Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning shaxsiyati va merosi nafaqat harbiy yutuqlar, balki oilaviy nasl-nasab va madaniy-ijtimoiy muhit bilan ham chambarchas bogʻliq. Temuriylar davri yozma manbalarining aksariyatida Amir Temurning onasi Tegina begim (xotun) ekani yakdillik bilan taʼkidlanadi. Shuningdek, Sarkardaning ona tarafdagi bobosi sifatida Sadr ash-Shariʼa (taxminan 1290–1346/747-yil v.) nomi qayd etilgan. Ammo uning toʻliq ismi-sharifi manbalarda turlicha shakllarda keltirilgan. Jumladan, Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” asarida Sadr ash-shariʼa Abdulla ibn Masʼud ibn Toj ash-shariʼa, 1712-yilda yozilgan muallifi nomaʼlum forsiy “Temurnoma”da Sadr ash-Shariʼa Ubaydulloh ibn Toj ash-shariʼa Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy al-Buxoriy, ayrim tadqiqotlarda esa Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Mahmud al-Mahbubiy al-Buxoriy  shaklida keladi. Shuningdek, ismga qoʻshimcha tarzda kelgan mazkur unvon ham manbalarda turlicha ifodalangan: Sadr ash-Shariʼa al-Asghar (kichik Sadr ash-Shariʼa) yoki Sadr ash-Shariʼa as-Soniy (ikkinchi Sadr ash-Shariʼa). Bu unvon ushbu xonadon vakillarining avlodma-avlod ilmiy obroʻsini aks ettirib, uni buyuk bobosi Ahmad ibn Ubaydulloh (Sadr ash-Shariʼa al-Akbar)dan farqlash uchun yuqoridagi shakllarda qoʻllanilgan.

Amir Temur va Temuriylar davrida oʻnlab tarixiy manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mirzo Ulugʻbekning “Tarixi arba’ ulus”, Muiniddin Natanziy “Muntaxab ut-tavorix”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn”, Hofizu Abru “Zubdat ut-tavorix” va boshqalar) yaratilgan boʻlsa ham ularining aksariyatida Sohibqironning ona tomondan ajdodlari haqida deyarli qaydlar uchramaydi. Temuriylardan keyingi davrlarda jumladan, XVIII-XIX asrlar manbalari hisoblangan Salohiddin Toshkandiyning turkiy tildagi va nomaʼlum muallifning forsiy tildagi “Temurnoma”larida hamda Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” asarida Amir Temurning bobosi Sadr ash-Shariʼa haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Sadr ash-shariʼa yuqorida aytilganidek, aslida ism emas, unvon hisoblangan. Negaki, Tegina begimning ota ajdodlari shariat peshvolaridan sanalib, Toj ash-shariʼa nisbasi bilan ham ulugʻlanganlar. Sadr ash-shariʼa haqida forsiy tildagi “Temurnoma”da shunday deyiladi: “Sohibqiron Amir Temur Koʻragon dar hafsadu siyu panj dar vaqti Bayonqulixon, dar zamoni Shayxul olam Sayfiddin az modar tavallud kard az duxtari Sadr as-Shariʼa Tegina Xotun az modar. Sababi oʻro mehnat ho rasid. Baʼd az ranji bisyor padarash oʻro az Zanjirsaroy dar Shahrisabz burd”. Bu yerda Amir Temur Bayonqulixon hokimiyat tepasida turgan davrda Shayx ul-olam Sayfiddin (Boharziy) zamonida Sadr as-Shariʼaning qizi Tegina Xotundan tugʻilgani, onasining u tufayli koʻp ranjlar koʻrgani, soʻng otasining Temurbekni Zanjirsaroydan olib ketgani bayon etilgan.

Mazkur maʼlumotlarga qoʻshimcha qaydlar Salohiddin Toshkandiyning turkiy tildagi “Temurnoma” asarida quyidagicha: “Hazrati Amir Temur Sohibqironning onalaridan tugʻilmoqliklarini bayonida Sadr ash-Shariʼaning qizlari Tegina Begim Mohdan, andin soʻng bu oʻgʻil sababidin koʻb mashaqqatlar tortib kelganda Amir Temur Amir Choku (Joku) uyida (hozirgi Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hududida – U.S.) tarbiyat topadi”.

Sadr ash-Shariʼa haqidagi uzuq-yuluq maʼlumotlar Chigʻatoy xoni Tarmashirinxon hukmronligi davrida Movarounnahrga kelib, bir muddat mintaqada mehmon boʻlgan arab sayyohi Ibn Battutaning “Sayohatnoma”sida ham keltirilgan. Manbada Ibn Battuta sayohati davomida Qarshida Chigʻatoy xoni Kebekxon davri, odilligi haqida koʻp naqllar eshitganini yozadi. Ibn Battuta 1333-yilda Urganchdan Buxoroga keladi. Buxoroda Sayfiddin Boxarziyning nabirasi, mashhur shayx Yahʼyo bilan uchrashadi. Bu haqda manbada shunday qaydlar mavjud: “Biz Buxoro chetida, Fathobod nomi bilan mashhur boʻlgan joyda toʻxtadik... Bu yerda meni Makkani tavof qilib qaytgan ulug‘ shayxning (Sayfiddin Boxarziyning) vorisi Shayx Yahʼyo mehmon qilib, hurmatladi. U shaharning eng hurmatli kishilarini toʻpladi. Men shu yerda olijanob olim – fiqhshunos “Sadr ash-Shariʼa” unvoniga ega boʻlgan zotni uchratdim”. Ibn Battutaning mazkur maʼlumoti ham XIV asr birinchi yarmida Buxoroda Sadr ash-Shariʼa mashhur ulamolardan boʻlganini koʻrsatadi. Sadr ash-Shariʼaning bobosi Toj ash-Shariʼa Mahmud ibn Sadr al-Shariʼa al-Akbar ham taniqli ulamolardan boʻlib, “Viqoya” asarining muallifi boʻlgani mazkur davr fiqhiy asarlarida taʼkidlanadi. Shuningdek, uning katta bobosi Sadr ash-Shariʼa al-Akbar (Ahmad ibn Ubaydulloh) esa “Talqih al-Uqul” asarining muallifi hisoblanadi. Mazkur maʼlumotlar ham xonadonning bir nechta vakillari hanafiy mazhabi olimlari boʻlganini isbatlaydi.

Sadr ash-Shariʼa otasi Jamoliddin Masʼud va bobosi Toj ash-Shariʼa Mahmuddan taʼlim olgan. Ilmiy salohiyati hanafiy fiqh, usul al-fiqh, kalom (teologiya), mantiq, arab tili grammatikasi, hadis, falsafa va boshqa fanlarni qamrab olgan. U Moturidiya aqidasiga amal qilgan hanafiy olim boʻlib, oʻz davrida Buxoroning eng obroʻli shaxslaridan biri sifatida tanilgan. Sadr ash-Shariʼa oʻz davrida fiqh va usul al-fiqh sohasida yangi yondashuvlarni joriy etgan olimlardan biri edi. U hanafiy mazhabning anʼanaviy yoʻnalishini (faqihlar yoʻli) va mutakallimlar (mantiqiy-falsafiy) yoʻnalishini birlashtirib, sintez yaratgan. Uning asarlari keyingi asrlarda hanafiy madrasalarida asosiy darslik sifatida oʻqitilgan. Manbalarning shahodat berishicha, u hijriy 747-yilda (milodiy 1346-1347-yilda) Buxoroda vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan.

Tadqiqotchilar oʻrtasida “Sadr as-shariʼa” nomi ustida har xil qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar uni toʻqima obraz sifatida talqin qilishsa, baʼzi olimlar uning tarixiy shaxs boʻlganini taʼkidlaydilar. “Temurnoma”larning shahodat berishicha, Sadr ash-Shariʼa Ubaydulloh xonadoni vakillari Buxoroning tagli-tugli oilalaridan boʻlib, dinning ulug‘ peshvolaridan sanalgan. Ular Buxoroning mashhur kishilari sifatida fiqhshunoslikda tengsiz edilar. Shu sababli mazkur xonadon vakillari “toj ash-shariʼa” – “shariat hujjati”, “sadr ash-shariʼa” – “shariat ulugʻi” kabi nomlar bilan ulugʻlangan.

Sadr ash-shariʼa xonadoni vakillari haqidagi qisqa qaydlar Temuriylar davri tarixchisi Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida ham eslatilgan. Muallif 1309-yil xususidagi maʼlumotlarga toʻxtalganda mavlono Toj ash-shariʼa Abu Abdulloh Umarning Karmanada vafot etgani haqida yozadi. Shuningdek, 1329-yil maʼlumotlarida Burxon ash-shariʼa Mahmudning Karmanada vafot etishiga doir qaydlarni keltiradi.

Sadr ash-shariʼaning qizi Tegina begim esa taxminan 1318-yilda tugʻilgan, 1334-yilda Amir Temur otasi Amir Taragʻay Bahodirga turmushga chiqqan va bu nikohdan keyinchalik Temurbek (Amir Temur) tugʻilgan. Tegina begim 1353-yilda Xoʻja Ilgʻorda (Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan qishloq) vafot etgan. Amir Taragʻay Bahodir va Tegina begim nikohi xususidagi maʼlumotlar aynan Amir Temur va Temuriylar davrining asosiy manbalaridan oʻrin olmagani sababli ayrim xorij tadqiqotchilari, jumladan, Beatrice Forbes Manz bu maʼlumotni afsonaviy yoki Amir Temur avlodlari tomonidan shajarani “diniy nufuzli qilish” maqsadida oʻylab topilgan deb talqin qilinadi. Biroq koʻpchilik sharqshunoslar va hanafiy tarixchilar mazkur aloqani qabul qilishadi va Ubaydulloh ibn Masʼud al-Mahbubiy sohibqiron Amir Temurning ona tomondan bobosi sifatida tan olinadi.

Sadr ash-Shariʼa al-Asghar (Ubaydulloh ibn Masʼud al-Mahbubiy) XIV asr, Movarounnahrning yetakchi hanafiy olimi boʻlib, fiqh, usul al-fiqh va astronomiya sohasida muhim iz qoldirgan. Uning va ajdodlarining qoldirgan ilmiy merosi – oʻnga yaqin fiqhiy asarlari hanafiy taʼlim tizimida asrlar davomida asosiy oʻrin egallagan. Sadr ash-shariʼa xonadonining barlos qabilasi yetakchilaridan boʻlgan Amir Taragʻay oilasi bilan qarindoshligi va bu nikohdan Amir Temurning tugʻilganligi uning shaxsiyati va sohibqiron barpo qilgan imperiyaning diniy-maʼnaviy asoslarini tushunishda muhimdir. Bu aloqa Amir Temurning nafaqat harbiy, balki madaniy va diniy merosini ham boyitgan omil sifatida qaralishi mumkin.

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori