1929-yil kuzida Samarqandda nashr qilinadigan “Alanga” jurnalida bugun gʻalati tuyuladigan savol ochiq muhokama qilindi: chigʻatoy adabiyotini, yaʼni Navoiy, Bobur, Muhammad Solih davri adabiyotini oʻrganish kerakmi? Maqolada jurnalning oʻsha yilgi sonlarini varaqlab, ushbu bahsli masalaga qanday javob berilgani va ishtirokchilarning keyingi taqdiri tahlil qilindi.
“Alanga” qanday jurnal edi?
“Alanga” 1928-yil yanvaridan Samarqandda – oʻsha paytda Oʻzbekiston SSR poytaxti boʻlgan shaharda chiqa boshladi. Jurnal oʻzini “Oʻzbek yangi alifbe markaziy qoʻmitasining fikr tarqatuvchisi” va “oyda bir martaba chiqaturgʻan goʻzal sanʼat va adabiyot jurnali” deb tanishtirgan, idorasi Sovetskaya koʻchasidagi 31-uyda joylashgan edi. “Alanga” bir vaqtning oʻzida ikki vazifani bajargan: arab yozuvidan yangi lotin alifbosiga oʻtishni targʻib etgan va yosh adabiyotchilarga minbar boʻlgan. Uning sahifalari ham shu yangi alifboda terilgan edi.
Jurnalning asoschisi va birinchi muharriri shoir Botu edi. 1928-yilda tahrir hayʼatida Mannon Ramziy, Botu va Nabi Qodiriy ham boʻlgan, 1929-yilgi sonlarda masʼul muharrir sifatida Botu imzo chekkan. Birinchi sonni Botuning “Alanga” sheʼri ochadi:
Alanga dam olmay
kengayib boradi,
zulmatning koʻksini
ayamay yoradi.
Ikki yildan keyin, 1929-yil dekabrida Botu jurnal yoʻlini sarhisob qilib yozadi: “Alanga” “madaniy inqilob oʻz talablarini keskin ravishda oldimizga qoʻyib, alifbemizda buyuk oʻzgarish ham toza, yangi nafis sanʼat va adabiyotimizda ulug‘ yuksalish vujudga chiqaruvni majburiy qilib turgʻanda tugʻuldi”. Yangi alifbe qoʻmitasining “Alanga” dan boshqa jurnali boʻlmagan, shuning uchun jurnalga “yangi alifbe kitobi boʻluv vazifasi ham” yuklatilgan. Botu qiyinchiliklarni ham yashirmaydi: eski alifboda chiqadigan gazeta va jurnallar bilan adabiy material ustida raqobat boʻlgan, yosh yozuvchilar orasida esa “yangi alifbeda basilgʻan narsani hech kim oʻqumaydi” degan fikrlar ham yurgan.
Shunga qaramay, jurnal anchagina oʻquvchiga yetib borgan: 1928-yilgi birinchi son 5 ming, 8-son 6 ming nusxada bosilgan, bir sonining narxi 20 tiyin, yillik obunasi 2 soʻm boʻlgan. Sahifalarida alifbo islohotiga oid maqolalar va viloyatlardan kelgan xabarlar bilan yonma-yon yosh Hamid Olimjon va Mirtemirning sheʼrlari, Chexov va Nozim Hikmat tarjimalari, adabiy-tanqidiy maqolalar bosilgan. Eski yozuvdan voz kechishga chaqirgan jurnalda oʻsha yozuvda bitilgan mumtoz adabiyotning taqdiri haqida bahs ochilgani oʻziga xos bir ramz edi.
