Xalq orasida o‘zbek ayollari ijtimoiy hayotga faqat Sovet davrida kirib kelgan, degan qarash tez-tez uchraydi. Biroq tarixiy manbalar bu tasavvurni to‘liq tasdiqlamaydi. Aksincha, arxiv sahifalarida bu fikrni rad etuvchi unutilgan ovozlar ham mavjud. Mukarrama otin ana shunday shoiralardan biridir.
Aslida, o‘zbek ayol ijodkorlari faoliyati tasodifiy hodisa emas, uzoq davom etgan jarayon. O‘tgan asrlarda Markaziy Osiyo hududida Buxoro, Qo‘qon va Xiva xonliklari mavjud bo‘lib, bu davr murakkab siyosiy va ijtimoiy sharoitlarga qaramay, ilm-ma’rifat va adabiyot ma’lum darajada rivojlandi. Ayniqsa, xotin-qizlar orasidan ham ma’rifatparvar va ijodkor shaxslar yetishib chiqdi. Uvaysiy, Nodirabegim (Mohlaroyim), Dilshodi Barno, Anbar otin kabi shoiralar o‘z davrida ayollar ovozini ifoda etgan muhim siymolar bo‘ldi.
Foto: Uzarxiv
Xususan, Anbar otin ijodida ayollarning og‘ir qismati, ijtimoiy adolatsizlik va ma’rifat masalalari markaziy o‘rin egallagan. Bu esa ayollar faqat ijtimoiy hayotdan chetda bo‘lmaganini, balki o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lgan ijodkorlar sifatida maydonga chiqqanini ko‘rsatadi.
XX asr boshlariga kelib esa bu jarayon yanada jadallashdi. Jadid ziyolilari xotin-qizlarning savodxonligini oshirish, ularni jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida shakllantirish g‘oyasini ilgari surdilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvarlar ayollar ta’limini millat taraqqiyotining muhim omili sifatida baholaganlar.
Bu davrda Toshkentda ham o‘ziga xos adabiy muhit shakllandi. Ana shunday muhitda faoliyat olib borgan ayol ijodkorlardan biri — Nozimaxonim edi. U nafaqat shoira, balki o‘z davrining ilg‘or fikrli, ma’rifatparvar ayollaridan biri sifatida tanilgan. Nozimaxonim rus, arab, fors va tatar tillarini bilgan, davriy matbuotni muntazam kuzatgan, ayollar huquqi va erkinligi masalalarini ko‘tarib chiqqan. Uning “Insonga qancha erk darkor?”, “Xotinlar huquqiga oid” kabi maqolalarida ayollarning jamiyatdagi o‘rni va huquqlari ochiq muhokama qilingan. Bu esa XX asr boshlarida ayollar orasida ham ijtimoiy faollik va ongli qarashlar shakllana boshlaganini ko‘rsatadi.
Biroq bu davrda faoliyat yuritgan barcha ayol ijodkorlar tarix sahifalarida saqlanib qolmagan. Ayrimlari esa faqat arxiv hujjatlarida uchraydi. Mukarrama otin ana shunday unutilgan ijodkorlardan biridir.
Mukarrama otin eski tuzum o‘zgarish arafasida qo‘liga qalam olib mazlumlar mazlumasi – o‘zbek ayolining umid, orzularini kuylagan erksevar shoiralardan biridir. 1916-yilda yozilgan “Muncha ham” she’riga nazar tashlar ekanmiz, bu she’rni yozganida hali 13 yoshda bo‘lgan Mukarrama otinni shu davr o‘zbek ayolining umid va orzularini kuylagan shoira sifatida e’tirof eta olamiz. Mukarrama otin oddiy ijodkor emas, balki o‘z davrining og‘riqlarini yuragidan o‘tkaza olgan, ilmga tashna o‘zbek qizi bo‘lganini ko‘ramiz.
Quyidagi she’r uning ichki kechinmalari va o‘z davriga munosabatini yaqqol aks ettiradi:
Biz faqir bechora qizlar
Xor erurmiz muncha ham,
Bosh egib, qullik qilib,
Nochordurmiz shuncha ham.
Bu qaro zulmat uyida
Ko‘rmayin oftob yuzin,
Sarg‘ayib ruxsorimiz,
Abgordurmiz muncha ham.
Dildagi orzu, havas,
Ramzini oshkor etmayin.
Ko‘rsalar kimga ravo,
Biz rozi durmiz muncha ham.
Na uchun dunyoga keldik
Bo‘lmasa erk ixtiyor.
To‘rt devor ichra yuragi,
Qon erurmiz munchaham.
Qalbimizni mehru muhabbat, Etmayin izhor ko‘p pinxon.
Tun erurmiz shuncha ham.
O‘t tushib kuygan zamonimiz, bizga yor bo‘lmasa,
Qiz asir “maxluq” degan,
Badnom erurmiz muncha ham.
Mukarrama otin 1903-yilda Toshkentda, Hasanxon domla oilasida dunyoga keldi. Uning onasi Mastura otin ham ichkarida maktab tutib qizlarni o‘qitdi. Onaning ilk farzandi bo‘lmish ziyrak, zehni baland, ko‘p narsani biladigan Mukarrama Mashrabdan, Navoiydan she’rlar yodlab, bayozlarni o‘qiydigan bo‘lib qoladi. 13 yoshda otasining so‘fiyona yozgan she’rlarini o‘qib yurib o‘zi ham she’r mashq qila boshlaydi. Yozgan she’rlarini maktabdagi qizlarga o‘qib beradi. Unga ergashib Shohiya va Roqiya degan qizlar ham adabiyotga qiziqib qoladilar. Mashrab, Furqat, Muqumiy g‘azallarini o‘qishadi. Ba’zan juma kunlari to‘planib to‘quvchilik bilan shug‘ullanish davomida g‘azalxonlik qilishadi. O‘zlari yozgan she’rlarini ham o‘qishadi. 1918-yilga kelib, jamiyatda katta o‘zgarishlar sezila boshladi. Bir tomondan, taraqqiyparvar ziyolilar yoshlar va xotin-qizlar savodxonligini oshirish g‘oyalarini tinimsiz ilgari surar edi. Ikkinchi tomondan esa sovet hokimiyati ayollar “ozodligi”ni ta’minlash orqali ularni jamiyat hayotiga keng jalb etish, shu tariqa yangi ijtimoiy tizim uchun zarur ishchi kuchini shakllantirish siyosatini boshlab yuborgandi.
Shu yillarda Hasan domla ham yangi ochilgan maktabda dars bera boshladi. Bolalar tarbiyasi bilan o‘ralashib qolgan Mastura otin maktabni yig‘ishtirib qo‘ydi. Mukarrama, Ruqiyalar qo‘shni mahallada ochilgan yangi maktabga qatnay boshladi. Maktabda Habiba xonum Yusupova va bir nechta ayollar dars berardilar. Shu yilda Mukarramni bir mullabachchaga uzatdilar. Mukarram maktabdan ko‘ngil uzolmay ko‘p yig‘ladi, ammo qalamni tashlamadi. Keyinchalik birin-ketin ko‘rgan farzandlari bilan yupandi. Shunda ham qo‘lidan kitobini uzmadi.
XX asrning 20-yillariga kelib, xotin-qizlar ijodi yanada faolroq ko‘zga tashlana boshlagan bir davr edi. 1926-yilda yosh shoiralar ijodi alohida to‘plam holiga keltirilib, “Erk kuylari” nomi bilan nashr etiladi. Ushbu to‘plam asosan “Yangi yo‘l” jurnalida faol ishtirok etgan yosh qalamkash ayollar ijodidan tuzilgan bo‘lib, o‘z davrining muhim adabiy hodisalaridan biri hisoblanadi.
Bu haqda ilk jurnalist ayollardan biri Saodat Shamsiyeva o‘z xotiralarida shunday yozadi:
“1926-yil bo‘lsa kerak, u mahallar sevimli yosh shoirimiz hisoblangan Oybek xotin-qizlar bilim yurti yosh qalamkashlarining ilk mashqlaridan iborat she’rlarini to‘plab, kichik to‘plam qilib chop ettirdi. Unda Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Rahmonova va boshqalarning she’rlari bor edi…” (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, R-2854-fond, 1-ro‘yxat, 59-yig‘majild).
Mazkur she’rlarda erkinlik, ozodlik va yangi hayotga intilish g‘oyalari aks etgan bo‘lib, bu davrda ayol ijodkorlar ham ijtimoiy jarayonlarga faol munosabat bildira boshlaganini ko‘rsatadi. Biroq bu to‘plam va umumiy adabiy jarayonlarda Mukarrama otin nomi uchramaydi. Bu esa uning ijodi ko‘proq yopiq, oilaviy muhitda shakllanib, keng adabiy maydonga chiqmay qolganini anglatadi.
Mahbuba Rahim qizi va Saodat Shamsiyevaning yozishicha, shoira farzand dog‘ida o‘rtanib, 6 o‘g‘il, 3 qiz farzandlari birin-ketin nobud bo‘laverib nihoyat ikki bolasi bilan qoladi va umrini shu farzandlariga bag‘ishlaydi.
Mukarrama otinning hayoti murakkab va sinovlarga boy bo‘lganiga qaramay, u hech qachon ilm va kitobdan voz kechmadi. Turmush tashvishlari, erta nikoh, farzand dardlari – bularning barchasi uning yo‘lini to‘sishga urinadi. Ammo u baribir qalbida bir narsani – bilimga bo‘lgan chanqoqlikni saqlab qoladi. U maktabni tark etishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, qalamni tashlamadi. Hayot uni turli yo‘llarga boshladi, ammo u har qanday sharoitda ham kitobga suyanib yashadi. Hatto eng og‘ir damlarda ham u uchun najot – mutolaa bo‘ldi.
Shoiraning quyidagi satrlari uning ichki dunyosini juda aniq ifodalaydi:
Varag‘ida sokin may tutar,
Meni labbolab jonim kitob.
Ajabo, kular raqiblarim.
Meni qo‘lda rahbarim kitob.
Menga bu ozodlik koridir,
Meni dilga sayqalim kitob.
Bu mukarrami dili xastaga,
Meni dori-darmonim kitob.
Barcha sinovlarga qaramay, Mukarrama otin qo‘lidan kitobni qo‘ymaydi. Mukarrama otin uchun kitob shunchaki bilim emas, najot edi. U – sabr edi. U – yashashga kuch beradigan tayanch edi.
Maqola O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan Saodat Shamsiyevaning shaxsiy fondi materiallari (R-2854-fond, 1-ro‘yxat, 59-yig‘majild) asosida tayyorlandi.
Nasiba NARZULLAYEVA,
O‘zMU tayanch doktoranti