Har qanday sanʼat asari keng ommaga moʻljallangani, badiiy tafakkur va estetik dunyoqarashni shakllantirishi, chin insoniy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sanʼat tarixida inson ruhiy olamini boyitishda muhim oʻrin tutgan juda koʻp tasviriy sanʼat asarlari yaratilgan. Ular hamma zamonda ham oʻzining kompozitsion yechimi, badiiy saviyasining yuksakligi bilan tomoshabinni jalb etib kelgan, hayotiy voqea-hodisalarni aks ettirgani, tushunarli boʻlgani bilan shuhrat qozongan. Chunki bunday sanʼat namunalarida kompozitsiyaning muhim qonuniyatlaridan biri boʻlgan oʻxshatish qonuni yetakchi mazmun-mohiyat kasb etadi.

Davrlar oʻzgaradi, inson va uning tafakkuri, qiziqishlari, dunyoqarashida ham yangilanishlar boʻladi. Kechagi tasviriy usullar bugun oʻz mavqeini, ehtimol, toʻliq saqlab qola olmas. Shu bois musavvirlarning sanʼat sohasida yangi-yangi usullarni oʻylab topishi, oʻzgacha tasviriy vositalardan foydalanishi, eksperimentlarga qoʻl urishi tabiiydir. Ayni hayotiy jarayon tufayli XIX asr oxiri va XX asr boshlarida sanʼatdagi tahliliy qarashlar va oʻzgarishlar natijasida koʻpgina oqim va yoʻnalishlar – fovizm, kubizm, futurizm, ekspressionizm, abstraksionizm, syurrealizm va boshqalar paydo boʻldi (Сокольникова Н. История изобразительного искусства. Том 1. Москва, 2007). Ularda tasviriy ijoddagi mavjud qarashlar, ideallar va anʼanalar inkor qilinib, yangicha kompozitsion yechimlar izlash, oʻzgacha tendensiyalarga intilish ustuvorlik qilar edi.

Modernistik sanʼat tarafdori boʻlgan ijodkorlar bugungi kunda ham koʻpchilikni tashkil qiladi va, tabiiyki, ular yaratayotgan asarlarda tasviriy sanʼat kompozitsiyasidagi ayrim qonuniyatlar, deylik, oʻxshatish qonuni toʻlaligicha oʻz ifodasini topmaydi.

Koʻpincha shunday savollarga javob topishga toʻgʻri keladi: sanʼatda har doim ham barcha tasvirlar tushunarli boʻlmasligi, u haqdagi asl tasavvurlarimizga sigʻmasligi mumkinmi?

Abstraksionizm tarafdorlari asarda tasvirlangan narsalarni toʻliq taʼriflab oʻtirmaslik kerakligini, uni koʻrgan tomoshabin oʻzi nimani xohlasa, oʻshani tushunib olaverishi lozimligini taʼkidlaydi. Modernistik oqimning boshqa yoʻnalishlariga mansub baʼzi ijodkorlar asarlarida esa narsalar yoki bizni qurshab turgan olam nihoyatda boʻrttirib tasvirlanadi. Pablo Pikasso, Salvador Dali asarlari bunga misol. Ularning kompozitsion yechimi ham kishini oʻylantirib qoʻyadi.

Sanʼatda “Agarda shu vaqtgacha bu narsa qilinmagan boʻlsa, oʻsha narsani qilish kerak” degan formula paydo boʻlishi ayrim sanʼat asarlarining ajralib chiqishiga olib keldi (oʻsha manba, 121-bet). Shu yoʻsinda bu aqida tarafdorlari asarlarni sifatiga qarab emas, boshqa mezonlarga koʻra baholashni taklif qiladi. Lekin maʼlum baholash mezonlarini qoʻllamasdan turib, “yaxshi” asarni “yomon”idan ajratish mumkinmi? Aynan ana shu asarning yuzaga kelish chegarasi qayerda? Chunki har xil boʻyoqlarni sepish yoki qora kvadrat chizish hammaning qoʻlidan keladi. “Buni men ham qila olaman!” deydi oʻjarlik bilan avangardizmga qarshi boʻlganlar. Shunday ekan, avangard yoʻnalishdagi baʼzi asarlar bahoning aniq mezonlari boʻlmagani uchun barchaga ochiq hisoblanadi.

Avangard uslubidagi asarni qanday qilib baholash mumkin, degan savol koʻndalang turaveradi. Bunga javoban, eng avvalo, mazkur asar gʻoyasini tomoshabin baholashi kerak, deb aytgan boʻlardik.

Badiiy asarda tasvirlanayotgan voqelik anʼanaviy yoʻnalishdagi sanʼat asarlariga xos kompozitsiya qonuniyatlariga toʻliq mos kelmasligi mumkin. Ammo u qanday sanʼat asari boʻlmasin, hayotning biror-bir jabhasini aks ettirishi, qaysidir qonuniyatga asoslanishi kerak.

Boisi, “Kompozitsiya qandaydir qotib qolgan, dogmatik tushuncha emas. Fanda aniq qonunlar bor. Sanʼatda esa har qanday aniq qonun ham oxirigacha toʻliq tatbiq qilina olmasligi mumkin: har doim erkin ijod uchun unda ozgina joy qoladi”, deb aytgan edi rassom-pedagog A.Burov. Haqiqatan ham, biz bilgan ayrim sanʼat namunalarida tasviriy sanʼatga taalluqli baʼzi qonuniyatlar buziladi, ularga zid holda tasvirlar, oʻziga xos kompozitsiyalar yaratiladi. Sababi oddiy: bu kabi sanʼat asarlari ham oʻz muxlisiga ega...

Nurmon BERDIYEV,

Toshkent Arxitektura va qurilish

instituti katta oʻqituvchisi 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son