Bir sondagi ikki maqola
1929-yil oktabrida “Alanga” ning 10-soni chiqdi. Uning muqovasida “1919–1929. Oʻzbek qizil matbuotining oʻn yilligʻi” degan yozuv bor. Ichkarida esa ikki maqola yonma-yon bosilgan. Birida leningradlik sharqshunos, professor Bertels oʻquvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri savol beradi: “Hozirgi kunda chigʻatoy adabiyotini oʻrganiv, tadqiq qiliv kerakmi?”. Bir necha sahifadan keyin Fitratning “Muhammad Solih” maqolasi boshlanadi. Unda Fitrat XVI asr shoirining qachon tugʻilganini bitta soʻz, yaʼni “yetim” soʻzining lugʻaviy maʼnosiga tayanib aniqlashga urinadi. Biri merosning taqdirini muhokama qiladi, ikkinchisi esa jimgina oʻsha merosni oʻrganishda davom etadi.
Bugungi oʻquvchiga Bertelsning savoli erish tuyulishi tabiiy. Lekin 1929-yilda bu savol nazariy emas edi. Oʻsha yil bahorida “chigʻatoychilik” degan soʻz matbuotda ayblov sifatida yangradi, bir yildan keyin esa bu ayblov ochiq siyosiy tus oldi. “Alanga” sahifalaridagi maqolalar ana shu jarayonning ichidan yozilgan hujjatlardir.
“Chigʻatoy” soʻzining tarixi
Bahs nomidagi “chigʻatoy” soʻzining oʻzi ham oddiy atama emas. Fitrat “Muhammad Solih” maqolasida “Shayboniynoma” muallifining hayotidan bir lavhani keltiradi. Shayboniyxon bilan Husayn Boyqaro oʻrtasidagi kurashda Chorjoʻy qalʼasini himoya qilish Muhammad Solihga topshirilgan edi. Boyqaroning oʻgʻli Abulmuhsin Mirzo qalʼani qamal qilganda shoirga elchi yuboradi. Elchilarning gapini shoirning oʻzi shunday hikoya qiladi:
Dedilar: sen chigʻatoy elisen,
Ushbu yerda chigʻatoy xeli sen.
Nedin oʻzbek bila yovar boʻlding,
Xongʻa bu yanglig‘ chokar boʻlding?
Shoirning javobi qisqa: “Javringizdin otam oʻldi, netayin”. Yaʼni otasi temuriylarning zulmidan oʻlgan, u otasining qoni uchun jang qiladi. Fitrat bu satrlarni shoirning otasi Nur Saidbek temuriylar oʻrtasidagi kurash qurboni boʻlgani haqidagi fikrini maʼqullash uchun keltiradi. Demak, XVI asr boshida “chigʻatoy” va “oʻzbek” bir-biriga qarama-qarshi ikki lagerning nomi boʻlgan. Fitrat yana bir qiziq faktni qayd etadi: Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” asarida Muhammad Solihga nisbat berilgan va chigʻatoylarni masxara qiluvchi ruboiy bor:
Miskin chigʻatoy, ki kunduzi tundir anga,
Ahvoli parishon-u qaro tundir anga.
Magʻrur boʻlib yer yuziga sigʻmas edi,
Sichqon teshigi emdi ming oltundir anga.
Fitrat bu ruboiy aslida Muhammad Solihniki emas, “Muzakkir ul-ahbob” muallifining xabariga koʻra Majlisiy degan shoirga tegishli ekanini yozadi.
Toʻrt asrdan keyin bu soʻz yangi maʼno oldi. 1918-yilda Fitrat Toshkentda tuzgan adabiy-maʼrifiy toʻgarak “Chigʻatoy gurungi” deb ataldi. Adabiyotshunos Gulshan Rahimning yozishicha, gurung temuriylar davri chigʻatoy madaniyatini yangi oʻzbek madaniyatining asosi deb bilgan, Fitrat esa Navoiy davrini adabiyotning oltin asri hisoblagan. Abduvahob Murodiyning xotirasiga koʻra, gurung atrofida Shorasul Zunnun, Elbek, Choʻlpon, Qayum Ramazon qatori Botu ham boʻlgan.
