Hirot shahri qadimda Afgʻonistonning gʻarbiy qismidagi Xerirud daryosi boʻyida joylashgan boʻlib, uning nomi qadimgi fors manbalarida Xaraiva, “Avesto” va yunon matnlarida Aria, Areia shaklida uchraydi. Arablar tomonidan zabt etilguniga qadar bu shahar eftaliylar nazorati ostida boʻlgan. Arablar 651-yilda Xurosonni egallagach, Hirot ham ularning qoʻliga oʻtdi.


Xuroson va Turkiston mintaqalarida arablarning hokimiyati zaiflashgach, Hirot shahrini dastlab tohiriylar va safforiylar nazorat qildi. Safforiylar va somoniylar oʻrtasida yuz bergan toʻqnashuvda safforiylar yengilgach, Hirot shahri somoniylar tasarrufiga oʻtdi. Xurosonda gʻaznaviylar sulolasi hukmronligi oʻrnatilgach, bu shahar gʻaznaviylar nazorati ostiga oʻtdi.


Gʻaznaviylar sulolasi davrida Hirot valiahd shahzodalarga taqdim etilgan. Xususan, 1017-yilda Sulton Mahmud Gʻaznaviy oʻgʻli va taxt vorisi boʻlgan Masudni Hirotga voliy (hokim) etib tayinlaydi va vazir Abusahl Muhammad az-Zavzaniyni unga otaliq qilib birga yuboradi. Shu sababli Hirot shahri siyosiy jihatdan muhim strategik markazlardan biriga aylandi.


Hirot shahri saljuqiylar va xorazmshohlar davrida ham muhim shaharlardan biri boʻlib qoldi. 1221-yilda Chingizxonning oʻgʻli Tuluyxon tomonidan bosib olindi. Jaloliddin Manguberdining moʻgʻullarga qarshi Xurosonda erishgan yutuqlaridan xabar topgan shahar xalqi moʻgʻullarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardi. Ammo qoʻzgʻolon moʻgʻullar tomonidan bostirilib, aholining katta qismi qirgʻin qilindi, omon qolganlar esa Sharqiy Turkiston va Xitoy hududlariga surgun qilindi. Natijada, Hirot shahri harobaga aylandi.


Temuriylar davri: Hirotning “Oltin asri”


Hirot 1381-yil Amir Temur tomonidan zabt etilgach, shaharning gullab-yashnash davri boshlandi. Hirotning sanʼat va madaniy jihatdan eng muhim davri temuriylar davriga toʻgʻri keldi. Temuriylar davrida yuzaga kelgan Hirot sanʼat maktabi butun islom sanʼat va madaniyat markazlariga taʼsir qildi. Shohruh mirzo davrida Hirot shahri temuriylarning asosiy markaziga aylandi.


Xususan, Shohruh va ayoli Gavharshodbegim davrida Hirot shahrida koʻplab bogʻlar, saroylar, masjid va madrasalar bunyod etildi. Jumladan, 1410-yilda barpo etilgan Bogʻi Sefid saroyining devorlari Xitoydan olib kelingan nefrit toshlari bilan qoplangan va bu toshlar naqsh va rasmlar bilan bezatilgan edi. Husayn Boyqaro hukmronligi davrida adabiyot va sanʼat yanada rivojlandi. U turli daraxtlar va gullar bilan bezatilgan bogʻi mavjud boʻlgan Jahonaro saroyini, shuningdek, uning nomi bilan atalgan masjid va madrasani qurdirgan. Uning hukmronligi davrida Shifoiya nomli tibbiyot maktabi va kasalxona ham qurilgan. Ayni shu davrda Hirotning har tomonlama rivojlanishida hukmdorning vaziri boʻlgan Alisher Navoiyning hissasi katta boʻlgan. Husayn Boyqaro vafotidan keyin Xurosonda temuriy shahzodalar oʻrtasida ichki ziddiyatlar boshlandi.


Xuroson – Shayboniylar va Safaviylar oʻrtasidagi kurash maydoni


1507-yil 19-mayda Xurosonning Yozyayloq nohiyasiga qarashli Maral maydonida Muhammad Shayboniyxon hamda aka-uka Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzolarning qoʻshinlari oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Maral jangida Muhammad Shayboniyxon gʻalaba qozondi. Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzolar Iroq va Ozarbayjon tomonlarga qochdi. Natijada, Hirot  Muhammad Shayboniyxon qoʻliga oʻtdi.


Ammo Hirot uzoq vaqt shayboniylar qoʻl ostida qolmadi. 1510-yil 2-dekabrda Muhammad Shayboniyxonning Shoh Ismoildan magʻlubiyatga uchrashi natijasida butun Xuroson hududi, shu qatori Hirot shahri ham safaviylar qoʻliga oʻtdi. Shundan soʻng shayboniy xonlarining tashqi siyosatdagi asosiy vazifalaridan biri Xurosonni yana shayboniylar tasarrufiga qaytarish boʻldi. Ubaydullaxon davri ham Xuroson uchun safaviylar bilan siyosiy qarama-qarshiliklarga boy boʻlgan davrga aylandi. Muhammad Shayboniyxon oʻldirilganidan keyin xonlik taxtiga Koʻchkinchixon oʻtqazilsa-da, Ubaydullaxon yosh, jasur va kuchli harbiy salohiyatga ega boʻlganligi sababli harbiy hokimiyat Ubaydullaxon qoʻliga oʻtdi. Shu bois shayboniylarning Xurosonga yurishlarga Ubaydullaxon boshchilik qildi. Umuman olganda, Ubaydullaxon Xurosonni shayboniylar tasarrufiga kiritish maqsadida 1513-1539-yillar davomida 8 marotaba yurish uyushtirdi. Bu harbiy yurishlarning baʼzilari muvaffaqqiyatli boʻlgan boʻlsa, baʼzilari muvaffaqqiyatsizlikka uchradi.


1512-yil noyabr oyi oxirlarida Gʻijduvon jangida qizilboshlar va Bobur mirzo ustidan qozonilgan yorqin gʻalaba shayboniy sultonlar, xususan Ubaydullaxon koʻnglida Xurosonni ham egallash havasini uygʻotdi. 1513-yilda Ubaydullaxon va Temur sulton birgalikda Tus va Mashhad sari qoʻshin tortdilar. Oʻzbeklarning kelayotgani xabarini olgan Marv va Mashhad hokimi Dudabek bu viloyatlarni tashlab Iroq tomonga qochdi. Natijada, shayboniyzodalar bu hududlarni jangsiz egallaydi.


Bu voqealar bayoni hirotliklarga ham maʼlum boʻlgach, u yerdagi qizilbosh amirlari va askarlari ham Hirotni mudofasiz qoldirib, Iroq va Ozarbayjon tomonlarga qochdi. Shundan soʻng Ubaydullaxon Mashhad va uning atroflarida, Temur Sulton esa Hirotda boshqaruvni qoʻlga oldi va katta qoʻshinni saqlab turish katta xarajatlarni talab qilgani uchun qoʻshinni tarqatib yubordi. Ammo, shu asnoda Shoh Ismoil katta qoʻshin bilan Xurosonga kelgan haqida xabar tarqaldi. Shayboniyzodalar qoʻshinlarini tarqatib yuborgani uchun Hirot va Mashhadni tashlab, Ubaydullaxon Buxoroga, Temur sulton esa Samarqandga qaytdi.


Ubaydullaxon 1521, 1526, 1528-yillarda Xurosonga yurish qilib, Xurosonning bir qancha shaharlarini qoʻlga olsa-da, Hirotni egallay olmaydi. Ayniqsa, 1528-yil Jom shahri yaqinida shayboniylar qizilboshlar tomonidan ogʻir magʻlubiyatga uchraydi. Jangda Ubaydullaxon bir necha bor jarohat oldi.


Ammo Ubaydullaxon 1529-yil boshida yana Xurosonga yurish qildi. Dastlab Mashhad egallanib, u yerga oʻzbeklardan hokim tayinlanib, Hirot sari yurdi. Hirot hokimi Husaynxon bir necha oy shaharni mudofa qilgach, Ubaydullaxonga sulh tuzish maqsadida Xoʻja Isʼhoq Siyovushon boshchiligida elchilar yubordi. Sulhga koʻra, Ubaydullaxon Hirotdan bir necha masofa ortga chekinishi va Husaynxon hamda boshqa qizilboshlar esa bu vaqtda shaharni tashlab chiqishi kerak edi. Sulh Ubaydullaxonga ham maʼqul kelgach oʻzbek qoʻshinlari ortga chekindi va Husaynxon boshchiligidagi qizilboshlar va shia boʻlgan aholi shaharni tark etib, Siston tomonga ketdi. Shahar esa Ubaydullaxon qoʻliga oʻtdi.


