʻrvasi badhazm boʻladi”. Lekin norveg emas, balki rus tilidan tarjima qilinishiga qaramasdan asarda Hamsun ruhiyati toʻlaqonli saqlanib qolgan. Roman mutolaasi chogʻida: “...inson boshidan oʻtkazgan vaziyatlarini mulohaza etib xulosa chiqaradi. Masalan bugungi bashar – biz uchun ochlik tushunchasining moddiy anglami yoʻq. Chunki hech birimiz xom goʻshtni yeyishga qadar boʻlgan ochlik tanimizni mahv etganiga duchor boʻlmaganmiz. Biz faqatgina maʼnaviy ochlik sohib va sohibalariga aylanib bormoqdamiz. Agar elektr toki uzilsa, telefon va gadjetlarimizning quvvati oʻchsa, atrofimizda vaqt sekinlashganiga, maʼno kirganiga guvoh boʻlamiz. Biz aynan shu ochlikka duchormiz. Vaqt qadrlanuvchi zamonlarga boʻlgan intiluvchi maʼnaviy ochlikka”, kabi xulosalarga kelishi tabiiy. Bunday tashqari Hamsun ijodi serqirra boʻlib, har kim asar mutolaasidan oʻziga xos xulosalarga keladi.
Nashriyot: Yangi asr avlodi
Adadi: 2000 nusxa
DUNYO SHEʼRIYATI
Kitob muallifi har doim ham yozuvchi boʻlavermaydi, tarjimon ham boʻlishi mumkin. Karim Bahriyev esa aynan shunday, tarjimasi qadrlanishi kerak boʻlgan mualliflardan. Oʻttiz yillik umr jo boʻlgan bir yarim ming sahifadan ortiq toʻplamda 144 mamlakat sheʼriyatidan 494 shoirning sheʼrlari jam boʻlgan. Bundan tashqari kitobda folklor namunalari, xalq qoʻshiqlari, bayot va ismi nomaʼlum shoirlarning ishlari ham oʻrin olgan. Bir dunyo, 5 qitʼa, 9 boʻlga, 144 mamlakat, 494 shoir ijodini jamlagan kitob! Shu tariqa oʻzbek oʻqirmani uchun Bangladesh, Butan, Kombodja, Laos, Nepal, Osetiya, Tayvan, Angola, Gabon, Gambiya, Kot-Dʼivuar, Uganda, Vengriya, Kipr, Lyuksemburg, Kuba, Puerto-Riko, Yangi Zelandiya, Gonduras, Gaiti va Dominikan sheʼriyati kabi yangi debochalar ochildi. Bundan tashqari toʻplam soʻzboshisini Oʻzbekiston Qahramoni, mohir tarjimon Ibrohim Gʻafurov salmoq bilan yozganliklari ham kitob qiymati osishiga xizmat qilgan.
Nashriyot: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi
Adadi: 1000 nusxa
QOʻRQUT OTA KITOBI
Qoʻrqut ota kitobi – turkiy xalqlarning eng qadimiy dostonlaridan biri boʻlib, mifopoetik asoslari uch ming yillik qadimiy tasavvurlarga borib taqaladi. Dostonlarda turkiy qavmlarning davlat va saltanat tiklash yoʻlidagi kurashlari, ijtimoiy hayoti, urf-odat va dunyoqarashi ramziy tarzda ifoda etilgan. Mifologik jihatdan “Qoʻrqut ota kitobi” “Goʻroʻgʻli” dostonlari turkumining yakuniy bosqichi sanaladi. Har bir rivoyatda xalq donishmandi Qoʻrqut ota sahnaga chiqib, voqea- larni umumlashtiruvchi hikmat va nasihatlar aytadi. Dostonning yozma nusxalari XIV-XVI asrlarga oid boʻlib, XIX asr boshida Germaniyada orientalist H. F. von Dis tomonidan dostonning ayrim qismlari tarjima qilinib chop etilishi bilan jahon ilmiy jamoatchiligi eʼtiborini tortdi. Undagi qadimiy miflar va ramziy obrazlar butun dunyoda katta shov-shuv koʻtargan, natijada doston turkiy xalqlar merosidan tashqari, umuminsoniy tafakkur xazinasining muhim boʻlagi sifatida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. Dostonning oʻzbekcha tarjimasi esa Muharrem Ergin nashri asosida tayyorlanib, “Jahon mifologiyasi” ruknida chop etilgan.
Nashriyot: Yangi asr avlodi
Adadi: 5000 nusxa
“OQSOCH HIKOYASI” – MARGARET ETVUD
Margaret Etvud davrimizning eng karomatgoʻy muruvvatpeshalaridan hisoblanadi. Asarlarida tilga olgan voqea-hodisalar, xavflar koʻp oʻtmay sodir boʻladi. “Oqsoch hikoyasi” ham shunday bashoratli kitoblardan biri sifatida koʻp shov-shuvlarga sabab boʻlgan. Ayniqsa, iqlim oʻzgarishi asnosida farzand koʻrish kamayib ketishi shular jumlasidan. Asar siyosiy yoki diniy tizim haqida emas – insoniyat oʻzining tizimga aylantirib yuborish fojiasi haqida. Kitob ruhiy jarohatni bosqichma-bosqich, shoshmasdan ochib boradi. Oʻqir ekansiz, hikoya sizni tashqaridan kuzatmaydi, ichingizga kirib, eʼtiqodingiz, qoʻrquvingiz, qadriyatlaringiz bilan suhbatga kirishadi, turfa savollarni oʻrtaga tashlaydi. Kitobda tilga olingan tizimning eng xavfli tomoni esa qurol emas, unga koʻnikkan ongdir. Etvud shu «koʻnikish»ning ogʻriqlarini qulogʻingizga shivirlaydi. Shuning uchun ham asarning yakuni koʻpchilik kutgandek portlash emas – sokin boʻshliqdan iborat. Balki aynan shu boʻshliqning oʻzi eng baland hayqiriqdir: Har qanday tarixchi yaxshi biladiki, oʻtmish bu faqat aks-sadolar bilan toʻlgan buyuk zulmatdir. Ovozlar bizgacha yetib kelishi mumkin, ammo soʻzlari ularning oʻzi chiqib kelgan makon mavhumoti bilan toʻyingan. Qancha urinmaylik, bugungi nurafshon kunlarda ularning mazmunini har doim ham aniq chaqolmaymiz. Etvud haqida, asar haqida, tuzum-u tizimlar haqida koʻp gapirish mumkin, ammo kitob bir bor oʻqib koʻrilgani afzal adabiyotlar sirasiga kiradi. Tarjima adabiyotimizda bunday kitoblar sonining oshib borayotgani quvonarli.
Nashriyot: Musaffo
Adadi: 3000
USBORNE
Britaniyaning Usborne nashriyoti tomonidan tayyorlangan “Pul”, “Kimyo” va “Biologiya” kitoblari tarjimasi yoshlar uchun zamonaviy bilim eshigini ochuvchi, sodda, ravon va vizual materiallarga boy ilmiy-ommabop qoʻllanmalardir. Mazkur kitoblar murakkab tushunchalarni yengil oʻzlashtiriladigan shaklga keltirishi, rangli chizmalar, diagrammalar va real hayot misollaridan foydalanishi bilan ajralib turadi. “Pul” kitobi oʻquvchilarga iqtisodiyot asoslari, pulning tarixi, moliyaviy tizimlar, banklar, jamgʻarma va byudjet boshqaruvi boʻyicha sodda, amaliy va bugungi zamonda ayniqsa zarur boʻlgan bilimlarni beradi. “Kimyo” kitobida moddalar tuzilishi, elementlar, reaksiyalar va kundalik hayotdagi kimyoviy jarayonlarni qiziqarli izohlar orqali ochib berib, fanga qiziqishni uygʻotadi. “Biologiya” kitobi esa tiriklik olamining tuzilishi, inson organizmi, oʻsimlik va hayvonlar hayoti, ekologik muvozanat kabi mavzularni aniq, sodda va bolalar uchun qulay usulda yoritadi. Ushbu uch kitobning nashr etilishdagi eng katta ahamiyati – bolalar va oʻsmirlar uchun ilmiy savodxonlikning mustahkam asoslarini yaratish, yaʼni moliyaviy fikrlash, tabiiy fanlarni tushunish, dunyoni ilmiy nuqtai nazardan koʻrish koʻnikmalarini shakllantirish. Mazkur uch kitob nafaqat bolalar uchun, balki katta yoshlilar uchun ham birdek foydali.
Nashriyot: Farengeyt
Adadi: 3000
“365 TAVSIYA” – Y.O.KOMAROVSKIY
“365 kun” – mashhur pediatr Yevgeniy Komarovskiy tomonidan yozilgan va ota-onalarga bolalar salomatligi hamda parvarishi haqida bir yil davomida kundalik tarzda sodda, tushunarli va amaliy maslahatlar beruvchi qoʻllanmadir. Kitobning asosiy maqsadi bolani tarbiyalash va asrash jarayonidagi keraksiz qoʻrquvlar, ortiqcha dori-darmonlar va chalkash maʼlumotlardan holi tarzda, sodda va ilmiy asoslangan yondashuvni targʻib etishdir. Unda bolani toʻgʻri ovqatlantirish, gigiyena, uyqu rejimi, immunitetni mustahkamlash, mavsumiy kasalliklardan himoyalanish, uy sharoitida toʻgʻri parvarish, shuningdek, ota-ona va bola oʻrtasida sogʻlom munosabatlarni shakllantirish kabi mavzular kundalik maqolalar tarzida yoritilgan. Har bir sahifa bir kunlik foydali tavsiya boʻlib, kitob yil davomida ota-onalarga yoʻldosh boʻla oladigan, oʻqilishi yengil, joʻn va hayotiy maslahatlar bilan boyitilgan amaliy qoʻllanmadir. Asarning oʻzbek tilida nashr etilishi bizdek bolajon xalq uchun bebaho tuhfa desak, mubolagʻa boʻlmas.
Nashriyot: Akademnashr
Adadi: 2000
“MENING HIKOYAM” – MISHEL OBAMA
“Mening hikoyam” — AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obamaning hayoti, yoshligi, qiyinchilik va yutuqlari haqida samimiy tilda yozilgan memuar. Kitob muallifning bolalik yillaridan boshlab Chikagodagi oddiy mahallada oʻsgan davri, oʻqish va martaba sari qilgan saʼy-harakatlari, jamiyatdagi tenglik masalalari bilan toʻqnashuvi, turmush oʻrtogʻi Barak Obama bilan tanishuvi va Oq Uydagi hayotigacha boʻlgan katta yoʻlini izchil hikoya qiladi. Unda Mishel Obama oʻzligini topish, jamiyatdagi oʻrni, ayollar uchun imkoniyatlar, irqiy tengsizlik, oilaviy qadriyatlar va masʼuliyatli fuqarolik mavzularini ochiq, halol, hayotiy misollar bilan bayon etadi. Asarning eng muhim jihati Mishel ayollar, yoshlar va orzulari bor har bir insonni oʻz yoʻlini topishga undashi, muvaffaqiyat faqat tayyor imkoniyatlardan emas, balki qatʼiyat, mehnat hamda oʻziga boʻlgan ishonchdan tugʻilishini koʻrsatganligidir. “Mening hikoyam” oddiy qizning kuchli, taʼsirchan shaxsga aylanish jarayonini yoritib, oʻquvchini ham oʻz hayoti va tanlovlarini chuqurroq oʻylashga chorlaydi. Asar bugungi kunda dunyo boʻylab eng koʻp oʻqilgan ilhomlantiruvchi memuarlardan biri boʻlib, insonning kim boʻlishi va kimga aylanishi oʻz qoʻlida ekanini eslatib turadi. Garchi kitobning soʻzma-soʻz tarjimasi koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan boʻlsa ham, bu hol asar qiymati va oʻzbek tilida chop etilish yutugʻini eʼtirof etishimizga xalal bermaydi.
Nashriyot: Asaxiy Books
Adadi: 3000
Nurali QAHRAMON