Tarixni oʻrganishda arxiv hujjatlari, rasmiy manbalar, matbuot, foto-fono materiallaridan tashqari xotiralar, memuarlar, ogʻzaki tarix maʼlumotlari ham oʻta ahamiyatli. Xususan, Xorazm tarixini yaratishda bunday benazir manbalar sifatida Polvonniyoz hoji Yusupovning “Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar)” kitobi, Abdulla Boltayev “Xorazm tarixiga oid materiallar”, Bobojon Safarov “Xorazm tarixi”, Matkarim Otajonov “Xorazmni oʻrganish uchun materiallar”, Jumaniyoz hoji Boboniyozovning “Xiva inqilobiy harakati tarixiga oid materiallar” qoʻlyozmalarini keltirish mumkin. “Yosh xivaliklar” partiyasi yetakchilaridan Bobooxun Salimov ham oʻz faoliyatini qogʻozga tushirib borgan. Mazkur esdaliklar butun holda topilmagan boʻlsa-da, Polvonniyoz Hoji Yusupovning “Yosh xivaliklar tarixi” kitobida Bobooxun Salimov xotiralariga kattagina oʻrin ajratilgan[1]. Albatta, yuqoridagi manbalar tarixchi olimlar tomonidan oʻrganilgan va allaqachon ilmiy muomalaga kiritilgan. Biroq ularda aks etgan haqiqatlar hamon oʻz bahosini topgan emas. Vaholanki, bu asarlar yaqin oʻtmishimizda kechgan tarixiy voqeliklarni haqqoniy yoritishda oʻta muhim axborotlardir. Bugungi maqolamizda Jumaniyoz hoji Boboniyozovning “Xiva inqilobiy harakati tarixiga oid materiallar” qoʻlyozmasining ayrim jihatlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Jumaniyoz hoji qoʻlyozmasida Asfandiyorxonning hokimiyatga kelishi haqida: “Muhammad Rahim II oʻlmasidan bir hafta burun arz va dod ishlarini valiahdi, oʻgʻli Asfandiyorgʻa topshurub, Islomxoʻja Ibrohimxoʻja oʻgʻlini Isfandiyorgʻa yoʻlboshchi qilib taʼyinladi. Muhammad Rahim oʻlgach xonni saqlab oʻlturgʻon xos mahramlaridin Davlatmurod mahram va Kichik Mamat mahramlar Islomxoʻjagʻa tezlik bilan borub muni xabar qiladirlar. Amudaryo muzofoti hokimi Gʻlushonuvskiy yonida ikki yuz otliq Russiya askari bilan Islomxoʻjaning keyinidin kelib Eski ark ichkarisigʻa kiradilar... Bularning buyurdiqlarini oʻrungʻa kelturib turush uchun ikki yuz nafar Russiya askari qoʻyuldi. Askar va sipohiylarning bu tariqa ot chopushmoqlarini koʻpdan koʻrmagan Xiva xalqi orasida xeyligʻina qoʻrqush va choʻq hayajonlar tugʻulub koʻchalarga chiqmagan kishi qolmadi deyish mumkindir. Eski ark ichkarisiga kiraturgʻon har kim boʻlsa-da bularning ruxsatini olmasdan kirmak qatagʻon qilindi...

Xon koʻtarish yoʻsinigʻa koʻra keraklik amaldorlar kelib saf boʻlgʻoch eski anʼanagʻa muvofiq oq kigiz bilan koʻtarib taxtgʻa chiqorib xonlig‘ maxsus bosh kiyimi boʻlgʻon (jigʻoni) boshigʻa kiydirib, dastlab Gʻulushanovskiy, soʻngra Islomxoʻja, qozikalon va boshqa vazirlar Asfandiyorgʻa bayʼat (qasamyod) qildilar...” deydi.

Shuningdek, muallif xotira daftarida ikki xonni shunday taqqoslaydi: “... Muhammad Rahimxon oʻqumoq, yozmoqni bilsa-da, jahon siyosati, madaniyati va taraqqiyoti ishlarindan tamoman johil kishi boʻlib, 47 yil Xorazm muqaddorotini qoʻlida tutib, madaniy va taraqqiy ishlariga homiylik ham qilardi... Muhammad Rahimxon Xivani istilo qilgʻonidin soʻng oʻlganigacha oʻruslarni soʻkib ketdi. Muhammad Rahimning fikrincha har bir yangiliq uruslarning tartibotidin kelib chiqar edi... Xorazmning hozirgʻi usuli idorasini yoʻq qilib isloh qilinmoqi zaruriydur deb yurgan kishilarni Muhammad Rahim II quvvatlamagʻoni kabi alargʻa bir turli jazolar ham bergani koʻrulmagʻondur. Ammo ruslargʻa siyosiy bir dushman boʻlib, rus podsholigʻi mustamlaka qulliqidin qutulish yoʻllarini izlash uchun intilgan emasdir. Koʻtara qilib aytqonimizda Muhammad Rahim II zamona siyosatidin begona, yoʻnaqoy (sodda) katta kallalik bir kishi edi. Muhammad Rahimxonni xorazmliklar “qarrixon” deb ataydilar. Lekin uning oʻgʻli Asfandiyor butunlay boshqa boʻlub, taraqqiyparvar Islomxoʻjaning yoʻlboshchiligʻi va tarbiyasi orqasida fikriy yoqdan xeyligina uygʻongʻon munda bir shuurli mustabidning mujassam timsoli boʻlub yetushkon edi. Islomxoʻjaning koʻrsatkani boʻyincha u zamona siyosatlarining borishi va xon devonxonasining tilmochi totor Ahmadjon Akayefdan ruscha va turkcha oʻqub, 1904-yildan boshlab butun ruscha va totorcha, turkcha, ozarboyjoncha gazet va jurnallargʻa obuna boʻlub, jugʻrofiya, tarix va adabiyotgʻa oid kitoblarni Istanbul va Ozarboyjondin maxsus kelturturib oʻqur erdi. Mundan boshqa gazetlar boʻlsa Ramazon Saydashevgʻa oʻqutturur erdi. Mazkur totor Ahmadjon Akayefning Asfandiyorgʻa oʻqituvchiliq qilib, uni siyosiy fikrlarga oshno qilib yurganligi Niqolay hukumatiga maʼlum boʻlgʻoch yoʻq bahonalar bilan boʻshatilib, uning oʻrnigʻa choʻqungʻon Karniluf yuborilgan edi. Asfandiyor yuzaki taraqqiyparvar boʻlub haqiqatda ruhoniylar qadar mutaassib, Niqolaylar qadar mustabid edi. Petrburxgʻa sayohatlari Asfandiyordogʻi qonxoʻrliq fikrining mustahkamlanishiga yordam qildi. Asfandiyor har bir kishining har bir maʼmur va sipohigʻa oʻziga yorosha muomala qilib, xonliq rutbasi darajotini va muomilotini yaxshigʻina bilur edi. Asfandiyor otasi kabi johilliqidan kelgan bir mutaassib emas, balki ongli va shuurli mustabiddir”.

Jumaniyoz hoji Boboniyozov Asfandiyorxon hukmronligining ilk yilini qalamga olar ekan, “... Zulhijja oyining ikkilanchi, juma’ kuni soat 5 larda birdan havo oʻzgarib, kuchli toʻfolanlar turo boshlogʻoni, shuni bilan birga kuchlik sovuq tutti. Sovuqning qattigʻligʻi shu darajaga yetushdikim, shul kuni Amudaryo Orol koʻlidin boshlab Chohorjoʻygʻa borgʻuncha tunkab (muzlab) qoldi. Bu vaqtlarda odatda havo muloyim boʻlub kelgani sababli koʻpchilik xalq qish hozirliqlarini tamom qilgʻoni yoʻq edi. Koʻp yillardan beri Xorazm oʻlkasida bu tariqa shiddatlik sovuq boʻlgʻoni koʻrilmagʻon bir narsadir. Oʻtin, koʻmir keltirish uchun qumgʻa ketgan kishilarning koʻpchiligi muzlab qumlarda, yoʻllarda oʻlib qolganlaridek, mol va hayvonlari-da toʻkilib oʻldilar. Sovuq taqriban uch oygʻacha choʻzilib koʻpchilik yogʻochlarni sovuq urub ketdi. Mundan kun koʻrishga iqtidori boʻlmagʻonlar oʻzlarini Tajanga qarob otgʻon edilar. Xorazm xalqining ochliq balosidin qutulishigʻa Tajanning gʻallasi katta koʻmakchi boʻlgʻoni hamda xeyli kishilar Tajanga ketib vafot qilgʻonlari uchun shu yilni “Tajan yili” deb ataydurlar” deydi.

Avvalo Rossiya mustamlakasi Xiva xonligi bilan iqtisodiy munosabatlarning oʻsishidan manfaatdor edi. Shu sababdan ham Turkiston general-gubernatorligi Kengashi qaroriga koʻra Xivaning yangi xoni Asfandiyorga mamlakatda islohot oʻtkazish vazifasi topshirilgan. Bu islohotlarga rahbarlik Asfandiyorxon tomonidan Vaziri akbar Islomxoʻja Ibrohimxoʻja oʻgʻliga yuklatiladi. Islomxoʻjaning 1911-yil 23-yanvarda Devonlar Kengashi tasdigʻiga bergan islohot dasturida xonlik hayoti uchun muhim boʻlgan 10 ta tadbir belgilanadi. Unda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotiga yoʻnaltirilgan tadbirlar, jumladan, xon xizmatidagi mansabdorlarga xazinadan ish haqi tayinlash, yerdan olinadigan soliq tartibi, suvdan foydalanishni tartibga solish, aloqa yoʻllarini yaxshilash, xonlikdagi barcha shahar va noibliklarda zamonaviy kasalxona, ambulatoriyalar barpo etish, vaqf yerlaridan keladigan daromadning bir qismini maorif-madaniyat ishlariga jalb etish, maktab-madrasalarda oʻqitish usulini yaxshilash, yangi usuldagi maktablar ochish, taʼlim tizimiga dunyoviy fanlarni kiritish, xazinaga tushadigan daromadni hisob-kitob qilish kabi dolzarb masalalar ilgari surilgan edi.

Abdulla Boltayev. “Xorazm tarixiga materiallar” qoʻlyozmasi.

Islomxoʻja 11 moddadan iborat hokimlarga koʻrsatmalar va 10 moddadan iborat islohotlar dasturini ishlab chiqadi. Bu: 1. Xonlikdagi mansabdorlarga lavozimiga qarab maosh belgilash; 2. Dehqonlardan soliq olishni tartibga keltirish; 3. Zakot, boj, xiroj kabilarni tartibga solish; 4. Aholidan savdo-sotiq uchun soliqlarni tartibga solish; 5. Yerlarni sugʻorish ishlarini tartibga solish; 6. Yoʻllar, temir koʻpriklar qurish va pochta-telegraf xizmatini tashkil qilish; 7. Shaharlarda kasalxonalar qurish, qishloqlarda feldsherlik xizmatini ochish, tibbiy xizmatchilarni taklif etish; 8. Barcha vaqf yerlarini markazlashtirish va daromadlarini maorif ishlariga sarflash; 9. Barcha maktablarda yangicha oʻqitish usuliga oʻtish, maktublar dasturiga rus tili, geografiya, tarix fanlarini majburiy qilib kiritish; 10. Xon xazinasi hisobini yuritish, kirim-chiqim kitoblarini olib borish.

