Falsafaning biror yoʻnalishi yoʻqki, Arastu asar yozmagan boʻlsin. Fanning biror sohasi yoʻqki, uning tarixi Arastuni chetlab oʻtsin. Biror faylasuf yoʻqki, Arastu gʻoyalarichalik turlicha talqin qilingan, uningchalik maqtalgan va ayni choqda, laʼnatlangan boʻlsin. Insoniyat tafakkuri taraqqiyotiga bemisl hissa qoʻshgan va taʼlimoti umuminsoniy maʼnaviy boylikka aylangan ushbu faylasuf, qomusiy olim tavalludining 2400 yilligi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda nishonlanmoqda.

Xoʻsh, nega Arastuni buyuk deya alqaymiz? Nimasi buyuk uning? Axir, u emasmidi buyuk yolgʻonlarning ham asrlar osha yashashiga yoʻl ochib bergan? Arastuning fizik olam haqidagi qarashlari bugungi kun nuqtayi nazaridan xatoga toʻla emasmi? Nachora, xato qilmagan buyuk zot yoʻq va buyuklik xatoning oz-koʻpligi bilan ham oʻlchanmaydi.

Arastu falsafasi moslashuvchan falsafa edi. Islomiy Arastu, nasroniy Arastu, yahudiy Arastu, majusiy Arastu – bular haqiqiy Arastuning turfa “qiyofa”laridir. Turli dinlar uning falsafasini (ayniqsa, fizika va metafizikasini) oʻziga muvofiqlashtirgan va uning mantigʻidan oʻz aqidalarini ratsional asoslashda foydalangan. Arastu boʻlmaganda, deylik, nasroniy va islomiy falsafa hozirgi koʻrinishini olarmidi? Gʻarbda sxolastika va uning doirasida bilim va eʼtiqod munosabatiga doir bahslar, nominalizm va realizm vujudga kelmas edi. Nominalizm va realizm kurashisiz Uygʻonish davri falsafasi pishib yetilmasdi. Yangi davrdagi empiritsizm va ratsionalizm oʻrtasidagi kurash ham aslida nominalizm – realizm bahsining mantiqiy davomi boʻlganini hisobga olsak, Arastu taʼsiri bu davrda ham falsafani tark etmagan.

Toʻgʻri, Arastu Aflotunsiz bu qadar yuksak maqomga chiqolmas edi. XII asrga – Ibn Sino, Ibn Rushd, Maymoniy kabi Sharq faylasuflari asarlari kirib borgunga qadar nasroniy olami Arastuni deyarli unutgan, bu din ilohiyoti esa asosan Aflotun va yangi aflotunchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgan edi.

Arastuning Gʻarbni qayta zabt etishi oson kechmadi – ilk arastuchilar bidʼatchilikda ayblandi. Arastu falsafasidagi materializm va ratsionalizmni hukmron nasroniy ilohiyotiga muvofiqlashtirish oson emas edi. Uning mantigʻi va fizikasi nuqtayi nazaridan esa baʼzi nasroniy aqidalar absurdga aylanib qolardi. Shunday sharoitda nasroniy olami aql va eʼtiqodni oʻzaro kelishtirish yoʻllarini qidira boshladi.

Gʻoyalarning, abstrakt tushunchalarning real mavjud ekani-yu konkret narsa va hodisalarning shunchaki “sharpa” ekani haqidagi Aflotun qarashlarining Arastu tomonidan tanqid qilinishi va shu negizda boshlangan bahs nasroniy diniy aqidalari kontekstida yangicha koʻrinish olib davom etdi. Arastu falsafasi nasoro ilohiyotchilari oʻrtasida ratsional munozaralarga turtki berdi. Bibliyani soʻzi emas, ruhidan kelib chiqib talqin qilish tendensiyasi kuchaydi. Ovrupoda Renessans uchun qulay madaniy muhit hozirlandi.

Arastu falsafasining qamrovi va mahobatini namoyish qilmoq uchun birgina maqola ne, yirik monografiyalar ham yetarli emas. Biz quyida Arastuning ilmiy bisoti va bu merosning faylasuf vafotidan keyingi taqdiriga bir qur nazar tashlamoqchimiz.

* * *

“Inson tabiatan bilimga tashnadir”. Bu tashnalik qanday qondiriladi – shiftdagi dogʻlarning sonini sanash bilanmi yoki olamning fundamenal qonunlarini kashf qilish bilanmi? Oqilona qiziquvchanlik va bilimga mubtalolik insoniyat erishgan yutuqlarning oʻq tomiridir. Arastu uchun yashashning maqsadi ham, vositasi ham aynan bilish edi. Uningcha, insonning insonligi uning ongi faoliyati bilan chambarchas bogʻliq. Bilish esa ana shu faoliyat maqsadi sifatida asl insonni yaratadi. Axloqning ham, baxtning ham, farovonlikning ham asosi bilimdir. Antik davr yunon falsafasi tayanchi aynan shu gʻoya boʻlganini alohida taʼkidlash lozim. Zero, Arastu ana shu anʼanani haddi aʼlosiga yuksaltirgan mutafakkir edi. Yana shuni ham taʼkidlash oʻrinliki, yunonlar nazarda tutgan bilishning (scientia) birlamchi vositasi mifologik rivoyatlar ham, oʻtmish ajdodlar nufuzi ham, mistik tajriba ham emas, balki aql va hissiy tajriba edi. Ana shu jihati bilan yunon falsafasi oʻsha davrdagi boshqa falsafiy anʼanalardan birmuncha oldinda turadi.

Arastu shu anʼananing mahsuli edi. Oʻz navbatida, u bu anʼanani shu qadar yuksaltirdiki, uning taʼsiri ming yillarga uzandi. U Aflotun idealizmini Demokrit materializmiga muvofiqlashtira oldi. Bu jihatdan uni ratsionalizm va empiritsizmni sintezlagan (“kopernikona toʻntarish”) Immanuel Kantga qiyoslash mumkin. Arastu falsafasida moddiyatga ham, ruhoniyatga ham oʻrin berilgani uni hammabop faylasufga – dini va millatidan qatʼi nazar, barchaning “birinchi muallim”iga aylantirdi.

Arastu ratsional asosdagi chinakam falsafa vujudga kelganidan qariyb uch asr keyin yashagan. U vaqtda dunyo sir-sinoatga boy edi. Yunon falsafasi (Fales, Anaksimen, Anaksagor) tabiatni, uning oʻzgarmas, fundamental asoslarini kashf qilishga urinishdan boshlandi. Keyinchalik izlanishlar doirasi kengayib, inson va jamiyatni (sofistlar, Suqrot, Aflotun) ham qamrab oldi. Bu ikki yoʻnalishning qoʻshilishi esa Arastu falsafasida kuzatiladi. Shuning uchunmi, u tadqiqot sohasi eng qamrovdor faylasufga aylandi.

Tadqiqotchilar Arastu yozgan asarlar soni ikki yuztaga yetishi, ulardan oʻttiz bittasigina bizgacha yetib kelganini aytadi. Allomaning antik davrda yashagan biograflari esa asarlar sonini turlicha koʻrsatgan. Masalan, Diogen Laersiy (III asr) 143 ta, Isixiy (VI asr) 187, Ptolemey al-Gʻarib (IV asr) 99 ta. Bir roʻyxatdagi baʼzi asarlar ikkinchisida berilmagan. Masalan, Diogen Laersiy roʻyxatiga Arastuning baʼzi yirik asarlari (“Jon haqida”, “Nikomax etikasi”, “Metafizika”) kiritilmagan. Shunday boʻlsa-da, asarlarning mazmuni ochiqlanmagani bois, bu roʻyxatlarga muayyan asar kiritilgan yoki yoʻqligini aniq aytish qiyin. Chunki asarlar bir necha marta qayta tartiblangan va nomlari oʻzgargan. Ular orasida til va mantiq, etika va estetika, siyosat va huquq, zoologiya va botanika, kimyo, astronomiya va mexanika, teologiya, metafizika va bilish nazariyasi, hattoki Olimpiya oʻyinlari gʻoliblari va Nil daryosi haqidagi asarlar ham bor.

Shuni eslatib oʻtish joizki, Arastu oʻzgalar oʻqishi uchun kitob yozmagan, undan qolgan asarlar oʻzi maʼruzalarida foydalangan qaydlar, xolos. Ular bugun qoʻlimizdagi yirik asarlar holida keyinchalik tartiblangan. Shu bois ularning yozilish sanasini aniq xronologik tartiblash mushkul. (Asarlarda bir-biriga berilgan havolalar, oʻsha davrdagi tarixiy voqealarning esga olinishiga koʻra ularning yozilish ketma-ketligi nisbiy aniqlanadi.) Bir necha asarlar qoʻshib yaxlitlangan yoki paragraflar mavzusiga koʻra bir asardan boshqasiga oʻtkazilgan. Xoʻsh, bu qachon va kimlar tomonidan amalga oshirilgan?

Muhojir  faylasuf

Arastuning Afinadagi hayoti ikki davrga boʻlib oʻrganiladi. Birinchi davrda (mil. avv. 367–347) u Aflotun akademiyasi tinglovchisi boʻlgan, ikkinchi davrda (mil.avv. 335–323) Aleksandrning homiyligida shu yerda oʻrnashib, oʻz maktabi – Litseyga asos solgan. Arastu, garchi umrining yarmidan koʻpi oʻsha yerda oʻtgan esa-da, Afina fuqarosi boʻlmagani bois, huquqlari cheklangan edi. Masalan, xususiy yer-mulkka ega boʻlolmasdi. Maktabi uchun ajratilgan joy ham ijaraga olingan edi. Arastuning, Suqrot va Aflotundan farqli oʻlaroq, afinaliklar orasida eʼtibori yuqori boʻlmagan. Buning ustiga, afinaliklar orasida makedoniyaliklarga qarshi kayfiyat kuchayib borgan. Arastuga, Aleksandrning hammaslagi boʻlmasa-da, bosqinchining ustozi va maʼnaviy rahnamosi sifatida qaralgani ham mutafakkirning Afinadagi hayotini chigallashtirgan. Miloddan avvalgi 323-yili Aleksandrning toʻsatdan vafot etishi Arastuni qudratli homiydan judo qildi. Afinada yashash endi uning uchun yanada xavfli boʻlib qoldi. Uni Suqrot kabi bidʼatchilik va dahriylikda ayblovchilar paydo boʻldi. U afinaliklar “ikkinchi marta falsafaga qarshi jinoyat qilmasliklari uchun” shaharni tark etadi. Suqrotning oʻldirilishi birinchi jinoyat edi desak, Arastuga nima xavf solgani ayonlashadi.  

Shundan soʻng Evbeya orolidagi Xalkis shahriga koʻchib oʻtadi va oʻsha yerda miloddan avvalgi 322-yili, aksar tadqiqotchilar fikriga koʻra, oshqozon-ichak yoʻllaridagi surunkali kasallikdan vafot etadi. Arastudan katta kutubxona meros qolgan. Strabonning yozishicha, u qoldirgan kutubxona keyinchalik Aleksandriya kutubxonasiga andaza boʻlgan. “U biz bilgan kitob toʻplagan birinchi shaxs edi. Misr hukmdorlari undan namuna oldi”.

Arastuning kutubxonasida oʻzinikidan tashqari boshqalarning asarlari ham boʻlgan. Maʼlumki, Arastu qaysi muammoni tadqiq etmasin, uni oʻzigacha kimlar oʻrgangani bilan qiziqqan, ularning nomlarini tilga olib oʻtgan, argumentlarini tahlil qilgan. U, shuningdek, zoologiya, geografiyaga doir fikrlarini asoslash uchun faktlar toʻplagan va bunda oʻz kuzatuvlaridan tashqari boshqalar bergan maʼlumotlarga ham suyangan. Ustozi Aflotundan farqli oʻlaroq, Arastuning tabiatshunoslikka astoydil qiziqqani, empirik bilishni qadrlagani ham kitob toʻplashiga sababdir ehtimol. Xoʻsh, bu kutubxonaning kelgusi taqdiri nima boʻlgan? Biz mutolaa qilayotgan Arastu asarlari qanday qilib bugungi koʻrinishga keldi?

Sarson  boʻlgan  kitoblar

Strabon Arastu kutubxonasi haqida bunday yozadi: “Suqrotga izdosh faylasuflar Erast, Korisk va uning Arastu hamda Teofrastning shogirdi boʻlmish oʻgʻli Neley skepsislik edi. Neley Teofrastning kutubxonasi va unga qoʻshib Arastu kitoblarini ham meros qilib oldi. Arastu oʻz kitoblari va maktabini Teofrastga vasiyat qilgan edi... Teofrast kitoblarni Neleyga topshirdi, u esa kitoblarni Skepsisga  olib ketdi. Neley vafotidan soʻng kitoblar johillar qoʻliga oʻtdi. Ular kitoblarni yashirib, qarovsiz tashlab qoʻydilar. Skepsisliklar attal qirollari kitoblarni izlayotgani, Pergam kutubxonasini boyitish niyatida ekanini bilib, kitoblarni chuqurga koʻmib qoʻydilar. Kitoblar mogʻor bosib, qurtlarga yem boʻlib yotdi. Soʻng neleyzodalar ularni kitob toʻplovchi Taoslik Apellikontga sotib yubordi. Apellikont faylasuf emas, shunchaki kitobsevar kishi edi. U kitoblarning qurt yegan qismlarini tiklash uchun asl matndan nusxa koʻchirdi, yoʻqolgan joylarini xato yozilgan talay qoʻshimchalar bilan toʻldirdi... Apellikont vafotidan soʻng Sulla Afinani bosib oldi, kutubxonani esa oʻzi bilan olib ketdi”. Strabon kitoblarning Afina – Skepsis – Afina – Rim yoʻnalishida koʻchib yurgani tarixini bayon qilmoqda. Kutubxona miloddan avvalgi 84-yili Rimga olib ketilgan.

Shu oʻrinda Apellikontning zararlangan kitoblarni toʻldirish asnosida ularni buzib qoʻygani haqidagi maʼlumotga diqqatni qaratish lozim. Oʻsha kitoblar aynan Arastu qalamiga mansubmidi? Yuqorida aytdikki, faylasuf kutubxonasida uning oʻz asarlaridan tashqari boshqa mualliflarning talay kitoblari ham boʻlgan. Keyinchalik ular qatoriga Teofrastning asarlari va u toʻplagan kitoblar ham qoʻshilgan. Apellikont ularning hammasini sotib olgan. Strabon esa undagi baʼzi kitoblarga xato tuzatish kiritilganini yozgan. Biroq ular aynan Arastuning asarlari boʻlganiga yetarli asos yoʻq.

Kitoblarning Rimga keltirilgunga qadar boʻlgan kechmishi haqida soʻzlovchi boshqa tayinli va ishonarli tarixiy manbani uchratmadik. Tadqiqotchilar orasida Strabon bergan xabarning toʻgʻriligiga shubha qiluvchilar boʻlsa-da, peripatetiklarning (arastuchilar) muxoliflari bu maʼlumotlarni atay boʻrttirishi aytilsa-da, shu sohaga doir aksar kitoblarda unga tayaniladi. Shunday qilib, shaharma-shahar koʻchib, sarson boʻlgan kitoblar Rimdagi kutubxonadan joy oldi. Ular oʻz tadqiqotchisini kutar edi.

Ilk  mukammal  toʻplam

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Arastu asarlarining aksari oʻzgalar oʻqishi uchun emas, balki oʻzi maʼruzalarida foydalanishi uchun yozilgan qaydlar edi. Bu qaydlar ortiqcha izohlarsiz va uzuq-yuluq boʻlgan. Shungami, uning uslubi Aflotunnikiga qiyoslaganda xiyla murakkabdek tuyuladi. U ijodining ilk pallalarida – Aflotun akademiyasi tinglovchisi boʻlganda sanoqli dialoglar yozgan, xolos. Ularning aksari bizgacha yetib kelmagan. Qolgan asarlari monolog shaklida, yaʼni uning oʻz tilidan naql qilingan.

Asarlar Rimga keltirilganda na sanasi va na mavzusi boʻyicha tartiblangan edi. Kitoblar orasidan Arastuga tegishlilarinigina ajratib olish, ularni odamlar bemalol oʻqiy oladigan holatga keltirish lozim edi. Strabon va Plutarx (46–120) bu ishga Rimdagi arastuchilar kirishganini yozadi. Avvaliga Tirannion ismli til va adabiyot muallimi bunga urinib koʻrgan. Biroq u biror natijaga erishganmi-yoʻqmi – bu haqda aniq maʼlumot yoʻq. Bu mushkul vazifani Rodoslik Andronik uddaladi. U Arastu va Teofrastning asarlarini mavzu boʻyicha tasniflab, tartibga keltirgan.

Andronikning hayoti va ijodi haqida deyarli maʼlumot yoʻq. Sitseron oʻziga zamondosh koʻplab faylasuflar haqida maʼlumot bersa-da, Andronik, uning Arastu asarlariga tartib bergani haqida lom-mim demaydi. Shunga koʻra, aksar tadqiqotchilar u miloddan avvalgi birinchi asrning ikkinchi yarmida yashaganini taxmin qiladi.

Yuqoridagi maʼlumotlarga asoslansak, Arastu asarlari Teofrastning vafotidan soʻng gʻoyib boʻlgan, oradan ikki asr oʻtgach, Rimda qayta kashf qilingan. Xoʻsh, ikki asr mobaynida peripatetiklar Arastu anʼanasini qanday davom ettirgan? Faylasuf taʼlimoti ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yurganmi? Arastushunos Georgios Anagnostopulosning yozishicha, Teofrastning vafotidan Andronikka qadar Arastu qoʻlyozmalari butunlay, hatto Arastu maktabidan ham gʻoyib boʻlishi mumkin emas. Litseyda, baʼzi kutubxona va shaxslarda ayrim qoʻlyozmalar nusxasi saqlangani ehtimoli bor. Aksar mutaxassislar fikricha, ayni shu davrda Afina, Rim, Kichik Osiyo va umuman Oʻrtayer dengizining sharqiy sohillaridagi shaharlarda Arastuga, uning gʻoyalariga qiziqish katta boʻlgan.

Qoʻlyozmalarning “gʻoyib boʻlishi”, ikki asr oʻtgach qayta kashf qilinib, mukammal toʻplamlar holiga keltirilishi haqidagi maʼlumot ularning boshqa nusxalari ham boʻlgan, degan fikrni inkor qilmaydi, albatta. Andronik qoʻlyozmalarni tahrir qilib, bugun bizga tanish boʻlgan “Metafizika”, “Siyosat”, “Fizika”, “Nikomax etikasi” kabi asarlar shakliga keltirgan. Demak, aytish mumkinki, Arastu “Metafizika” kabi alohida traktatlar yozmagan, ular tarqoq qoʻlyozmalarning mavzuga koʻra toʻplamlaridir.

Andronikning oldida turgan eng mushkul vazifa – Arastu asarlarini boshqalarnikidan ajratib olish edi. Arastuning uslubi, tili, gʻoyalaridan puxta xabardor muharrirgina bu ishni eplay olardi. Andronik Rim peripatetiklari orasida eng bilimdonlaridan boʻlgan, oʻzi ham falsafiy asarlar bitgan. Biroq u qoʻlyozmalarni nechogʻli tahrir qilgani bizga nomaʼlum. Porfiriy Plotin asarlarini qayta ishlab tartib berishda Andronikka taqlid qilganini yozadi. Porfiriyning ishlari asosida Andronikning tahrir uslubi haqida birmuncha tasavvur hosil qilish mumkin.

Andronik Arastuni mantiqan izchil fikrlovchi faylasuf deb bilgan va uning tarqoq qoʻlyozmalarida bu aks etishiga ishongan. Ayni ishonchga asoslagan holda ularni tahrir qilgan. Arastuning “Birinchi analitika” va “Ikkinchi analitika” asarlaridagi deduktiv mulohazalar va aksiomatik metodga doir fikrlarni nazarda tutsak, u haqiqatan ham mantiqiy izchillikka alohida eʼtibor qaratgan. Biroq shunday izchillik uning asarlarida haqiqatan ham boʻlganmi yoki Andronik bunga qattiq ishonganidan tahrir jarayonida oʻzi bilib-bilmay, zoʻrma-zoʻrakilik bilan ularni tartibga solib qoʻyganmi – bizga qorongʻi. Arastuga Andronik “koʻzoynagi” orqali qarashga majbur ekanmiz – qoʻlimizdagi barcha asarlar uning tahririga asoslanadi – bu savolga ishonarli javob berish dushvor. Boz ustiga, Arastuda butun boshli izchil falsafa birdan paydo boʻlmagandir? U ham muayyan rivojlanish bosqichidan oʻtgan, binobarin, turli davrlarda yozilgan asarlar oʻrtasida tafovutlar boʻlishi kerak emasmi? Bizningcha, shu masala – arastushunoslikning hal etilmagan muammolaridan biri. Har nima boʻlganda ham, Andronik maʼlum maʼnoda Arastuni bizga tanitgan, u haqdagi qarashlarimizni shakllantirgan. Bunga ishonch hosil qilish uchun Arastuning “Metafizika”si qanday tartiblanganiga eʼtibor qarataylik.

“Metafizika” bir-biriga yaqin mavzudagi, ammo mustaqil oʻn toʻrt kitobdan tashkil topgan boʻlib, har biri yunon alifbosining oʻn uch harfi bilan belgilangan. Kitoblar raqamlab ajratilgan boblardan iborat. Bu bir qarashdayoq turli davrlarda yozilgan qoʻlyozmalar toʻplami ekani seziladi. Arastu bu nomda asar yozmagan va umuman “metafizika” degan tushunchaning oʻzi Arastu falsafasi leksikonida yoʻq. (Aflotunda ham uchramaydi.) Bugungi kunda “metafizika” deganda moddiy borliqdan tashqarida, undan yuqori turuvchi borliq haqidagi qarashlar tushuniladi. Biroq buning Arastu “Metafizika”siga daxli yoʻq. Aftidan, Andronik Arastu asarlarini toʻplashda avvaliga tabiat haqidagi qoʻlyozmalarni fizika, zoologiya kabi yoʻnalishlar boʻyicha tartiblagan, ulardan ortib qolgani esa “Metafizika” – “fizikadan keyin” nomi bilan bir kitobga jamlangan. Ular maʼlum maʼnoda fizikaning mantiqiy davomi-yu, biroq aynan fizika emas. Oʻquvchi avval fizikani oʻrganib, soʻng metafizikaga oʻtishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlishi ham mumkin.

Arastu “metafizika” atamasini qoʻllamagan boʻlsa ham, uning oʻrnini bosuvchi “birinchi falsafa”, “hikmat” kabi istilohlarni ishlatgan. Borliqning birlamchi, oʻzgarmas asosini, mavjudning mavjudligini belgilab beruvchi xususiyatni axtarish shu yoʻnalishdagi falsafaning maqsadi boʻlgan. “Birlamchi asos” esa materiya ham, ruh ham yoki yoʻqlik ham boʻlishi mumkin. Borliqning yagona asosi – materiya deguvchi faylasuf ham, agar u shu xulosaga falsafiy tafakkur vositasida kelgan boʻlsa, metafizik deb atalishi mumkin. Qolaversa, sabab va oqibat, potensiallik va aktuallik, mohiyat va shakl kabi tushunchalar moddiy borliqqa ham bevosita daxldor. Shu maʼnoda, metafizikani tabiatdan, moddiy borliqdan yuqori turuvchi asos haqidagi taʼlimot deyish uning qamrovini toraytiradi. Xullas, “metafizika” atamasini Andronik ilk bor alohida traktat nomi sifatida falsafaga olib kirgan.

Qolgan traktatlar ham “Metafizika” kabi asosan toʻplamlardir. “Baʼzi traktatlarning tuzilishini Arastuning oʻzi belgilagan boʻlsa, qolganlari muharrirlar mehnati samarasidir. “Nikomax etikasi” tuzilishida noizchilliklar bor, “Metafizika” esa yaxlit traktat emas, esselar majmuasidir”. Arastu ularni turli vaqtlarda va turli vaziyatlarda yozgan. Baʼzi traktatlar, mavzusiga koʻra, bir-biriga juda yaqin va bir-birining mantiqiy davomi. Masalan, “Siyosat”ni “Nikomax etikasi”ning davomi desak xato boʻlmaydi. “Metafizika”ni istalgan joydan oʻqib ketaverish mumkin. “Fizika”da bugungi kunda metafizik masala hisoblangan koʻplab savollarga javob izlangan. Yaʼni bugungi kun nuqtayi nazaridan, bu kitob ham metafizik asardir.

Andronik kitoblarni tartiblaganda Arastuning ilmlar tasnifiga muvofiq ish tutgan. Shu bois asarlarni quyidagicha shaklda guruhlash mumkin:

Organon

Kategoriyalar

Talqinlar haqida

Birinchi analitika

Ikkinchi analitika

Topika

Sofistik raddiyalar

Nazariy ilmlar

Fizika

Vujudga kelish va yoʻq boʻlish haqida

Osmon haqida

Metafizika

Jon haqida

Tabiat haqida qisqacha traktatlar

Jonzotlar tarixi (yoki Zoologik tadqiqotlar)

Jonzotlar aʼzolari

Jonzotlar harakatlari

Meteorologiya

Jonzotlarning harakatlanishi haqida

Jonzotlarning paydo boʻlishi haqida

Amaliy ilmlar

Nikomax etikasi

Evdem etikasi

Axloqi kabir

Siyosat

Ijodiy ilmlar

Ritorika

Poetika

Falsafada metafizika (ontologiya – borliq falsafasi ham shuning ichida) va epistemologiya (bilish nazariyasi), etika va estetika, mantiq va naturfalsafa kabi yoʻnalishlar ana shu tasniflashlardan keyin paydo boʻla boshladi. Arastu traktatlari esa ushbu yoʻnalishlardagi muhim boshlangʻich manbalar qatoridan oʻrin oldi. Zamonaviy falsafadagi tarmoqlanishlar va falsafa taʼlimi ham Arastu taʼlimotiga asoslanadi desak, mubolagʻa boʻlmas. Bu tizimni Arastu yaratdi, Andronik uning ommalashuviga koʻmaklashdi. 

“Birinchi muallim” asarlari dunyoga kelishining muxtasar tarixi ana shunday. Keyinchalik ular boshqa tillarga tarjima boʻlib, Magʻribu Mashriqqa tarqadi. Sharhlar yozildi, hatto bir-biriga qarama-qarshi talqinlar paydo boʻldi. Uning “Organon”i bugun ham mantiqning oʻzagini tashkil qiladi. U ishlab chiqqan va izohlagan deduktiv mulohazalar sillogizmi oddiy aksiomalar, postulatlardan murakkab falsafiy taʼlimotlarning shakllanishi va asoslanishiga yordam berdi. Aslida bu metoddan Suqrot ham foydalangan boʻlsa-da, uning yaxlit ifodasi Arastuga tegishlidir. Shu maʼnoda, uni mantiqning otasi deyish mumkin. Arastuning poetikasi, etikasi yoki metafizikasi boʻlsin, bugungi kungacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. “Fizika” asarida oʻzgarish, aktuallik va potensiallik, sabab va oqibat, zamon va makon, boʻshliq haqidagi ontologik masalalar muhokama qilinganki, ular hozir ham oʻquvchini oʻylashga, fikrlashga undaydi. Arastuning zoologiya va kosmologiyaga oid koʻplab fikrlari xato boʻlib chiqsa-da, gʻayriilmiy emas edi. Ularni tekshirish, baholash, ratsional yoki empirik jihatdan inkor qilish yoki tasdiqlash mumkin boʻlgan. Arastu mistikaga mukkasidan ketgan faylasuflar toifasidan boʻlmagan. U imkon qadar dalil va mantiqqa tayangan.

Arastu oʻz davri nuqtayi nazaridan ilgʻor faylasuf edi. Biroq uning izdoshlari orasida oʻz salafiga mutaassiblarcha eʼtiqod qoʻyganlar paydo boʻldiki, bu holat Renessans davriga kelib, Arastuni ancha obroʻsizlantirdi, uni taraqqiyot “dushmani”ga aylantirdi. Ikki ming yil muqaddam yashab oʻtgan odam taraqqiyot dushmani boʻlishi mumkinmi? Shu bois, bizningcha, Arastu va arastuchilikni bir-biridan farqlash lozim. Arastu mutlaq, oʻzgarmas haqiqatga daʼvo qilmagan. U oʻz gʻoyalarini imkon qadar asoslashga uringan. Uning bilishga, oʻrganishga, izlanishga boʻlgan munosabati emas, balki fikrlari, qarashlari mutlaqlashtirildi, holbuki, aksincha boʻlishi lozim edi. Shu maʼnoda, arastuchilarda Arastu falsafasining gʻoyalari bor-u, ammo uning ruhi, gʻayrati yoʻq edi. Arastuchilarning keskin tanqidiga uchragan Galileo Galileyning ritorik savol shaklidagi eʼtirofi diqqatga loyiq: “Agar Arastu koinot borasida qilingan yangi kashfiyotlardan boxabar boʻlganida oʻziga koʻr-koʻrona ergashgan kaltabinlardan uzoqlashib, oʻz fikrini oʻzgartirishi, asarlaridagi xatolarni tuzatishi, eng maʼqul gʻoyalarni qabul qilishiga shubhangiz bormi?” Arastudek faylasuflar haqiqatni bilishga samimiy, xolis intilish bilan yashagan. Ana shu intilishning oʻzi ular yoʻl qoʻygan xatolarni oqlashga kifoya qiladi.

Arastushunos Jonatan Bernes ulug‘ faylasuf asarlarini mutolaa qilmoqchi boʻlganlarga bunday maslahat beradi: “Istalgan biror traktatni oling, ularni maʼruza uchun yozilgan qaydlar deb va oʻzingizni maʼruzaga tayyorlik koʻrayotgan muallim deb tasavvur qiling. Siz qaydlardagi argumentlarni kengaytirishingiz, misollar bilan boyitishingiz kerak... U nima demoqchi? Berilgan fikrlardan yana qanday mantiqiy xulosalar chiqarish mumkin? Bu xos atamalar nimaga kerak?” Bu kabi savollar orqali biz falsafaning muhim muammolari ichiga kirib boramiz. Arastu mutlaq haqiqatdan soʻzlaguvchi mutafakkir emas. Uning qarashlari falsafiy izlanishlar uchun zarur debocha, xamirturush vazifasini bajargan va bajarajak. Arastu oʻz xatolari bilan ham yangi fikrlarga turtki bera oluvchi sanoqli faylasuflardan biridir.

Xurshid YOʻLDOSHEV

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.

    “Arastu  xazinasi”