Koʻplab buyuk siymolar singari Sohibqiron Amir Temur ham oʻz davrining maʼrifatparvar hukmdori sifatida kitobni qadrlagan. Yoshligidanoq mutolaa vositasida bilim olishga, odil va fozil kishilar qoldirgan maʼnaviy merosni oʻrganishga intilgan.

Manbalarga koʻra, Temurbek oʻn toʻrt yoshida Kesh shahridagi Abdulla Qutb madrasasida oʻqib yurgan kezlarida Jaloliddin Rumiyning “Maʼnaviy masnaviy” kitobidan oʻziga yoqqan joylarini yod olgan. U sevib oʻqigan va koʻp joylarini yod olgan yana bir sheʼriy asar – ozarboyjonlik shoir Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” (“Sirlar gulshani”) nomli kitobi boʻlgan ekan” (Qodirov P. Amir Temur siymosi. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2007. 12-bet).

Ozarboyjonga yurishi vaqtida Shabistar qishlogʻining nomi Temurga Mahmud Shabistariy va uning “Gulshani roz” kitobini eslatadi. Soʻrab-surishtirilganida maʼlum boʻladiki, Shabistariy chindan ham shu qishloqda yashab oʻtgan, uning qabri esa qarovsiz holda ekan. “Shunda Amir Temur oʻz odamlariga farmon berib, qabr oʻrnida moʻjaz bir maqbara qurishni, atrofdan maqbaraga qarashli vaqf yer ajratishni, undan keladigan daromadlar hisobiga bog‘ barpo etish va shoir qabrini ziyoratgoh kabi obod saqlashni buyuradi. Bundan tashqari, Sohibqironning maxsus buyrugʻiga asosan Shabistar aholisining yoshi oʻn besh yoshdan yuqori boʻlgan fuqarolarining har biriga (3891 nafar) besh misqoldan (1 misqol – 5 gramm) umumiy hisobda 19455 gramm, yaʼni bugungi hisobda salkam 20 kilo oltin ulashiladi” (Brion M. Menkim, sohibqiron – jahongir Temur. Toshkent, “Yoshlar matbuoti”, 2023. 27-bet).

Temur saroyida kotib boʻlgan va uning hayot yoʻlini chuqur oʻrgangan tarixchi Hafizi Abro‘ bunday yozgan: “Amir Sohibqiron maktabda oʻz tengqurlaridan saboqda oʻzib ketardi. Balogʻat yoshiga yetguncha ilm, adab, xat va suxanvorlik kasb etdi. Undagi teran bilim shijoatga payvand boʻldi va shundan soʻng amirlik mansabini egalladi” (Hafizi Abro‘. Zubdat ut-tavorix. Turkiyadagi “Fotih” kutubxonasi. Inv. №4371. 14-sahifa).

Sohibqiron askarlariga fath etilgan mamlakatning olim-u fuzalolari, yuksak isteʼdod va hunar egalari, noyob qoʻlyozmalari, qaysi din boʻlishidan qati nazar, ibodatxonalariga zarar yetkazmaslikni buyurgan. Uning saltanatida oʻz davrining eng katta va boy “Dor ul-kutub” (“Kitoblar uyi”) kutubxonasi nodir kitoblar va noyob qoʻlyozmalar bilan toʻldirilgan. Ularni saqlashga, asrab-avaylashga katta eʼtibor berilgan (qarang: Amir Temur – jahon tarixida. Toshkent, “Sharq”, 2001. 91-bet).

Samarqanddagi saroy kutubxonasi juda mashhur boʻlgan. Rus olimi Dmitriy Logofetning yozishicha, “Amir Temur hukmronlik qilgan dastlabki yillarda mazkur kutubxona Shahrisabzda boʻlgan. Keyinchalik Samarqandga koʻchirilgan” (Salomova M. Temuriylar davrida kutubxonalar. “Maʼrifat” gazetasi, 2004-yil 4-dekabr). Mazkur kutubxonada yunon, lotin, fors, suryoniy, arman va boshqa tillardagi eng noyob qoʻlyozmalar saqlangan. Taʼkidlash joizki, barcha kitoblar XI–XII asrlardagi mashhur kutubxonalar singari, fanlar boʻyicha joylashtirilib, maxsus sandiqlarda saqlangan. Saroy kutubxonasida oʻz davrining yetuk olimlari hisoblangan Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshiy, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Noʻmoniddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Amir Temur homiyligida ilmiy-ijodiy faoliyat olib borgan” (Fayziyev X. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan rivoji. Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. 11-kitob. Toshkent, 2021. 172-173-betlar).

Temur saroy ahli, turli lavozim egalari, jamiyat aʼzolarining ham savodli boʻlishini muhim deb bilgan. Sohibqiron fikriga koʻra, “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir, hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir” (Amir Temur oʻgitlari. Toshkent, “Navroʻz”, 1992. 59-bet).

Insoniyat tarixida oʻtgan ayrim hukmdorlar urushlarda erishgan gʻalabasidan soʻng noyob kitob va qoʻlyozmalarni yoqib yuborib, taʼlim maskanlarini yakson qilgan. Temur esa, aksincha, qaysi yurtda boʻlmasin, kitob va noyob qoʻlyozmalarni toʻplab, ularni asrab-avaylagan holda Samarqandga joʻnatgan. Bundan maqsad poytaxtini dunyoning eng yirik madaniy markaziga aylantirish edi. Amir Temur fan va madaniyat arboblari, hunarmandlar bir joyga jamlansa, kutubxonalar qancha koʻp va boy boʻlsa, mamlakatda ilm-fan va madaniyat shuncha tez rivojlanishini teran anglagan.

Komiljon SULTONOV,

OʻzFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi

ilmiy xodimi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Kitobga oshiq jahongir” maqolasi