Dunyoga mashhur Disney kompaniyasi oʻz kino va multfilmlarida asosan turli ellardagi tarixiy afsona va rivoyatlarni ekranga olib chiqadi, shuningdek, ularga badiiy toʻqima va qiziqarli voqealarni oʻzgacha shaklda qoʻshadi. Natijada bu multfilmlarni tomoshabin zerikmay tomosha qiladi. Shunday multfilmlardan biri 1992-yilda dunyo ekranlariga chiqqan “Alouddin” multfilmidir.

Multfilmda Bagʻdodda yetimlik va qiyinchilikda oʻsgan oʻgʻri Alouddin sultonning qizi Jasminni sevib qoladi, unga erishish uchun harakat qiladi. Biroq bunda sultonning taxti va malikaga koʻz tikkan Jaʼfar ismli yovuz vazir toʻsqinlik qiladi, Alouddin va Bagʻdod sultonini oʻldirishga urinadi. Baribir Alouddin yovuz Jaʼfarni yengadi va sevgilisi Jasminga erishadi. “Alouddin”  multfilmi yaratilishiga “Ming bir kecha”dagi hikoyatlar asos boʻlgan, shuningdek, uning qisman tarixiy negizi ham bor. Eng qiziq jihat esa yovuz vazir Jaʼfar qahramonining kelib chiqishi masalasidir. Aslida bu qahramonning prototipi Arab xalifaligida rostdan ham vazir sifatida xizmat qilgan va kelib chiqishi turonlik boʻlgan Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiydir.

Jaʼfar Barmakiy balxlik Barmakiylar sulolasining taniqli namoyandasi. Sulola asoschisi Barmak Balx shahrida bosh ibodatxonada 8-asrning birinchi yarmida rohiblik qilgan, keyinchalik islom dini bilan tanishib musulmon boʻlgan va shu holatda vafot etgan. Arab xalifaligida Ummaviylar hukmronligi chogʻida (661–750) Barmak oʻgʻli Xolid bilan xalifa Hishom ibn Abdulmalik (724–743) saroyiga kelgan. Xolid Barmakiy yoshligining bir qismini saroy muhitida oʻtkazgan.

Shu yoʻsinda Barmakiylar sulolasi arab xalifaligida siyosiy hayotda katta obroʻga ega boʻlib boradi va yirik amaldorlik lavozimlariga kela boshlaydi. Ayniqsa xalifalikda Abbosiylar sulolasidan (750–1258) boʻlgan halifa Horun ar-Rashid  (786–809) hukmronligi chogʻida ular juda kuchayib ketadi. Bu paytda Barmakiylar xalifalikdagi siyosiy, jumladan, harbiy, moliyaviy boshqaruvni oʻz qoʻliga olgan. Jaʼfar Barmakiy esa xalifaning ishonchli va sevimli vaziriga aylangan. Uning otasi Yahyo ibn Xolid Barmakiy va aka-ukalari ham yirik lavozimlarda xizmat qilishardi. Oila namoyandalari asosan xalifalik markazida yashab faoliyat koʻrsatgan boʻlsa-da, oʻz ota yurti Turondan butunlay uzilib qolishmagan. Masalan, Jaʼfarning akasi Fazl ibn Yahyo Barmakiy xalifa nomidan bu yerlarda voliylik qilgan. Uning boshqaruvi paytida Buxoroda katta jomeʼ masjidi, Balxda esa yirik kanal qurilgan.

Shuningdek, Barmakiylar xalifalikda ilm-fan homiysi edi. Biroq tez orada xalifa bilan Jaʼfarning munosabatlari buziladi, u 803-yil yanvar oyida (hijriy 187-yil muharram oyi) qoʻlga olinib, qatl etiladi, otasi va boshqa qarindoshlari esa zindonga tashlanadi.

Buyuk tarixchi Muhammad ibn Jarir Tabariyning maʼlumotlariga koʻra, Horun ar-Rashid Jaʼfarni tutib kelish va boshini tanasidan judo qilish haqida buyruq bergan. Jaʼfar buyruqni eshitgach, uni qayta koʻrib chiqishni iltimos qilgan, lekin xalifa fikridan qaytmagan. Qatldan keyin uning jasadi Bogʻdodga yuborilgan va boʻlaklari shahar koʻpriklarida namoyish etilgan. Shu kechaning oʻzida Barmakiylar xonadoniga qarshi keng qamrovli choralar boshlangan: otasi Yahyo, qarindoshlari hibsga olingan, mol-mulklari musodara qilingan.

Jaʼfar va oilasining xalifa bilan aloqasi yomonlashib, u tomonidan bunday shafqatsiz tarzda jazolanishi toʻsatdan yuz bergan boʻlib, buni koʻpchilik hayoliga ham keltirmagan. Ammo uning nima sababdan oʻldirilgani tarixchilar oʻrtasida hanuz bahsli sanaladi. Tarixchilar mazkur voqealarning uch xil sababini yozishadi: Barmakiylar xonadonining haddan tashqari kuchayib ketishi, Jaʼfarning xalifa buyrugʻiga boʻysunmagani toʻgʻrisidagi xabarlar va xalifaning singlisi Abbosa bilan maxfiy munosabatiga oid rivoyat.

Bulardan Barmakiylar sulolasining haddan tashqari kuchayib ketganligi sababi nisbatan ishonchliroq. Chunki Horun ar-Rashid hukmronligining dastlabki 17 yilida Barmakiylar davlatni boshqarishda nihoyatda katta taʼsirga ega boʻlgan. Dastlab Jaʼfarning otasi Yahyo ibn Xolid Barmakiy bosh vazir boʻlgan. Uning oʻgʻillari Fazl va Jaʼfar ham davlat boshqaruvida muhim vazifalarni egallagan. Ularning qoʻlida moliyaviy resurslar, maʼmuriy idoralar, harbiy va siyosiy vakolatlar jamlangan. Shu bilan birga, ular olimlar, shoirlar va muhtojlarga homiylik qilgan. Natijada oilaning obroʻsi juda oshib ketgan. Bu esa xalifaning hukmronligi uchun xavf tugʻdirishi mumkin edi. Shu sababli xalifaning ularga boʻlgan ishonchi asta-sekin susaygan boʻlishi mumkin. Barmakiylarga raqib saroy amaldorlarining fitnalari ham mazkur jarayonga taʼsir koʻrsatgan boʻlishi ehtimoli ham katta. Bu – voqeaning siyosiy sabablarini tushuntiruvchi muhim talqin, lekin yagona isbotlangan sabab emas.

Ikkinchi sababga koʻra, Jaʼfarning hibsdagi Yahyo ibn Abdulloh Hasaniyni ozod qilishi xalifaga yoqmagan. Ali ibn Abu Tolib avlodidan boʻlgan Yahyo ibn Abdulloh Hasaniy Abbosiylar hokimiyati uchun siyosiy raqib hisoblangan. Horun ar-Rashid uni Jaʼfar Barmakiy nazoratida saqlashni buyurgan. Tabariy keltirgan rivoyatga koʻra, Jaʼfar mahbus bilan suhbatlashgach, unga rahmi kelib, ozod qilgan. Bu xabarni Jaʼfarning raqibi Fazl ibn Rabiʼ xalifaga yetkazgan. Horun ar-Rashid Jaʼfarni chaqirib, mahbusning ahvolini soʻragan. Jaʼfar dastlab uning hibsda ekanini aytgan, keyin esa ozod qilganini tan olgan. Xalifa sirtdan uning ishini maʼqullagandek koʻringan, ammo Jaʼfar chiqib ketgach, uni oʻldirishga qasam ichgani rivoyat qilinadi. Biroq bu voqeani Barmakiylarning butunlay qulatilishiga asosiy sabab deb hisoblash yetarlicha ishonchli emas.

