Maʼnaviy hayotning mazmuni, shakli va oʻziga xosligini jamiyatning umumiy taraqqiyot darajasi belgilaydi. Ushbu qonun maʼnaviyatni jamiyat moddiy hayotidan ajratmay, unga Yaratganning sir-asrori emas, rivojlanuvchi ijtimoiy hodisa sifatida tushunishda katta ahamiyatga ega. Agrar jamiyat kishisining dunyoqarashi, qadriyatlar tizimi, maʼnaviyati, odatda, oʻrta asrlar taraqqiyot darajasiga mos. Uni sanoat, texnika, transport va aloqa tizimi taraqqiy etgan, axborot texnologiyalari yuksak rivojlangan bugungi kun kishilariniki bilan aslo taqqoslab boʻlmaydi.

Agrar jamiyatda aholining aksariyati, ayniqsa, jismoniy mehnat kishilari savodsiz boʻlgan. Bel, ketmon, omoch, oʻroq, bolta, hoʻkiz, eshak, ot-arava yordamida xoʻjalik yuritilgan. Dehqon, qoʻshchi, aravakash va kosib-hunarmanddan savodli boʻlish talab etilmagan. Industrial jamiyatda esa zavod-fabrika ishchi va xizmatchi yo taʼmirchidan, qishloq xoʻjaligi dehqon yo traktorchidan, transport tizimi haydovchisidan, jillaqursa, boshlangʻich maʼlumotli boʻlishni talab qiladi. Texnologiyalarning uzluksiz murakkablashuvi bu talablarni yanada kuchaytiradi. Jamiyatning savodxonligi yangi maʼnaviy-madaniy ehtiyojlarni tugʻdirib, qondirilish usullarini esa xilmaxillashtirdi. Agar savodsiz omi kishi toʻy va sayillarda baxshilar, qissaxonlarni tinglab, maʼnaviy ehtiyojlarini qondirsa, savodli kishi yozma adabiyot, mumtoz mutafakkirlar asarlarini oʻqish imkoniga ega.

Mehnat vositalari va texnologiyasi nafaqat ishlab chiqarish usuli, munosabatlarini, shu bilan birga, yaratilgan moddiy va madaniy mahsulotlar, taʼlim olish, ilmiy va badiiy axborotdan foydalanish qanday taqsimlanishi va tarqatilishini belgilaydi. Ular muayyan jamiyatdagi isteʼmol va ehtiyojlar mazmunini, shaxsning oʻzligini yuzaga chiqarish imkoniyatini aniqlaydi. Ushbu qonuniyat industrial jamiyatda umumiy, oʻrta maxsus va oliy taʼlim, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, OAV iqtisodiyotning zaruriy tuzilmasiga aylanganida yaqqol koʻrinadi.

Umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasi odamlarning dunyoqarashi, tafakkuri hamda jamiyatning ilm-fani, adabiyoti, madaniy saviyasini belgilaydi. Ular asosida qadriyatlar, ijtimoiy meʼyorlar qaror topadi. Bu jamiyat rivojlanishining umumiy qonuni – moddiy va maʼnaviy hayot mushtarakligi, oʻzaro chambarchasligining voqe boʻlishidir.

Birinchi maqolada inson ehtiyojlari uzluksiz yuksalishi toʻgʻrisida soʻz yuritilgan edi. Ehtiyojlarning mazmuni, oʻsish, yuksalish surʼati jamiyatning umumtaraqqiyot darajasiga, aloqa va muloqot vositalariga, odamlar oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, diniy, mafkuraviy, maishiy, oilaviy va boshqa aloqalarning rang-barangligi va intensivligiga bogʻliq. Boshqacha aytganda, ular mavjud tamaddun darajasiga mos boʻlib, uning taʼsirida shakllanadi va oʻzi ham unga taʼsir koʻrsatadi. Mazkur qonun sivilizatsiya va maʼnaviyatning uzviy mushtarakligini ifodalaydi. Ibtidoiy jamiyatda odamlar oʻrtasidagi ijtimoiy aloqalar ancha qashshoq va joʻn edi. Ular, asosan, urug‘-jamoa jipsligi, xavfsizligi, oziq-ovqat taʼminoti masalalarini hal qilishga borib taqalgan. Mana shu uch zaruratdan kelib chiqib urug‘-jamoa munosabatlari meʼyorlashtirilgan, tartibga solingan, eʼtiqodda, diniy marosimlarda, urf-odatlarda, raqs va qoʻshiqlarda, asotirlarda mustahkamlangan.

