2022-yil 26-sentyabrda insoniyat tarixida misli koʻrilmagan voqea yuz berdi. Cheksiz koinotda oʻzicha parvoz qilib yurgan asteroidlardan biri – Dimorfosning yoʻldoshiga “NASA”ning DART (Double Asteroid Redirection Test) kosmik apparati aniq yoʻnaltirilgan zarba berdi. Va bu asteroid milliard yillardan buyon muqim boʻlgan orbitasini – parvoz yoʻnalishini oʻzgartirib, boshqa yoʻnalishda ucha boshladi. Yaʼni asteroid inson irodasiga boʻysundi.

Missiyaning maqsadi oddiy emas edi. Bilamizki, koinotdagi son-sanoqsiz yulduzlar-u sayyoralar orasida ona Yerimiz chang zarrasi kabidir. Hozirgacha olislarda uchib yurgan mittigina kometa-yu asteroidlar ham unga jiddiy xavf tugʻdirishi, deylik, undagi hayot shamini oʻchirib qoʻyishi mumkin.

Shu bois olimlar koʻp yillardan beri Yerga potensial xavf tugʻdiruvchi asteroidlardan insoniyatni himoya qilish haqida oʻylashadi. DART missiyasi Yer sharini fazoviy xurujlardan himoya qilishning real mexanizmlarini sinab koʻrish yoʻlidagi ilk tajriba boʻldi. Bu tajribani dunyo boʻylab 28 ta observatoriya va yuzga yaqin olim kuzatib bordi. Ular orasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining yetakchi xodimlari Otabek Burhonov va Kamoliddin Ergashev ham bor edi.

Maydanak observatoriyasining noyob astroiqlim imkoniyatidan unumli foydalangan oʻzbek olimlari mehnati, olingan ilmiy maʼlumotlar va tahlillar NASA tomonidan yuqori baholanib, bu ikki olim nufuzli “Group Achievement Award” mukofotiga munosib koʻrildi. Bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki Oʻzbekiston astronomiyasining jahon faniga qoʻshgan ulkan hissasidir.

Otabek Burhonov – astronom olim, fizika-matematika fanlari nomzodi, OʻzFA Astronomiya instituti laboratoriya mudiri. 2012-yildan buyon institutning Maydanak rasadxonasida olib borilayotgan barcha mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalarni muvofiqlashtirishga rahbarlik qiladi. Uning ilmiy ishlari astronomik obyektlarni kuzatishning zamonaviy usullari, olingan maʼlumotlarni qayta ishlash uchun matematik dasturlar tuzish va turli operatsion tizimlarda ishlash metodikasiga qaratilgan. “WoS” (Web of Science) va “Scopus” bazalarida indekslanuvchi xalqaro jurnallarda 55 ta ilmiy maqolasi chop etilgan. Yuqori ilmiy nufuz belgisi hisoblangan h-indeksi (Hirsh indeksi) 20 ga teng. Olim ishtirokida ikkita oʻquv qoʻllanmasi tayyorlangan. Koʻplab davlat va xalqaro grantlarga ilmiy rahbarlik qilgan. Xalqaro TWAS grantida masʼul ijrochi sifatida qatnashgan.

Otabek Burhonov Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Germaniya astronomlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi. U AQShning NASA tashkiloti hamda SVOM kabi yirik xalqaro kosmik missiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Kamoliddin Ergashev – fizika-matematika boʻyicha falsafa doktori. Katta ilmiy xodim, astronomiya sohasidagi istiqbolli yosh olimlardan biri. Quyosh tizimidagi kichik jismlar – asteroidlarning fizik xususiyatlarini oʻrganadi. Astrofizika sohasida 50 dan ziyod ilmiy maqola va tezisi chop etilgan. Xalqaro ilmiy markazlar (Yaponiya, AQSh va Yevropa mamlakatlari) bilan hamkorlikda oʻnlab asteroidlarning yoʻldoshlarini kashf etishda faol qatnashgan. Quyosh tizimidagi 30 ga yaqin kichik jismning aylanish va shakl xususiyatlarini aniqlagan. “NASA”ning sayyoraviy mudofaa maqsadidagi DART missiyasi doirasida optik kuzatuvlar olib borib, tajriba muvaffaqiyatini ilmiy tasdiqlashga katta hissa qoʻshgan.

– Bu loyihada ishlash imkoniyati qanday paydo boʻldi? Shu haqida gapirib bersangiz.

Otabek Burhonov:

– Biz asosan Maydanak rasadxonasida ishlaymiz. Yulduzlar, asteroidlar va boshqa osmon jismlarini muntazam kuzatib, maʼlumot toʻplaymiz. Albatta, bu ishni yolgʻiz oʻzimiz bajarmaymiz. Chunki osmonga bir oʻzing tikilsang, koʻp narsani koʻrolmaysan. Dunyo rasadxonalari, olimlari hamkorlik qilsagina biron arzirli natijaga erishish mumkin. Biz ham dunyoning astronomiya markazlari, yetuk olimlari bilan hamkorlik qilamiz. Doimiy muloqotdamiz. Bir kuni chexiyalik hamkorlarimiz “Yangi, qiziq va masʼuliyatli loyiha bor, qatnashasizlarmi?” deya taklif qilishdi.

Albatta, ular bizning texnik va ilmiy imkoniyatimizni yaxshi bilgani, salohiyatimizga ishongani uchun taklif qilishdi. Maydanak rasadxonasi juda qulay joylashgan, uning astroiqlimi – togʻdagi yuqori shaffoflik, past atmosfera toʻsigʻi va yorugʻlikning minimal ifloslanishi jahon darajasidagi kuzatuvlarni amalga oshirishga imkon beradi. Qolaversa, bu asteroidni biz anchadan buyon muntazam kuzatib kelayotgan edik.

Shu bois DART missiyasining strategiyasi, ilmiy maqsadlari va vazifalarini batafsil oʻrgandik. Unda qatnashish, yangi ilmiy yutuqlarga erishish oʻz yoʻliga. Biroq yana bir foyda – Oʻzbekiston nomini jahon maydonida yana bir pogʻona koʻtarish imkoniyati bor edi. Shuning uchun darhol rozi boʻldik. Eng sifatli, ishonchli va ilmiy jihatdan qimmatli maʼlumotlar olayotganimizni hamma koʻrib turdi.

Kamoliddin Ergashev:

– Otabek aka aytganidek, biz bu obyektni DART eksperimenti boshlanishidan ancha oldin kuzata boshlagan edik. Chexiyalik hamkorlarimiz buni bilishardi. Rasmiy taklif tushgach, allaqachon toʻplagan maʼlumotlarni taqdim etdik. Samodagi mitti yulduzcha – asteroid orbitasini oʻzgartirish yoʻlidagi tajribaga qoʻshilishga ilmiy imkoniyatimiz yetishini isbotladik. Yaʼni, dunyo boʻylab DART missiyasini kuzatadigan xalqaro jamoaga qoʻshilishimiz tasodif emas, balki salohiyatimizning tan olinishi boʻldi.

Jami 28 ta observatoriya va yuzga yaqin olim ishtirok etgan bu yirik xalqaro loyihada Oʻzbekistondan ikkovimiz qatnashdik. Bu katta masʼuliyat va ayni vaqtda sharaf ham edi. Bir yarim yil davomida maʼlumot toʻpladik. Ularni qayta ishlab, chuqur tahlil qilib, asteroid tizimidagi oʻzgarishlarni aniqlab, ilmiy jamoatchilikka taqdim etib bordik.

– Ushbu loyiha fanga nima berdi? Oddiy odamlar uchun ham biron nafi bormi?

Otabek Burhonov:

– Bu juda muhim savol. Fizika va kimyo fanlari laboratoriyada tajriba oʻtkazishi, gʻoya va nazariyalarini tekshirib koʻrishi mumkin. Ammo astronomiyada bu ilojsiz ish. Asosiy qiyinchilik shundaki, osmondagi voqealarni Yerda qayta yaratish imkoni yoʻq. DART missiyasi esa insoniyat tarixida ilk bor tabiiy yoʻldosh orbitasini sunʼiy tarzda oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Bu faqat ilmiy yutuq emas, balki insoniyatning koinotga nisbatan oʻz kuchi va imkoniyatini namoyish etishidir.

Kamoliddin Ergashev:

– Hozirgacha Quyosh tizimida bir yarim millionga yaqin asteroid aniqlangan. Ularning qirq mingdan ortigʻi vaqti-vaqti bilan Yerga yaqinlashib turadi. Baʼzilari global xavf tugʻdirsa, ayrimlari maʼlum hududlar uchun jiddiy xatar. Agar shunday xavfli obyekt Yer bilan toʻqnashishi aniq boʻlib qolsa, insoniyat nima qila oladi?

DART eksperimenti mana shu savolga javob topish uchun oʻtkazildi. Nazariy takliflar koʻp edi: asteroidni boʻyash, portlatish, tortib ketish va hokazo. Lekin nazariyani amalda sinab koʻrmasangiz, u faqat gʻoya boʻlib qolaveradi. Shuning uchun asteroidning oʻziga emas, uning xavfsiz yoʻldoshiga zarba berildi. Maqsad – orbita oʻzgaradimi-yoʻqmi, shuni tekshirish edi. Natijada asteroid yoʻldoshining tezligi 33 daqiqaga oʻzgardi. Bu insoniyatning osmon jismlari orbitasini boshqara olishining ilk ishonchli isboti boʻldi. Kelajakda bunday eksperimentlar koʻpayishi mumkin.

– Bu oʻzbek astronomiyasi uchun ham katta yutuqmi?

Kamoliddin Ergashev:

– Albatta. Bu shunchaki mukofot emas, balki uzoq yillik mehnat, professionallik va jamoaviy ishning samarasi. Hozir fan juda tez rivojlanmoqda. Agar orqada qolib ketishni istamasak, yirik xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmogʻimiz shart. Bizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Ayrim tabiiy va sunʼiy toʻsiqlarga qaramay, bunday loyihalarda qatnashishning oʻzi katta yutuq va kelajak uchun muhim qadam.

– Nega bizda fan kutilgan darajada rivojlanmayapti deb oʻylaysiz?

Otabek Burhonov:

– Bizning xalqda ilmga qobiliyat va isteʼdod azaldan yetarli – buni tariximiz ham yaqqol isbotlaydi. Lekin keyingi oʻn yilliklarda ayrim omillar taʼsirida tashabbuskorlik va mustaqil fikrlash kamayib ketdi. Chunki sovet davridagi markazlashgan tizim koʻpchilikni “tayyor koʻrsatma” bilan ishlashga oʻrgatib qoʻygan. Holbuki, haqiqiy ilm aynan mustaqil tafakkur, tavakkal qilish va yangi yoʻllar izlashni talab etadi. Bizda haligacha sobiq tuzumdan qolgan davlat rejalashtirish tizimi hukmronlik qilmoqda. Afsuski, bu kasallik fan sohasini ham chetlab oʻtmadi. “Bir yilda falonta maqola chiqarishing kerak”, “Planni toʻldirishing shart” degan majburiyatlar ilm ahlining tinkasini quritmoqda. Kechirasiz-u, bu zavod emas, bu – ilm! Tajriba va tadqiqotlar qanday yakun topishini hech kim bashorat qila olmaydi. Hech kim! Bir yilda falonta maqola yozish majburiyati ostida ishlayotgan olimdan sifat kutsa boʻladimi? Bunday sunʼiy tizimda koʻzboʻyamachilik koʻpayadi, haqiqiy ilm esa oʻladi.

Eng achinarlisi, olimlarimizni baholashda milliy mezonlarimiz yoʻq. Chet elning “Web of Science” yoki “Scopus” degan tizimlariga koʻr-koʻrona ergashib yuribmiz. Vaholanki, davlatimiz tomonidan Alisher Navoiy nomidagi muhtasham kutubxona barpo etilgan. Nima uchun bu imkoniyatdan unumli foydalanmayapmiz? Grantlarni shu kutubxonaga yoʻnaltirib, mahalliy olimlarimizning milliy reyting tizimini yaratish fursati yetmadimi? Toʻgʻri, xorijning texnologiyasini oʻzlashtirish kerak, ammo yondashuvni oʻzimiz tashkil etsak boʻladi-ku!

