Kino sanʼati tarixan estetik ijod namunasi boʻlish bilan birga mavjud hukmron mafkuralarning turli siyosiy oʻyinlari targʻibotchisi ham hisoblangan. Bir muddat oldin Oyina.uz Turkistonda inqilobgacha va inqilobdan keyin kinodan qanday siyosiy maqsadlarda foydalanilgani xususida soʻz yuritgan edi. Aynan mana shu mavzuning mantiqiy davomi sifatida eʼtiborimizni shoʻro hokimiyati taʼsiri bilan bogʻliq “Bosmachilik harakati” aks etgan filmlarga qaratamiz.

Maʼlumki, yetmish yildan ortiq vaqt mobaynida shoʻro hokimiyatiga qarshi kurashgan mahalliy xalq vakillarining qurollangan guruhlariga nisbatan bosmachilik atamasi qoʻllanilgani bois, bosmachilar obrazi koʻplab oʻzbek, tojik, rus badiiy filmlarida turlicha talqin etib kelindi. Bu mavzudagi “Ravot qashqirlari” (1927,  rejissor K.Gertel), “Yigit” (1935, rejissor N.Gʻaniyev), “Soʻnggi bek” (1935, rejissor Ch.Sabinskiy) kabi filmlar mualliflari  mavzuga hukmron mafkura siyosati yuzasidan yondashganlar.

Mustaqillikdan keyin “milliy ozodlik harakati” sifatida tilga olinayotgan bu hodisaning asosida shoʻro askarlari va shoʻro hukumatining mamlakatda olib borayotgan notoʻgʻri siyosati yotganligini tarixchi olimlarimiz ilmiy izlanishlari orqali matbuot sahifalarida bayon etdilar: “Buxoroda milliy ozodlik harakati 1920-yil oktabr oyi oʻrtalaridan boshlangan”, – deb yozadi buxorolik tarix oʻqituvchisi Rajab Qilichev. “Xuddi shu paytda Buxoro amiri “kofirlarga qarshi gʻazovot” eʼlon qilgan edi. 1920-yil dekabrida amir oʻz atrofiga 15000 dan ortiq vatanparvarlarni toʻplab ulgurgan edi. Bolsheviklar xalq harakatidan qoʻrqib Moskva, Toshkentga harbiy madad berish toʻgʻrisida ketma-ket telegrammalar joʻnata boshlaganlar”. Koʻrinadiki, bosmachilik oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Bunda shaxsan amir Olimxonning buyrugʻiga asosan qurolli kuchlar yigʻilgan va qizil askarlarga qarshi jangga otlanilgan. Bosmachilik harakati aks etgan badiiy filmlarda esa “bosmachilar” shunchaki xalqni talash va yovuz maqsadlarini amalga oshirish uchun qurollanganligi ssenariylarga kiritildi va ekranlashtirildi. Vatanparvarlarning asl maqsadi oʻz yurtini kelgindi asl bosmachilardan qutqarish ekanligi tabiiyki,  shoʻro mafkurasi targʻib etilgan filmlarda yoritilishi  mumkin emasdi. Manbalarda keltirilishicha, 1922-yilda “qizil askarlar, CHK xodimlari uyma-uy yurib, “kim bosmachi”, deb bugunoh aholiga jabr-zulm oʻtkaza boshladilar. Qishloqlarga oʻt qoʻyilib, yer bilan yakson qilib tashlandi, musulmonlarning eng muqaddas joylari hisoblangan madrasa-masjidlar otxonalarga, kazarmalarga, omborxonalarga aylantirildi. Oziq-ovqat razvyorstkasining joriy qilinishi aholi boshiga amirlik davrida solingan jabr-zulmdan ham oshib tushdi... Qishloqlarda ochlik dahshatli tus olgan, odamlar uy-joylarini tashlab boshlari oqqan tomonga qarab qochganlar. Butun aholidan tortib olingan don-dunlar vagonlarga yuklanib Rusiyaga joʻnatilgan...”.

