Adolat momo nonni har doim ikkiga boʻlib yeydi. Chayir qoʻllari bilan sekin, ehtiyotkorlik bilan boʻladi, – goʻyo u oddiy non emas, achchiq hayotning hosilidek.

Bir kuni nabirasi Muzaffar va Zamira soʻradi:

– Momo, nega har safar nonni yarmini qoldirasiz? Bizda yetarli-ku...

Adolat momo jilmaydi. Bu jilmayish uzoq yillardan qolgan bir ogʻriqning soyasi edi. Xayoli uzoqqa, 1941-yilning qahraton qishiga ketdi.

– Bolalarim, – dedi u past ovozda, – nonni boʻlmay yeyishga haqqimiz yoʻq edi. Yarmini ertangi kun uchun saqlash kerak edi. Ertangi kunni esa... hech kim bilmasdi.

***

Urush boshlanganda u toʻqqiz yoshda edi. Qishloqda erkaklar birdan gʻoyib boʻldi. Faqat ayollar, bolalar va chollar qoldi. Paxta dalalari, bugʻdoyzorlar, sovuq yer – hammasi ayollarning nozik yelkasiga tushdi. Ular tong yorishmasdan qoʻllari muzlab, ochlikdan boshi aylanib yer haydashardi. Kechqurun uyga qaytganlarida bolalariga bir boʻlak non berish uchun oʻzlarining yemagidan tejashardi. Non... Oʻsha paytda non oltindan ham qimmat edi.

Bozorlarda, koʻchalarda odamlar ochlikdan yiqilib qolardi. Evakuatsiya qilingan oilalar, yarador askarlar, och qolgan bolalar – bari non izlab yurardi. Kolxozlarda hosilning katta qismi frontga joʻnatilardi. Qolgani esa ayollar va bolalar oʻrtasida boʻlishilardi. Bir kunlik norma – bir boʻlak non. Uni ikkiga boʻlib, bir boʻlagini bugunga, ikkinchisini ertanga saqlashardi.

Adolat momo eslaydi, bir kuni singlisi Maryam kasal boʻlib qoldi. Isitmasi koʻtarilib, ovqat yemasdi. Onasi yarim boʻlak nonni Maryamga uzatdi. Maryam yedi-yu, yana soʻradi. Onasi koʻz yoshini yashirib: “Qoʻy, qizim, ertaga yana beraman, uxlasang oʻtib ketadi”, dedi.

Ammo ertasi kun non boʻlmadi, suv va bir hovuch quritilgan pidanagina... Maryam kechasi jimgina uxladi. Hech qanday shovqin, yigʻisiz. Faqat ertalab onasi uning sovuq qoʻlini ushlab, “Endi yarim boʻlak non senga yetadi, bolam”, deb pichirladi.

Shu kundan keyin Adolat momo nonni ikkiga boʻlishni oʻrgandi. Bu odat emas, omon qolish strukturasi edi.

1943-yilning qattiq qishida ularning uyiga Toshkentdan evakuatsiya qilingan bir rus oilasi keldi – uch farzandli och va holdan toygan ona. Kichik qizchasi Katya, atigi besh yoshda, koʻzlari katta-katta, yuzi choʻpday ozgʻin edi. Har ertalab Katya Adolatning yoniga kelib, jimgina turardi. Hech narsa soʻramasdi, faqat nonning hidini sezgandek burunlarini qimirlatardi.

Bir kuni Adolatning onasi oxirgi yarim boʻlak nonni ikkiga boʻldi. Bir yarmini oʻz bolalariga, ikkinchi yarmini esa Katya va uning ukalariga uzatdi. Adolat oʻsha lahzada qattiq yigʻlagisi keldi, yigʻlamadi. Onasi unga shunday degandi: “Bolam, bugun biz yarim boʻlak bilan yashayapmiz, ular umuman yoʻq non bilan yashayapti...”

Oʻsha qish Katya bilan Adolat doʻstlashib qolishdi. Ikkisi kechalari bir koʻrpa ostida yotib, ochlikdan uxlay olmasdilar. Katya pichirlab soʻrardi: “Adolat, urush tugagach, non koʻp boʻladimi? Butun non yeyish mumkinmi?” Adolat javob berardi: “Ha, tugagach, biz bir butun nonni birga yeymiz...”

Katya urush tugashini kutmadi. Bahorda, birinchi maysalar bosh koʻtarganda u bu dunyoni jimgina tark etdi. Adolat Katyaning sovuq qoʻlchasini ushlab, oxirgi yarim boʻlak nonni uning yostigʻi yoniga qoʻydi. Va oʻsha kuni oʻziga vaʼda berdi: “Men hech qachon nonni butun yemayman. Yarim boʻlagi – Katya uchun, Maryam singlim uchun va frontda qolgan otam uchun...”