Turkiyada boʻlib oʻtgan IV Jahon madaniyatlari festivali va xalqaro netvorking koʻrgazmasida Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ham oʻz milliy stendi bilan ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ikki ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan mazkur xalqaro tadbir mamlakatimizning boy madaniy merosi, milliy anʼanalari, turistik imkoniyatlari va gastronomik salohiyatini keng namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbekiston stendida milliy kiyimlar, esdalik sovgʻalari, mahsulotlar, axborot materiallari hamda diqqatga sazovor maskanlar va turistik yoʻnalishlarga bagʻishlangan videomateriallar taqdim etildi.
Shuningdek, palov, somsa, manti va boshqa taomlar namoyishi orqali xorijiy mehmonlar oʻzbek milliy oshxonasi, urf-odatlari va mehmondoʻstlik anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.
Tadbir davomida milliy stendga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda xalqaro koʻrgazma ishtirokchilari bilan muloqotlar oʻtkazildi. Suhbatlar chogʻida Oʻzbekistonning tarixiy obidalari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, gastronomik turizm imkoniyatlari va eksportbop milliy mahsulotlari haqida maʼlumot berildi.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekistonni barcha fasllarda sayyohlar uchun jozibador yoʻnalish sifatida targʻib qiluvchi “Oʻzbekiston – 365 kun” tashabbusiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizning yil davomida sayohat qilish, tarixiy-madaniy meros bilan tanishish, milliy taomlardan bahramand boʻlish va turli turistik yoʻnalishlarni kashf etish imkoniyatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.