Uchinchi sabab esa Jaʼfar bilan xalifaning singlisi Abbosa oʻrtasidagi muhabbatdir. Tabariy keltirgan tarixiy rivoyatga koʻra, Horun ar-Rashid oʻz singlisi Abbosa bint Mahdiyni va Jaʼfar Barmakiyni juda yaxshi koʻrgan. Ularni birgalikda suhbatga taklif qilish uchun oʻzaro nikohlanishiga ruxsat bergan, ammo er-xotinlik munosabatiga kirishmaslik shartini qoʻygan. Biroq ular oʻrtasida yaqinlik yuz berib, farzand tugʻilgan. Bu sir oshkor boʻlgach, xalifa qattiq gʻazablangan va Jaʼfarni qatl etishga buyurgan. Lekin mashhur tarixchi Ibn Xaldun (1332–1406) oʻzining “Muqaddima” asarida mazkur rivoyatni ishonchsiz deb hisoblab, keskin tanqid qilgan. U Jaʼfarning qatl etilishini Abbosa bilan bogʻliq ishqiy voqea orqali tushuntirishni rad etadi. Shuningdek, boshqa maʼlumotlarga koʻra Abbosa 798-yilda vafot etgan boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan. Bu ham rivoyatning ishonchliligini shubha ostida qoldiradi.

Yuqoridagi tarixiy dalillardan kelib chiqib, Jaʼfar Barmakiyning qatl etilishini Horun ar-Rashid bilan Barmakiylar xonadoni oʻrtasidagi siyosiy ishonchning yemirilishi va hokimiyat uchun kurash natijasi sifatida talqin qilish asosliroq koʻrinadi. Bunda yana bir muhim holat bor: Jaʼfarning oʻzi qatl qilingan, uning oila aʼzolari va butun Barmakiylar xonadoni esa taʼqib qilingan. Demak, bu faqat bir shaxsni jazolash emas, balki davlat boshqaruvidagi kuchli siyosiy guruhni tugatishga qaratilgan harakat, degan xulosa chiqarish mumkin.

Bu voqealardan deyarli 1200 yil oʻtib esa  Disney kompaniyasi tarixiy shaxs Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiyga qiziqib qoladi. Chunki 1990-yillarning boshida kompaniyada yangi “Alouddin”  (“Aladdin”) multfilmini ishlab chiqarish uchun ish ketayotgandi. Disney aynan Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiyni multfilmdagi yovuz vazir Jaʼfarning tarixiy prototiplaridan biri sifatida tanlaydi.

Bunda xalifa Horun ar-Rashid va Jaʼfar Barmakiy oʻrtasida yuz bergan noxush voqealar sabab kompaniya aynan uni salbiy qahramon sifatida koʻrsatgan boʻlishi mumkin. Chunki vazir va uning oilasi obroʻsi oshib ketganligi xalifaning hukmronligi uchun jiddiy xavf ehtimolini tugʻdirganligini yuqoridagi maʼlumotlar orqali bildik. Disney esa shu narsani kuchaytirib, unga badiiy toʻqimalar qoʻshib Bagʻdod sultonining taxti va qizi Jasminga koʻz tikkan, sultonni qoʻlga olib hukmronlikni egallab olgan yovuz vazir timsolini multfilmga kiritadi. Bu esa yangi ijod mahsulining tez mashhur boʻlib, sevib tomosha qilinishida  muhim omillardan biri edi.

Mazkur jarayonda kompaniya tarixiy shaxs Jaʼfar Barmakiy va “Ming bir kecha” ertaklaridagi yovuz sehrgar qahramonlarini birlashtirib yuboradi. Jahonga mashhur Oksford universitetining Invisible East ilmiy loyihasida Barmakiylar toʻgʻrisidagi maxsus maqolada ham Disneyning yovuz Jaʼfari tarixiy vazir Jaʼfar Barmakiy va “Ming bir kecha”dagi sehrgar qahramonlarining uygʻunlashuvidan paydo boʻlgani ochiq aytilgan. Mazkur omillar natijasida multfilmda qizil-qora libosli yovuz vazir Jaʼfar timsoli yanada taʼsirli chiqadi. Salbiy boʻlishiga qaramay Jaʼfar bolalar va, hatto, katta yoshdagi tomoshabinlar orasida ham sevimli qahramonlardan biriga aylanadi. Muvaffaqiyatlardan soʻng Disney 1994-yilda multfilmning mantiqiy davomi “Jaʼfarning qaytishi” (“The Return of Jafar”)ni ham chiqaradi. Bunda yovuz qahramon Jaʼfarga koʻproq urgʻu beriladi.

Shu oʻrinda muhim maʼlumotni ham aytish kerak, “Ming bir kecha”da ham vazir Jaʼfar Barmakiy qahramoni bor va u bu  hikoyalarda xalifa bilan birga qatnashadi. Lekin bundagi Jaʼfar Disney tasvirlagan sehrgar va yovuz vazirga aynan mos kelmaydi. “Ming bir kecha”dagi “Uch olma haqidagi hikoya”, “Jaʼfar Barmakiy va loviya sotuvchi”, “Bogʻdodlik hammol va uch ayol”, “Jaʼfar Barmakiy va keksa badaviy” hikoyalarida Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiy asosan aqlli, saxovatli, hukmdorga sadoqatli, oilasiga mehribon va xizmatkoriga shafqat koʻrsatishga intiluvchi, ehtiyotkor, kambagʻallarning homiysi, saxovatpesha, vafotidan keyin ham ezgu ishlari unutilmagan davlat arbobi va xalq orasida hurmat qozongan vazir sifatida tasvirlanadi.

Ayrim hikoyalarda u hazilkash, baʼzan esa xalifaning gʻazabidan qoʻrqadigan, mushkul vaziyatlarga tushib qoladigan inson sifatida ham gavdalanadi. Uning qatl etilishi haqidagi hikoyalar ham bor. Ammo ularda Jaʼfarning fojiali taqdiri koʻproq uning xalq orasidagi hurmati va saxovatini koʻrsatish uchun xizmat qiladi. Shuni ham unutmaslik lozim-ki, “Ming bir kecha” turli davrlarda shakllangan hikoyalar toʻplamidir. Shuning uchun bu hikoyalarni Jaʼfar Barmakiy hayotini aniq tasvirlovchi 8–9-asr tarixiy hujjatlari emas, balki uning adabiy obrazi va keyingi davrlardagi obroʻsini oʻrganish manbai sifatida baholash kerak. Eng muhim jihati shundaki, “Ming bir kecha”dagi Jaʼfar Disneyning “Alouddin” multfilmidagi yovuz, hokimiyatni egallashga intiluvchi sehrgar emas.

Biroq Jaʼfar Barmakiyning saxovatli va maslahatgoʻy vazir sifatidagi anʼanaviy obrazi keyingi Gʻarb kinematografiyasida yovuz vazir va sehrgar obraziga aylangan. Aynan bu oʻzgarishning qachon va qaysi adabiy asar yoki film taʼsirida yuz bergani alohida ilmiy tadqiqotga ham arziydi. Aslida Gʻarb dunyosida 1712-yilda Antuan Gallan nashrida paydo boʻlgan “Alouddin va sehrli chiroq” ertagida sehrgar bor, lekin u Jaʼfar deb atalmaydi. Buni yovuz Jaʼfarni Yevropa adabiyotidagi tasvirlashga nisbatan ilk qadam deb tushunish mumkin. 