Xotira daftarida shunday maʼlumotlar bor: “Hamma zamonlarda ham yangilik osonlik bilan qabul qilingan emas. Arkdagʻi oʻttiz ikki amaldor orasigʻa tozadan amaldorlar ortturish masʼalasi Abulgʻozidin beri koʻrulmagan bir hodisa boʻlub, Vaziri akbarlik mansabigʻa 32 amaldordan ortturub Islomxoʻjaning tayin qilinishi hamda aʼyonlarning xohishlarigʻa muvofiq boʻlib topilmadi. Bu ahvol eski vuzaro va umarolar, ulamo va eshonlarning gʻururlarigʻa tegib, ular islohotgʻa qarshi yoshurun ravishda bir turkum shaklida birlashdilar...”. Asfandiyorxon qatagʻoni otasi Muhammad Rahimxon II ning yaqin mahramlaridan Davlatkeldi doʻgʻma hamda Davlatmurod mahramlarning uyida tintuv oʻtkazishdan boshlanadi. Islomxoʻja rahbarligida ularning uyidan juda katta boyliklar hukumat xazinasiga olinadi. Asosiy sabab Asfandiyorxonning ogʻasi Abdulla toʻrani kuchsizlantirish va Peterburg safari uchun mablag‘ toʻplash zaruriyati edi. Asfandiyorxonning Peterburg safari tayyorgarligi taxminan uch oyga choʻzilib, bu vaqtda Xorazmning barcha sanʼatkor zargarlari xonning mashhur Tozabog‘ hovlisida toʻplanib, oʻn sakkizta oltin qilich, oʻn sakkizta dastasi olmos va asl toshlar bilan hallangan oltin pichoq, toʻqqizta toj, qirq dona yovmut gilamlari, oʻn sakkizta zotdor yovmut otlari, egar-jabduqlar va boshqa koʻplab qimmatbaho sovgʻalar tayyorlaganlar. Shuningdek, safarda Asfandiyorxonga Vazir akbar Islomxoʻja, Devonbegi Husayinbek Muhammad Murod oʻgʻli, Karvonboshi – Muhammad Vafoboy Baqqoluf, jami oʻttiz kishi hamroh boʻlganini yozadi.

Imperator saroyidagi tantanali marosimlarda Asfandiyorgʻa general, Husaynbek devonbegiga polkovnik, Vaziri akbar Islomxoʻja va karvonboshi Muhammad Vafolarga katta yulduz nishoni va lentalar beriladi. Xotiradagi eng muhim voqeliklardan biri bu Asfandiyorxonning Buxoro amiri Olimxon bilan uchrashtirilishidir. Jumaniyoz hojining yozishicha, “Asfandiyorning Fitirburxgʻa borgʻonida Buxoroning toza amiri ham Fitirburxda boʻladir. Shul asnoda har ikki musulmon xonlarining bir-birlari bilan koʻrushmaklarini Niqolay amr qilgʻonini Asfandiyorgʻa bildurilgandur. Bu amrni kelturgan xorijiya ministri Asfandiyorgʻa qarab Buxoro amrining qoshigʻa Siz borasizmi yoki Buxoro amiri sizning qoʻshiningizga kelsunmu, deb soʻrogʻoch Asfandiyor oning javobida Buxoro amiri mening qoʻshimgʻa kelsun, deydir. Xorijiya ministri Asfandiyorning istagini bilgandin soʻngra, ondog‘ boʻlsa Buxoro amirining yonigʻa Asfandiyor darhol Sardorboy, yaʼni Omonkeldini choqirib buyurodurkim: San Buxoro amirining yonigʻa borub oq podsho hazratlari ikki musulmon xonlarining muloqi boʻlmoqlarini amr qilgʻonlari sababli sizni xon hazrat choqirurlar degil. Bu ishni bajarishingda senga 6 narsani shart qilib boʻyninggʻa yuklayman: 1. Amir yonigʻa beruxsat kirursan. 2. Koʻrishmakchi boʻlsa qoʻlun oʻpmagaysan. 3. Oʻlturmoqgʻa ruxsat qilsa oshoqda oʻlturmay kursida oʻlturgʻoysan. 4. Soʻz soʻragʻonida qattig‘ havoyi bilan javob bergʻoysan. 5. Yarim soatdan kechga qolmay qaytib kelgʻoysan. 6. Inʼom bersa qabul qilmagʻoysan, deb Sardorboyni Buxoro amiri yonigʻa yuboradir. Sardorboy ketmasidan burun shuni ham qoʻshib taʼkid qiladirkim, agar mening birgina shartimgʻa ham xilof qilsang, albatta sani oʻltirurman. Chunki mening davlatim oning davlatidin kam ermasdur, balkim ziyodadur. Oning yurtining ulug‘ boʻlgʻoni birlan davlati ulug‘ ermasdur, degondur.

Sardorboy ketgach, oning izidin Muhammad Solihboy, Muhammad Vafo karvonboshi oʻgʻillarini onduji qilib yuborsa-da, Sardorboyning qilgʻon ishlaridin hech bir maʼlumot ololmaydur (Negadir amirning oldiga Sardorboy emas, uning akasi Husaynbek Muhammad Murod devonbegi oʻgʻli borgan – muallif). Husayn Muhammadboy amirning yonigʻa kirib taʼzim qilib salom berodur hamda oyoqda tik turgʻondur. Amir koʻrishmoqchi boʻlub qoʻlini uzotqondur.

Husayn Muhammadboy amir birlan koʻrishub, amirning qoʻlin oʻfkondir. Amir oʻlturmoqgʻa kursi koʻrsatkondir. Husayn Muhammadboy amirgʻa hurmat qilub kursida oʻlturmay oshoqda oʻlturgʻondur (josus, ishfiyun).

... nima toʻgʻrida kelgonin soʻroydur.

... janob oq podshoh hazratlari ikki musulmon xonlarining yoʻluqishmoqlarini mehribon boʻlgʻon erkonlar deb javob bergondur.

... andog‘ boʻlsa janob xoningizning xizmatlarigʻa bir soatdan keyin oʻzimiz borurmiz, deb Asfandiyorgʻa bir dona birliyontli oltun soat va Husayn Muhammadboygʻa zarbof kamarli chekman hadya qilub ruxsat bergondur.

Husayn Muhammad boy Asfandiyor yonigʻa qaytib kelib, soatni Asfandiyor yonigʻa chiqorib qoʻyodir.

Asfandiyor soatgʻa qaramasdan turub, darhol shartlarimni oʻrunigʻa kelturdingmu, deb soʻroydir.

“... taqsir, siz mening valineʼmatim boʻlsangiz, amir esa Buxoro tojiklaridin boʻlsa, Sizning amringizni qilmay haddim bormu?” degondir.

Asfandiyor mehmondorlarni choqurub Buxoro amiri birlan yoʻluqushmoq uchun ayrim joy tayyorlamoqni buyurodur. Niqolaygʻa maxsus uylardan birini tayyorlongʻonidan keyin har ikkisi shul joyina borub, hech gaflashmasdan bir istikon choy ichib, oʻz qoʻshlarigʻa qoytib ketodirlar”. Ikki xonning bunday muvaffaqiyatsiz uchrashuvi maxsus tashkil etilgan edi.

 

Bobojon Safarov. “Xorazm tarixi” asari qoʻlyozmasi.

Xotirada yozilishicha, Islomxoʻja islohotlarining dastlabki ikki yilidayoq ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

“1 – Toza Xiva tashkil qilish. Urganch darvozasining orqasidagʻi kema koʻfruk atrofida oʻturgʻon mayda kosiblar boʻyoqchi va temirchilarning doʻkonlari olinib yiqdurmoqgʻa buyurildi. Avaz Muhammad toʻraning yeridin oʻtgan daryoning yofini koʻmdirib fuqarolargʻa joy solishgʻa berildi. Oz zamon ichida koʻhna ters masjidga borgʻuncha fuqarolar tomonidan doʻkonlar, hovli binolar solinib, Chorsu bozor quruldi.

