Muharrir deganda koʻpchilik matnning imlo xatosini tuzatadigan, uni qisqartiradigan, jimjimador sarlavha qoʻyadigan odamni tasavvur qiladi. Aslida muharrir – maqolalar orqali jamiyatning kun tartibini shakllantiradi, ijtimoiy fikr oʻzanini yaratadi. Kuchli nashr ortida nafaqat mualliflar va tahririyat, balki muharrir va u yaratgan tahrir maktabi turadi.

Shakllangan muharrir – noyob mutaxassis. Kerak boʻlsa, u davlat va jamoat arbobi, qomusiy olim, til posboni, fidoyi maʼrifatparvar. Aynan maʼrifatparvar istilohini eslab qoling. Zero, oʻzbek matbuotining tugʻilishi va qadam olishi mana shu gʻoya atrofiga qurilgan. Oyina.uz 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan oʻzbek matbuotida maktab yarat(yot)gan ana shunday maʼrifatparvar, afsonaviy muharrirlarni esga oladi. 

Bir asrdan moʻlroq tarixga ega zamonaviy oʻzbek matbuotida jasoratli, halol va alloma muharrirlar va... boshqalar bor. Xususan, keyingi 20-yillikda matbuotda mahobatli sarlavha darajasidagina jasoratga ega, matnning eng choʻgʻli-taftli qismini yulib oladigan, oʻzining ham, soʻzining ham jamiyatga taʼsiri past nochor muharrirlar koʻpaydi. Aynan shunday silliq-royish muharrirlarning kasriga oxirgi oʻn yillikda matbuot ochiqlik siyosatini deyarli his qilmadi, maydon toʻla-toʻkis blogosferaga – tahlildan yiroq, tumtaroq matnlar bilan xalqimizni dovdiratib yurgan soʻzfurushlarga (albatta, professional blogerlar mustasno) boy berildi.

Nihoyat, savol shunday: bugun ancha erkin muhitda ijod qilayotgan avlod yaqin oʻtgan zamonlar qahramonlari – soʻz dehqonlarining jasoratga toʻla mehnatiga qanchalik baho bera oladi? Umuman, muharrir kim oʻzi: mansabdormi, matn tuzatuvchimi yoki oʻz zimmasiga katta ijtimoiy masʼuliyat olgan faol fuqaro? Asosiy savol esa bunday: muharrirlar shaxsiga qanday mezonlar bilan yondashmoq kerak?

Bu savollarga javob berish uchun oʻzbek matbuoti shakllangan tarixiy sharoitni, uning ortida turgan siyosiy bosimlar, til oʻzgarishlari, maʼnaviy burilishlar va jamoat fikridagi evrilishlarni hisobga olish lozim.

Birinchidan, zamonaviy oʻzbek matbuoti tayyor adabiy va institutsional muhitda paydo boʻlgani yoʻq. XIX asr oxirida Turkistonda mustamlaka maʼmuriyati tomonidan anʼanaviy taʼlim, vaqf mulklari, madrasa va mahalliy maʼrifat tizimiga qaqshatqich zarba berildi. Chor Rossiyasi tomonidan 1886-yili qabul qilingan “Turkiston oʻlkasini boshqarish toʻgʻrisidagi Nizom”da vaqf mulklari masalasi alohida tartibga solindi, bu holat anʼanaviy maktab va madrasalar faoliyatini moliyaviy cheklab qoʻydi.

Natijada, yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik sharoitida madrasalar atrofida shakllangan ilmiy-adabiy muhit ham izdan chiqdi. Hoshiyaxonlik, sharhnavislik, munozara madaniyati, qoʻlyozma matnlar bilan ishlash, ustoz-shogird anʼanasi kabi koʻp asrlik intellektual maktablar zaiflashdi. Aslida, ana shu muhit zamonaviy jurnalistikamiz uchun tabiiy kurtak boʻlishi zarur edi.

Keyingi bosqichlarda alifbo oʻzgardi, til oʻzgardi, chigʻatoy adabiy tilidan hozirgi oʻzbek adabiy tili meʼyorlariga oʻtish jarayoni boshlandi. Demak, oʻsha davr muharrirlari ikki tomonlama bosim ostida ishlagan. Bir tomondan, ular davrning ijtimoiy-siyosiy talablariga moslashishga majbur edi. Ikkinchi tomondan, yangi adabiy til, yangi tahrir madaniyati, yangi oʻquvchi va yangi matbuot uslubini shakllantirish ham aynan ularning zimmasiga tushgan.

Shuning uchun Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Choʻlponlar avlodiga faqat “gazeta-jurnal chiqargan ziyolilar” degan baho oʻta joʻn qarash boʻlur edi. Ular anʼana va zamonaviylik, koʻp asrlik axborot almashuv muhiti va zamonaviy yangi matbuot maydoni oʻrtasida koʻprik boʻlgan shaxslar edi.

Ikkinchidan, oʻtgan asr davomida “millatparvarlik”, “milliy birlik” tushunchasining oʻzi ham bir necha marta maʼno oʻzgartirdi. Avval Turkiston xalqlari birligi gʻoyasi birinchi oʻringa chiqdi. Keyin milliy-hududiy chegaralanish natijasida, yangi siyosiy makonda yashovchi xalqlar, elatlar, urugʻlar birligi ustuvor ahamiyat kasb etdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida frontga koʻmak, gʻalaba uchun safarbarlik gʻoyasi xalqni birlashtiruvchi asosiy gʻoyaga aylandi.

1960–1970-yillarga kelib “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” madaniyat tamoyili doirasida yagona sovet xalqi gʻoyasi ustuvor boʻldi. 1980-yillarda esa oʻzlikka qaytish, tarixiy xotirani tiklash, milliy qadriyatlarga yangicha nazar tashlash ehtiyoji kuchaydi. Mustaqillik davriga kelib, vatanga muhabbat, milliy davlatchilik, ozodlik va taraqqiyot yoʻlida birlashish gʻoyasi matbuotning markaziy mavzusiga aylandi.

Vaqtli matbuot har bir davrda xalqni ana shu gʻoya-maqsadlarga ishontirish, ruhlantirish, safarbar etish vazifasini bajardi. Demak, muharrir faqat nashr mundarijasini belgilovchi emas, oʻz davrining markaziy gʻoyasiga ommani safarbar etuvchi, siyosiy shiorlarga taʼsirchanlik, maʼnaviy mazmun bagʻishlovchi shaxs hamdir.

Uchinchidan, oʻzbek muharrirlarining jasoratini tuzumga nisbatan siyosiy murosasizlik yoki keskin tanqidiy maqolalar bilangina oʻlchab boʻlmaydi. Muharrirning jasorati – siyosiy konfliktga oʻzini bagʻishlashdagina emas, baʼzan jim, izchil, yillar davomida qilinadigan mehnatda – toʻgʻri mavzu tanlash, kuchli mualliflarni jalb etish, yangi avlodga maʼnaviy murabbiylik qila olish, xalqning fikrlash darajasini yuksaltirishga qoʻshgan hissasida yaqqol namoyon boʻladi.

Ana shu mezonlar bilan qaraganda, afsonaviy oʻzbek muharrirlari – murabbiy, novator, oʻz davri uchun jamiyatning maʼnaviy qiyofasini belgilovchi, siyosiy tuzumga baho beruvchi insonlardir.

1. MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY

Turkistonning XX asr boshidagi porloq yulduzi – Mahmudxoʻja Behbudiyni zamonaviy “ilmi tahrir“ning otasi deyish mumkin. U milliy matbuotimizning maʼnaviy meʼmorlaridan edi. Behbudiy “Samarqand” gazetasini chiqardi, keyin “Oyina” jurnaliga asos soldi. “Samarqand” gazetasi oʻzbek va tojik tillarida haftada ikki marta chop etilgan boʻlsa, “Oyina” 1913-yildan boshlab Behbudiy faoliyatining eng muhim minbarlaridan biriga aylandi.

Aynan “Oyina” degan nomning oʻzi chuqur mazmunga ega. Oyina – odam oʻz yuzini koʻradigan narsa. Behbudiy ham oʻz jurnali orqali millatga oyna tutdi. U ogʻriqli savollarni oʻrtaga tashladi: nega ortda qoldik, nega maktablarimiz zamondan orqada, nega ilmdan uzoqlashdik, nega millat oʻz haq-huquqini anglamaydi? Shu maʼnoda, u matbuotni oddiy xabar tarqatish vositasi sifatida emas, millatni uygʻotuvchi qurol sifatida koʻrdi.

Alohida taʼkidlash joizki, mahalliy xalqqa nisbatan ishlatilgan kamsituvchi atamalarga qarshi javoblar ham “Oyina” sahifalarida chop etilgan. Xususan, Behbudiyning “Sart soʻzi majhuldir” maqolasi hukmron siyosiy doiralar qarshisida milliy izzat-nafsni dadil himoya qilgani bilan eʼtiborlidir.

Mahmudxoʻja Behbudiy

Yana bir muhim jihat bor. Ustoz Behbudiyni oʻzbek muharrirlik maktabining asosiy ustunlaridan biri sifatida baholashimiz faqat uning algʻov-dalgʻov, notinch va qaltis zamonlarda millat oriyati uchun qoʻlda qalam bilan kurashgani uchun emas. Bunday baho berishga yana bir necha jiddiy asos bor. Toʻgʻri, undan oldin ham “Taraqqiy”ni chiqargan Ismoil Obidiy, “Xurshid” gazetasiga asos solgan Munavvarqori Abdurashidxonov, “Shuhrat” gazetasini ochgan Abdulla Avloniy kabi matbuot fidoyilari bor edi.

Biroq, masalaga kengroq qaraganda, ilk milliy gazetalarning koʻpi qisqa umr koʻrdi. Ular jasorat koʻrsatdi, ammo tahririyat jamoasi va tahrir maktabi shakllanmadi. Milliy matbuot asoschisi va tahrir maktabi asoschisi boshqa-boshqa tushunchalardir.

Behbudiyning ustun jihatlari shu nuqtada yaqqol seziladi. U noshir va dovyurak publitsist boʻlishdan tashqari, matbuotda tizim yaratgan, tahrir maktabi, barqaror jamoa, faol mualliflar guruhini shakllantirgan tashkilotchi muharrir edi. “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali shu jihatdan muhim. Biroz oldinga oʻtib aytganda bugun ham milliy axborot muhitida aynan samarqandlik jurnalistlar salmoqli ekanligi mana shu omilga bevosita bogʻliq.

Xulosa qilib aytganda, Mahmudxoʻja Behbudiy mavzu tanladi, til tanladi, uslub tanladi, maqsad tanladi va eng muhimi, milliy matbuotga yoʻnalish berdi. Bu yoʻnalish maʼnaviyat masalalari boʻlib, hatto zamonaviy gazeta va jurnallarning mundarijasi hamon Behbudiyga tayanadi: taʼlim, til, millat, din, zamon, huquq, tarix, teatr, maktab, axloq, dunyoqarash.

Maʼrifatparvarlik gʻoyasi, milliy uygʻonish orzusi bilan toʻyingan bu yoʻnalish oʻzbek matbuotining oʻzak gʻoyasi boʻlib qoldi. Bugun ham gazetalar jamiyatni uygʻotish, ilm-maʼrifatga chaqirish, milliy gʻurur va masʼuliyatni asrash vazifasini bajarmoqda. Matbuotimizdagi bu muqaddas anʼananing negizida Behbudiy asos solgan muharrirlik maktabi turadi.

2. IBROHIM MOʻMINOV

Akademik Ibrohim Moʻminov afsonaviy oʻzbek muharrirlari orasida alohida mavqe kasb etadi. U shunchaki ilmiy matnlarni tahrir qilgan olim emas, balki Oʻzbekistonda ilk ilmiy jurnal, milliy ensiklopediya, fan targʻiboti, akademik tahrir madaniyati va ilmiy muharrirlik institutini shakllantirgan buyuk maʼrifatparvar shaxs hisoblanadi.

Alohida taʼkidlashni istardimki, Ibrohim Moʻminov hodisasini, qaysidir maʼnoda, jadidlar gʻoyasining realizatsiya bosqichi sifatida ham baholash mumkin. Jadidlar millatni ilm bilan uygʻotish, maktabni yangilash, xalqni dunyo ilm-faniga yaqinlashtirish, oʻz tilida zamonaviy bilimlar tizimini yaratishni orzu qilgan edilar. Behbudiy, Fitrat, Avloniylar avlodi bu orzuni matbuot, maktab, darslik, teatr va publitsistika orqali ilgari surdi. Ibrohim Moʻminov esa ana shu maʼrifatparvarlik orzusini sovet davrining ziddiyatli sharoitida ilmiy muassasa, jurnal, qomus, broshyura, atama va ilmiy muharririyat darajasiga koʻtardi.

Bu bogʻliqlik tasodifiy emas. Ibrohim Moʻminov Samarqand ilmiy-adabiy muhitida shakllandi. U yerda Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Hamid Olimjon, Bahrom Soliyev, Yahyo Gʻulomov kabi ziyolilar bor edi. Fitratdek maʼrifatparvar bilan bir muhitda boʻlish, undan saboq olish, ustozlar boshlagan ilm, til, tarix va milliy oʻzlik haqidagi bahslarni koʻrish Ibrohim Moʻminov dunyoqarashida chuqur iz qoldirganini anglash qiyin emas. Shu maʼnoda, u jadid maʼrifatparvarligi bilan sovet davri ilmiy muassasalari oʻrtasidagi murakkab koʻprik edi.

