Bundan roppa-rosa 80 yil muqaddam, 1945-yilning 21-oktyabrida oʻzbek dostoni – “Tohir va Zuhra” asosida yaratilgan shu nomli film 15 dan ortiq sobiq sovet ittifoqi respublikalari va xorijiy kinoteatrlarda namoyish etilishi uchun rasman Moskvada tasdiqdan oʻtdi. Urush yillarida olib borilgan 3 yillik tinimsiz ijodiy mehnat natijasi oʻlaroq mazkur asar oʻz davrida ham va undan keyin ham sof muhabbatning timsoli ifodalangan betakror sanʼat asari sifatida tarixda qoldi. Kino sanʼati paydo boʻlganidan ellik yil oʻtar oʻtmas, cheklangan moliyaviy, maʼnaviy va texnik imkoniyatlarga qaramay, koʻpmillatli davlat, xalq va chet el tomoshabinlari miqyosida eʼtirof etilgan mazkur asarning muvaffaqiyat kaliti qayerda? Oyina.uz kolumnisti kinoshunos va folklorshunos Shohida Eshonboboyeva shu masala haqida mushohada yuritadi.
Adabiy asos
Oʻzbek kinosi tarixida “Tohir va Zuhra” filmi xalq dostonining birinchi ekran muqobili hisoblanadi. Doston mazmunida ishq motivi ustun boʻlganidanmi, har qalay u turkiy xalqlar orasida sevib tinglangan eng mashhur dostonlardan biridir. “Tohir va Zuhra”ning ertak, rivoyat, qissa kabi variantlari boʻlib, doston ulardan keyin paydo boʻlgani toʻgʻrisida taxminlar mavjud.
“Tohir va Zuhra” goh kitobiy dostonlar turkumiga, goh oshiq-romanik dostonlar turkumiga kiritib kelingani, uning bir necha versiya va variantlari mavjudligi maʼlum. Ana shu turli variantlar asosida Oʻzbekiston xalq shoiri, dramaturg Sobir Abdulla yozgan “Tohir va Zuhra” dramasi kinofilm yaratilishida ham asos poydevor vazifasini oʻtagan. Dramaturg oʻzining “Tohir va Zuhra”ni qanday yozdim maqolasida “Tohir va Zuhra” ertaklarining bir necha variantlarini tinglagani, yozma variantlarini ham oʻqib oʻrgangani haqida shunday deydi: “...Endi qaysinisini olish kerak. Ogʻizdan eshitib kelganlarim har xil, ammo yozma “Tohir va Zuhra” turmushga yaqin, voqeliroq, faktliroq. Bu materiallarning hammasi ham asar yozish uchun yordam berar dedim... Bu asar ustida shunday qilib rosa 3 yil ishladim”. Maʼlumotlarga koʻra S.Abdulla Sayyodiyning “Tohir va Zuhra” dostoni hamda xalq ogʻzaki ijodida koʻp tarqalgan dostonning turli variantlaridan ijodiy foydalangan holda drama syujetini yaratgan.
1941-yilda Muqimiy nomidagi oʻzbek musiqali teatrining ochilishi munosabati bilan sahnalashtirilgan spektakl tomoshabinlar tomonidan qizgʻin kutib olingani va katta shov-shuvga aylangani ortidan hukumat tomonidan mazkur spektaklni kinofilmga aylantirish taklifi berilgan edi. Lekin sahnaga moʻljallangan dramatik asarni toʻgʻridan toʻgʻri ekranga koʻchirish mumkin boʻlmaganidek, yangi kinossenariy yaratish ham oson boʻlmadi. Film rejissyori Nabi Gʻaniyev boshchiligidagi jamoa imkon qadar xalq ogʻzaki ijodidagi hikoya yoʻnalishini filmda saqlab qolishga va dramadagi yaxshi-yomon xarakterlarning taʼsir kuchini yanada boʻrttirib koʻrsatishga harakat qildilar. Shuningdek, dostonning shahrisabzlik Zohir shoir Qoʻchqor oʻgʻlidan yozib olingan varianti ham mazkur film syujetiga koʻp tomondan mos kelganini koʻrish mumkin. Filmning bir necha ssenariy varianti yaratilgani haqidagi hujjatlarga qaraganda, rejissyor N.Gʻaniyev xalq ogʻzaki ijodida ustun boʻlgan mifologik syujetlar, obrazlardan atayin voz kechib, ekran asarini koʻproq reallashtirish tarafdori boʻlgan. Bir tomondan urush zamoni shuni taqozo etgani vajidan ham bunday yondashuv toʻgʻri edi. Boshqa tomondan, xalq ogʻzaki ijodining asl manbasida Tohir, Zuhra va mehnatkash xalq obrazi shoh Boboxon, vazir, uning oʻgʻli Qorabotirlarga qarshi ifodalanganligi kinossenariyning tubdan oʻzgarishiga ehtiyoj qoldirmagan.