2 – Xiva xonligʻigʻa qaragʻon butun yerlarni oʻlchash. Russiyadan maxsus choqirilgʻon, taxminan oʻttiz qadar injiril (injener)larning yonlarigʻa xivaliklardan bir nafar devon hamda bir nafar xizmatchi qoʻshilib Dorgʻondan Qoʻngʻrotgʻacha tanob urmoqni buyurulub, Islomxoʻjaning gʻayrati bila Russiyadan choqirilgʻon injirillarga yasotilgʻon toza Xivaning fuloni (reja) buyuruldi.

3 – Xastaxona va telegrafxona binosi. Asfandiyor Fitirburx borganida Niqolayning oʻgʻligʻa ikki yuz ming manat hadya qilib, shul oqchagʻa mazkur shahzodaning otigʻa Xivada xastaxona solishning ruxsatini olgʻon edi. Urganch darvozasining yoqinida Pahlovon yofining janub tomonida Allohbergan Qaro devon deganning bogʻini olinib, qirq kishilik yotoqxonali bir xastaxona quruldi. Xastaxonaning kunbotar devori oʻrtasidagʻi peshtoqda Niqolay oʻgʻli Alekseyning odi yozilgʻon edi. 1919 inchi yilida xon Junaydning zamonida shul yozuvning usti oq ganch bila suvolib bekitildi.

4 – Asfandiyor dahmasi. Pahlovon yofining orqasida dahma binosi boshlatdi. Dahma ikki boʻlimdan iborat boʻlib, kun botar tarafi dahma va kun chiqar tomonidogʻi boʻlimi madrasadir. Daxma boʻlimi bir darsxona bila olti gumbazdan iborat boʻlib, madrasa boʻlimi qirq hujra va bir katta masjiddan mutashakkil edi. Madrasa binosigʻa koʻp ahamiyat berilib Rahimbergan mahramni sohibkor taʼyin qilindi...

5 – Zindon xona binosi. Mundin burun Xivada gunahkorlarni hibs qilish uchun maxsus bir joy yoʻq edi, boʻlgʻonlari ham gʻoyat kichik oʻtirmoq, yotmoq mumkin boʻlmagʻon xarob joylardan iborat boʻlub, toʻrt-besh kishidan ortuqni sigʻdirmagʻoni kabi berk joylar emas edi. Shuning uchun Urganch darvozasining yoqinidogʻi Otajon Fozochi deganning hovlisi oʻrnidan zindonxona solunmoqgʻa boshlandi.

6 – Yoʻllarni tuzatish. Toshqori qalʼadagʻi Toshkoʻfrikdan tutub kema kufrikga kelguncha yoʻlning har ikki tamonida oʻturgʻon butun kosiblar koʻchirilib doʻkonlarni yiqdiruldi. Yoʻlni 12 gaz oʻlchogʻida kengaytirilib, to Fulod sulton qishlogʻina borgʻuncha tegiz qilindi hamda Urganch darvozasini yiqdirib ikki darvoza qilib solunmoqgʻa boshlandi. Bu darbozalarning biri shahar ichkarisidin chiqishgʻa va ikkilanchisi shaharga kirishiga maxsus edi. Urganch darvozasiga Qoʻsha darvoza deb ot beruldi.

7 – Arnalargʻa temur koʻfruklar qurish. Gʻoziobod va Shohiobodgʻa oʻxshash arnalarning yigʻoch koʻfruklarini qoldurulib oʻrnigʻa temir koʻfruklar qurush uchun Russiyaning fabriklariga besh dona temir koʻfruk buyuruldi. Inqilobdan 3 yil keyin – 1923 inchi yilda Gʻoziobod va Shohi Obodgʻa qurulgʻon notamom qolgʻon koʻfruklar bitkarilib edi...”.

Islomxoʻjaning islohot dasturi.

1912-yil islohotlar avjiga chiqqan paytda Asfandiyorxon nojoiz xarajatlarni avj oldira boshlaydi. Jumaniyoz hojining yozishicha: “... Pahlovon yofining orqosidogʻi Abdulqodir toʻraning oʻttiz tanob, Asgʻar Mahmud toʻraning oʻn tanob yer va bogʻlari olinib, ellik tanob kengligida bir bog‘ qilish ham shuning ichida koshinlik bir koʻshk solish Otaniyoz devon Mahmud devon oʻgʻligʻa buyurulib, oz zamon ichinda bitkarildi. Bogʻning ismi Toza Tozabog‘ deb ataldi”. Shuningdek, “... Asfandiyor ilk boshida Islomxoʻjaning Kengashi bilan ish qilib kelgan boʻlsa-da, xonligʻini Niqolaygʻa tasdiq qildirib barcha muomalot yoʻl-yoʻruqlarigʻa oshno boʻlgʻondin keyin Islomxoʻjaning istagiga qorshu harakatlar ham qila boshladi. Shu jumladan: Islomxoʻja islohot ishlarini bekor qilish uchun turlik tadbirlarga murojaat qilib, temir koʻfruklar solish, Xiva shahriga telegrom keltirish, xastaxona maydongʻa chiqorish, yoʻllarni tuzatish kabi eng muhim ishlarga keraklik oqchalarni topishda qiyin bir holgʻa tushkon bir chogʻlarida Islomxoʻjaning qarshuligʻigʻa qaramasdan Nurulloboy hovli koʻrinishxonasining orqa tomonida Sharq va Ovrupo meʼmorining usulida bir koʻshk solishni buyuradi. Islomxoʻja Asfandiyorning oʻrinsiz boʻlgʻon shu harakatiga butun borligʻi bilan qarshu boʻlsa-da, Asfandiyorning bu xususdagʻi osrorliq va qattiq vaziyatidin shubhalanib nihoyat shu koʻshkni solib bitkarishni Rahimbergan mahram Rahmonbergan oʻgʻligʻa buyurdi. Shu yili qish oʻrtalarida koʻshk bitkarildi. Koʻshk xarajotlarigʻa taxminan yetmish ming tillo yoki bir yuz yigirma olti ming soʻm chiqgʻondur...”.

Jumaniyoz hoji, umuman barcha “Yosh xivaliklar” xonlikdagi kechayotgan voqeliklarda, xususan turkman sardorlari bilan ziddiyatlarda imperiyaning qoʻli borligini sezib turar edi. Xotiradagi “Mahmudxon voqeasida Niqolay maʼmurlarining ham qatnashigʻi bor” deb nomlangan bobda, “...Niqolaylar hukumati Xiva xonligʻini oʻz himoyasida boʻlib turgʻonigʻa ham qanoat qilmasdan toʻgʻridan toʻgʻri boshqa mustamlakalari qatorigʻa qoʻshishi va Xiva xonligʻini butunlay yoʻq qilish uchun har turli vositalar bila zaminlar tayyorlamoqda ekani maʼlum bir narsadur. Mana shuning uchun Niqolay maʼmurlari Xiva toʻgʻrisida shunday tadbirlarni qilishgʻa kirishdilar: bir tomondan xalq orasida tinchsizliq tugʻdirish, ikkinchidan xalqni yoshurun ravishda oʻzlariga tortish, uchinchi tomondan boʻlsa Xiva xonligʻi bilan ham rasmiy muommalalarni uzmasdan oʻrtagʻa kelib chiqqon qiyinchiliqlarda mujmal kengashlar berib, yomon vaziyatlarga qoldirishdan iborat edi” deydi.