Mana, keyingi paytda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish boʻyicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ayni paytda oldimizda yangi, yanada muhim vazifalar turibdi. Jumladan, ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur.

Shavkat Mirziyoyev

Til, yozuv xalq hamda jamiyat tarixi bilan uzviy bogʻliq ekan, bu yoʻrigʻda ura-urachilikka, shoshma-shosharlikka sira yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Chunki milliy-maʼnaviy qadriyatlar, tarixiy meros, urf-odat, anʼanalarni avloddan avlodga oʻtkazish bevosita yozuv orqali amalga oshadi.

Lotin yozuviga bosqichma-bosqich oʻtish, alifboni takomillashtirish jarayoni ketayotgan bir paytda yaqin oʻtmishda yoʻl qoʻyilgan xatolar takrorlanmasligi  lozim. Salkam yuz yilda uch bora alifbo oʻzgartirib ogʻzi kuygan, ajdodlari qoldirgan bemisl xazinadan mosuvo xalq oldida qarzdorligimizni his etgan holda, baʼzi mulohazalarni bildirmoqchiman.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori  bilan lotin alifbosiga toʻliq bosqichma-bosqich oʻtish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi. Unga koʻra, hozirda kiril alifbosida yuritiladigan barcha joy va koʻcha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlar, ish qogʻozlari va turli blanklar 2022-yil yakuniga qadar lotin grafikasiga oʻtkazilishi lozim edi. Yoʻl xaritasida lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosining yangi tahriri asosida “Oʻzbek tilining imlo qoidalari”ni tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Prezidentimiz 2023-yil 5-iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda alifbomizni isloh qilish boʻyicha takliflar bergan edi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida Ishchi guruh takomillashtirilgan alifbo loyihasini ishlab chiqdi. Kuni kecha (2023-yil 22-sentabr kuni) Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida mazkur loyiha taqdimoti oʻtkazildi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-nazariy seminarda quyidagi takliflar ilgari surildi:

Amaldagi alifbo               Taklif etilayotgan loyiha

         Ch ch                          C c

         G‘ g‘                            Ğ ğ                   

         O‘ o‘                            Õ õ

         Sh sh                          Ş ş

Taqdim etiltgan C c harfiga shunday izoh berildi:

1) C c harfi 1929–1940-yillardagi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ham Ch ch tovushini ifodalagan. 

2) C c harfi amaldagi Ch harfining tarkibiy qismi boʻlgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

3) C c harfi alifboga kirishi tufayli lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi toʻkis holga keladi.

4) C c harfi orqali Ch ch tovushini ifodalash tajribasi boshqa xalqlar (masalan, italyan) yozuvida ham mavjud.

Birinchidan, haqiqatan ham 1929–1940-yillarda C c harfi Ch ch ni ifodalagan. Biroq 1993-yil 2-sentabrda imzolangan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan alifboda  C c harfi ruscha  ц ni ifodalash uchun belgilangan, Ch ch esa Ç ç harfi bilan berilgan. Shu oʻrinda aytish kerakki, hozirda turk, turkman, ozarbоyjon alifbolarida ham Ç ç belgisi matnda Ch ch ni aks ettiradi. Demak, bugun turkiy tilli davlatlar integratsiyasi ketayotgan bir davrda mazkur variantni tanlagan maʼqul.

Ikkinchidan, Ç ç belgisi ham aholi uchun u qadar qiyinchilik tugʻdirmaydi. Ustiga ustak Ş ş harfi bilan qaysidir jihatdan uyg‘unlik kasb etadi.

Uchinchidan, italyan tili biz uchun oʻrnak boʻlolmaydi. Chunki turkiy tillar, xususan, oʻzbek tilining oʻziga xos yozuv xususiyatlari mavjud.

Bundan tashqari, Ğ ğ, Õ õ harflari ustidagi belgini birxilllashtirish lozim. Õ õ  harfining belgisi olingani maʼqul. Shunda ushbu harflarning yozma shakli bilan birxillikka erishiladi, oʻquvchi, oʻrganuvchi uchun oson va qulay boʻladi, ortiqcha chalkashlik tugʻilmaydi.

Taklif qilinayotgan 28 ta harf va 1 ta harflar birikmasi hamda tutuq belgisidan iborat oʻzbek alifbosida ng borasida quyidagi fikr ilgari suriladi:

Amaldagi alifbo               Loyihadagi taklif

          Ng ng                            ng

Izohi: 1) ng tovushi hech qachon soʻz boshida kelmagani uchun ushbu harflar birikmasining bosh shakli – Ng dan voz kechilmoqda.

2) ng harflar birikmasi yaxlit harfga aylantirilmasdan hozirgidek n va g harflari orqali ifodalanmoqda.

Modomiki, qulaylik, ixchamlik yoʻlidan borilar ekan, soʻz oʻrtasi va oxirida qoʻllanadigan ng (ñ) sonori uchun ham bitta belgini qabul qilish ayni muddaodir.

Turkiy xalqlarning qadimiy xatlaridan sanalgan Oʻrxun-Enasoy yozuvida sirgʻaluvchi ng tovushi maxsus harf vositasida ifodalangan. Kultegin bitiktoshida ham quyidagi soʻzlarni uchratamiz: täŋri – tangri, tört buluŋ – toʻrt yoq, dunyoning toʻrt tomoni, küŋ boltï – joriya boʻldi, qaŋïm – otam.

Har bir alifbo qaysi tilda yaratilgan boʻlsa, oʻsha tilning xususiyatlaridan kelib chiqadi. Qadimda yozuv, imlo va alifbo islohi bilan bogʻliq bir necha jarayonlarni kuzatish mumkin. Chunonchi, arab alifbosi turkiy tillar tovush xususiyatini toʻliq  ifodalay  olmaganligi bois  tarixda  uni  bir  necha  marotaba  oʻzgartirishga  qaratilgan  harakatlar  boʻlgan. Chunki turkiy tilda arab tiliga nisbatan unli tovushlar koʻproq. Bizdagi e, o‘ kabi tovushlar arab tilida yoʻq. Shuning uchun et soʻzi it, qoʻsh esa qush tarzida yoziladi. Holbuki, ularning maʼnolari oʻrtasida katta tafovut mavjud. Beruniy oʻzining  “Saydana” asarida  bejiz “Arab yozuvida buyuk  bir  ofat  bor, u  ham  boʻlsa  bir  necha  juft  harflarning  koʻrinishida bir-birlariga   oʻxshashliklari  va  ularni  farq qilish  uchun  nuqta  eʼrob (yaʼni soʻzni toʻgʻri  talaffuz  etish  uchun  harflarning  osti  va  ustiga  qoʻyiladigan) belgilarning  zarurligidir. Agar bular tushirib qoldirilsa, maʼno mutlaqo anglashilmaydi” deb yozmagan.

Mahmud Koshgʻariy turkiy fonemalar bilan arab yozuvidagi grafemalar oʻrtasida katta nomutanosiblik mavjudligi, shuning uchun bu yozuv turkiy tillar fonetik (fonologik) tizimini toʻgʻri ifodalay olmasligini koʻrsatib beradi. Xususan, arab yozuvida shunday harflar borki, bu harflar faqat arab tiliga xos boʻlgan fonemalarni ifodalaydi: “hech bir turk qabilasi tilida ث harfi (ni ifodalagan tovush)  yoʻqdir. Itboq harflaridan boʻlmish ط ظ ص ض harflari (ni ifodalagan tovush) ham turk tilida yoʻqdir. Shuningdek, boʻgʻiz tovushlari ifodasi boʻlmish ع ح ﻫ harflari ham turklarda yoʻqdir. اُکْكى ükkі soʻzini اُهى ühі deguvchilar juda kamdir. اُكّىِ ükkі soʻzini “k” bilan talaffuz qilish qipchoqchadir. Tutantiriq yogʻochini kanjaklar جَهٰا јähä deydilar. Bu talaffuz til xususiyatiga mos emasdir; koʻz ogʻrigʻini اَوَهْ äväh deydilar, bu soʻz ham yuqoridagidek mos emasdir”.

Buyuk tilshunos ajdodimiz yozuvdagi ana shu kamchilikni mavjud harflarga nuqtalar qoʻyish orqali bartaraf etishga harakat qildi. U turkiy tildagi oʻn sakkizta harf haqida gapirib, shunday yozadi: “Bu asosiy harflardan boshqa talaffuzdagina (yozuvda emas) ifodalanuvchi yana yettita harf borki, bu tildagi soʻzlar ularsiz yozilmaydi. Bular qattiq talaffuz qilinadigan ب (p), arabcha ج (j) – “jim” (bu lugʻatda, yaʼni turkchada kam qoʻllaniladi), ز (z) bilan ش (sh) oraligʻida talaffuz etiladigan ژ (j); arabcha ف (f); nuqtali غ (g‘); (7) ق (q) bilan ک (k) oraligʻida talaffuz etiladigan yumshoq ک (g), kofi gʻunna bilan غ (g‘) oraligʻida hamda ق bilan ن oraligʻida talaffuz etiladigan ng‘ (ң)dir. Bu harflarni talaffuz qilishda turklardan boshqalar qiynaladilar”. Milliy til va tovushga xos mazkur holat “Devonu lugʻotit-turk” asaridan keltirilgan maqollarda oʻzining goʻzal ifodasini topgan: Tirig esӓn bolsa taŋ ӧküš(sh) kӧrür – odam eson (sog‘) boʻlsa, qiziq narsalarni koʻp koʻradi;  taǧïǧ (g‘) uqruqïn egmӓs, teŋizni qayǧïqïn bükmӓs – tog‘ arqon bilan egilmaydi, dengiz qayiq bilan bekilmaydi; Iŋӓn iŋrӓsӓ botu bozlar – urgʻochi tuya ingrasa, boʻtalogʻi boʻzlaydi (ovoz chiqaradi); Tavǧač xannïŋ turqusï telim teŋlӓmӓzib bïčmas – Tavgʻach (Xitoy) хoqonining ipak matosi koʻp, lekin oʻlchamay kesilmaydi. Quvonarlisi, koʻhna manbalarda qoʻllanishda boʻlgan bu kabi koʻplab soʻzlarimiz bugungi kunda ham oʻzining jozibasini saqlab qolgan.

