Tong. Hovlimizda tarvaqaylab oʻsgan daraxt qora qalam bilan chizilganday xira koʻrinadi. Undan narida hayot alomati sezilmaydi. Qishloqda hukm surayotgan sukunatni ayvon chirogʻi yorugʻida muk tushib yelim idishga tovuq tuxumini joylayotgan onamning nasihati buzadi. Onam oq idishga tuxumlarni bittalab terib chiqar ekan, menga gap uqtiradi: “Uzoq yoʻlga yakka ketma, mol haydagan odamlarga qoʻshilib ol, katta yoʻldan chiqma, ariq tomondan yur, dala chetiga kul-pul toʻkilgan boʻlsa... tongda farishtalar yuradi deyishadi, baribir ehtiyot boʻl”.
Onamning gaplarini toqatsizlik bilan tinglab, tasdiq maʼnosida bosh irgʻab, xoʻp-xoʻp degancha koʻcha tomon yoʻl olaman. Salqin havodan etim junjikadi. Oʻng qoʻlimni qoʻltiqqa urib, chap qoʻlimda idishni koʻtarib yoʻlga chiqaman. Zum oʻtmay barmoqlarim sovuqdan hech narsa sezmay qoladi. Idishni oʻng qoʻlimga olib, yoʻl yoqasidagi katta ariq – tutqator tomonga oʻtaman. Oldinda ham tutlar qorayib koʻrinadi. Mol-qoʻy haydagan bozorchilarning chuh-chuhlagan ovozi va tuyoq tovushlari adogʻi koʻrinmas yoʻlda yolgʻiz emasligimdan dalolat, taskin beradi. Ayni dam olisdan azon eshitiladi. Odatda azon boshlanishi bilan choʻkkalab, uning tugashini kutar, keyin qoʻlimni fotihaga ochib, pichirlab duo oʻqirdim. Hozir... bir daqiqa boʻlsa ham bozorga oldinroq borish, tuxumlarni olibsotar xotinlarga pullab, roʻzgʻorlik qilib, uyga tez qaytish ilinjida kattaroq odimlayman. Shu tariqa yoʻl yarmiga yetganimda tong yorishadi. Endi chizgʻich bilan chizilgandek toʻgʻri yoʻlning adogʻi torayib tutqator va dala bir-biriga qoʻshilib ketganday koʻrina boshlaydi. Goʻyo sen yurganing sari u kengayib, bagʻrini ochayotganday...
Hayot, umrning qiymati haqida oʻylasam, negadir shu manzara koʻz oldimga keladi. Oʻzimni hamon oʻsha yoʻlda – onam joylab bergan tuxumlarni sindirib qoʻymaslik uchun yelim idishni mahkam tutib ketayotgandek tasavvur qilaman. Aslida ham umrimiz ana shu yoʻlga oʻxshaydi. Biz esa almisoqdan beri mangu yoʻlovchilarmiz. Ehtimol shu bois yoʻlga xuddi insonlardek munosabatda boʻlib, taʼbir joiz boʻlsa, uni mehrob kabi aziz sanaymiz.
Islom dinida ham yoʻlda yotgan ozor yetkazuvchi narsani olib tashlash savob amal ekani aytiladi. Xalqimiz yoʻl elning haqqi, unga xiyonat – tomorqaga qoʻshib olishni uyat, gunoh deb hisoblagan. Shu bois yaqin-yaqingacha maʼlum hududda yashovchi odamlarga yoʻlining ravonligi, keng yoki torligiga qarab ham baho berishgan. “Feʼli kengning yoʻli keng” degan naql ana shunday qarash hosilasi oʻlaroq yaralgan. “Yoʻli keng”lik esa baxt-saodatga ishora. “Koʻngliga yoʻl topdi”, “yoʻldan urdi”, “xudo toʻgʻri yoʻlga soldi” kabi iboralar inson umri ham adogʻi koʻrinmas, ammo yurilgan sari kengayib boraveradigan yoʻlga oʻxshashidan dalolat beradi.
Umr yoʻli esa dovga tikilgan. Uning adogʻida sizni nima kutishini, manzilga yetib borguncha qanday yoʻllarda sarson-u sargardon boʻlishingizni bilmaysiz. Bu xuddi biz – otamning ukasi Hakimxon akam va yana oʻn-oʻn besh chogʻli qishloqdoshlar Bobotoqqa qilgan safarimizga oʻxshaydi. Manzil – tog‘ olisdan koʻrinib turibdi, ammo uning etagidagi katta-kichik tepaliklar oralab toqqa eng yaqin va ravon yoʻlni topish doim ham nasib etavermaydi...
Oʻshanda Hazrat Sulton ziyoratiga yoʻl olgan edik. Navroʻzdan keyin qirlarning yashilligi koʻzni olar, ot-u eshakli biz yoʻlovchilar bu goʻzallikdan bahra olishdan koʻra manzilga tezroq borish ilinjida ulovimizni niqtar edik. Ayniqsa, akamning mendan bir yosh kichik oʻgʻli Zayniddin (yoʻldoshlar orasida eng kichigi biz edik) ikkovimiz Bobotoqqa tezroq yetishni oʻylardik. Ammo yoʻlimiz unmas, Zayniddin ikkimiz oʻzimizcha buning sababini axtarib topgandek edik. Xullas, yoʻlboshlovchimiz Hakimxon akam oldinda yoʻrgʻa otda borar, boshqa yoʻlovchilar mingan eshaklar ham otga yetishib yurayotgan edi. Safning oxirida esa yoshi yetmishdan oshgan, qorachadan kelgan, qotma, oriq va chayir chol – Safar bobo yayov kelardi. Moʻysafid kalishini yaktagining ikki bariga qoʻshib belbogʻiga qistirgancha ortimizdan yetishib yuribdi. Akam ancha oldinlab ketgan vaqtlarda ot sovib qolmasin uchun ortga qaytar va Safar boboning yoniga kelib uni gapga solardi. “Hazrat boboga piyoda borsa savobi koʻp-da, eshonbobo”, deydi chol. “Chin aytasiz, bizlarga ham sizning yoshingizga yetib, mana shunday chaqqon boʻlib yurish nasib qilsin”, deydi akam. Ularning gurungi qizigani sari Zayniddin ikkimiz jahl qilamiz: “Tezroq yursak boʻlmasmikan? Boboning hamsoyasining otdan ham tez yoʻrgʻalaydigan eshagi bor, soʻrab tursa yoʻq demasdi...”.
Jonimizga ora kirib oldinda ketayotgan Boyqobil bobo xitob qiladi: “Ahay, qaysi tomonga yoʻl tortamiz, eshonbobo!”.
“Toʻgʻriga qarab ketaberamiz-ayy!”, akam shunday deya otni oyogʻi bilan niqtab bizga yetib oladi.
– Qanday, charchab qolmadilaringmi?
– Yoʻq, qayerga keldik oʻzi? ...Hali uchinchi fermaning chegarasidan oʻtmadikmi?! – deydi Zayniddin ajablanib. – Biz oʻtgan safar mol haydaganimizda shuncha paytda choʻponning uyiga yetgandik.
– Boboga qarab sekinroq yurishimiz kerak-da, deyman salmoqlanib.
– Tuss, bobo eshitsa xafa boʻladi, koʻp gapirmanglar, – akam shunday deya bizdan uzoqlaydi. Ammo ketayotib ortiga qayrilib Safar boboga xitob qiladi: “Xudo quvvat bersin, shoshmasdan kelabering!”.
Chol hamon oʻsha siniq tabassum bilan qoʻlini koʻksiga qoʻyadi, tezroq yurishi kerakligini anglab ildamlaydi. Koʻp oʻtmay peshin bahona chordona quramiz. Suvi qochgan nonga parvardani qoʻshib chaynaymiz. Yoʻlboshchimiz maslahat olmoqchi boʻlganday muddaosini bildiradi: “Kech tushguncha biron qora joyga yetishimiz kerak. Eski yoʻlimizdan ketsak choʻponlarning haydovidan oʻtamiz, qoʻton yoʻq. Boboxon ziyoratiga qaytayotganda kirib oʻtsak, hozir yoʻlni qisqartish uchun Shoʻrchining usti bilan ketamiz, maʼqulmi?!”.
Buni hamma bir ovozdan maʼqullaydi. Kichik karvonimiz tagʻin yoʻl tortadi. Darhaqiqat, bu qadim yoʻllar ne bir avliyolarni, qanchadan-qancha oltin-u javohir ortilgan karvonlarni koʻrmagan deysiz. Gohida yoʻl ularni adashtirgan, baʼzan ularning oʻzi yoʻldan adashgan. Shonli tarixning guvohlik berishicha, aynan yoʻllar xalqlar va mamlakatlar taraqqiyiga xizmat qilgan. Naql qilishlaricha, qadimgi xalqlarning har jihatdan rivojlanishida savdo, tranzit yoʻllarning ahamiyati katta emish. Biz buni Buyuk ipak yoʻli misolida yaxshi bilamiz. Ammo ungacha boʻlgan tariximizda ham qadim yoʻllar mavjud edi.
Yilnomachilarning taʼkidlashicha, Buyuk ipak yoʻli tashkil topmasdan ancha avval Qadimgi Sharq va Oʻrta Osiyo hududlarida oʻzaro almashinuv yoʻllari boʻlgan. Xususan, miloddan avvalgi III-II ming yilliklar – Bronza davrida Lojuvard yoʻli deb atalgan yoʻl boʻlgan. Uning bir tarmogʻi Badaxshon, Baqtriya va Margʻiyona hududlarini Xorazm, Soʻgʻd, Markaziy Qozogʻiston va Oʻrol bilan bogʻlagan. Yana bir tarmogʻi esa Baqtriya va Margʻiyonani Mesopotamiya bilan bogʻlagan. Bu yoʻl Pomir togʻidan boshlanib, Eron, Old Osiyo, Misr orqali oʻtgan. Oʻrni kelganda taʼkid etish kerak, aynan oʻsha davrda Oʻrta Osiyodagi eng qadimgi shahar tashkil topgan. Jarqoʻtondagi qazishma ishlarida topilgan asotirlar oʻsha ilk shahar-davlatning qanchalik taraqqiy etganidan guvohlik beradi. Ha, Lojuvard yoʻli kabi karvon yoʻllari mamlakatlar taraqqiyotiga sabab boʻlgan. Ayni paytda rivojlangan oʻlka kishilari katta yoʻllarni kashf etgan!
Ana shunday qadim yoʻllardan yana biri – Shohlar yoʻlidir. Eron ahmoniylarining yoʻli boʻlgan Shohlar yoʻlining bir tarmogʻi miloddan avvalgi VI–IV asrlarda Kichik Osiyo shaharlarini hamda Oʻrta dengiz boʻyidagi Efes, Sardi shaharlarini Eronning markazlaridan biri Suza bilan bogʻlagan. Yana bir tarmogʻi esa Eron-Baqtriya orqali Soʻgʻdiyona, Toshkent vohasi va Qozogʻiston hududidan oʻtib Oltoygacha borgan.
Miloddan avvalgi II-I asrlarga kelib Xitoyni Oʻrta va Gʻarbiy Osiyo bilan bogʻlaydigan karvon yoʻli paydo boʻladi. Bu biz yaxshi bilgan Buyuk ipak yoʻli edi. Uning umumiy uzunligi 12 000 kilometrdan iborat boʻlgan va ilk oʻrta asrlarga kelib, Ipak yoʻli yanada rivojlangan. Oʻz davrida nihoyatda katta ahamiyatga ega boʻlgan bu yoʻlning dastlabki tarmogʻi Xitoydagi Sian shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, Oʻrta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali Oʻrta dengizgacha choʻzilgan.
Bu karvon yoʻllarida Safar boboga oʻxshab savob va ilm ilinjidagi kishilar ham, Zayniddin ikkimiz kabi tomoshatalablar ham, tong qorongʻisidan mol-u qoʻyini bozorga haydagan kishilar ham yurgan. Bitta yoʻldagi turfa niyatli odamlar Sharqdan Gʻarbga qarab oqqan daryoday tinim bilmagan. Shu yoʻsinda yoʻllarda madaniyatlar tutashgan, odamlar dunyoni tanigan. Mamlakatlar taraqqiy etgan. Ha, kunduz quyoshga, tunlar yulduzlarga qarab manzilini aniqlagan ajdodlarimiz shu tariqa dunyo ilmini oʻzlashtirgan, bilganini boshqalar bilan baham koʻrgan. Ular beadoq sahro kezib, goh adashib, adashmay koʻzlangan manzil kabi insonlar qalbiga ham yoʻl topgan. Buning isboti oʻlaroq hech ikkilanmasdan dunyoga oʻzimizni beruniylar, temuriylar, termiziylar, buxoriylar avlodimiz deya tanitayotganimizni aytish kifoya.
Shonli oʻtmishimiz yoʻlini charogʻon qilib turgan bu ajdodlarimiz bizni doim oʻziga rom etgan Somon yoʻli yulduzlariga oʻxshaydi. Fan Somon yoʻlini shunday izohlaydi: “Somon yoʻli galaktikasi oʻzaro tortishish kuchi bilan bogʻlangan hamda Quyoshni ham oʻz ichiga olgan 200 milliarddan ortiq yulduzning tartib bilan joylashgan ulkan gravitatsion tizimidir”.
Qiziq jihat, Somon yoʻlining tuzilishi juda murakkab. U baʼzi joyda 30 darajagacha kengaysa, baʼzi joyda 4-5 darajagacha torayadi. Somon yoʻlining ravshanligi hamma joyda bir xil emas. Uning katta qismi Aravakash yulduz turkumi atrofida joylashgan.
Shunday oʻylar bilan shahar koʻchasida ketar ekanman, oldindagi mashina bilmasdan chet eldan keltirilgan allambalo mashinaning yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Bir zumda katta koʻchani mashinalarning bep-bep signali tutadi. Soʻng xorij ulovini boshqarayotgan shovvoz har qadamda boyagi mashinaning yoʻlini toʻsib chiqaveradi. Uning yoʻlini toʻsish barobarida boshqalarga ham xalal beradi. Ammo hech kim unga signal chalib dakki berishni istamaydi. Xayolimdan “Aravakash yulduz turkumi ostida yashayotgan bu aravakashlar nega buncha shoshadi?!” degan oʻy oʻtadi. Ha, biz kimningdir yoʻlini toʻsib boʻlsa ham manzilga vaqtliroq borishni istaymiz. Yetib boramiz-u gʻirt bekorchining ishi – telefon titkilash, ijtimoiy tarmoqlardagi oʻtkinchi mavzular haqida bahs qilish bilan band boʻlamiz. Asl manzilga esa insonlar qalbiga yoʻl topish orqali yetish mumkinligi haqida oʻylab ham koʻrmaymiz. Shu jihatdan XXI asr odamlari gohida yoʻlini yoʻqotib, “oʻlim tegirmoni”ga tushib qolgan chumolilar karvoniga ham oʻxshab ketadi baʼzan.
Amerkalik sayohatchi Uilyam Bib “Jungli qirgʻogʻi” (“Edge of Jungle”) kitobida 1921-yilda Gayanada chumolilar taxminan 365 metr doira hosil qilib aylanayotganiga guvoh boʻlganini yozadi. Bu chumolilar toʻdasi ikki kun davomida doira boʻylab tinimsiz aylanadi. Oʻshanda chumolilarning katta qismi oʻladi. Tirik qolgan kichik guruh esa doiradan omon chiqadi.
Bunday voqealarga boshqa insonlar ham duch kelgani haqida maʼlumot bor. Bunday hodisani oʻrgangan olimlarning taʼkidlashicha, chumoli bir juft uzun moʻylabi bilan yer chizib hid olib yuradi. U uyasidan maʼlum masofa uzoqlashgach oʻzi yurgan yoʻlda qolgan hid boʻylab manzilini topib keladi. Ayrim vaqtlarda qandaydir sabab tufayli chumoli yoʻlda aylanib oʻzi oʻtgan joyga duch keladi va shu tariqa doira boʻylab aylanishni boshlaydi. Bu aylanma harakat baxtli hodisa tufayligina omadli yakunlanishi mumkin. Aks holda ularni muqarrar oʻlim qarshi oladi. Shu bois olimlar bu hodisaga “oʻlim tegirmoni” deb nom bergan. Biz tomonlarda chumolilar karvoni bilan bogʻliq bunday hodisa kuzatilgani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. Bilʼaks, bizdagilar sira adashmay uyini topib boruvchilarni chumoliga oʻxshatadi. Yoʻldan adashganlarga ularni ibrat qilib ham koʻrsatishadi. Qurʼonda intizom borasida takrorlanmas hisoblanadigan chumolilarning zikri Naml surasida Sulaymon alayhissalom qissasi ichida kelgan. Ha, biz bilgan chumolilar yoʻl harqancha tartibsiz boʻlsa ham sira adashmay inini eng qisqa yoʻl bilan topib keladi. Buning sirini Berlindagi Humbolt universiteti talabasi Fleur Lebhardt magistrlik darajasi diplom ishida oʻrgangan. U sahroda yashovchi qora chumolilarda tadqiqot oʻtkazgan. Natija esa kutilganidan ham ajoyib: chumolining koʻzi inson koʻra olmaydigan baʼzi nurlarni koʻra olar ekan. Uning koʻzida kompasga oʻxshagan yoʻnalish aniqlaydigan tizim mavjud emish. Shu tizim yordamida chumoli yoʻnalish olib, shimol va janub qaysi tomonda ekanini aniqlay olar va hech qanday qiyinchiliksiz yemish topib, adashmasdan iniga qaytarkan. Chumoliga tortiq etilgan bu imkoniyat bugungi zamonaviy texnologiyalarni ham ortda qoldirishi aytiladi. “Oʻlim tegirmoni”ga tushib qolishi mumkin boʻlgan va biz biladigan boshqa chumolilarni bir-biriga qiyos etib fikr yuritgan kishi “Xudo yoʻldan urmasin” degan tilakning naqadar teran maʼno kasb etishini anglaydi.
* * *
Darvoqe, allaqachon xufton vaqti kirgan, biz esa hamon choʻponlar uyiga duch kelmay Bobotog‘ etagidagi kenglikda sargardon kezib yurardik. Nihoyat, olisdan otning kishnagan ovozi eshitildi. Koʻp oʻtmay choʻpon itlari hura boshladi. Demak, yaqin-atrofda qoʻton bor. Biz shu vaqtgacha itlarning hurishidan bunchalik quvonmagan edik chamamda. Adashmagan ekanmiz, navbatdagi tepalik pastidan chiroq yorugʻi koʻzga tashlandi. Nihoyat qoʻnoq joy topildi. Mezbonlarning aytishicha, biz bir joyda aylanib ancha vaqt sarflagan ekanmiz. Ertasi kuni tongda biz aylanib oʻtishni maqsad qilgan Boboxon bobo ziyoratiga yetib bordik. Ziyoratdan nari yoʻl – Hazrat Sulton ziyoratigacha boʻlgan masofa uncha koʻp vaqt olmadi va kichik karvonimiz bilan tog‘ choʻqqisini zabt etdik. Darhaqiqat, bu koʻhna dunyo necha bir karvonlarni, ne bir yoʻlovchilarni koʻrmagan deysiz. Ularning hammasi ham yoʻldoshlarning fikriga quloq tutib, ular bilan bamaslahat ish tutishga, yoʻl topishga jahd qilgan. Lekin ularning aksari Zayniddin va men kabi jigarporalarining inon-ixtiyorini hisobga olib amal bajarar ekan-da. Yoʻl esa Safar bobo kabi nimtabassum bilan bizni kuzatib, jimgina nasihat qilar ekan.
* * *
– Nechta tuxum bor? – deydi ukasi yetaklagan buqaning ortidan ketib borayotgan Olim aka qoʻlimdagi idishga ishora qilib. U oʻttizga yaqin tuxumni olib ketayotganimni bilib ajablanadi, nechta tovugʻimiz borligi-yu ularning qanchasi tuxum berishi va necha puldan sotishimni soʻraydi.
– Narxini bozor koʻrsatadi-da, – deyman bunga javoban.
– Bir haftalik tuxum boʻlsa falon soʻmdan beraman, sotasanmi? – deydi Olim aka oʻtgan bozorda sotilgan tuxum narxi ustiga uch soʻm qoʻshib aytib. Beixtiyor yelim idishni chap qoʻlga olib, oʻng tomonimdagi qishloqdoshimga rad javobini beraman. Keyin oʻzimcha xayol qilamanki, tuxum narxi men bexabar ikki barobar oshib ketgan-u Olim aka shuni bilib qimmat soʻrayapti. Bu oʻy qadamimni tezlatishga ragʻbat beradi.
Hamon oʻshandagi holatim va oʻsha yoʻl haqida oʻylasam yodimga eng qadim shahar-davlatni boshqa mintaqalar bilan bogʻlagan Lojuvard yoʻli esimga tushadi. Inson umri qiymati oldida qadri tuxum kabi omonat boʻlgan tosh sharafiga atalgan bu yoʻldan kimlar, ne maqsadlarda yurgan ekan?! Uni kim kashf etgan? Ilk yoʻlovchi karvon nimalar, qay maqsadni ortmoqlab yoʻlga chiqqan? Buni hech kim bilmaydi. Hozirgacha yetib kelgan, oqsoch tarixning bizga ravo koʻrgan haqiqati shuki, bu yoʻlda eng koʻp qadrlangan narsa Badaxshon lojuvardi!
Zamonlar oʻtishi bilan lojuvard tosh ham, uni toʻtiyo qilgan kishilar ham ilk shahar-davlat bilan birga tuproq ostida qolib ketdi. Toki XX asr olimlari bu joyni topmaguncha insoniyat bu shaharni ham unutib yuborgan edi. Ularning topilishi oʻtkinchi dunyodagi abadiyat yoʻlagidan necha avlod yoʻlovchilar nom-nishonsiz oʻtib ketaverishidan nasihat qiladi. Termiz arxeologiya muzeyida Jarqoʻtondan topilgan qabr va unda yotgan ayol ustixoniga qarab, lojuvard tosh qiymati haqida oʻylagan edim. Qiziq, oʻsha zamonda odam vafotidan soʻng yetti kun yoʻl yurib jannat darvozasiga yetadi deb ishonishgan. Shu bois bronza davri kishilari oʻziga qadrli boʻlgan buyumlari va yetti kunga yetadigan suv, yemak bilan qoʻshib koʻmilgan. Keyin marhumning davlatiga qarab, uning kaftiga oltin yoki mis tanga solib qoʻyishgan. Emishki, shu tangani posbonlarga berib jannatga kirar ekan.
Zamondoshlarimiz bu eʼtiqod haqida eshitib jilmayadi, “Eh, oʻtmish kishilari shunchalik sodda boʻlganmi?!” deydi. Ammo “inomarka”sida bundayroq odamning yoʻlini bemalol toʻsib hunar koʻrsatish, devorni yarim metr koʻcha tomondan olib, hovlisini kengaytirish, qoʻlidagi chiqindini katta yoʻlning duch kelgan joyiga uloqtirib ketaverish bronza davri kishilari eʼtiqodi, dunyoqarashidan zarracha farq qilmasligini oʻylab ham koʻrmaydi...
Shu oʻrinda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Zov ostida adashuv” hikoyasidan bir parcha keltirsak: “...soʻqmoqlarning biri togʻning tepasida joylashgan bir qishloqqa olib borar ekan. U qishloq ahli bir zamonlar yovdan qochib, tog‘ ustiga chiqib ketgan ekan. Shu soʻqmoqdan faqat bir kishi yura olar ekan, yurganda ham yelkasini devordan uzmay yurar ekan deb hikoya qilgan edi otamning oshnasi. Agar ikki kishi bir-biriga roʻpara boʻlib qolsa-chi? Unda chek tashlar ekan. Qaysi yutsa shu yerda qolar ekan. Yutqazgani oʻzini pastga tashlar ekan…
Men oʻshanda bu hikoyani eshitib, koʻp oʻylagan edim: odamlar mard boʻlar ekan-da, a? Masalan, yutqazgan kishi pastga tashlagisi kelmasa yoki u yutgan kishidan kuchliroq boʻlsa, unda sherigini bir musht bilan jarga qulatib oʻtib ketsa boʻlmaydimi? Yoʻq, boʻlmas ekan… Chunki lafz bor ekan ularda. Hozir u qishloqqa olib boradigan soʻqmoq kengaygan deyishadi. Oʻsha soʻqmoq devorini teshib, qoziq qoqib chiqibdilar. Qoziqning ustiga shox-shabba bosilgan emish, endi u yoʻldan eshak ham bemalol oʻtar ekan…”.
Darvoqe, hamon yoʻlda ketayapman. Chap yonimda ariq yoqalab ekilgan tutlar, oʻng tomonda keng dala, yoʻlda esa mol-u qoʻyini bozorga haydagan qishloqdoshlar. Goh-gohida boshqa bozorchilar mingan ulov gʻizillab oʻtib qoladi. Men esa yelim idishdagi tuxumlarni sindirib qoʻymaslik uchun uni mahkam tutib olganman. Yurganim sari yoʻl kengayib borayotganday koʻrinsa ham aslida u sira oʻzgarmaydi. Faqat biz goh ildamlab, baʼzan sudralib odimlaymiz. Oldinda esa bozor! Unga yetishim hamono Alpomishni chohga tashlagan Maston kampir kabi bozorchi xotinlar yoʻlimni toʻsadi, biri qoʻyib-biri olib qoʻlimdagi yelim idishni tortqilaydi, savdo qiladi. Bozorning kimga qanday boʻlishini va har doim bitta manzilni koʻzlab uydan chiqqan yoʻlovchilarni yoʻl qayerga boshlashini xudoning oʻzi biladi! Shuning uchun ham bizda azaldan yoʻl aziz sanalgan.
Bobo RAVSHAN
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.
“Yoʻl” maqolasi