Gʻarb kinematografiyasida esa yovuz Jaʼfar 1940-yilgi “Bagʻdod oʻgʻrisi” filmida ilk marotaba paydo boʻlgan. Mazkur filmda Jaʼfar hukmdorni taxtdan agʻdarishga intiladigan sehrgar va vazir sifatida gavdalantirilgan. Bu esa keyinchalik Disney multfilmiga taʼsir koʻrsatgan. Bu aloqani Disneyʼning oʻz tarixiy arxivi ham tasdiqlaydi. Chunki Disneyning keyingi qahramonining tashqi koʻrinishi va vazifasi unga juda oʻxshaydi.

Tarixiy obraz qanday oʻzgarganligini quyidagi koʻrinishda qisqacha tushunish mumkin:

Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiy (8–9-asrlar) →

“Ming bir kecha”dagi Jaʼfar Barmakiy obrazi →

1940-yil – “Bogʻdod oʻgʻrisi”: yovuz vazir va sehrgar Jaʼfar →

1992-yil – “Aladdin”: Disneyʼning yovuz vaziri Jaʼfar.

Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, kelib chiqishi turonlik sanaladigan va kishilik tarixida muhim oʻrin tutgan maʼrifatparvar vazir, Arab xalifaligida ilm-fan homiysi boʻlgan Jaʼfar Barmakiy yangi davr kinematografiyasida ham muhim oʻrin tutgan shaxsdir. Yuz yilga yaqin vaqtdan beri kino sanoatida, deyarli oʻttiz besh yildan beri esa dunyoga mashhur Disney kompaniyasining multfilmlarida koʻrinish berib kelayotgan yovuz vazir Jaʼfar obrazi aynan shu tarixiy shaxs sabab paydo boʻlgan. Shuningdek, bu multqahramon timsoli hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi koʻpgina memlar uchun ham asos boʻlib kelyapti. Bu esa bugungi fan-texnika nihoyatda rivojlanib borayotgan davrda buyuk tariximizdan oʻzgacha va yangicha uslublarda ham foydalanish mumkinligini koʻrsatadi.

Islom BOʻRIYEV, 

OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik qoʻlyozmalar instituti kichik ilmiy xodimi

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1. Tojuddin Abu Tolib Ali ibn Anjab ibn Soiy. Niso al-xulafo. – Qohira, 1968. – 139 b.

2. Ibn an-Nadim. Al-Fixrist. – Qohira, 1348 hijriy. – 535 b.

3. Jaloliddin Suyutiy. Tarix al-xulafo. – Toshkent, 2020. – 472 b.

4. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. – Toshkent, 2022. – 160 b.

5. Nizomulmulk. Siyosatnoma. – Toshkent, 2023. – 304 b.

6. Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Isʼhoq Hamadoniy. Kitob al-buldon. – Bayrut, 1996. – 760 b.

7. Abul-Hasan Ali Masʼudiy. At-Tanbih val-ishrof. – Qohira, 1938. – 442 b.

8. Ibn Asokir. Tarixu madinati Dimashq. – Bayrut, 1995. – 69-jild. – 267 b.

9. Ahmad ibn Abdulvahhob Nuvayriy. Nihoyat al-arab fi funun al-adab. 5-jild. – Qohira, 1925. – 336 b.

10. Ibn Wadih al-Yaʼqubi. The Works of Ibn Wāḍiḥ al-Yaʿqūbī: An Edition and Translation. Volume 3: The History (Taʼrikh): The Rise of Islam to the Reign of al-Muʼtamid. – Leiden-Boston, 2018. – 1384 p.

11. At-Ṭabarī. The History of al-Ṭabarī.  Vol. 30. Clifford Edmund Bosworth translation. – Albany, 1989. – 205–226-p.

12. The Book of the Thousand Nights and One Night. John Payne translation. London, 1882–1884.

13. https://invisibleeast.site.ox.ac.uk/article/barmakids

14. https://invisibleeast.site.ox.ac.uk/article/jafar-hero-or-villain

15. https://www.iranicaonline.org/articles/barmakids/