1927-yilda Samarqandda boʻlib oʻtgan  oʻzbek, qozoq va qirgʻiz  jumhuriyatlarining  ilmiy  kengashida  yangi  alifbo  qabul  qilinadi.  Bu alifbo Oʻrta  Osiyo   turklari  uchun  yagona  alifbo  edi.  Imlochilar turkiy xalqlar alifbosini birlashtirishga, imkon qadar bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qildilar. Bu alifbo turkiy tillar tabiati, fonetik xususiyatlariga nisbatan mos kelar edi. Bunga sabab alifboni shakllantirishda ilmiy asoslarning toʻgʻri  tanlanganligidadir.

1928-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan butun ittifoq Yangi  alifbo markaziy  qoʻmitasining  II plenumida  lotin yozuviga oʻtish uzil-kesil hal etildi.  Natijada 1929-yildan boshlab amal qilingan lotin yozuvida ham ng undoshi uchun ꞑ harfi tanlab olindi. 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi. 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, respublikaning rivoji va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtirish maqsad qilingan ushbu qonunda dastlab ng sonorini ñ belgisi orqali yozish mustahkamlangan.

Binobarin, jadidlarning asosiy xizmatlaridan biri shu boʻldiki, ular milliy alifboga ng tovushi uchun alohida harf kiritdilar. Yaʼni arab alifbosiga oʻtilgandan buyon yozuvda ikki harf (nun vа qof) bilan aks etib kelgan sonor asliga qaytdi. Bu haqda tarixchi va sharqshunos Boymirza Hayit shunday yozgan edi: “Jadidchilar arab harflarini qulay oʻrgatmoq va turkchani toʻgʻri talaffuz  ettirmoq uchun arab harflaridagi fatxa, kasra va zamma ishoratlari oʻrniga alohida harflarni ilova qilgandilar. Ular bu alifboga turklarning eng eski “ng” harfini ham qoʻshdilar. Turkistonda alifbo shu tariqa yaratilgandi”.

Aytish joizki, ushbu tovush oʻzbek shevalari fonetik tizimida ƞ tarzida ifodalanib, sayoz til orqa undoshlari safidan oʻrin olgan. Shu bilan birga, zamonaviy qozoq (ӊ), tatar (ӊ), turkman (ñ), qoraqalpoq (ń) tillarining alifbolarida bitta harf vositasida bitilgan. Bundan tashqari, turkologiyada qabul qilingan xalqaro transkripsiyada ng undoshi ŋ harfi bilan beriladi. Filologiya fanlari doktori Suvon Meli matbuotdagi chiqishlarida (“Baxtiqaro “ŋ”, “Maʼrifat”,  2021-yil 12-may; 2021-yil 23-iyun) kuyunchaklik bilan taʼkidlaganidek, “Odamlarimiz chiroyli gapirishi, har bir soʻz va tovushni toʻgʻri, aniq talaffuz qilishi yangi taraqqiyot bosqichiga kirgan mamlakatimizning ruhiy-maʼnaviy iqlimiga ijobiy, xayrli taʼsir oʻtkazishi tayin. Pala-partish soʻzlash, xom-xatala yozish, agar bu epidemiya darajasiga chiqsa, hech qachon ezgu natija bermaydi”.

 Mahmud Koshgʻariy aytmoqchi, faqat turkiy tillar uchun xos boʻlgan ng tovushini yozuvda aks ettirish uchun ñ belgisini qabul qilish “bir tovush – bir harf” tamoyilini ifodalash barobarida qadimiy va milliy anʼanalarni tiklash hamdir. Qolaversa, ushbu tovush borasidagi “kerak yoki kerak emas” degan asossiz tortishuvlar barham topadi. Eng muhimi, millatimiz gʻururi, or-nomusi, teran ildizlarga ega boʻlgan ona tilimizni kompyuterga moslashtirish, buning uchun esa XV-XVI asrdan buyon foydalanib kelayotgan tovushdan voz kechish yoʻlidan bormasligimiz kerak. 

Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

filologiya fanlari doktori, professor

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!