Ona tilimizda eng koʻp qoʻllanib kelayotgan soʻzlardan biri – “yoʻnalish”dir. Bu soʻzning tub oʻzagi aslida “joʻna” feʼli boʻlgan “joʻna, joʻnamoq”. “Joʻna”ga feʼlning vazifa shakllari, nisbat va shaxs-son qoʻshimchalari qoʻshilganda soʻz quyidagi koʻrinishlarda namoyon boʻladi: Joʻnang, joʻnat, joʻnash, joʻnovchi, joʻnar.
Quyidagi gaplarga eʼtibor beraylik:
1. Men siz bilan yurishni xohlamayman, joʻnang, joʻnang! (Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”)
2. Sen Jahongirni qishloqqa joʻnat, deb tayinlaydi. (Husniya Pardayeva “Togʻlar chorlovi”)
3. Xalqaro reys uchun yoʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish joʻnash vaqtidan 3 soat oldin boshlanadi. (Qanot Sharq Airlines eʼlonidan)
4. Yoʻnalish boʻyicha Jyenevadan har 10 daqiqada joʻnovchi 45 ta poyezd harakatlanadi. (Kun.uz xabaridan)
5. Joʻnar ekanman, koʻnglimdagi niyat qatʼiy qarorga aylanib ulgurgan edi: men “afsona koʻchasi”dan albatta chiqib olaman! (Xayriddin Sultonov “Raʼno gulining suvi”)
Bulardan tashqari oʻzbek tilida joʻnamoq feʼli ishtirok etgan quyidagi soʻzlarni ham uchratish mumkin:
1. Joʻnalish kelishigi qoʻshimchasi Qashqadaryo shevalarida oʻrin-payt kelishigi qoʻshimchasi bilan almashib qolish hodisasi kuzatiladi.
2. Joʻnatmalar oʻz vaqtida yetib borishi uchun pochta xodimlari tun-u kun mehnat qilishmoqda.
Endi savol tugʻiladi: Joʻnalish nega yoʻnalish boʻlib ketdi?
Ayni zamonda j harfi bilan boshlanuvchi baʼzi soʻzlarni ishlatishga istihola qilamiz. Hozirgi oʻzbek adabiy tiliga faqat qarluq lahjasiga doir soʻzlarni kiritishni maʼqul topamiz. Shu sababli baʼzan qipchoq, baʼzan oʻgʻuz lahjalaridagi asliy nomlar adabiy tilga biroz oʻzgarish bilan kiritiladi.
Avvalo, qipchoq lahjasi elementlaridan biri sifatida j tovushining soʻz boshida kelishi aytiladi. Shu boisdan, jilon, jil, jilamoq, jurmoq kabi soʻzlar adabiy tilga qarluq lahjasidagi variantlardan olingan. Ayrimlarida j tovushi y tovushiga almashgan boʻlsa, yana baʼzilarida soʻz boshidagi j tovushi tushirib qoldirilgan. Ammo doim ham qipchoq lahjasida j orttirilmaydi. Aksincha, soʻzning asil shakli shunday koʻrinishda boʻladi.
“Yoʻnalish”ga baʼzi mutaxassislar asos “yoʻl” boʻlgan, unga feʼl yasovchi -a qoʻshimchasi qoʻshilgan deyishadi. Ularning fikricha, yoʻlovchi aynan joʻnovchidir. Lekin bu fikrga qoʻshilib boʻlmaydi. Yoʻl+a+v+chi shaklida soʻz hosil qilingan deylik va uni oxiridan tahlil qilib kelaylik. Yoʻlovchi soʻzi biron manzilga borayotgan kishini, yoʻlov esa borish jarayonini bildiradi. Bu yerda -a qoʻshimchasi v undoshi taʼsirida o tovushiga oʻzgargan desak, “yoʻla” soʻzi hech qayerda uchramaydi. Demak, bu soʻz yoʻl+ov+chi shaklida hosil qilingan. Ana shundagina yasama soʻzlarning maʼnosi anglashiladi.
Endi “Joʻnovchi”ni tahlilga tortamiz. Asos va qoʻshimchalar quyidagi tartibda joylashgan: Joʻna+v+chi. Joʻnovchi-boruvchi, joʻnov-boruv, joʻna-bor degan maʼnolarda keladi. Bundan qipchoq lahjasidagi “joʻl” va qarluq lahjasidagi “yoʻl” aslida bitta soʻzligini taʼkidlagan holda, joʻnamoq esa mutlaqo boshqa soʻz degan xulosaga kelishimiz mumkin. Ana shunda “yoʻnalish” soʻzi xato variant ekani, jumlaning asil shakli “joʻnalish” boʻlgan degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Navbatdagi tadqiqotlarimizda esa “yoʻl” va “joʻl” soʻzlari asos boʻlgan shaxs va joy nomlarini tahlil qilamiz. Koʻramiz umumturkiy tillarda qaysi biri koʻproq ekan?
Anvar ESHNAZAROV