1928-yil noyabrida aynan Botu “Alanga” da gurungga shunday baho beradi: “Chigʻatoy gurungi” jadidlar adabiyotining yoʻlini buzuq topdi va ommagʻa yaqinlashish uchun choralar izladi. Haqiqatan, oʻzbek adabiyotida ancha yangiliklar vujudga keltirdi. Bu ayniqsa til, uslub, shakl masalalarida boʻldi”. Shu zahoti esa bu yangiliklarning chegarasini koʻrsatadi: “Lekin mazmun masalasida uzoq ketmadi: “millat, vatan” soʻzlarining oʻrniga “ulus, yurt” soʻzlari ishlatildi va “ey sevikli millat yasha var oʻl” oʻrniga “turk eli, ey buyuk el koʻzing och” sharqilari tarqatildi”. Xulosasi esa keskin: “Umuman, "Chigʻatoy gurungi" tarbiyasida yetishgan yangi oʻzbek adabiyoti millatchilikni talqin etishdan uzoqlashmadi”. Gurungning til va uslubdagi xizmati tan olinadi, mazmuni esa “millatchilik” deb baholanadi. 1929-yilgi bahsning asosiy qolipi shu yerdayoq tayyor edi.
Ayblov: “chigʻatoychilik”
Fitrat 1928-yilda “Oʻzbek adabiyoti namunalari” majmuasini nashr ettirgan edi. 1929-yil 13–15-may kunlari “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida Jalil Boyboʻlatovning shu kitobga qarshi qaratilgan “Oʻzbek adabiyotida chigʻatoychilik” maqolasi bosildi. Gulshan Rahimning yozishicha, Boyboʻlatovning “chigʻatoychilik” ni qattiq tanqid qilgan maqolasi oʻsha yili “Za partiyu” (“За партию”) gazetasida ham eʼlon qilingan, unda “hatto muallif Navoiy sheʼriyatini mistik deya qoralab oʻtadi”. Begali Qosimovning taʼkidlashicha, Fitrat “matbuot orqali javob berishga majbur boʻladi”. Uning Boyboʻlatovga yozgan “Yopishmagan gajaklar” nomli xati “Qizil Oʻzbekiston” ning 1929-yil 15–16-sentabr sonlarida bosildi. Kitobga soʻzboshi yozgan Otajon Hoshim ham matbuotda javob bilan chiqdi.
“Alanga” ning 10-soni Fitratning javobi bosilganidan bir oy keyin nashr qilindi. Bertelsning ham, Fitratning ham maqolasini ana shu fonda oʻqish kerak. Jurnalning bundan oldingi, 8–9-sonida ham, mundarijaga koʻra, Fitratning “XV asrda oʻzbek adabiyotiga bir qarash” maqolasi bosilgan.
Bertels: “Bilmagan narsadan qaytib boʻlmaydi”
Yevgeniy Eduardovich Bertels (1890–1957) Peterburgda tugʻilgan, Leningrad universitetida professor boʻlgan, 1930–1950-yillarda sovet eronshunosligi va Oʻrta Osiyo turkiyshunosligi maktabiga boshchilik qilgan olim. “Alanga” dagi maqolasini u ikki savol bilan boshlaydi:
“1) Hozirgi kunda chigʻatoy adabiyotini oʻrganiv, tadqiq qiliv kerakmi?
2) Agarda kerak boʻlsa, bu ishda qanday asosiy metod qoʻllaniv lozim?”.
Maqola davr tilida, marksistik qolipda yozilgan. Bertelsning fikricha, sanʼatkor asarini yoʻqdan yaratmaydi, “jamʼiyatda sinflar mavjud boʻlib turgʻan muddatda, shoir sinfiy mafkura ramkasidan chiqib keta olmaydi”. Eski shaklga yangi mazmun sigʻmaydi, degan fikrini u shunday misol bilan izohlaydi: “Sharqiy Xitoy temir yoʻli ustida boʻlgʻan voqealarni Navoiy yoxud Atoyidan olingʻan ashkol va ifodalar bilan tasvir etib boʻlmaydi”.