1529-yil kuz faslida Shoh Tahmasb 70 ming qoʻshin toʻplab, Ubaydullaxonga qarshi Xuroson safarini boshladi. Ubaydullaxon Marv qalʼasiga chekinib, Turondan yordam kelishini kutdi. Ammo Koʻchkinchixon vafot etib, oʻrniga xon boʻlgan oʻgʻli Abusaidxon Xurosonga yurish qilishdan bosh tortdi. Boshqa shayboniyzodalar ham Ubaydullaxonni qoʻllab-quvvatlamagach, Ubaydullaxon ham Buxoroga qaytishga majbur boʻladi.


Ubaydullaxon 1534-yilda Xurosonga qilgan muvaffaqqiyatsiz yurishidan soʻng, 1536-yili yana Xurosonga otlandi. Dastlab, Mashhadga yurish qildi. Mashhad qamali boshlangach, Hirot hokimi Soʻfyon Xalifa Ubaydullaxonga qarshi kurashish va oʻzbeklarning Xurosonga yurishlarini toʻxtatish uchun 3 ming qizilbosh askari bilan Mashhadga keldi. Mashhad yaqinida boʻlgan jangda Ubaydullaxon gʻalaba qozondi va Soʻfiyon Xalifa asir olinib, qatl etildi.


Soʻfiyon Xalifaning magʻlubiyatga uchrab oʻldirilgani xabari Hirotga yetib kelgach, Soʻfiyon Xalifa Mashhadga ketishidan oldin Hirotni boshqarishga tayinlagan odami Xizir Chalabiy shahar mudofasiga kirishdi. Ammo Soʻfiyon Xalifa va uning odamlari tomonidan xalqqa koʻrsatilgan jabr-zulm natijasida xalq Ubaydullaxonga xayrixohlik bildirib, uni Hirotni egallashga daʼvat etdi. Bir necha oy davom etgan qamaldan soʻng Hirot egallanib, Xizir Xalifa va boshqa qizilboshlar oʻldirildi. Ubaydullaxon oʻzbek askarlariga xalqni talash va oʻldirishni taqiqlab, Hirotni obodonlashtirish ishlariga kirishdi. Ubaydullaxon 14 oy Hirotni nazorat qildi.


1538-yilda Shoh Tahmasp Hirotni qaytarib olish maqsadida Xuroson tomon yurdi. Bu xabar Ubaydullaxonga yetgach, Ubaydullaxon barcha shayboniy sultonlarni toʻplab mashvarat oʻtkazdi. Ubaydullaxon Shoh Tahmasb qoʻshini qish mavsumida uzoq yoʻldan kelayotgani uchun qizilbosh qoʻshini qattiq charchaganini taʼkidlab, shoh bilan jang qilishni maslahat qildi. Lekin boshqa shayboniy sultonlar esa qizilbosh qoʻshinlarining soni koʻpligini iddao qilib, Hirotni tashlab Turonga qaytishni toʻgʻri deb bildi. Ubaydullaxon shayboniy sultonlarni qizilboshlar bilan urishishga koʻndirolmagach, noilojlikdan Buxoroga qaytishga majbur boʻldi.


1540-yil 17-martda Ubaydullaxon 53 yoshida vafot etdi. Uning vafotidan keyin shayboniy sultonlar orasida boshlangan taxt uchun kurashlar natijasida shayboniylarning Xurosonga boʻlgan kurashlari susaydi. 1550-yil Baroqxon va Abdulatif sulton Amudaryodan kechib oʻtib, Hirotga yurdi. 1550-yil 22-mayda Baroqxon va boshqa sultonlar Hirotga yetib keldi. Baroqxon bir necha muddat Hirotni qamal qilgach, Buxoroda Abdulaziz vafot etganini eshitib, Buxoroni qoʻlga olish maqsadida Hirotdan qaytib ketdi.


Abdullaxon butun Turkiston hududida oʻz hukmronligini oʻrnatgandan soʻng bor eʼtiborini Xurosonga qaratadi. 1587-yil bahorida Abdullaxon mamlakatning barcha hududlaridan qoʻshin toʻplab, Xuroson yurishiga otlandi. Abdullaxon Murgʻob viloyatiga yetib kelganida, Balxdan valiahd Abdulmoʻmin sulton ham yetib keladi. Dastlab Abdulmoʻmin boshchiligida oʻzbek qoʻshinlari yurish harakatlarini Hirot sari boshlab, shahar qamaliga kirishadi. Shu yilning yozida Abdullaxon boshchiligidagi qoʻshinlar ham yetib keladi. Abdullaxon kimda-kim taslim boʻlsa joni va moliga teginmasligi haqida farmon beradi.


Natijada, koʻplab hirotliklar taslim boʻladi. Qalʼani qoʻlda saqlab qolishga koʻzi yetmagan safaviy amirlari va askarlari qalʼani tashlab, Sabzavor va Qandahor tomonlarga qochadi. Abdullaxon ularni taqib qildirib, Qandahor viloyati yaqinida ularga yetib oladi. Ikki oʻrtada boʻlgan jangda oʻzbeklar gʻalaba qozonib, koʻplab oʻljalarni qoʻlga kiritadi va ortga qaytib asosiy qoʻshinga qoʻshiladi. Hirot Abdullaxon tomonidan qoʻlga olinib, shayboniylar nazoratiga oʻtadi.


Hirot yana shayboniylar qoʻliga oʻtgach, Abdullaxon uning hokimligini oʻzining eng yaqin va ishonchli odamlaridan boʻlgan Qulbobo Koʻkaltoshga beradi. Qulbobo Koʻkaltosh oʻz davrining dono, ilmli va maʼrifatparvar amirlaridan boʻlgani sababli Hirot yana taraqqiy eta boshladi.


1598-yil fevralida Abdullaxonning oʻlimi va Hirot hokimi Qulbobo Koʻkaltoshning Abdullaxon oʻlimidan soʻng xon boʻlgan Abdulmoʻmin tomonidan oʻldirilishi Xurosondagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Bir necha oydan soʻng Abdulmoʻminning ham oʻldirilishi natijasida ham Turkistonda, ham Xurosonda hokimiyat uchun kurashlar boshlanib ketdi. Mana shunday ogʻir vaziyatda Abdullaxonning jiyani, mohir sarkarda Din Muhammad kurash maydoniga chiqdi. Din Muhammad madaniyatli, ilm-fan va sanʼatni qadrlovchi inson boʻlib, hatto oʻz huzurida xattotlarga nafis bezakli qoʻlyozmalar tayyorlatgan. Hirot hokimi va hirotliklar Din Muhammadning sarkardalik qobiliyatidan xabardor boʻlgani uchun Hirotni safaviylar bosqinidan himoya qila oladigan shaxs sifatida koʻradi.


Bu orada safaviylar hukmdori Shoh Abbos Abdulmoʻminning oʻldirilganini eshitib, Xurosonni egallash maqsadida Mashhad sari yuradi. Nishopur shahri unga qarshiliksiz boʻysunadi. Shu paytda safaviy amirlaridan Farhodxon boshchiligidagi oʻn ikki ming kishilik eronlik lashkar Mashhad yaqinidagi Radqonga yetib kelganda, Mashhadda Din Muhammad tomonidan hokim etib tayinlangan Abu Muhammad Mashhadni tashlab, Hirotga qochib keladi. Din Muhammad zudlik bilan toʻrt yuz kishilik qoʻshin yuborib, Mashhadni saqlab qolishga urindi, biroq ular juda kech yetib bordilar. Farhodxon shahar himoyasiz qolganligidan foydalanib, uni egallab oladi.


Puli Salor jangi va Hirotning boy berilishi


Din Muhammad qanday boʻlmasin Xurosondan eronliklarni quvib chiqarib, bu yerdagi hokimiyatini mustahkamlashni xohlar edi. Ammo u Shoh Abbosning oʻzi ham Xurosonda ekanidan va Mashhad tomonga tezlik bilan yaqinlashayotganidan mutlaqo bexabar edi. U holatni muhokama qilish uchun amirlarini yigʻdi, biroq ularning fikrlari keskin farq qildi. Baʼzilari unga vaqtincha Xurosonni eronliklarga topshirib, oʻrniga xonlikning qolgan qismlarida hokimiyatni mustahkamlashni maslahat berdi. Boshqalar esa atigi oʻn ikki ming kishilik lashkar bilan yurish qilayotgan Farhodxonga bu viloyatni topshirish toʻgʻri boʻlmasligini aytib, eronliklarga qarshi gʻalaba Din Muhammadning mavqeini mustahkamlab, Buxoro sari yurishda unga katta siyosiy qudrat berishini taʼkidladi.