Yana bir muhim jihatni alohida taʼkidlash kerak. Yaqin-yaqinlargacha oʻzbek matbuotida bosh muharrirdan tashqari “ilmiy moharrir” degan masʼul shaxs ham boʻlgan. Jurnalist – qomusiy olim emas. Murakkab ilmiy, tarixiy, falsafiy, tibbiy yoki texnik mavzularni xalqchil tilda yoza oladigan olimlar esa har davrda ham sanoqli boʻlgan. Shuning uchun ilmiy muharrir matbuotda juda muhim vazifani bajargan. U akademik ilmiy tilda yozilgan maqolalarni xalqchil bayon qilishda tahririyatlarga koʻmaklashgan.

Afsuski, bugun ham zamonaviy ilmlar, xususan, IT sohasida yozadigan ixtisoslashgan jurnalistlar, ilmiy muharrirlarga katta ehtiyoj bor. Matbuotdagi iqtisodiy qiyinchilik yillarida “Ilmiy moharrir” degan maktab yoʻqolib ketgan. Mavzuga qaytib aytganda, Ibrohim Moʻminov ana shu muqaddas missiyani institutsional darajaga koʻtargan shaxs edi. U 1958–1974-yillarda “Bilim” respublika jamiyati raisi, 1957–1974-yillarda “Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar” jurnali bosh muharriri, 1957-yilda esa “Fan va turmush” oynomasining asoschi bosh muharriri boʻlgan. Shuningdek, u Oʻzbek qomusi bosh tahririyatining tashkilotchisi va birinchi bosh muharriri sifatida ham tarixda oʻchmas iz qoldirdi.

Ibrohim Moʻminov  

Shu yerda sovet davrida yashagan katta ziyolilar qismatiga xos juda nozik va murakkab nuqta bor. “Bilim” jamiyati sovet mafkurasi doirasida ishlagani, u orqali ilmiy ateizm, sotsializm gʻoyalari va partiyaviy qarashlar ham targʻib qilingani haqiqat. Buni inkor etib boʻlmaydi. Ammo Ibrohim Moʻminovning buyukligi shundaki, u ana shu mafkuraviy cheklovlar ichida turib ham ilm-fan, milliy tafakkur va buyuk tarixiy xotira targʻibotiga imkon topgan.

U “Bilim” jamiyati imkoniyatlari orqali xalqchil maʼruzalar, risolalar, broshyuralar, ilmiy-ommabop nashrlar chop ettirdi. Ilm-fan sohasidagi yangiliklar maktab, kutubxona, chekka tumanlar, madaniyat uylarida oʻqilgan maʼruzalar orqali xalq shuuriga kirib bordi. Odamlarda fanga nisbatan qiziqish kuchaydi.

Oʻsha davrda kichik bir broshyura ham baʼzan gazeta va jurnallardan qolishmaydigan taʼsir kuchiga ega boʻlardi. Undagi maqola, maʼruza matni, ilmiy-ommabop risola oʻquvchini tarix, falsafa, adabiyot, tabiiy va ijtimoiy fanlar haqida oʻylashga undardi. Bugungi internet davrida bu taʼsirni tasavvur qilish qiyin. Ammo oʻsha paytda broshyura, jurnal, qomus va maʼruza jamiyat tafakkurini tarbiyalaydigan katta maktab edi.

Ayniqsa, uning oʻzbek qomusi bilan bogʻliq xizmatini alohida baholash kerak. Ensiklopediya tuzish – faqat maʼlumot yigʻish emas. Bu millatning bilim xaritasini yaratishdir. Qomus orqali xalq oʻz olimi, tarixi, shaharlari, daryolari, adabiyoti, sanʼati, qahramonlari haqida tizimli tasavvurga ega boʻladi. Shu maʼnoda, kengroq qaralsa, ensiklopediya tahririyatining tashkil topishi mustaqil davlatchilik ruhi, orzusi yashab qolishi uchun muhim zaruriy voqea edi.

Har qanday millatning saviyasi faqat shoirlari yoki siyosatchilari bilan emas, oʻzini qanday tushuntirishi bilan ham oʻlchanadi. Ensiklopediya – millatning oʻzini oʻzi tushuntirish maydoni. Unda tarix ham, geografiya ham, adabiyot ham, sanʼat ham, iqtisod ham, tibbiyot ham, texnika ham, falsafa ham yaxlit bir tizimga tushadi. Shu bois Oʻzbek qomusi bosh tahririyati oddiy nashriyot emas, milliy tafakkur laboratoriyasi edi.

Bu laboratoriyada faqat maqolalar tahrir qilinmagan. U yerda hozirgi oʻzbek ilmiy, siyosiy, badiiy va media tilining muhim qatlamlari shakllangan. Qaysi atamani qanday berish, qaysi tushunchaga qanday oʻzbekcha muqobil topish, ruscha yoki baynalmilal terminni qanday moslashtirish, xalqqa tushunarlilik bilan ilmiy aniqlik oʻrtasida qanday muvozanat saqlash – bularning barchasi muharririyatning kundalik, ammo tarixiy ahamiyatga ega ishlari edi.

Bu ishning qiymati beqiyos. Chunki atama – faqat soʻz emas. Atama fikrlash vositasidir. Millat oʻz tilida ilmiy atama yarata olmasa, u murakkab fikrni ham oʻz tilida toʻliq ifoda eta olmaydi. Demak, atamashunoslik ham milliy tafakkur uchun kurashning bir koʻrinishi, deyish mumkin.

 

Afsuski, matbuot tarixini yozayotganlar koʻpincha nashr etilgan gazeta va jurnallarga qaraydi. Holbuki, ilk oʻzbek Qomusi ilmiy hayʼati yigʻilishlarining stenogrammalari, tahrir muhokamalari, atamalar yuzasidan tortishuvlar – bugungi oʻzbek tili va matbuot tafakkurining shakllanish jarayonini anglash uchun bebaho manbalardir. Hozirgi siyosiy til, badiiy til, ilmiy til va media tilining muhim qatlamlari aynan shu muharririyatda, shunday bahslarda, shunday masʼuliyatli qarorlarda pishib yetilgan.

Bu tizimli saʼy-harakatlar besamar ketmadi. 1960-1970-yillarga kelib Oʻzbekistonda fanning qadrini tushunadigan, zamonaviy ilmiy matnni oʻqiy oladigan, oʻz tarixi, falsafasi, adabiyoti, arxeologiyasi va tilshunosligiga qiziqadigan, jon-jahdi bilan himoya qiladigan ziyolilar, olimlar avlodi yetishib chiqdi. Bu jarayon ortida, shak-shubhasiz, Ibrohim Moʻminov asos solgan ilmiy tahririyat, ommabop risolalar, jurnallar va qomuslar ham turardi.

Xulosa qilib aytganda, Ibrohim Moʻminov matnni tahrir qilgan olim emas, qaltis zamonlarda millat tafakkurini tahrir qilgan buyuk maʼrifatparvar edi.

3. IBROHIM RAHIM

Ibrohim Rahim – sovet davrida ishlagan eng yorqin va jasoratli, yuksak insoniy fazilatlar sohibi boʻlgan muharrirlardan biri. Uning muharrirlik maktabini anglash uchun u yashagan davr kayfiyatini, urushdan keyingi yillarda matbuot oldiga qoʻyilgan ogʻir mafkuraviy va maʼnaviy vazifalarni ham nazarda tutish kerak.

Ibrohim Rahim faoliyati davomida Oʻzbekiston radio qoʻmitasi, “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida masʼul vazifalarda ishladi. Muharrir, rahbar sifatida esa “Guliston”, “Mushtum” jurnallarida ishlagan.

Uning muharrirlik salohiyati, ayniqsa, “Guliston” jurnaliga rahbarlik qilgan yillarida yorqin namoyon boʻlgan. 1966–1970-yillarda “Guliston” faqat adabiy-badiiy jurnal emas, milliy fikr, tarixiy xotira va maʼnaviy uygʻonishga xizmat qilgan muhim minbarlardan biriga aylandi. Aynan Ibrohim Rahim bosh muharrir boʻlgan paytda jurnal sahifalarida “Temur tuzuklari” va Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asaridan parchalar eʼlon qilinishi katta shov-shuv va rasmiy eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Gap shundaki, sovet Oʻzbekistonida 1967-68-yillarda Amir Temur shaxsiga munosabat tubdan oʻzgardi. Boshqacha aytganda, sovet ideologlari tomonidan balchiqqa botirilgan hazrat sohibqiron nomi vataniga sharaf toʻnini kiygan holda, magʻrur qaytdi.

1967-yilda Alixon Toʻra Sogʻuniy tarjimasidagi “Temur tuzuklari” “Guliston” jurnalida eʼlon qilindi. 1968-yilda esa akademik Ibrohim Moʻminovning Amir Temur haqidagi maqolasi jurnalda chop etildi. Bu voqealar sovet davrida Amir Temur merosiga xolis qarash yoʻlidagi jasoratli qadamlar edi. Milliy ruh kuchayib borar edi, jamiyat “Guliston”ni yutoqib oʻqiy boshladi, uygʻonish kayfiyatining choʻqqisi – 1968-yili jurnalda chop etilgan Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasi boʻldi. Gʻoya tez ommalashdi, taʼkidlash joizki, Abdulla Oripovning 1971-yili “Sharq yulduzi”da bosilgan “Oʻzbekiston” qasidasi ham mana shu milliy uygʻonish kayfiyati mahsuli edi. Muharrir Ibrohim Rahimning jurʼati boshqalarga ham turtki berdi.

Umuman, bu voqeliklarning mumtoz ahamiyati shundaki, u milliy ijtimoiy fikr taraqqiyotida tub oʻzgarishlar nuqtasi boʻlib qoldi. Ibrohim Rahim, Ibrohim Moʻminov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi oydinlar bu yoʻlda oʻz lavozimi, mavqeyi va xotirjamligi bilan badal toʻladi. Ammo muhim missiya bajarilgan edi: jamiyatda tarixni qayta baholash, milliy davlatchilik merosiga boshqacha nazar bilan qarash kayfiyati kuchaya boshladi. Keyinchalik 80-yillarga kelib milliy uygʻonish, oʻzlikni anglash va ozodlik gʻoyasi keskinroq ravishda kun tartibiga chiqqani bejiz emas. Chunki, bu davrga kelib yakkam-dukkam jasoratli ziyolilar emas, xalqning oʻzi ham tarixiy oʻzanlarga qaytish zaruratini his eta boshlagan edi.

Ibrohim Rahim

Sovet mafkurasi milliy xotira, tarixiy davlatchilik va milliy oʻzlik masalalariga ehtiyotkor, baʼzan esa ochiq shubha bilan qaragan bir davrda bunday asarlarni jurnal sahifasiga olib chiqish muharrirdan katta jurʼat talab qilardi. Shuning uchun ham “Guliston”da bu matnlarni chop etish uzoq davom etmadi. Nashr tanqidga uchradi, materiallarni berish toʻxtatildi, bosh muharrir esa boshqa ishga oʻtkazildi.

Ibrohim Rahimning jurʼat va jasoratiga misol boʻlgan yana bir voqea “Mushtum”da sodir boʻladi. Sharof Rashidov vafot etgach, unga qarshi kampaniyabozlik boshlanadi. Bu chaqiriq matbuot, adabiy hayotda ham aks-sado beradi, Sharof otani yomonotliq qiladigan asarlar, maqolalar, hatto keyinroq texnik jihatdan mukammal, usluban jozibali roman yozildi.

Shoir Zohidjon Obidovning “Arslonning oʻlimi” masali 1984-yil iyul oyida jurnalda bosilgach, muharrirning boshi uzra qora bulutlar paydo boʻladi. Arslon kim, u vafot etgach toshlar otgan tulki kim, chiyaboʻri kim – shaʼma hammaga tushunarli edi. Xayriddin Sulton taʼbiri bilan aytganda, bu asar yigirmanchi asr “Zarbulmasal”i boʻlib qoldi.

Bu voqea ortidan Ibrohim Rahim va tahririyatning bir necha masʼul xodimlari ishdan boʻshatildi. Ammo bu gal ham muharrirning shaxsiy magʻlubiyati emas, soʻzning gʻalabasi yuz bergan edi. Chunki “Arslonning oʻlimi” xalq orasida aks sado berdi, ziyolilar orasida keng muhokama qilindi, joriy siyosatga nisbatan xalq noroziligining oʻziga xos ramziy ifodasiga aylandi.

Shu tariqa Ibrohim Rahimning muharrirlik maktabi jasorat, tarix oldida masʼuliyatni his qilish, milliy oʻzlikka qaytish kabi konseptual yondashuvlari, asosiysi, bu yoʻlda dastlabki dadil qadamlarni tashlay olgani, boshqalarni ruhlantirgani bilan ajralib turadi.

Behzod QOBULOV

Oyina.uz