Agrar jamiyatda aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajraldi. Ibtidoiy sinkretizm parchalandi. Ilm-fan, adabiyot va sanʼat, davlat va huquq, diniy tashkilot alohida institut sifatida ajralib chiqdi, yozuv paydo boʻldi. Maʼnaviy ong oʻsdi, maʼnaviy madaniyatning alohida shakllari vujudga keldi. Shunga muvofiq maʼnaviy ehtiyojlar rang-baranglik kasb etdi, mazmunan boyidi. Agrar jamiyat ikki yirik tarixiy davr – quldorlik va feodalizmga boʻlinadi. Ibtidoiy va agrar jamiyatlar vakillarining ongi, tafakkuri, bilimi, maʼnaviy ehtiyojlari, turmush tarzi va maʼnaviyatini taqqoslasak, ular oʻrtasida katta farq mavjudligini koʻramiz. Misr, Mesopotamiya, Qadimgi Xitoy, Qadimgi Eron, Qadimgi Yunoniston – ilk agrar jamiyatlar, ilk sivilizatsiyalar vatani. Ularning taraqqiyoti, madaniyati ibtidoiy jamiyatga nisbatan juda balanddir. Agrar jamiyat doirasida islom Uygʻonish davrida Sharq, Yevropa Uygʻonish davrida Gʻarb maʼnaviy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi.

Oʻz navbatida feodal (agrar) va kapitalistik (industrial) jamiyatlar aʼzolari maʼnaviyati, maʼnaviy ehtiyojlari, ilm-fan va adabiyoti, sanʼati oʻrtasida yanada katta farq mavjud. Oʻrta asrlarda yashagan kishi oʻz oldiga XX asr kishisi qoʻygan mazmundagi inson huquqlari, erkinliklari, zamonaviy demokratik talablarni qoʻya olmas, boʻsh vaqtini tashkil etishning, muloqot qilishning zamonaviy vositalaridan foydalana olmas edi. Zero, ushbu qadriyatlar faqat inson ongi, tajribasi, aql-zakovati mahsuligina emas, shuningdek, tamadduniy taraqqiyot va ijtimoiy munosabatlar takomillashuvi natijasi hamdir.

Maʼnaviyat va butun ijtimoiy taraqqiyot qonunlari odamlarning ongli faoliyati orqali yuzaga chiqishi avvalgi maqolada qayd etilgan edi. Kimdir amaldagi meʼyor va qoidalarni takomillashmagan, hatto adolatsiz deb biladi va ularni oʻzgartirish kerakligini uqtiradi. Kimdir, aksincha, himoya qiladi. Keskin radikal va konservativ fikrlar oʻrtasidagi bahs, baʼzan keskin kurashlar oqilona yoʻl topishga, mavjud qoida va meʼyorlarni, urf-odatlar va diniy marosimlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Murosa yoʻli topilmasa, kurash zoʻravonlik vositalarida davom etadi. Ichki nizolar, fuqarolik urushlari, qoʻzgʻolonlar, inqiloblar, saroy toʻntarishlari... har doim ham faqat hokimiyat uchun zoʻravonlik koʻrinishida kurashish emas. Ular baʼzida mamlakat kelajagi, davlat boshqaruvi va ijtimoiy munosabatlarni isloh qilishning murosa yoʻli topilmagani oqibati hamdir.