Din Muhammad aynan shu ikkinchi fikrni qabul qildi, biroq bu qaror Shoh Abbosning haqiqiy harakatlari haqida hech qanday toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasdan qabul qilingan edi va bu xato unga qimmatga tushdi. Amirlarning safaviylar borasidagi razvedka faoliyati samara bermadi, chunki Shoh Abbos oʻz yurishini sir tutgan, ozchilikka maʼlum boʻlgan yoʻldan yashirin tarzda va hatto niqob ostida harakatlanayotgan edi.


Shoh Abbos hatto oʻz ajdodi Shoh Ismoil Marv jangida Muhammad Shayboniyxonga qarshi qoʻllagan hiylasiga oʻxshash nayrangga ham murojaat qildi. U Din Muhammadni Hirotda uzoq muddatli qamalgacha tayyorgarlik koʻrishiga toʻsqinlik qilish maqsadida, goʻyoki Usmonlilar Eronga hujum qilgani sababli Shoh Abbos Xurosonga yurishini toʻxtatib, Farhodxonni ham ortga qaytarib olayotgani haqida soxta xabar tarqatdi. Hatto u Farhodxonga orqaga chekinishni soxtalashtirishni buyurdi. Bu hiyla aʼlo darajada ish berdi.


Xuddi Muhammad Shayboniyxon singari, Din Muhammad ham orqaga chekinayotgan dushmanni taʼqib qilishni boshladi va Shoh Abbosning tuzogʻiga tushdi. Din Muhammad oʻn besh-yigirma ming kishilik qoʻshin bilan Hirotdan taxminan yigirma besh kilometr uzoqlashganda, kutilmaganda Shoh Abbos va Farhodxon boshchiligidagi toʻqson mingdan ortiq qoʻshin bilan yuzma-yuz keldi.


Vaziyat nihoyatda ogʻir edi, biroq Din Muhammad amirlarining orqaga chekinish haqidagi maslahatlarini qatʼiyan rad etdi. U bunday yoʻlni na donolik, na sharafga mos deb bildi va oʻz oʻrnida qolib, askarlari bilan birga jasorat hamda qatʼiyat bilan jang qilishni tanladi. Oʻzbeklar qoʻshinini oʻng va chap qanot qismlariga boʻlib, oʻng qanotga ukasi Boqi Muhammad hamda amirlaridan boʻlgan Mirzo Abdulloh Mangʻit va Hoji Muhammadni tayinladi, chap qanotga esa bir guruh oʻzbek amirlari bilan oʻzi joylashdi. 1598-yil 9-avgustda Puli Salor (Salor koʻprigi) degan joyda boʻlib oʻtgan jangda u hatto Shoh Abbosning oʻzini oʻldirish darajasiga yaqinlashdi, biroq yakunda ogʻir magʻlubiyatga uchradi. Uning toʻrt mingga yaqin askari halok boʻldi, Din Muhammadning oʻzi esa yaralanib, oradan koʻp oʻtmay vafot etdi. Jangdan soʻng Hirot shahri Shoh Abbos qoʻliga oʻtdi va u asta-sekin Xurosonning butun hududini qayta egalladi.


Hirot asrlar davomida oʻzbek davlatchiligi va madaniyatining ajralmas qismi boʻlib keldi. Eftaliylardan tortib to temuriylar va shayboniylar davrigacha bu shahar nafaqat siyosiy markaz, balki madaniyat va maʼnaviyat beshigi boʻldi. Biroq 1598-yilgi Puli Salor jangi tarixda tub burilish yasadi. Din Muhammadning ushbu jangdagi magʻlubiyati bilan Hirot ustidan ming yillik oʻzbek hukmronligi butunlay yakun topdi. Shundan soʻng shahar boshqa hech qachon oʻzbek hukmdorlari tomonidan boshqarilmadi. Shuning uchun ham bu tarixiy nuqta biz uchun nafaqat bir jang boy berilishi, balki butun bir davr bilan vidolashuv boʻlib qoldi.


  
Abdullajon USMONOV,  
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti