“Oyina.uz”ning bugungi mehmoni – Halima Jumaniyozova Amerikadagi ilk o‘zbek jurnali asoschilaridan biri sifatida oʻzbek adabiyotining jahonga tanilishiga munosib hissa qoʻshib kelyapti. Qahramonimiz bilan ijodini okeanortida davom ettirishiga sabablar, “Makonim” nashrining maqsadlari va farzandlar muvaffaqiyati, yurt sog‘inchi haqida suhbatlashamiz.
– Assalomu alaykum, Halima opa. Suhbatga rozi boʻlganingiz uchun rahmat! Avvalo, Amerikaga ketish hikoyangiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.
– Qarang, Amerikada yashayotganimizga ham oʻn bir yil toʻlyapti ekan. Yillab boshqa yurtda istiqomat qilib kelayotgan boʻlsak-da, vatanimizni hamisha koʻnglimiz toʻrida ardoqlab yashaymiz. Xorazmga tutash Toʻrtkoʻlida tugʻilib oʻsdim. Taqdir taqozosi bilan hozir Amerikadamiz.
Besh farzandga taʼlim-tarbiya berib, voyaga yetkazgach, nafaqaga chiqdim. Shundan soʻng toʻngʻich oʻgʻlim yoniga – okeanortiga keldik. Boshqa dunyo, boshqa muhit, oʻzgacha odamlar orasida ham yashab koʻrdim. Dilshodbek Tennessi universitetini tamomlagach, bizlarni ham chaqirib oldi. Yosh ulgʻaygach, dunyoni koʻrishning gashti boshqacha boʻlarkan. Dastlab koʻnikish qiyin boʻldi, albatta. Sababi, bir sharoitdan ikkinchi sharoitga moslashish osonmas. Lekin hayotimdan, boshqa olam-u odamlar bilan tanishganimdan mamnunman.

Farzandlarimning muvaffaqiyatidan koʻnglim koʻtariladi. Dilshodbek “Musaffo” kompaniyasining asoschisi. Oʻzbekistonda ham filial ochib, 50 dan ortiq yoshlarni ish bilan taʼminlagan. Yana 50 dan ortiq mamlakatdagi dasturchi, marketolog va iqtisodchilarning boshini biriktirgan. Asosiy idorasi Florida shtatida joylashgan. Ikkinchi oʻgʻlim Behzod ham tadbirkorlik bilan shugʻullanadi.
Qizim Dilnoza esa Londondagi universitetda magistraturani tamomladi. Besh yildan buyon Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqda. Dilafruzga kelsak, men kabi maʼnaviy-maʼrifiy sohada ishlayapti. Dildora qizim jurnalimizning Oʻzbekistondagi muxbiri.
Quvonarlisi, oʻn bir nevaraning baxtli buvisiman. Hammasi hayotda oʻz oʻrnini topib kelyapti. Qirq uch yillik hamrohim – meʼmor, arxitektor Ozod Jumaniyozov bilan keksalik gashtini suryapmiz. Aytib oʻtishim kerak, u kishi Zamaxshariy va Beruniy bobomizning maqbaralari loyihalari hamda Xiva shahrini taʼmirlash loyihasi boʻyicha ishlagan. Loyihalash institutida bosh arxitektor va keyinchalik filialning bosh direktori boʻlib faoliyat yuritgan.
Ammo hamma narsaga erishdim, endi dam oladigan payt keldi, demayman. Doim yangidan yangi marralarni koʻzlayman. Nyu-York shahrida faoliyatimni davom ettirishga intildim. Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay, “Makonim” gazetasiga asos solganmiz. Bugun ushbu nashr ustida ishlayapmiz, yangi loyihalarga qoʻl uryapmiz.

– Amerikadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi bizdan farqli jihatlar boʻyicha kuzatishlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz?
– Nyu-York shahridagi 200 dan ortiq millatlar orasida oʻzbekistonliklar ham oʻzaro totuvlikni saqlab yashab kelmoqda. Bilasizmi, bir-biriga hurmat kuchli boʻlgan joyda, albatta, birodarlik boʻladi. Qoʻni-qoʻshnilarning – boshqa xalq vakillarining qadriyatlariga ehtirom bilan qaraymiz, ular ham bizga shunday munosabat qiladi. Vatandan minglab chaqirim yiroqda yashasak-da, ona tilimizni, dinimiz ahkomlarini nabiralarimizga singdirishga intilamiz.
Pandemiya payti yurtdoshlarimiz uchun mahalla.uz tashkiloti tashkil etildi. Odobnoma, adabiyot, maʼnaviyat boʻyicha darslar oʻtkaziladi, turli toʻgaraklar yoʻlga qoʻyilgan. Muammolar yuzasidan huquqshunoslar maslahat berib boradi.
Yurtdoshlarimiz bir joyga jamlanib, milliy bayramlar – Navroʻzdan tortib Mustaqillik tantanalarigacha nishonlaymiz. Tez-tez qoʻngʻroqlashib, gap-gashtaklar ham qilib turamiz. Toʻy-hashamlarda, bayramlarda birlashamiz. Oʻzbekistonliklar orasidagi tojiklar bilan ham qarindoshdek boʻlib ketganmiz.
Ammo tugʻilib oʻsgan yurtimga mehrim cheksiz. Internet sahifalarimda Vatan haqida koʻp toʻxtalaman. Shunda bir narsani qayta-qayta eʼtirof etaman. Buyuk shayx Bagʻdodiy aytganlar, “Sen menga tugʻilgan joying haqida gapir, men senga kimligingni aytaman”. Begona mamlakatlarda insonlar bir-biri bilan tanishayotganda ismini emas, koʻproq tugʻilgan oʻlkasini aytishadi. Baʼzida Vatan haqida ortiqcha soʻzga hojat qolmaydi – butun vujudimda sogʻinch daraxti boʻlib ulkanlashib borayotganini his qilaman.

– Chet elda oʻzbekistonlik boʻlish nimani anglatadi? Oʻzligimiz va milliy qadriyatlarimiz chet elda qanday sinovlarga uchraydi?
– Qadriyatlar yuzasidan hech qanday sinov yoʻq. Urf-odatlarimizni har qadamda eslaymiz. Axir qon-qoningga singib ketgan narsani qanday unutish mumkin. Toʻgʻri, hammasi odamning oʻziga bogʻliq. Ammo Amerikada har bir oʻzbek bu borada bir-biriga koʻmaklashadi. Masalan, nevaralar tugʻilganda Oʻzbekistondan beshiklar keltirildi, tandir olib kelib, non va somsalar yopildi… Kelajak avlodga oʻzbekona anʼanalarni oʻrgatishga masʼulligimizni doimo anglab turamiz.
– Amerikada erishayotgan ijodiy yutuqlaringiz yurtdoshlarimizni havaslantiradi, albatta…
– Hozir koʻproq maʼnaviy-marifiy ishlar bilan bandmiz. Boʻsh vaqt boʻldi deguncha ijodga shoʻngʻiyman. Orzular, umidlar, yillar davomida yigʻilgan xotiralar, atrofimdagi odamlar bilan muloqotlar – hammasi meni yozishga chorlaydi.
Qalb hazinlikni, yolgʻizlikni istagan paytda ijod hamisha hamroh boʻladi. Hozir xotiralar yozyapman. Pirimqul Qodirov, Jumaniyoz Jabborov, Matyoqub Qoʻshchonov, Abdulla Oripov bilan uchrashganman, suhbatlar tayyorlaganman. Ular haqida sheʼriy xotiralar yozdim, nasib boʻlsa kitob holida chop etiladi.

Eski daftarlarda qolib ketgan sheʼrlar, dostonlar – barchasini oqqa koʻchiryapman. Oʻn yildan buyon bir necha toʻplamlarim nashrdan chiqdi. “Amazon” internet doʻkonida sotuvga qoʻyilgan. Professor Qosimboy Mamirov sheʼrlarimni ingliz tiliga tarjima qilyapti. “Vatan ifori” va “Sogʻinch daftari” degan kitoblarim u kishining tarjimasida chiqdi.
Ayni paytda “Sehrli diyor” kitobimning yangi nashrlari tayyorlanyapti. Amerikada kuzatganlarim, koʻngil kechinmalarim qogʻozga tushirilgan. Orzularim bir-bir ushalib kelayotganidan quvonaman.
– Oʻzbekistondagi ijodkorlar bilan ham hamkorlik qilib turasizmi? Amerikada milliy adabiyotimizni oʻqishadimi?
– Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Matnazar Abdulhakim, Usmon Azim, Xurshid Davron, Mirzo Kenjabek sheʼrlarini sevib oʻqiyman. Bugungi oʻzbek adabiyotining yorqin vakillaridan Qutlibeka Rahimboyeva, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Sharifa Salimova, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Odil Ikrom, Iqbol Mirzo asarlari shaxsiy kutubxonamdagi eng qadrli kitoblarimdan. Nasrda Xayriddin Sulton, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Qoʻchqor Norqobil, Nurali Qobilning yangi kitoblari chiqishini alohida kutaman. Oʻzbekistondan kelayotgan doʻst-u yorlar ham yangi nashrlardan menga ilinib olib kelishadi. “Kitob dunyosi” gazetasining internet sahifalarini kuzatib boraman. Vatandagi adabiy nashrlar bilan hamkorlik qilishga, ular orqali bugungi oʻzbek adabiyotini kuzatib borishga intilaman.

– “Makonim” nashri ham ana shunday ehtiyoj mahsuli boʻlsa kerak, oʻquvchilar tomonidan qanday kutib olindi?
– “Makonim” Amerikada oʻzbek tilidagi yagona nashr hisoblanadi. Bosh muharrir Dildora Salohiddin, men bosh muharrir oʻrinbosari va Sevara Halilova marketolog sifatida birgalikda shu ishni boshladik. Gazetamiz hozirda oʻz mushtariylariga ega. Ularni obunachi deyolmayman, chunki oʻzbeklar koʻproq yashaydigan hududlardagi doʻkonlarga, supermarketlarga, barcha shtatlardagi oʻzbeklar jamiyatlariga tarqatiladi.
Amerikada millatdoshlarimizni koʻplab uchratishingiz mumkin. Biz yashaydigan Nyu-York shahridagi Bruklin mavzesida ham minglab oʻzbeklar bor. Ular uchun gazetamizda turli yangiliklar, maqolalar bilan birga ibratli hikoyalar, islomiy oʻgitlar, qiziqarli mavzularda materiallar berib boramiz – bularning barchasi oʻzbekona mentalitetimizga xosligini eʼtiborga olamiz.
2022-yildan gazetani 60 sahifadan iborat jurnalga aylantirdik. Oʻnlab shtatlardagi oʻzbeklar jamiyatlariga, jami 40 ta tashkilotga yetkazib bermoqdamiz. Masalan, Filadelfiyadagi oʻzbeklar jamiyati har yangi nashr chiqqanida atayin kelib olib ketadi. Aytib oʻtishim kerak, jurnalni mushtariylarga tekin yetkazib berishda Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi katta yordam bermoqda.

Amerikada oʻzbek tilida gazeta-jurnal chiqarib, mushtariylarga yetkazishda koʻplab qiyinchiliklar boʻlishi tabiiy edi. Anchagina sarf-xarajat, katta mehnat va, albatta, jasorat ham kerak. Bu bilan oʻzimizni qahramon chogʻlamoqchi emasman, lekin biz bu mashaqqatli va sharafli ishni uddaladik.
– Amerikaga borish, yashash va ishlash boʻyicha maslahatlaringiz?
– Birinchi kelganimda lugʻat bilan yurganman. Tennessi shtatida “McDonaldʼs” yorliqlarini yopishtirib turish bilan shugʻullandim. Yetti oy shu yerda amerikaliklar bilan muloqot qildim, tilni oʻrganishimga bu katta yordam berdi. Til bilsangiz, ish topish oson – kutubxonalarda, savdo markazlarida bemalol ishlasangiz boʻladi, daromadi yaxshi. Hech bir noligan odamni koʻrmadim. Qonun-qoidaga rioya qildingizmi, orzularingizga erishaverasiz.
Amerikaliklar ajoyib xalq – ochiqkoʻngil, samimiy. Mustaqillik bayramlarimizda ular ham ishtirok etadi, bizning qadriyatlarga hurmatini koʻrib, rosti, quvonaman. Amerikada yaxshi yashash uchun tartib-intizomli, toʻgʻrisoʻz, maʼnaviyatli boʻlish, tilni hurmat qilish nihoyatda zarur.
Zulxumor ORIFJONOVA
suhbatlashdi.