Maʼnaviyat yuksalishining umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bogʻliqligi qonuni adabiyot va sanʼat misolida yaqqol koʻrinadi. Qabilalar uyushmasi va ilk davlatchilik davrida qahramonlik eposlari vujudga keldi. Goʻroʻgʻli turkumi, Alpomish, Rustamxon va boshqa dostonlar xalqimizga oʻsha davrdan va ilk oʻrta asrlardan meros. Koʻchmanchi, yarimkoʻchmanchi turmush tarzi, yaylov, vodiylar uchun kurash, yangi hududlarning oʻzlashtirilishi, etnoslarning tartibsiz migratsiyasi qurolli toʻqnashuvlar, oʻzaro kurashlarni tugʻdirgan. Har bir qabila (qabilalar uyushmasi), yosh davlat oʻz ideal qahramoni obrazini yaratishga, yosh avlodni ular timsolida tarbiyalashga harakat qilgan. Shu tariqa qahramonlik eposlari vujudga kelgan.

Oʻrta asrlarda agrar jamiyat birmuncha barqarorlashdi. Oʻrta asrlar islom dunyosida dastlab har tomonlama rivojlanish kuzatildi. Markazlashgan feodal davlatlar tarix sahnasiga chiqdi, hududlar boʻlib olindi, aholining tartibsiz mayda guruhlari migratsiyasi deyarli barham topdi. Bu davrda turkiy tilda “Hibat ul-haqoyiq”, “Qutadgʻu bilig”, “Devonu lugʻatit-turk” kabi mumtoz asarlar yozildi. Bunday sharoitda turli xalqlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar, urushlar boshqacha mazmun va maqsad kasb etdi. Endi urushlar turli davlatlar – xonliklar, amirliklar, bekliklar toʻqnashuviga aylandi. Qabilaviy-etnik mafkura dunyoviy-siyosiy va diniy mafkura bilan almashdi. Islom asosida yangi sivilizatsiya qaror topib, uning axloqiy, siyosiy-huquqiy, eʼtiqodiy ideallari shakllandi. Adabiyot va sanʼat, diniy va siyosiy mafkura yangi sivilizatsiya zaruratini, ehtiyojlarini ifodalay boshladi. Folklorni bir oz ortga surib, yozma adabiyot, professional sanʼat oldingi oʻringa chiqdi. “Hibat ul-haqoyiq”da, “Qutadgʻu bilig”da biz yangi axloqiy va eʼtiqodiy ideallar inʼikosini, “Devonu lugʻatit-turk”da siyosiy-etnik jipslik ideallari va axloqiy-eʼtiqodiy qadriyatlar ifodasini koʻramiz.

Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshgʻariy asarlarida oʻz davridagi islom sivilizatsiyasining tarixiy talablari, ziddiyatlari, tamaddun oqimiga qoʻshilayotgan turkiy xalqlarning ehtiyojlari aks etdi. Yusuf Xos Hojib zamonida islomda zohidlik, tarkidunyochilik gʻoyalari yoyilgan edi. Shu sababdan daho bobomiz bek-u xonlarni uzlatga chekinish, tarkidunyochilikdan qaytaradi. Xalqparvarlik rahbarga Olloh tomonidan yuklatilgan burch, deya uqtiradi. Din peshvolariga (Oʻzgʻurmishga) qarata esa Oʻgdulmish nomidan bunday deydi:

Olam xalqi bari ulus, kent qoʻyib

Sendek gʻorga kirsa, ulug‘ yuk tuyib,

Dunyo buzilmasmi, bitmasmi olam,

Avlodlar yaralmas, qolmas-ku odam.

(Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig. Toshkent, 2016. 304-bet).

Mahmud Koshgʻariy turk tilining umumiy meʼyorlarini belgilash, saqlash qatorida alohida elatlarga boʻlinib borayotgan turkiy qabilalarni qoraxoniylar davlati tevaragida birlashtirish gʻoyasini ham olgʻa surgan. Koʻrinib turibdiki, sivilizatsiya ehtiyojlari va talablari jamiyat badiiy fikri muayyan yoʻnalishda rivojlanishini taqozo etadi. Bu boradagi misol va dalillar asosan turkiy (eski oʻzbek) adabiyotdan keltirildi. Aslida bunday misol va dalillar har qanday xalq adabiyotida topiladi. Masalan, bu davrda eron qahramonlik eposlarini qayta ishlab, yirik “Shohnoma” asarini yaratgan Firdavsiy aslida Eron buyuk davlatchilik gʻoyasini aks ettirdi. Qahramonlik eposlari asosida vujudga kelgan yozma adabiy eposlar etnik qabilachilik manfaatlarini emas, markazlashgan feodal davlat manfaatlarini ifodalay boshladi. Ibtidoiy tuzum davridagi qabila-urugʻchilik, ilk agrar, yaʼni patriarxal quldorlik jamiyatidagi mayda shahar-davlatlar mafkurasi sharoitida yuqorida sanalgan asarlarga obyektiv ehtiyoj yoʻq edi. Ularni yaratishga jamiyatning intellektual-gʻoyaviy va badiiy imkoniyatlari ham ojizlik qilar edi.

Alisher Navoiy davriga kelib islom toʻliq hukmron mafkuraga aylandi. Islom sivilizatsiyasi IX–XII asrlardagi olamshumul yutuqlari ortidan ichki va tashqi nizolar, feodal tarqoqlik va separatizm, moʻgʻul istilosi kabilarni boshdan kechirib, bir muddat turgʻunlikdan keyin Amir Temur va temuriylar faoliyati bois yangi uygʻonish bosqichiga koʻtarildi. Adolat, inson qadr-qimmati, komil inson va adolatli podshoh gʻoyalari ijtimoiy ongda dolzarb edi. XV asrga kelib islomda tasavvuf katta mavqega erishdi. Shu sababdan mazkur gʻoyani Navoiy naqshbandiya tariqati qarashlariga muvofiq ifodaladi.

XV asr adabiyotida realistik obraz, muayyan tarixiy sharoitda yashaydigan, oʻz fazilat va qusurlariga ega tipik va ayni paytda, takrorlanmas individual inson obrazini, uning dunyoviy ishqini, psixologik kechinmalarini tasvirlashdan koʻra, qahramon timsolida insonparvarlik, ezgulik va adolat gʻoyalarini targʻib etish, odamlar uchun namuna, ibrat boʻladigan ideal qahramon qiyofasini tasvirlash, uning majoziy ishqini koʻrsatish muhimroq edi. Insonparvarlik, insonni sevish – Xudo irodasini, koʻrsatmasini bajarish, Xudoni sevishdir, degan gʻoya targʻib etilib, inson himoya qilindi, ulugʻlandi. Navoiy Farhod, Majnun, Bahrom, Iskandar, Shirin, Layli va boshqa ideal obrazlar tizimini yaratdi. Asarlarida raiyatga gʻamxoʻr odil podshoh gʻoyasini ilgari surdi. Dostonlarning boshida Olloh va Paygʻambardan keyin Husayn Boyqaroga, ayrimlarida Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bagʻishlangan maqtovlardan maqsad ham raiyatparvar podshoh gʻoyasini odamlar, hukmdorlar ongiga singdirish, shu orqali nizolar va ayirmachilik kayfiyatining oldini olish edi.

Daho shaxslar merosi tahlil etilganda, uning oʻz tamadduni saviyasi va dolzarb muammolari bilan bogʻliqligi ayonlashadi. Navoiy ijodi islom tamaddunining adabiyot va ijtimoiy qarashlarda erishgan yutuqlari bilan uzviy bogʻliq. U Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy badiiyati, Naqshband tariqati, Aziziddin Nasafiy falsafasi, turkiy salaflarning soʻz sanʼatidagi yutuqlarini teran oʻzlashtirgan va yangi pogʻonaga koʻtargan. Bu, ayni paytda, oʻsha davrda islom tamadduni duch kelgan yangi muammolar, tarixiy daʼvatlarga badiiy-falsafiy javob hamdir. Navoiy ijodi islom tamadduni taraqqiyot pogʻonasini koʻrsatuvchi koʻzgu va uning soʻnggi oʻrta asrlardagi badiiy-falsafiy choʻqqisidir.

Gʻarbda tovar-pul munosabatlari rivojlanib, kapitalizm oyoqqa turishi jarayonida yangi industrial sivilizatsiya shakllandi. U XVII–XIX asrlar mobaynida insonning insonga shaxsiy qaramligiga (qullik, krepostnoylik) barham berdi, hammani qonun oldida tenglashtirdi. Bu davrda adabiyot ideal qahramonlar obrazi orqali umumiy insonparvarlik, ezgulik gʻoyalarini tarannum etishdan zamondoshlar oʻy-tashvishi, ijtimoiy ahvoli va mavqei, aniq muammolarini badiiy tahlil qilishga oʻta boshladi. Insonparvarlik va ezgulik gʻoyalari endi konkret insonni himoya qilish, jamiyatdagi adolatsizlikni tanqid qilish orqali olgʻa suriladigan boʻldi. Yangi badiiy uslub – tanqidiy realizm XIX asr 30-yillarida qaror topdi. Tanqidiy realizm inson tashqi (ijtimoiy ahvoli) va ichki dunyosini (ongi, psixologiyasi, tuygʻulari va kechinmalari) har tomonlama tahlil qildi, ochib berdi. U ratsionalistik tafakkurga tayanar edi. Tanqidiy realizmning rivojlanishi kapitalistik (industrial) tamaddunning ratsionalizmga ishonchi soʻnib ulgurmagan, taraqqiyot chizigʻi hali uzluksiz yuqorilayotgan pallaga toʻgʻri keldi. Shu bois u determinizm – sababiyat (sabab-oqibat) aloqalarini qatʼiy yoqlar edi. U insonning har bir harakati, xulq-atvori, intilishlari-yu hissiy kechinmalarini ijtimoiy va psixologik jihatdan dalillashga urindi. Biroq ongosti hodisalariga murojaat etmadi, chunki ular ijtimoiy hayotda sezilarli rol oʻynamas, boz ustiga, oʻsha davrda ularning na ijtimoiy, na psixologik sabablari maʼlum edi. Ongosti hodisalarini yoritish alohida badiiy tahlil va usulni taqozo etar edi.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida industrial tamaddun yanada yuqoriroq bosqichga qadam qoʻydi. Barcha sohalarda Gʻarb sivilizatsiyasining ichki ziddiyatlari qalqib chiqdi. Ilgari ular koʻproq iqtisodiy hayotda yuz koʻrsatib, ish tashlash va inqiloblarga sabab boʻlardi. XIX asr oxirgi choragida siyosiy va iqtisodiy toʻqnashuvlar bir oz susaydi. Ammo inqiroz maʼnaviy hayotda chuqurlashdi. Kapitalistik tamaddun ideallari, uning oqilona tuzum ekaniga koʻpchilik ishonmay qoʻydi. Ongosti hodisalari, odamlarning gʻayrishuuriy xatti-harakatlari ijtimoiy hayotda tobora sezilarli iz qoldira boshladi. Irratsionalizm kuchaydi. Har xil modernistik, avangardistik oqimlar, turli-tuman tasvir va ifoda uslublari paydo boʻldi. Ikkinchi tomondan – adabiyot va sanʼat, oʻz ichki rivojlanish qonunlariga koʻra, tanqidiy realizm darajasida qolib ketishi, ongosti hodisalarini badiiy tahlil etmasligi mumkin emas edi. Tanqidiy realizm inson ongini har tomonlama oʻrganib, ongosti ostonasida toʻxtab qolgan boʻlsa, modernistik adabiyot va sanʼat ongosti hodisalarini tasvirlash va ifodalashdan choʻchimadi. U, tanqidiy realizm kabi, insonning hamma tuygʻu va kechinmalarini oqilona badiiy asoslab berish, sabablarini koʻrsatish vazifasini oʻz oldiga qoʻymadi. Inson ichki olamidagi irratsional, aql yordamida tushuntirib boʻlmaydigan jihatlariga ham diqqat qaratib, tasvirlab ketaverdi. Ongosti hodisalarini, ongsizlikni (agar diniy-mistik xarakterdagilari boʻlmasa) nafaqat oʻrta asrlar, hatto XIX asr birinchi yarmi adabiyoti tasvirlay olmas edi.

Modernizm oqimlari industrial jamiyatdan postindustrial jamiyatga oʻtish davri mahsulidir. Ular ratsional tafakkur qatorida irratsional tafakkurning badiiy ijodda oldingi oʻrinlarga chiqishi, ularning eklektik qorishuvi, baʼzan irratsionalizmning ratsionalizmdan ustun kelishi, baʼzan ijodkorning relyativistik fikr yuritishi tufayli yuzaga keldi va rivojlandi. Postindustrial jamiyat mustahkam oyoqqa turib olgan XX asr 50-yillaridan asta-sekin yangi postmodern oqimlar tarqala boshladi. Lekin bu adabiyot va sanʼatda ijod toʻliq, dastlab modernizmga, soʻng postmodernizmga oʻtib ketgan ekan-da, degani emas. Adabiyot va sanʼatda ijodkor shaxsi hal qiluvchi rol oʻynaydi. U buyuk salaflari anʼanalariga sodiq qolib, ularni zamonga moslashtirib davom ettirishi, yangi epkin va uslublarni qabul qilmasligi mumkin. Badiiy asar siyosiy va eʼtiqodiy qarashlar, sivilizatsiya evrilishlarining shunchaki inʼikosi emas, balki oʻziga xos individual va ijtimoiy talqinidir. Shu sababdan zamonaviy adabiyot va sanʼatga badiiy usul hamda uslublar xilma-xilligi xos.

Zamonaviy postindustrial sivilizatsiyaning maʼnaviyatga yana bir taʼsiri (bu gal salbiy!) – ommaviy madaniyatning alohida ijtimoiy fenomenga aylanishidir. Ommaviy madaniyat deganda barcha mahsulotlar industrial usulda ishlab chiqarilishi, zamonaviy OAV – gazeta, jurnal, radio-televideniye, internet, kino kabilar nazarda tutiladi. U xalq madaniyati emas, unga milliylik, individuallik, eksklyuzivlik xos emas. Ommaviy madaniyatning oʻtgan sivilizatsiyalarda vujudga kelishi noreal edi. U moddiy va maʼnaviy buyumlar tovarga aylangan, isteʼmol va turmush tarzi, uy-roʻzgʻor buyumlari, odamlar yashaydigan kvartiralardan tortib, ishga qatnaydigan transport vositalari, yeydigan ovqati-yu koʻradigan teletomoshasi, oʻynaydigan oʻyinigacha standartlashgan jamiyat mahsulidir.

Maʼnaviyat yuksalishining umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bogʻliqligini ilm-fan va taʼlim tizimi rivoji yanada oydinlashtiradi. Agrar jamiyatda ilm-fan va xalq taʼlimi iqtisodiyotning bevosita tarmogʻi boʻlmagan. Ilm-fan, taʼlim garchi bir qadar iqtisodiyot buyurtmalarini bajarsa-da, maʼnaviyatning mustaqil sohasi sifatida alohida rivojlangan. Unga maʼrifatli xonlar, vazirlar, beklar, Navoiy singari buyuk shaxslar homiylik qilgan. Ulugʻbek saltanatida Samarqandda ilm-fan gurkirab oʻsdi. Undan keyin inqirozga uchradi. Chunki ijtimoiy ishlab chiqarish ilm-fanga kuchli ehtiyoj sezmas edi.

Industrial jamiyatda fabrikant taʼlimni, ilm-fanni yaxshi koʻradimi, yomon koʻradimi – bundan qatʼi nazar, fan-texnika yutuqlarini, yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilmasa, ishchi va injener-texnik xodimlarning malakasini oshirmasa, kasodga uchrashi tayin. Industrial ishlab chiqarish millionlab injener, texnik, iqtisodchi, buxgalter, menejer, marketolog, moliyachi, soliqchi, bank, birja, sugʻurta kompaniyalari xodimi, yurist, umuman, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma mutaxassislariga muhtoj. Shu bois ularni tayyorlash tizimi vujudga kelib, xalq xoʻjaligining ajralmas tarmogʻiga aylandi. Minglab maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar paydo boʻldi. Jamiyat ongi, bilimi, malakasi, ilm-fan, taʼlim, umuman, maʼnaviyat tizimi yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Industrial sivilizatsiya jamiyatning sinfiy va kasbiy tuzilmasi, maʼnaviy ehtiyojlari va maʼnaviy qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi.

Yoki yana bir misol. Ilk fabrikantlar orasida ishchilarini ashaddiy ekspluatatsiya qiladigan, ularning sogʻligʻiga zigʻircha qaygʻurmaydigan toshyuraklar koʻp edi. Biror ishchi mayib-majruh boʻlib yoki oʻlib qolsa, fabrikant tashvish chekmagan. Ilk fabrikalarda malakasiz qoʻl mehnati ustunlik qilgan. Shu bois fabrikant ishchini yoʻqotishdan zarar koʻrmagan. Ammo, boshqa tomondan, fabrikalarda ishchi-xodimlar soni oddiy ustaxonalarga nisbatan bir necha barobar koʻp. Agar fabrikaning biror ishchisi yuqumli kasallikka chalinsa, dard boshqalarga ham yuqib, unumdorlik pasayib ketadi. Bunday voqealar koʻp uchragan. Oqibatda mulkdor rahmdilligidan emas, foydadan quruq qolmaslik vajidan fabrika qoshida lazaret ochishga majbur boʻlgan. Texnologiyalar murakkablashib, ishchi-xodimlarning malakasi katta ahamiyat kasb eta boshlashi jarayonida endi bemorni, mayib boʻlgan mutaxassisni har kim bilan almashtirib boʻlmasligi ayonlashgan. Fabrikant malakali ishchi-xodimini avaylay boshlagan.

Buning ustiga shaharlar tez oʻsgani sayin sogʻliqni saqlashning ahamiyati mamlakat miqyosida ortib boravergan. Yevropa xalqlari tarixiy xotirasida necha bor vabo, oʻlat va chechakdan aholining yarmi qirilib ketgani saqlanib qolgan. Endi esa fabrikant ham, davlat ham sogʻliqni saqlashga eʼtibor qaratishga majbur boʻldi. Natijada ushbu tizim industrial jamiyatda iqtisodiyotning zaruriy tarmogʻiga aylandi.

Zamonaviy sivilizatsiya sharoitida davlat boshligʻining ilm-fanni, adabiyot va sanʼatni, ijodkor-ziyolilarni qadrlashi yoki qadrlamasligi, hatto yomon koʻrishi jamiyat maʼnaviyati rivojlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatsa-da, toʻxtatib qoʻya olmaydi. Shoʻro dohiylari – Lenin va Stalin ziyolilarni, olimlarni uncha xushlamagan, hatto nuqul nolib yuradigan tuturiqsiz, chirkin shaxslar, deb atagan. Ijodkor ziyolilarning katta qismi 20-yillar boshida mamlakatdan chet elga chiqarib yuborilgan, qolganlarning qanchasi 30-yillarda qatagʻon qilingan. Hitler hokimiyat tepasiga kelgan yillarda Germaniyada shunga oʻxshash vaziyat va siyosatni kuzatamiz. Biroq Stalin ham, Hitler ham ilm-fandan, ijodkor-ziyolilardan voz kecha olmagan. Busiz mamlakat rivojlanmas, ularning butun dunyoda bolshevistik yoki fashistik tuzumni oʻrnatish niyati amalga oshmas edi. Shu sababdan ular sarkash ijodkorlarni jazolash bilan bir qatorda tuzumga oshkora qarshi boʻlmaganlarni oʻz tomoniga ogʻdirishga harakat qilgan. Turli ragʻbatlantirish yoʻllarini izlagan, unvon, mukofot, orden-medal va lavozimlar bilan taqdirlagan.

Shunday qilib, maʼnaviyat rivojlanishi umumtamadduniy taraqqiyot darajasi va talablariga muvofiq kechadi. Bu maʼnaviyat yuksalishining obyektiv qonunidir. Mazkur qonun ikki tomonlama aloqadorlikni ifodalaydi.

Maʼnaviyat yuksalishi qanchalik umumtamadduniy taraqqiyot darajasiga bogʻliq boʻlsa, tamaddun rivojlanishi ham shunchalik maʼnaviyat taraqqiyotiga bogʻliqdir. Maʼnaviyat sivilizatsiyaga aks taʼsir koʻrsatadi. Bu, avvalo, ilm-fan, texnologiyalar, boshqaruv demokratlashuvi, inson huquqlari va erkinliklari oʻsishiga taalluqli. Bundan tashqari, maʼnaviyat insonning muayyan maqsadni belgilashida, unga erishish uchun usul va vositalarni erkin tanlashida, qiyinchiliklarni yengib, olgʻa intilishida, yaʼni iroda, bilim va eʼtiqod kuchida ham namoyon boʻladi. Ushbu oʻzaro bogʻliqlik barcha zamonlar, barcha jamiyatlar uchun xosdir. Sivilizatsiya va maʼnaviyatning taraqqiyot darajalari bir-birini taqozo etadi. Bu bogʻliqlik, aloqadorlik tasodifiy emas, zaruriy, doimiy, takrorlanuvchan va birlamchi ahamiyatlidir. Shu sababdan mazkur bogʻliqlik ijtimoiy taraqqiyotning maʼnaviyat yuksalishiga mansub xususiy, ammo maʼnaviyatning umumiy qonunidir.

Maʼnaviyat rivojlanishiga ijtimoiy-siyosiy muhit, boshqaruv rejimi, huquqni talqin qilish va qoʻllash amaliyoti kuchli taʼsir koʻrsatadi. Bular, maʼlumki, muayyan tamaddun xususiyatlaridan kelib chiqadigan ijtimoiy hodisalardir.

Albatta, maʼnaviyatning turli sivilizatsiyalar sharoitida, ayniqsa industrial, postindustrial jamiyatda rivojlanishi bir chiziqli – faqat yuksalish tomon boʻlgan emas. Ziddiyatlar, illatlar maʼnaviyatga salbiy taʼsir etmay qolmagan. Jamiyat taraqqiyoti kabi maʼnaviyat rivojlanishi ham murakkab. Gullab-yashnash va inqiroz davrlarini boshdan kechirgan. Bir sivilizatsiyaning boshqa sivilizatsiya bilan almashinuvi maʼnaviyatni tubdan oʻzgartirib, yangi eʼtiqodiy, mafkuraviy asoslarga oʻtkazgan. Bu haqda keyingi maqolada soʻz yuritamiz.

Abdurahim ERKAEV

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 3-son.

“Maʼnaviyatning uch qonuni (ikkinchi maqola)”