Rejissyor va baxshi: oʻxshash vazifalar
Aslida, baxshi bilan rejissyor oʻrtasida oʻxshashlik bisyor. Jumladan, baxshi uchun ham, rejissyor uchun ham auditoriya boʻlishi shart! Tinglovchi va tomoshabin bor ekan, baxshi doston kuylaydi. Doston aytayotgan baxshining repertuar tuzishi, vaqt va auditoriya talabiga koʻra qisqa yoki uzoq hikoya qilishi yoki eposning kompozitsion tarkibini aniqlashi kabi jarayonlar koʻp hollarda u kuylayotgan vaqtda oʻz-oʻzidan sodir boʻlishi mumkin.
Asrlar aro saqlanib, ijro etilib kelinayotgan eposlar mazmuni qachonlardir qadimiy ogʻzaki ijro tizimiga asoslanib, dunyoning qaysi yurtida boʻlmasin, baxshi, ijrochi, xalq qoʻshiqchisi tomonidan qatʼiy qoidalar bilan kuylangan. Dostonlar mazmunidagi oʻxshash motivlar, syujetlardan farqli oʻlaroq, baxshi har bir doston ijrosida anʼanaviy klishelardan foydalanib kelgan. Bu xuddi kinodramaturgiya janrlari, rejissyor uslubi kabi kinematografik qoidalar kabidir. Poetik ijro, shoʻx-shodon ijro, nasihatomuz ijro, sokin ijro – bular baxshilarning oʻziga xos qoʻshiq aytish uslublaridir.
Baxshi oʻz davrining rejissyori sifatida tinglovchilar qarshisida doston ijro etar ekan, obrazga kirish – tomoshabinni voqelikka olib kirish, ishontirish va qahramon taqdiriga befarq boʻlmaslikka chaqirish uning ijro jarayonidagi eng birlamchi vazifasidir. Kino tilida “saspens” (ingliz tilidan – xavotir, vahimali kutish maʼnosida) deb ataluvchi bu holat, kino paydo boʻlganidan keyin emas, qadimgi yunonlar teatri tomoshalari paytidayoq mavjud boʻlgan. Qahramonning quvonchiga sherik, qaygʻusiga hamdard boʻlish jarayonini hosil qila bilish har qanday ijodkorning bosh maqsadidir. Saspens hodisasi sodir boʻlmas ekan, baxshi, qoʻshiqchi, hikoyachi, aktyor, rejissyor bilan auditoriya oʻrtasida ham munosabat rishtasi oʻrnatilmaydi. Ryejissyor A.Mittaning fikricha, “Saspens – ayni paytda va hozirning oʻzida sodir boʻlayotgan hodisaga auditoriyaning munosabatidir. Auditoriya bilan personajning axloqiy qadriyatlari umumiy boʻlib, personaj va tomoshabin orasidagi hissiy zaryad bir xil boʻlsagina (u qoʻrqmoqda, men ham undan havotir olayapman; u qotilni topmoqchi, men ham qotilni topishlarini istayman) saspens paydo boʻladi. Agarda auditoriya qahramon – oʻlmasligi, yengilmasligi uchun qaygʻursa – saspens paydo boʻladi”. Bunday hodisa baxshi va rejissyor oʻrtasidagi ijodiy oʻxshashlikning zohiriy koʻrinishidan biridir.
Maʼlumki, doston aytilishi chogʻida hikoya etilayotgan voqeaga baxshi oʻzining shaxsiy izohini bermaydi. U soʻz orqali tasviriy makon yaratadi va tinglovchining xayoli buzilishini, baxshi olib kirgan makondan chiqishini istamaydi. Aniqrogʻi, bu mumkin ham emas. Agar baxshi doʻmbirasini toʻxtatib, voqealarni izohlash yoki munosabat bildirishga tushib ketsa, tasavvur qobigʻi yorilib ishonch, xayolan tasavvur yaratish – koʻra bilish imkoniyati toʻxtaydi.
Rejissurada har qanday ertak yoki eposni suratga olish rejalashtirilganda ilk manbaning janriy xususiyatini inobatga olish muhim hisoblanadi. Koʻp hollarda qahramonlik eposlarining yaratilishida fantastik-sarguzasht janrga murojaat etiladi. Oshiq turkumiga kiruvchi folklor asarlarini ekranlashtirishda esa drama, poetik drama, melodrama janriga tayaniladi. Baʼzida kinorejissyorning oʻziga xos nuqtayi nazariga asosan janrlar qorishuvi asosida ham suratga olish tajribasi mavjud. Kamdan-kam hollarda folklor asarlarining sof gʻoyaviy talqini namoyon boʻlgan, lekin birlamchi manba asl holida saqlanib qolgan kinoasar yaratilishi mumkin. Bu maʼnoda “Tohir va Zuhra” filmida birlamchi manbalarda ustun turgan motivlar ketma-ketligini saqlab qolishga erishilgan.
Xuddi sof rejissura sanʼatida boʻlganidek, baxshi – hikoyanavis sifatida voqealarga ham, obrazlarga ham oʻzining subʼyektiv mulohazasini bildirmaydi. U monolog yoki dialoglarni aytayotgan paytda xarakterlarning turli koʻrinishlarini turli holatlarda yoritadi. Tasavvur etish mumkinki, har bir qahramon tilidan kuylash vaqtida baxshining oʻzi ham obrazga kirgan va tomoshabin qarshisida goh Zuhra, goh Tohir, goh Qorabotir, goh Qoraxon, vazir, kanizak kabi qiyofalarni aynan soʻz va tovush yordamida turlicha ifodalab kelgan.
Xalq dostonlari dramaturgiyasi xilma-xil syujetlar rivoji, obrazlar toʻqnashuvi, makon va zamon almashinuvi behisob dialog va monologlar tugalligiga qurilgan. Bularni yod olgan baxshining ijro mahorati sirli moʻjiza boʻlib, alohida aktyorlik mahorati hamda improvizatsiya iqtidoriga ega baxshigina yirik epik doston mazmuniga tomoshabin diqqatini uzoq muddat tortib turishi, umuman, oʻz tomoshabini tasavvurida dostonning mazmunini yarata olishi mumkin. Demak, mubolagʻa qilib aytadigan boʻlsak, asrlar davomida baxshining yakka oʻzi ham muallif, ham rejissyor, ham aktyor vazifalarini bajarib kelgan va kelmoqda. Uning kinoijodkorlardan farqi shundaki, baxshi oʻz xotirasi, bilimi, quvvai hofizasi va uzoq yillik tajribasiga tayanib, koʻp sonli auditoriya diqqatini oʻziga tortib turadi. Ovoz, tinglovchini intuitiv his etish qobiliyati, badihagoʻylik iqtidori yuqori baxshilar anʼanaviy motivlar, epik klishelar, misralardan iborat katta poetik manba maktabiga tayanib, doston kuylaydilar. Aytish kerakki, maʼlum bir doston asosida suratga olingan filmning asl yaratuvchisi ham aslida baxshidir. Kinorejissyor esa qanchalik ajoyib, betakror film suratga olishidan qatʼi nazar, u dostonni yarata olmaydi, aksincha, baxshining asarini ekranlashtiradi, xolos.
Afsona – ssenariy – film
Ssyenariy rasman A.Speshnev va S.Abdulla hamkorligida yaratilgan, deb qayd etilgan boʻlsa-da, rejissyor N.Gʻaniyev, ssenarist V.Shveyserning xizmatlarini inkor etib boʻlmaydi. Shuningdek, 1942-yilda boshlangan ijodiy jarayonda Toshkentga evakuatsiya qilingan rossiyalik kinoijodkorlar ham oʻz maslahatlari bilan ishtirok etganlar. Bu toʻgʻrida film yuzasidan oʻtkazilgan koʻplab muhokamalar ssenogrammalari, Oʻzbekiston Davlat arxivi fondida saqlanayotgan hujjatlar guvohlik beradi. Xususan, ssyenariyning dastlabki variantlarini yozishda ishtirok etgan V.Shveyserning fikricha, “Tohir va Zuhra” poetik jihatdan oliy darajadagi xalq afsonasidir. Ssenaristlarning asosiy vazifasi XIV asrda yaratilgan afsona voqealarini hayotiy haqiqatga aylantirishdan iborat boʻlishi kerak. Tarixiy haqiqatni emas, psixologik, insoniy haqiqatni ifodalash kerak”.
“Tohir va Zuhra” kinofilmida afsonaning asl manbasida aks etgan “Shikorga chiqish”, “Darveshning olma berishi”, “Podsho va vazir ahdlashuvi”, “Tohirning choʻlga tashlab ketilishi” kabi motivlar yoʻq. Film toʻgʻridan-toʻgʻri Boboxonning farzand koʻrgani haqida jarchining xabari bilan boshlanadi. “Tohir va Zuhra” dostonining ayrim variantlarida Tohirning otasi podshoning vaziri boʻlib keladi. Turkiyalik folklorshunos F.Turkmenning “Tohir va Zuhra” dostoni variantlarini oʻrganishga bagʻishlangan asarida keltirilishicha, “Oilalarning ijtimoiy qurilishi: barcha variantlarda Zuhraning otasi, baʼzan hukumatdagi va mamlakatda aniqlangan oddiy podishoh, baʼzi variantlarda esa badavlat bir odam, vazir va bek boʻlgan odam sifatida taqdim etilmoqda... Tohirning otasi yigirma toʻrt variantdan oʻn ikkitasida Zuhraning otasi vaziridir... Ogʻzaki variantlarda podishohning qarindoshi boʻlishi barobarida, faqir bir inson, Rodop variantida Zuhraning otasi choʻponi, Arnavut variantida esa xizmatkori sifatida koʻrsatilgandir”. Bu fikrdan anglash mumkinki, oʻzbek kinofilmida Tohirning otasi faqir kishi boʻlib koʻrsatilgani toʻqima obraz boʻlmay, bu obrazning epik asosi mavjud. Ikkinchi tomondan davr talabiga koʻra hukmron sinf – salbiy, mazlum sinf – ijobiy ifodalanishi shart boʻlgan dramada Tohirning otasi oddiy jangchi etib koʻrsatilish tabiiy edi.
Dastlabki epizodlarda Boboxon va uning jangchisi Bohir bir kunda farzand koʻradilar. U Boboxonning farmoniga muvofiq oʻgʻlini xonning saroyiga olib boradi. Yoʻlda Boboxonning dushmani Sardor (xalq yoʻlboshchisi) Bohirni toʻxtatishga urinadi: “Sendan boʻlak hech kim bolasini olib borayotgani yoʻq, senga oʻxshagan qullarning bolasi saroyda baraka topmaydi. Har qancha xatarli boʻlsa ham senga shuni aytgali keldim”.
Aynan Sardor obrazini XX asrning 40-yillarida sobiq sovet tuzumi badiiy ijodida ustun turgan sotsialistik realizmning mevasi deyish mumkin. Chunki xalq ogʻzaki dostonlaridagi motivlar afsonaviy epik klishelar asosiga qurilsa-da, mohiyatan yolgʻon strukturadan xoli hisoblanadi. Drama va filmdagi Sardor obrazi esa sotsialistik realizm metodi talablariga koʻra hukmron kuchlar bilan mehnatkash xalq oʻrtasidagi boʻrttirilgan konfliktning umumlashma koʻrinishidir.
Dostonda Tohir vazirning oʻgʻli boʻlib, Tohir va Zuhra saroyda birgalikda ulgʻayadilar, birga maktabga boradilar. Saroy ayonlarining qutqusi sabab Boboxon Zuhraning otasini shikorda otib oʻldiradi. Filmda Bohir xonning farmoni bilan oʻlimga hukm qilingan Sardorni qochirib yuborib, oʻzi dor ostiga borgani sababli Boboxon uni shikorda otib oʻldiradi. Qiyosiy oʻrganilsa, verbal matndagi mazmun bilan vizual tasvir orasida katta farq yoʻqdek. Ikkisida ham Boboxon Tohirning otasini shikorda otib oʻldiradi. Lekin dramaturgiya jihatidan filmdagi konfliktning sababi avvaliga nomaʼlum boʻlsa ham, keyingi syujetlarda ochiqlana boradi. Dostonda esa xon boshqalarning gapiga kirib vazirini oʻldirishi mohiyatan konfliktning “pishib yetilmagan” holda ifodalanganini koʻrsatadi.
Kinofilmda shoir-baxshi obrazida namoyon boʻlgan Nozim ham oʻzi hikoya etib boshlagan oʻtmish voqealarning faol ishtirokchisiga aylanadi. Boboxonning soʻzi bilan chaqaloqlarga Tohir va Zuhra ismini u qoʻyadi, shikorda kuzatuvchi boʻladi va keyinroq, Tohirning eng yaqin maslahatchilaridan biriga aylanadi.
Dostonning Muqimiy musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan variantida aytilgan ariyalar ham xalqimizning sevimli kuy-qoʻshiqlari qatoriga qoʻshilgan. Bunga yana bir sabab ularning “Tohir va Zuhra” kinofilmiga kiritilganidir. Chunki dostonning kinematografik talqinida Tohir va Zuhra uchun maxsus sahna yaratilib, aktyorlar teatr sahnasidagidek turgʻun holatda emas, qoʻshiqning har bir misrasiga moslangan kadr kompozitsiyasida erkin harakatlanib qoʻshiq aytadilar. Aktyorlar uchun yaratilgan mizansahnalar filmning betakror milliy ruh kasb etishida muhim oʻrin tutgan.
Tohir kech tushishini kutib, Zuhraning koʻshki oldiga kelishi lavhasida Zuhra bog‘ ichkarisida: “Qalamlar tafsifingda madhilar doim taloshingda, Chiroylilar chekib saf buyrugʻing kutmoqda qoshingda”, deb qoʻshiq aytishi, oʻz navbatida Tohir: Ey, quyosh, Ey quyosh, koʻrsat yuzing, Tunda bagʻir qonlanmasin, Tun qarosi yoru zulfidek Parishonlanmasin”, deb kuylashi filmning musiqiy bezagi boʻlib qolmay, balki dramaturgik jihatdan syujetni rivojlantirgan – ikki yosh va sof muhabbat shaydolarining koʻngil kechinmalarini yuksak poetik tasvirlarda ifodalagan. Bu qoʻshiqlar hanuzga dovur xalqning eng sevimli lirik ashulalari qatoridan joy olgan. Xolbuki, bu qoʻshiqlar matnini dramaturg S.Abdulla yozgan, musiqasi esa bastakor T.Jalilov tomonidan bastalangandir.
Dostondagi ayni shu lavha hikoyasi bilan filmdagi kadrlar bir-biridan verbal va vizual tasviriy ifodasi bilan farq qiladi, xolos. Ikki asar ham dramaturgik strukturasiga mos ravishda oʻz tinglovchisi, oʻquvchisi va tomoshabini koʻz oʻngida yetarli darajada vizual tavsirlarni yarata olgan. Keltirilgan misollardan koʻrinadiki, baxshi aytib kelgan dostonlarda keyinchalik kinodramaturgiyada rivoj topgan uslub, shakl, majoziy ifodalar qoʻllanib kelingan.
Filmda anʼanaviy epik tizim dostondagidek aynan koʻrsatilmagan. Lekin Tohirning sinovlardan oʻtishi bosqichlari yetarli darajada reallashtirilgan. Ayniqsa, uni sandiqqa solib, daryoga oqizish lavhasi filmning eng kulminatsion epizodlaridan biridir. Dostonda ham sandiqqa solib oqizilgan damlarni hikoya qilishda baxshi yuqorida aytib oʻtganimizdek, tinglovchini “saspens” holatida ushlab turadi. Tinglovchining tasavvurida Tohirning onasi monologi, oʻgʻilning onaga murojaati, bu holatga befarq jallodlar obrazi, daryo boʻyiga kelgan Zuhraning koʻz yoshi, harakatlari va hokazo elementlar jonlanadi. Filmda ham aynan shunday manzara mayda detallarigacha real yoritilgan. Shu oʻrinda ssenariyning birinchi varianti muhokamasida rejissyor N.Gʻaniyev aytgan fikrlarini keltirish oʻrinli: “Tohir suvga tashlanayotganda xonning yonida Zuhra turibdi. Bu yaxshi emas. Xon hech qachon oʻlim jazosi ado etiladigan joyga qizini olib kelmagan boʻlardi. Undan tashqari, qonunan bu mumkin ham emas. Agar Zuhrani bu joyga chopib kelayotgani va otasidan oʻlim jazosini maʼn etishini soʻrayotgani koʻrsatilsa, qiziqarli boʻlardi. Nimadir qilish kerakki, tomoshabin Zuhrani yaxshi koʻrib qolsin”. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, rejissyor N.Gʻaniyev oʻz xalqi ogʻzaki ijodi va madaniyatini yaxshi bilgani u yaratgan asarlarning barchasida, shu jumladan, “Tohir va Zuhra” filmida aniq koʻrinib turadi.
Filmning shon-shuhrati
Dramaturg Sobir Abdulla xotirlashicha, u 1945-yilda Germaniyadan bir maktub oladi. Maktub mazmunida, kelgusida yozuvchi boʻlib tanilgan jangchi Mirzakalon Ismoiliy Berlindagi kinoteatrlardan birida “Tohir va Zuhra” nomli oʻzbek filmini tomosha qilganini, film xorijda sovet askarlari uchun gʻalabaga munosib sovgʻa boʻlganini, tomoshabinlar oʻzbek dostoni asosida yaratilgan oʻzbek filmini katta hayajon bilan qarshi olganini va bu holatdan maktub egasida faxr va iftixor tuygʻulariga toʻla minnatdorlik hislarini ifodalagan edi.
Haqiqatan ham 1945-yilning may oyida, hali bu film rasman tasdiqdan oʻtmay turib, uning bir necha nusxasi zudlik bilan chet ellarda koʻrsatilishiga ruxsat berilgan. Afsuski, film tayyor boʻlganida, urushning tugashiga sanoqli kunlar qolganda – mazkur asarni suratga olish tashabbusini birinchi boʻlib ilgari surgan oʻzbek generali Sobir Rahimov halok boʻlgan edi.
Oʻzbek xalq dostoni ekranlarda dunyo kezishi, jahon xalqlari mehrini qozonishi, bugungi kunda ham ijodiy maktab vazifasini ssenariynavislar S.Abdulla, A.Speshnev, postanovkachi rejissyor N.Gʻaniyev, rejissyor Y.Aʼzamov, rassom V.Yeremyan, operatorlar M.Krasnyanskiy, D.Demuskiy, M.Kryukov, V.Morozov, kompozitor A.Kozlovskiy, ovoz operatori K.Boʻriboyev, yakkaxon qoʻshiqlar musiqasi bastakori – T.Jalilov, montajchi – R.Shor, maslahatchi arxeolog, tarixchi olim Yahyo Gʻulomov hamda bosh va yetakchi rollar ijrochilari Tohir – G‘.Aʼloyev, Zuhra – Y.Rizayeva, Qorabotir – Sh.Burhonov, Boboxon – A.Ismatov, Vazir – O.Jalilov, Nozim – R.Hamroyev kabi aktyorlar ansamblidan iborat ijodiy guruhning xizmati katta.
Qisqa muddatda sobiq sovet respublikalarida katta muvaffaqiyat qozongan “Tohir va Zuhra” filmi va uning ijodkorlari dunyoga tanildi. Haqiqiy milliy oʻzbek kinofilmi sifatida tarixga kirgan film chet el tomoshabiniga namoyish etilishidan soʻng, oʻzbek kinorejissyori N.Gʻaniyev Gollivud studiyasiga taklif etilgani haqida kinoshunos X.Abulqosimova shunday yozgan edi: “Tohir va Zuhra”... chet elda shov-shuvga sabab boʻldi. N.Gʻaniyevning isteʼdodini namoyish etgan bu asarning badiiy darajasi rejissyorni Gollivud studiyasiga, “Ming bir kecha” filmi postanovkasiga taklif etdi. Lekin “sovuq urush”ning boshlanishi tufayli chetga chiqishning toʻxtatilishi buning amalga oshishiga imkon bermadi”.
“Tohir va Zuhra” kinofilmi xususida soʻz yuritilganda koʻpincha rejissyor mahorati va aktyorlar ijrosiga koʻp toʻxtalamiz. Aslida, kadr ortidagi ijodkorlar – rassom, operator, bastakor, montaj ustasi, ovoz operatori kabi ijodiy guruh aʼzolarining mehnati haqida soatlab gapirish mumkin. Xususan, rassom V.Yeremyan dekoratsiyalarda aks ettirgan saroy muhiti, aktyorlar libosi eskizlari, operator D.Demuskiy naturada suratga olgan Samarqanddagi Registon maydoni, Urgut, Shohimardondagi mizansahnalar, “Rodina” kinoteatri binosidagi pavilonlarda suratga olgan kadrlarning har biri alohida tahlil qilib, oʻrganishga arziydi. Shu bilan birga yakkaxon qoʻshiqlar musiqasini bastalagan Oʻzbekiston xalq artisti Toʻxtasin Jalilov mahorati va oʻzbek xalq kuyiga mos ravishda musiqa yozgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, kompozitor Mixail Kozlovskiy musiqalari ham katta bir tadqiqot obyekti sifatida oʻrganilishga muhtoj.
Shohida ESHONBOBOYEVA