Tugʻilganingizdan beri qorongʻi gʻorda zanjirband holda oʻtiribsiz. Orqangizda olov yonmoqda, oldingizda esa faqat devor. Butun hayotingiz davomida koʻrgan yagona narsa bu – devordagi soyalar. Kimdir yuradi, kimdir buyum koʻtaradi, siz esa faqat ularning soyasini koʻrasiz va bu soyalarni haqiqat deb oʻylaysiz.
2400 yil oldin, yunon faylasufi Suqrot gʻor haqidagi masal orqali inson aqlining eng katta sirini ochib bergan edi. Bugungi kunda esa, bu masal miyamizning qanday ishlashini tushunish uchun hayratlanarli darajada mos keladi.
Sababi, miyamiz ham xuddi oʻsha gʻorga oʻxshaydi. U bizga haqiqat deb koʻrsatadigan koʻp narsalar aslida soyadan boshqa narsa emas. Eng ajablanarlisi shuki, bu holatni miyamizning oʻzi ongli ravishda yuzaga keltiradi. Bugun biz aynan shu jarayonda eng koʻp uchraydigan mantiqiy xatolar va kognitiv ogʻishlarni koʻrib chiqamiz.
Miyaning sirli teatri
Tasavvur qiling, ikki kishi sizga bir xil gapni aytadi. Biri eng yaqin doʻstingiz, ikkinchisi esa yoqtirmaydigan odamingiz. Soʻzlar bir xil boʻlsa-da, siz ularni turlicha qabul qilasiz. Biri sizga toʻgʻri eshitiladi, ikkinchisi esa notoʻgʻridek tuyuladi.
Yoki boshqa holat: yangi telefon sotib olmoqchisiz. Birinchi koʻrgan narxingiz miyangizda “langar” boʻlib qoladi va keyingi barcha narxlarni ana shu birinchi raqam bilan solishtirasiz.
Bu tasodif emas. Bu sizning miyangiz sahnalashtirayotgan ichki teatr. Gʻordagi soyalar qanday aldovchi boʻlsa, miyangiz ham sizga har kuni oʻnlab “soxta haqiqatlar”ni namoyish etadi. Siz oʻzingizni mantiqli kishi deb hisoblaysiz, lekin koʻp hollarda qarorlaringiz aynan shu soya teatrining mahsuli boʻladi.
Gʻordagi nur
Oʻtkan asr oxirida psixologlar Deniel Kahneman va Amos Tverski qadimiy falsafiy haqiqatni ilmiy dalillar bilan isbotladilar. Ushbu kashfiyotlari evaziga Kahneman 2002-yilda Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga ham sazovor boʻlgan. Ularning tadqiqotlariga koʻra, miya ikki xil tizimda ishlaydi:
● Birinchi tizim – tez, hissiy va avtomatik. U devordagi soyalarni haqiqat deb qabul qiladi. Suqrot aytganidek, u gʻorning ichida qoladi.
● Ikkinchi tizim – sekin, ammo chuqur fikrlaydi. U gʻordan chiqib, yorugʻlikdagi haqiqatni koʻrishga harakat qiladi.
Afsuski, bizning ongimizda birinchi tizim koʻproq ustunlik qiladi. Aynan shuning uchun biz oʻzimiz sezmasak ham tez-tez notoʻgʻri qarorlar qabul qilamiz. Bu degani, biz har doim ham mantiqiy qarorlar qabul qilmayapmiz.
Endi esa soʻzlar va manipulyatsiyalar orqali mantiqiy xatolar qanday shakllanishiga bir qancha misollar orqali nazar tashlaymiz.
Devordagi 5 soya: Eng keng tarqalgan mantiqiy xatolar