Ilmiy ishlar sifati masalasi ham dolzarb. Koʻp dissertatsiyalar formal himoya qilinmoqda, ularning amaliy ahamiyati va joriy etilish darajasi deyarli soʻralmaydi. Chet elda ilmiy ishning natijasi real hayotga tatbiq etilsa, davlat yoki xususiy sektor tomonidan qoʻllanadi. Bizda esa olim koʻp hollarda nafaqat oʻz muammosi, balki yutuqlari bilan ham yolgʻiz qoladi. Dissertatsiya yozibsan, ilmiy ishingni yoqlabsan, natijasi qani deb soʻrovchi yoʻq. Chunki ilmiy natijaga qiziqadigan muhit, tizim yoʻq. Ilmiy yutuqlarni hayotga joriy qilishning mexanizmi ishlamaydi.

Dissertatsiyalar saviyasi pastligi masalasiga qaytsak. Rivojlangan davlatlarda STEM (fan, texnologiya, injeneriya va matematika) yoʻnalishi boʻyicha qatʼiy talablar bor. Ishonchim komilki, pedagogika sohasidagi soxta olimlarimizning birortasi STEM talablariga javob bermaydi. Ishlarning soni koʻp, ammo sifati past. Pedagogika yoʻnalishida qator dissertatsiyalar yoqlanayapti, biroq ularning aksariyati oʻta past saviyada. Buning ikkita asosiy sababi bor: birinchisi – oʻsha ilmiy ishlarning haqiqiy qiymatini xolis baholaydigan mukammal tizim yoʻqligi. Ikkinchisi – amaliy natijalarning nazorat qilinmasligi. Hech kim tadqiqotchidan “Mana, dissertatsiya yozibsan, qanday natija olding? Uni qayerda qoʻllading?” deb soʻramaydi. Natijada saviyasiz, hech kimga keragi yoʻq kitoblar chop etilaveradi. Vaziyatni yaxshilash uchun milliy ilmiy reyting tizimini yaratish va ilmiy ishlarning amaliy samarasini baholash mexanizmlarini joriy etish shart.

Taʼlim zanjiridagi yana bir ogʻriqli nuqta – maktablardagi ahvol. Koʻpincha “nega yurtimizdan yaxshi muhandislar yetishib chiqmayapti?” deb bong uramiz. Sababi oddiy: zamin boʻsh. Maktablarda ayniqsa fizika oʻqituvchilari yetishmaydi, vaholanki, aniq fanlarning asosini fizika tashkil etadi.

Oʻqituvchi obroʻsi pasaygani, ota-onalar bilan munosabatning oʻzgarishi ham taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xorijda vaziyat butunlay boshqacha. Bir misol: Germaniyada boshqa soha vakillari oʻqituvchilar bilan teng maosh va imtiyozlar talab qilganida oʻsha paytdagi kansler Angela Merkel OAV orqali keskin javob bergan edi: “Uyalmaysizlarmi? Sizlar qoʻllaringizdagi oddiy ruchkani tutishni oʻrganib, shu darajaga yetguningizcha mana shu oʻqituvchilarning qoʻlida tarbiya topgansiz-ku!”. Mana shu birgina jumla bilan oʻqituvchilarning maqomi va maoshi atrofidagi bahslarga chek qoʻyilgan.

Bizda esa muallimlarning qadri tushib ketgan. Koʻcha-koʻyda “oʻqituvchi boʻlib baraka toparmiding?” degan sovuq gaplar hali ham quloqqa chalinadi. Toʻgʻri, ozmi-koʻpmi oʻzgarishlar boʻlayapti, lekin hali tizim tubdan sogʻlomlashgani yoʻq. Vaholanki, tez orada oʻqituvchining qadri oltinga teng boʻladi. Chunki zamonaviy texnologiyalar kirib kelgani sayin baribir haqiqiy bilimdon, fidoyi ustozlarga ehtiyoj ortib boraveradi. Muallimni hurmat qilmasak, jamiyatda bilim darajasi pasayib ketishi muqarrar.

Yaxshi oʻqituvchi tayyorlash bilan ish bitmaydi, unga yetarli sharoit yaratish va uni huquqiy jihatdan himoya qilish shart. Bugun maktablarda oʻqituvchilarni haqorat qilish, hatto ularga qoʻl koʻtarish holatlari haqida tez-tez eshitayapmiz. Yaqinlarim, qarindoshlarim orasida ham pedagoglar bor. Yaqinda ulardan biri maktabdan ketib qolibdi. Sababini soʻrasam, “Tarbiyasiz bir oʻquvchiga qattiqroq gapirgan edim, ustimdan shikoyat qilishibdi. Oyligimdan oʻn foiz jarima toʻladim. Bunaqa sharoitda qanday ishlayman?” deydi.

Eng katta xato – hali sohada kadrlar miqdorini taʼminlamay turib, ulardan yuqori sifat talab qilayotganimiz. Masalan, maktablarda oddiy fizika yoki boshqa aniq fan oʻqituvchilari yetishmaydi. Bori ham zoʻrgʻa dars oʻtayapti. Biz esa oʻsha oʻqituvchiga “Milliy sertifikat olib kel, maqola chiqar, u qil, bu qil” deb shart qoʻyamiz. Avval sohani tirik kadrlar bilan toʻldirib olaylik. Ishlayotgan qatlamdan tashqari, kamida oʻn foiz zaxira kadrlar shakllansin. Shundan keyingina talabni bosqichma-bosqich kuchaytirish maqsadga muvofiq boʻladi.

Bu muammolarni nega ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqib, bong urilmaydi degan savol tugʻilishi tabiiy. Biroq “Aytilmagan joyga borma, aytilgan joydan qolma” degan naql bor. Taʼlim menejmenti boʻyicha katta loyiha va takliflar bor, ammo vaqtni faqat virtual dunyodagi bahslarga sarflasak, asl ilmiy faoliyatdan, mukofot va natijalardan mahrum boʻlamiz. Olim odam vaqtini yo unga, yo bunga ajratishi kerak.

Kamoliddin Ergashev:

– Meningcha, eng katta toʻsiqlardan biri – sohada aniq davlat buyurtmasi va strategik yoʻnalishning yetishmasligi. Masalan, biz teleskoplarni modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha taqdim etganmiz. Yangi, qimmat teleskop soʻramadik. Borining samaradorligini oshirish, zamonaviy sensorlar va boshqaruv tizimlari bilan jihozlashni taklif qildik. Bu orqali kuzatuvlar sifatini ancha yaxshilash mumkin edi. Ammo... Kengash loyihamizni rad etdi.

Muammo nimada? Muammo – ilmiy-texnik kengashlarda sohani chuqur tushunadigan mutaxassislar kamligi. Davlatdan taxminan bir-ikki mlrd soʻmcha mablag‘ soʻragandik. Maqsadimiz – shu mablag‘ evaziga uchta yirik teleskopni modernizatsiya qilish edi. Aslida biz soʻragan pulga bitta ham yangi teleskop sotib olib boʻlmaydi, lekin bor uskunalarni yangilab, fan xizmatiga shaylasa boʻlardi.

Eng qizigʻi, Ilmiy-texnik kengash tarkibida xorijda – hashamatli rasadxonalarda ishlaydigan asli oʻzbekistonlik bir olim bor ekan. U sof nazariyotchi. Kengashda turib “Bu loyiha hozirgi oʻzbek faniga kerak emas. Mana, Chilidagi eng zamonaviy teleskopga 10 mlrd dollar ajratildi. Chilida hamma teleskoplar avtomatlashtirilgan, u yerga borib oʻtirishning ham hojati yoʻq” deb daʼvo qildi.

Biz esa shoʻro davridan qolgan uchta eski teleskopni asrab qolish va modernizatsiya qilish uchun bor-yoʻgʻi bir mlrd soʻm soʻrayapmiz! Xorijda tayyor sharoitda, katta maosh bilan maza qilib oʻtirgan oʻsha olimga bizning muammolar begona. Bu xuddi Mariya-Antuanetta “Xalq non soʻrayapti” degan gapga javoban “Non boʻlmasa, tort yeya qolishsin” degan mashhur latifaga oʻxshaydi. Yana biri chiqib “Bunaqa narsalarga Innovatsiya vazirligidan pul soʻramanglar” deydi. Innovatsiya pul bermasa, ilmiy uskunani yangilashga kim pul beradi?

Eng katta fojiamiz – Ilmiy-texnik kengashlarda aynan shu sohaning issiq-sovugʻini koʻrgan, kuzatuv va tajriba qilgan haqiqiy amaliyotchi mutaxassislarning yoʻqligida! Kengashda oʻtirganlarning aksariyati matematik, mexanik yoki sof nazariyotchi. Ular umrida biror marta rasadxonada tunab, kuzatmagan, eksperiment nimaligini bilmaydi. Eksperiment quroli, uskunasi qanday ishlashi haqida tasavvurga ham ega emas. Biz “yoshlarni chet elga yuborib oʻqitib kelamiz” deymiz-u, lekin u yerga borganlar ham faqat nazariya bilan shugʻullanib, kuzatuv mashaqqatini koʻrmay, pul topish ilinjida oʻsha yoqlarda qolib ketayapti.

Bizdan esa doim “jahon darajasidagi ilm” talab qilishadi. Mayli, soʻrashsin, lekin avval oʻsha darajadagi sharoit va mablagʻni berib qoʻyishsin!

Bugun fanni rivojlantirmoqchi boʻlsak, birinchi navbatda tadqiqot institutlarida texnik-muhandis (injener) lavozimini joriy etishimiz shart. Chunki yoshlarni uchinchi-toʻrtinchi kursda oʻqiyotgandayoq shu lavozimga ishga olib, tarbiyalash kerak. Hozir grantlar hisobidan zoʻrgʻa jon saqlab turibmiz. Amaldagi qonunchilikka koʻra, talabani kichik ilmiy xodim qilib ishga ololmaymiz – buning uchun kamida magistrlik diplomi kerak. Ular bakalavr darajasi bilan bir yil oldimizda boshi qotib, sarson boʻlib yurishadi.

Qolaversa, bakalavr bosqichini bitirgan yoshlarning deyarli hammasi oila qurgan boʻladi. Ayniqsa, ilm yoʻlidan ketishni tanlagani. Chunki ilm ruhiy sokinlikni ham talab qiladi. Endi ular oila boqishi kerak. “Kichik ilmiy xodim boʻlolmasa, laborant qilib ishga ol” deyishingiz mumkin. Lekin institutda bor-yoʻgʻi besh-oltita laborant shtati bor, uning oyligi esa atigi bir million ikki yuz ming soʻm atrofida! Bu pulga oila boqib boʻladimi? Bu maoshga faqat uyda oʻtirib zerikkan, roʻzgʻor tashvishi boʻlmagan yoki yoshi katta insonlar kelishi mumkin, xolos.

Holbuki, hozirgi texnika zamonida bizga yangi texnologiyalarni suvdek ichib yuborgan yoshlar kerak. Yoshi katta xodimlar tajribali boʻlishi mumkin, lekin ularga “Kompyuterda mana bu matnni terib bering” yoki “Word” dasturida tezgina hujjat tayyorlab bering” desangiz, klaviaturadan harf qidirib soatlab oʻtirishadi. Fanga zamonaviy fikrlaydigan, uskuna tilini tushunadigan yosh kuchlar va ularni ushlab turish uchun munosib sharoit kerak.

– Ilmga qadam qoʻyishingiz taqdir taqozosimi yoki qatʼiy tanlov? Aynan sirli astronomiya sohasini tanlashingiz zamirida yoshlik romantikasi yotadimi yoki aniq maqsad?

Otabek Burhonov:

– Bolalikdagi orzularim meni koʻkka – uchuvchilikka yetaklardi. Uchuvchi amakimga havas qilib ulgʻaydim. Hatto samoviy parvozlar uchun maxsus jismoniy tayyorgarlikdan ham oʻtdim. Biroq taqdir ekan, tibbiy koʻrsatkichlarim toʻgʻri kelmagach, oila kattalari “Mayli, hozircha matematika sohasida oʻqib tur-chi” deya maslahat berishdi. Shu tariqa Andijon davlat universitetining matematika fakultetiga yoʻl oldim.

Astronomiyaga bogʻlanib qolishim – bolalikdan samoga intilishim va hayotimda uchragan buyuk ustozlarning tuhfasi deb oʻylayman. Zamon algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi, ammo ilmga sodiqlik ketmadi. Iqtidorlarni taniy oladigan noyob qalb egasi – ustozim Muydin Moʻminov hayotim charogʻboni boʻldi. U kishi meni kompyuter texnologiyalari olamiga olib kirdi, soʻng Astronomiya institutiga yoʻnaltirdi. U yerda esa yana bir ustozim Salohiddin Nuriddinov meni ilmning chinakam zahmatli va sharafli yoʻliga boshlab ketdi.

Kamoliddin Ergashev:

– Mening bolalikdagi orzularim esa butunlay boshqacha edi – jurnalist boʻlmoqchi edim. Gapga chechanligimdan buni sezish qiyin emas (kuladi). Qishloqda oʻsgan oddiy bir bola sifatida qiziqishlarimning cheki yoʻq edi. Bir parcha taxtaga mix qoqib, oʻzimcha quyosh soati yasaganim haligacha yodimda. Radiotexnikaga ishtiyoqim baland edi, tinimsiz nimalarnidir kashf qilishga urinardim. U davrlarda hozirgidek sharoit, robototexnika yoki dasturlash toʻgaraklari qayda deysiz?! Bor-yoʻgʻi ichki bir intilish bor edi, xolos.

Qishloq kutubxonasidan “Yosh radiotexnik” kitoblarini topib oʻqirdim. Rus tilini mukammal bilmasam-da, undagi murakkab sxemalarni bir koʻrishdayoq anglardim. Ehtimol, Xudo bergan iqtidor shudir. Oʻzimcha mitti radiouzatkichlar yasardim. Mana shu bolalik otashi meni Oʻzbekiston milliy universitetining fizika fakultetiga yetaklab keldi. Keyinchalik taqdirim astronomiya bilan tutashdi. Bugun ham qalbimdagi ikki ishqni ayro qilganim yoʻq: elektronika va astronomiyani birdek olib borayapman.

– Ilm yoʻlining eng mashaqqatli, eng ogʻir nuqtasi nimada deb oʻylaysiz?

Kamoliddin Ergashev:

– Bilasizmi, ilmning oʻzi murakkab emas. Eng qiyini – uning atrofidagi ijtimoiy va maishiy muammolar. Bugungi kunda asl mutaxassislarni, yosh isteʼdodlarni sohada ushlab qolish eng ogʻriqli nuqtamizga aylandi. Yosh olimlar tirikchilik vajidan yoki kattaroq imkoniyat izlab chet elga ketmoqda. Baʼzilari esa ilmdan butunlay sovib, sohani tashlab ketayapti. Inkor etib boʻlmaydi: olimga faqatgina parvoz qiluvchi yuksak gʻoyalar emas, balki yerdagi oddiy sharoit ham kerak. Sharoit boʻlmagan joyda eng isteʼdodli odamni ham tutib turolmaysiz. Shu bois bizning bugungi bosh maqsadimiz faqatgina maqola yozish emas, balki oʻzimizdan keyin yoshlar faxr bilan ishlay oladigan mustahkam, sogʻlom bir tizim qoldirishdir.

– Astronomiyada sizningcha hali javobi topilmagan eng katta savol nima?

Otabek Burhonov:

– Har bir sohaning oʻziga yarasha yechilmagan tugunlari, yillar davomida javob izlanayotgan muammolari bor. Agar barcha jumboqlar yechilib boʻlganda edi, fanning rivoji toʻxtab qolgan boʻlardi. Bugungi kunda astronomiya va astrofizika sohasida ham bizni oʻylantirayotgan eng katta masalalardan biri – masofani oʻlchash aniqligi muammosi.

Kamoliddin Ergashev:

– Astronomiya – oʻziga xos murakkab soha. Biz oʻrganayotgan obyektlarimizni ushlab koʻra olmaymiz, ularning hidini tuyish yoki bevosita laboratoriya sharoitida tajriba oʻtkazish imkoni yoʻq. Biz faqat uzoqdan kuzatamiz va matematik modellar tuzamiz. Ammo eng qizigʻi shundaki, koʻp hollarda biz tuzgan modellar real kuzatuv natijalariga mos kelmaydi. Shunday paytda olimlar tenglamani toʻgʻrilash uchun unga biron-bir “nomaʼlum funksiya”ni qoʻshishga majbur boʻlishadi. Masalan, galaktikalarning harakat tezligi va ularni ushlab turuvchi energiya hisob-kitob qilinganda, koʻzga koʻrinadigan materiyaning kuchi yetishmasligi ayon boʻladi. Matematik jihatdan yetishmayotgan bu boʻshliqni toʻldirish uchun fanga “qorong‘i energiya” va “qorong‘i materiya” tushunchalari olib kirildi. Aslida “qorong‘i” deb nomlanishining boisi ham uning nimaligini bilmasligimizda. Bu insoniyat oʻzi tushunmagan, tabiatini anglab yetmagan narsaga bergan shartli nom, xolos. Tasavvur qiling, biz koinotning bor-yoʻgʻi besh foizini koʻra olamiz, qolgan 95 foizi esa biz uchun hali ham sirli va qorong‘iligicha qolmoqda. Bu hali hech kim ichiga kirib koʻrmagan, tajribada toʻliq isbotlanmagan katta bir muammo.

– Yana oʻn-yigirma yildan keyin ilm dunyosida qanday inqilobiy oʻzgarishlar boʻlishini kutayapsiz?

Kamoliddin Ergashev:

– Bugungi kunda fan shiddat bilan rivojlanmoqda. Yaqin oʻn-yigirma yillikda astronomiya va kosmik tadqiqotlar sohasida inqilobiy oʻzgarishlar yuz berishi muqarrar. Xususan, 2029-yilda Yer sayyorasiga juda yaqin masofadan oʻtib ketishi kutilayotgan Apofis asteroidi insoniyat uchun katta sinov boʻladi. Diametri 370 metrcha boʻlgan bu ulkan osmon jismining Yer bilan toʻqnashish ehtimoli olimlarni jiddiy oʻylantirayapti. Hisob-kitoblarga koʻra bu kabi obyektlarning taʼsiri juda ulkan hududlarni yakson qilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, yaqin oʻn yillikda insoniyatning “Sayyoraviy mudofaa tizimi” jiddiy sinovdan oʻtadi.

Otabek Burhonov:

– Kelajakda tadqiqot uslublarimiz ham tubdan oʻzgaradi: maʼlumotlarni tahlil qilishda sunʼiy ong asosiy oʻringa chiqadi. Kuzatuvlarimiz Yerdan kosmosga, yaʼni atmosferadan tashqariga koʻchadi. Hozir rejalashtirilayotgan ikki va besh metrlik yangi avlod teleskoplari koinot sirlarini ochishda yangi ufqlarni belgilab beradi. Endilikda ilmiy natijalarni birgina muassasa yoki birgina olim qoʻlga kiritishi qiyinlashib bormoqda. Fan endi global hamkorlik maydoniga aylanadi. Butun sivilizatsiya, turli millat va davlatlar birlashib, koinot sirlarini birgalikda oʻrganadigan davr keldi.

Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Ilm va koinot chorrahasida” suhbati