Soʻng olim oʻsha kunlarda havoda kezib yurgan xulosani oʻzi ochiq aytadi: “Bu fikrlardan, balki shunday bir xulosa ham chiqarmoq mumkin: chigʻatoy adabiyoti yot mafkuraning adabiyoti boʻlgʻani uchun uni oʻrganish va tekshirish yolgʻiz zarar keltiradi, binobarin uni tezrak yoʻqotmoq va unutmoq kerak”. Va darhol rad etadi: “Lekin men bunday demakchi emasman”.
Bertels yangi proletar adabiyoti chigʻatoy adabiyotining davomi boʻlolmasligini, eski asarlarga taqlid “quruq shakilchilik va uslub pardozlik” dan iborat boʻlishini tan oladi. Lekin “bu adabiyotdan tamoman ajralish, uzulib qolish mumkin emasdir”, aks holda “boshlicha rus proletar adabiyoti tomonidan yaratilgʻan namuna va nusxalarni koʻchishdan boshqa narsa qolmaydi. Boshqa bir iloj yoʻq, chunki, yuqorida aytgʻanimizcha, sheʼr va adabiyotni yoʻqdan bor qilib boʻlmaydi”. Til haqida ham shuni aytadi: “Til degan narsa har bir davrda yangidan yaratilmaydi”.
Maqolaning eng taʼsirli joyi – oʻrganishga chaqiriq: “Amma buning uchun avval chigʻatoy adabiyoti bilan asosli ravishda tanishmoq, uni yaxshilab oʻrganmak va tekshirmak lozimdir; nega, kim bilmagan bir narsadan qaytmoq, bezmak mumkin emasdir. Bir-ikki klassik asarlarni, devonlarni koʻrib chiqish kifoya qilmaydi, ularni ignadan ipga dovur tekshirib chiqmoq kerak”.
Tarixni butunlay inkor qiluvchilarni Bertels rus futuristlarining mashhur shioriga ishora qilib shunday tanqid qiladi: “Zamonaning kemasidan tarixning yuklarini chiqarib tashlaymiz” deb tarixning ahamiyatini eʼtiborga olmayturgʻan kapitalizm davrining tugʻdurdigʻi futuristlar oqimi-gʻina ayta oladi. Proletariat jamʼiyati tarixga bu xilda qaramaydi. Nega, kim oʻtkan asrlarning mehnati bilan topilgʻan har bir tosh yangi madaniyat binosining biron joyigʻa yarab qoladi”. Xulosasi ham aniq: “Chigʻatoy adabiyoti tadqiq etilishi kerak. Uning gʻoyat darajada buyuk madaniy qimmati asrimizning nazaridan tushmasligi lozim”. Ikkinchi savol, yaʼni metod haqida olim alohida maqola yozish kerakligini aytadi. Biroq jurnalning 1929-yilgi keyingi sonlari mundarijasida bunday maqola uchramaydi.
Fitratning “jim” javobi
Bertels “ignadan ipga dovur” tekshirish kerak, deb yozgan sonda bosilgan Fitrat maqolasi aynan shu tekshirishning namunasidir. U shunday boshlanadi: “16-nchi asrdan keyingi oʻzbek adabiyoti va oʻzbek shoirlarini tekshirmakchi boʻlgʻan har bir adabiyotchi Shayboniy va uning bizga erishgan juda oz sheʼrlaridan soʻngra Muhammad Solih va uning asari boʻlgʻan “Shayboniynoma”ni koʻz oldigʻa keltiradi”. “Chigʻatoychilik” da ayblangan olim bu yerda “oʻzbek adabiyoti” deb yozadi.
Fitratning usuli detektiv hikoyani eslatadi. “Shayboniynoma” da 1499-yilda Shayboniyxon shoirdan “Necha yildir ki otang favt oʻldi?” deb soʻraydi, shoir “oʻttuzgʻa yovushti” deb javob beradi. Demak, otasi 1469-yilda oʻlgan. Shoir oʻzi haqida “Meni gardun sitami qildi yetim” deydi. Fitrat lugʻatlarda “yetim” soʻzi balogʻatga yetmasdan otasi oʻlgan bolalarga nisbatan ishlatilishini eslatadi va bundan Muhammad Solih 1469-yilda 8–10 yoshda boʻlgan, yaʼni 1456–1457-yillarda tugʻilgan, degan xulosaga keladi. Shu oʻrinda u professor G. Vamberining shoir 1451–1455-yillarda tugʻilgan degan fikrini ham, akademik Samoylovichning bu fikrga qilgan eʼtirozini ham keltiradi. Tazkiralardagi shoir 1524-yilda vafot etgan, degan maʼlumotga esa shubha bildiradi: doston 1505-yildagi voqealar bilan tugaydi, Shayboniy 1510-yilda oʻldirilgan, shoir tirik boʻlganida dostonni davom ettirgan boʻlardi.
Eng muhimi – Fitratning baholari. U Navoiy “Majolis un-nafois” da Muhammad Solihni eʼtirof etganini, Bobur esa shoir oʻziga dushman boʻlganiga qaramay uning turkiy sheʼrlarini “yomon aytmaydir” deb “betarafona” baholaganini yozadi. Lekin “Shayboniynoma” ga kelganda Boburning keskin hukmini keltiradi: “Bisyor sust va furud dir. Uni oʻqugʻan kishi Muhammad Solihning sheʼridin be eʼtiqod boʻlur”. Va unga qoʻshiladi: “Biroq toʻgʻrisini aytgʻanda bu asar haqida Bobur tomonidan berilgan qimmat juda toʻgʻri bir qimmatdir”. Uning oʻz bahosi ham ayamasdan aytilgan: “Asar tinch va boʻsh bir ohang bilan oʻquvchilarni bezdirarlik tusda davom qiladi”. Dostonning tarixiy qimmatini ham ortiqcha koʻtarmaydi: voqealarning “judayam tarafgirlik bilan yozilmogʻi asarning tarixiy qimmatini kamaytiradir”.
Dostonning sodda tilini Fitrat uning birinchi oʻquvchilari bilan izohlaydi: Muhammad Solih asarni “oʻzining yangi oʻquvchilari boʻlgʻan Shayboniy va uning atrofidagi oʻzbeklarni nazarda tutib” yozgan, “Bular aksariyat eʼtibori bilan xalq baxshilarining takallufsiz, sodda uslubiga odat qilgʻan edilar”. Maqola katta xulosa bilan tugaydi: “Bu asar 16-nchi asrdan keyingi adabiy tilning soddalashmogʻigʻa rahbarlik qildi, oʻzidan keyingi adabiy asarlar shuning izidan borib soddalashdilar” demak mumkin”.
“Chigʻatoychilik” da ayblangan olim bu maqolada merosni koʻr-koʻrona ulugʻlamaydi: Boburning keskin hukmiga qoʻshiladi, shoirning tarafkashligini ochiq aytadi, sanalarni lugʻat va matn bilan tekshiradi. Bertels talab qilgan tekshiruv aslida shu edi.
Ramziy: “toza sanʼat” va feodalizm
Noyabr sonida bahs yangi bosqichga koʻtarildi. Tahririyat “Idora” imzosi bilan shunday izoh berdi: “Chigʻatoy adabiyoti va uning tarixiy roli toʻgʻrisida matbuot sahifalarida bir qancha narsalar yozilib oʻtdi. Bu toʻgʻrida Fitrat, Otajon Hoshim, Boyboʻlatov, professor Bertels va boshqa oʻrtoqlar tomonidan maqolalar yozilib anchagina fikrlar bayon etildi. Masʼala hozirgʻacha oʻzining ahamiyatini yoʻqotgʻon emas. Balki aktual bir tusda turadi. Jurnalimizning bu sonidan boshlab oʻrtoq Ramzining maqolasini bosa boramiz. Boshqa oʻrtoqlarning yozmalari uchun ham jurnalimizning sahifalari ochiqdir”.
Mannon Ramziy oddiy muallif emasdi: 1928-yilda u “Alanga” ning tahrir hayʼati aʼzosi boʻlgan, 1927-yilda esa Oʻzbekiston SSR Maorif xalq komissarligiga tayinlangan. Uning maqolasi bahsni boshqa tekislikka olib oʻtadi. Endi gap merosni oʻrganish yoki oʻrganmaslikda emas, unga qanday sinfiy tamgʻa bosishda. Ramziyning asosiy tezisi shunday: “Chigʻatoy adabiyoti asosan feodalizm, zodagon jamʼiyati adabiyoti boʻluvi xususiyati bilan unda toza sanʼat, “sanʼat sanʼat uchun” ruhi juda tabiiydir”.
Uning eng keskin savoli Navoiy davriga tegadi: “Temuriylar davri oʻsha hokim guruhning gullash davrimidir? Balki Temur davlatining suqut davrlari emasmidi?” Ramziy ishrat va kayf-u safo tasvirini gullash emas, “aksincha zavol va suqut (reaksiya) alomatlaridandir” deb hisoblaydi va dalil sifatida “Shayboniynoma” dagi baytni keltiradi:
Davlati oli Temur ketgusidir,
Navbat oʻzga kishiga yetgusidir.
Qizigʻi shundaki, Ramziy bu baytni Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” kitobidan oladi: izohda “Oʻzbek adabiyoti namunalari, 183-sahifa” deb koʻrsatilgan. Fitrat esa bir oy oldin “Muhammad Solih” maqolasida xuddi shu baytni biroz boshqacha shaklda keltirgan, temuriylar saroyidagi parokandalikni tasvirlovchi quyidagi satrlarni esa temuriylar davrining “juda toʻgʻri xarakteristikasi” deb atagan edi:
Otadin bordur oʻgʻul noxushnud,
Otani oʻgʻul etay der nobud.
Ota ham bordur oʻgʻuldin bezor,
Oʻlturur oʻgʻlini yigʻlatib zor.
Demak, temuriylar saltanatining inqirozi haqidagi faktlarda bahs ishtirokchilari bir-biridan uzoq emas. Ular bu faktlardan turlicha xulosa chiqaradi.
Ramziyning dalillari orasida kutilmagan faktlar ham bor. U Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi savdogarlar haqidagi satrlarni keltirib, Navoiy savdogarni “past kishi”, “tamgʻadan molini yashiraturgʻan” kishi sifatida koʻrsatganini yozadi. Bundan u chigʻatoy adabiyoti savdo burjuaziyasining fikrini tashuvchi emas, degan xulosaga keladi. Sharq saroylarida soʻz sanʼati qanchalik qadrlanganini koʻrsatish uchun akademik Bartoldning bir misolini ham keltiradi: “12-nchi asrning axirlarida kelgan andaluslik Ibni Attob aytadi: oyiga 60 dirham (15 soʻm) baravariga sarf-nahvni, aruzni, hisobni ham Qurʼon va adabiyotni yaxshi bilgan muallimni topib boʻladi; biroq, shuning ustiga goʻzal soʻylash quvvatigʻa ham ega boʻlgʻan kishi yuz dirhamga ham rozi boʻlmaydi”.
Bahsning yana bir qiziq tomoni shundaki, chigʻatoy adabiyotiga qaysi sinfiy yorliq yopishtirish kerakligida marksistlarning oʻzlari ham bir toʻxtamga kelmagan. 1928-yilda “Alanga” da F. Rahmon chigʻatoy adabiyoti Oʻrta Osiyoda “fiyodalizm yemirilib, savdo kapitali kuchayib” borgan chogʻda nufuz qozonganini yozgan edi. Ramziy esa 1929-yilda aksini isbotlaydi: “chigʻatoy adabiyoti savdo sarmoyasi mafkurachisi boʻluvdan koʻra feodalizm adabiyoti boʻluvi toʻgʻridir”. Oʻsha F. Rahmonning maqolasida davr mantiqini ochib beradigan bir jumla ham bor: eski sanʼat asarlarini “har qanday boʻlsada, saqlab oʻrganmak lozim (dushmanni ezmak istasang uni diqqat bilan oʻrgan)”.
Ramziyning ushbu maqolasi Otajon Hoshimga munosabati bilan ham eʼtiborli. U Otajon Hoshimning dalillariga qarshi chiqadi, lekin uni himoya ham qiladi: “Otajon Hoshim tomonidan chigʻatoy adabiyotining ijtimoiy va sinfiy basharasi va undagi ziynat, toza sanʼat ruhi haqida aytilgʻan fikrlarning tegishli qimmatga ega boʻlish boʻlmasdan qatʼi nazar bu narsa uning tomonidan birinchi urinish edi. Baʼzi kishilar unga qarshi ilmiy tanqid bilan chiqish oʻrnigʻa tamom quruq daʼvo va nodonliq bilan hujum ochdilar”. Davr tanqidchiligiga bergan bahosi ham achchiq: “koʻpgina tanqidchilarimiz ilmiy asos bilan tanqid qilish oʻrnigʻa “mulla bilganin oʻqur“” deb togʻdan keladilar”. Izohda esa maqola “maxsus Otajon Hoshimgʻa javob, yoxud Boyboʻlatovgʻa javob” maqsadida yozilmaganini qayd etadi. Maqola “Davomi bor” degan soʻzlar bilan tugaydi.
Bahsdan keyin...
Jurnal sahifalarida bahs davom etadi. Begali Qosimovning yozishicha, “1930-yildan esa unga siyosiy ayb qoʻyila boshlandi”. Boyboʻlatovning “Oʻzbeklarning adabiy merosi” bayrogʻi ostidagi panturkizm” maqolasi “Sharq haqiqati” gazetasining 1930-yilgi 180, 182, 183-sonlarida bosildi. Fitratning chigʻatoy mumtoz merosini talqin qilishi “millatchilik” deb baholangani keyinchalik unga qoʻyilgan eng ogʻir ayblovlardan biriga aylandi.
Bahs ishtirokchilarining taqdiri bir-biriga oʻxshab ketadi. Mannon Ramziy 1930-yil 1-sentabrda hibsga olindi, 1933-yil 31-martda oʻlimga hukm qilindi, keyin jazo 10 yilga almashtirildi. 1937-yil 17-avgustda u qayta qamaldi va 1938-yil 27-aprelda otib tashlandi. 1929-yil avgustida Maorif xalq komissari oʻrinbosari etib tayinlangan Botu “Xalq maorifchilari jinoiy ishi” boʻyicha 1933-yil 31-martda oʻlimga hukm qilindi, jazo 10 yilga almashtirilib, Solovkiga joʻnatildi. 1938-yil 9-mayda u ham yashirincha otib tashlandi. Fitrat 1937-yil 24-aprelda hibsga olindi va 1938-yil 4-oktabrda otildi. Oʻsha kuni otilganlar orasida Otajon Hoshim ham bor edi. Bertels esa 1957-yilda Moskvada vafot etdi.
“Har bir tosh”
“Alanga” tahririyati 1929-yilda bu masala “aktual bir tusda turadi” deb yozgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, jurnal sahifalarida iqtibos, izoh va dalillar bilan olib borilgan munozaradagi “millatchilik” tamgʻasi siyosiy ayblovga aylandi. Bahsning eng koʻp takrorlanadigan savoli – chigʻatoy adabiyotini oʻrganish kerakmi, degan savolga esa vaqtning oʻzi javob berdi.
Bertelsning 1929-yilda yozgan bir jumlasi bugun ham oʻz kuchini yoʻqotmagan: “oʻtkan asrlarning mehnati bilan topilgʻan har bir tosh yangi madaniyat binosining biron joyigʻa yarab qoladi”. “Alanga” ning sargʻaygan sahifalari ham ana shunday toshlardan biri.
Izoh: “Alanga” jurnalidan olingan iqtiboslar 1928–1929-yillardagi lotin yozuvidan (yanalif) hozirgi oʻzbek alifbosiga oʻgirildi; soʻz shakllari asliyatdagidek saqlandi.
Abbosbek MOʻMINOV,
Abdulla Avloniy nomidagi
Pedagogik mahorat milliy instituti
yetakchi mutaxassisi
FOYDALANILGAN MANBALAR
I. Birlamchi manbalar (“Alanga” jurnali)
1. Bertels. Chigʻatoy adabiyoti va uni oʻrganish masalasi // Alanga. – Samarqand, 1929. – № 10 (oktabr). – B. 2–4.
2. Fitrat. Muhammad Solih // Alanga. – Samarqand, 1929. – № 10 (oktabr). – B. 9–12.
3. Ramziy. Chigʻatoy adabiyotida “toza sanʼat” chilik ruhi // Alanga. – Samarqand, 1929. – № 11 (noyabr). – B. 5–6; № 12 (dekabr). – B. 7–9.
4. Idora. [Tahririyat izohi] // Alanga. – Samarqand, 1929. – № 11 (noyabr). – B. 5.
5. Botu. Oʻzbek adabiyotining Oktyabr inqilobidan soʻnggʻi davriga bir qarash // Alanga. – Samarqand, 1928. – № 10–11 (noyabr). – B. 3–4.
6. F. Rahmon. Oʻzbek musiqiy tekshirish instituti // Alanga. – Samarqand, 1928. – № 9 (oktabr). – B. 13.
7. Alanga. – Samarqand, 1928. – № 8. – Soʻnggi bet (tahrir hayʼati tarkibi, adadi).
8. Alanga. – Samarqand, 1929. – № 8–9. – Mundarija (“Bu sanda bor” ).
9. Alanga. – Samarqand, 1929. – № 10 (oktabr). – Muqova; 1-bet (jurnal maʼlumotlari, obuna shartlari); soʻnggi bet.
10. Botu. Alanga [sheʼr] // Alanga. – Samarqand, 1928. – № 1 (yanvar).
11. Alanga. – Samarqand, 1928. – № 1 (yanvar). – Mundarija va bosmaxona maʼlumotlari.
12. Alanga. – Samarqand, 1929. – № 8–9. – Orqa muqova.
13. Botu. Uchinchi yil boʻsagʻasida // Alanga. – Samarqand, 1929. – № 12 (dekabr). – B. 2.
II. Tadqiqotlar va maʼlumotnoma manbalar
14. Qosimov B. Abdurauf Fitrat (1886–1938) // ziyouz.uz. – URL: https://ziyouz.uz/ilm-va-fan/adabiyot/milliy-uygonish/begali-qosimov-abdurauf-fitrat-1886-1938/
15. Gulshan Rahim. “Chigʻatoy gurungi” va Navoiy // marifat.uz. – URL: https://marifat.uz/show-post/chigatoy-gurungi-va-navoiy-189
16. Mannon Ramziy // jadid.uz. – URL: https://jadid.uz/mannon-ramziy/
17. Botu (Mahmud Maqsudovich Xodiyev) // jadid.uz. – URL: https://jadid.uz/jadids/botu-mahmud-maqsudovich-xodiyev/
18. Evgenii Eduardovich Bertels // Wikipedia. – URL: https://en.wikipedia.org/wiki/Evgenii_Eduardovich_Bertels
19. Abdurauf Fitrat // Wikipedia. – URL: https://en.wikipedia.org/wiki/Abdurauf_Fitrat
20. 84 yil avval – 1938 yilning 4–16 oktyabrida millatimizning buyuk farzandlari qatl etilgan edi // kh-davron.uz. – URL: https://kh-davron.uz/kutubxona/multimedia/1938-yil-4-oktabr-qatl-kuni.html
21. Samarkand // Wikipedia. – URL: https://en.wikipedia.org/wiki/Samarkand
22. Alanga. – Samarqand, 1928. – № 2, 5, 9, 12; 1929. – № 4, 5, 6–7, 8–9, 10, 11, 12. – Mundarijalar (“Bu sanda bor” ).