Qurollangan toʻdalar bilan shoʻro armiyasining oʻzaro kurashi 1925-yilda olib borilgan ochiq jangda Ibrohimbekning yengilishi bilan tugaydi. Oradan koʻp oʻtmay, 1927-yilda yosh shoʻro davlatining bosmachilik harakatiga qarshi olib borilgan kurashi  tasvirlangan ilk  film “Ravot qashqirlari” yaratildi. Filmning mazmun mohiyati haqiqiy tarixiy faktlardan tamomila farq qiladi. Ssenariy muallifi V.Sobberey soʻnggi bosmachilar toʻdasining qizil askarlar tomonidan qoʻlga olinishi hamda oʻzbek ayoli Karomatning oʻz eridan qochib ketishida shoʻro faollarining yordam berganlarini ssenariyda aks ettirgan. Oʻz vaqtida “Ravot qishqirlari” filmiga matbuotda eʼlon qilingan taqrizlarga qaraganda, bu asar koʻplab tomoshabinlarning eʼtiborini tortgan. Xususan, yozuvchi A.Qodiriyning taqrizida quyidagicha fikrlar keltiriladi: “Oʻzbekning uyatsiz boyi, kambagʻal dehqoni, Karomat bibisi, Sodiqi, Jalili, toʻy-hashami, yersiz kambagʻal dehqonning ongsizligidan foydalanib, oʻzi kabi qashqirlar toʻdasi tuzgan bosmachisini koʻrdim. Bularni koʻribgina qolmadim; Ravot togʻining “boy aka” ismida yurguvchi qashqirlarini jonlik, kambagʻal dehqonning chorasiz, gʻarib va ehtiyoj orqasida qizini qashqirga baholab berguvchini koʻrdim... Ayniqsa Jalil – bosmachilikning tomir yoyishi manbaining jonli timsoli. Jalil ongsiz, savodsiz, oʻylab netib turish yoʻq. Karomat qoʻlidan ketdi. Abdunabi boydan oʻch olishi kerak! – otigʻa mindi, chovuga qamchi berdi, ot shataloq otdi, ketdi – bosmachi!

Darhaqiqat, qoʻrboshi akalar nima bilan bir necha kun jon saqlay oldilar? Shoʻro qonunlari endigina yoʻlga qoʻyila boshlagan yangi davrda, uyatsiz Abdugʻani boylar va qoʻy terisiga yashiringan qishloq arboblari va boshqalarning oʻz tilagilaricha ish koʻrib, Jalil kabi ixtiyorsiz, zaif batrak, kambagʻallarni jonidan toʻydirganliklaridan keldi. Ular oʻzlarining qoraliklari  orqasidan, “qordan” qutulib, “amiralmoʻminin” qoʻrboshilarga yana yem boʻladilar.”

Ushbu taqrizdan taxmin qilish mumkinki, 1925-yildan keyin ham bosmachilik butkul tugatilmagan edi. Endigi qurollangan guruhlar mahalliy dehqonlar va shoʻro hokimiyatidan jabr koʻrganlarni oʻz toʻdalariga jalb etishar va butun xalqni shoʻrolarga qarshi oyoqqa turgʻizishga behuda urinishar edi. Bu harakatda A.Qodiriy taʼkidlaganidek “shayxulislom, qozi, mufti kabilarning bosmachilikka din nomidan fatvo berishlari, qoʻrboshidan inʼom-ehson koʻrib, yigitlarni gʻazotga daʼvat qilishlari” boʻlgan gap. “Ravot qashqirlari”da bosmachilikning ayni shu tomoni aks etmaganini tilga olgan yozuvchi “holbuki, bosmachilikda eng zoʻr rol oʻynaganlar shu ulamolar edilarki, bularga koʻzim tushmadi”, deb yozadi.

Bu mavzuga aloqador keyingi filmda esa ayni “Ravot qashqirlari”da  yoritilmagan bosmachilikning kengayishida muhim ahamiyat kasb etgan ruhoniylar obrazi aks etdi. 1930-yilda yaratilgan “Soʻnggi bek” filmida Fargʻonadagi bosmachilar harakatiga qarshi  dehqonlarning kurashi namoyon boʻldi. Ssenariy muallifi M.Ruderman, rejissor Ch.Sabinskiy, rejissor asisstenti N.Gʻaniyevlar filmda bosmachi obrazining va unga qarshi kurashganlarning xarakterini yoritishga harakat qildilar.



“Bosmachilik harakati” boshlanmasdan oʻn yetti yil avval mahalliy beklardan biri unga tegishli suvdan oʻz yerini sugʻorgan dehqon Abdurahmonni qishloqdan haydab, moxovlar yashaydigan yerga joʻnatadi. Fargʻonada shoʻro davlati oʻrnatilgandan soʻng bek qishloqdan qochib, “bosmachilar” toʻdasini tashkil etadi. Abdurahmonning oʻgʻli Botir esa dehqonlardan iborat guruhga bosh boʻlib “bosmachi”larga qarshi kurashadi. Uning gʻalaba qilishida qizil armiya askarlari yordamga keladilar. Film saqlanmaganligi tufayli uning mazmuni haqida aniq maʼlumot yoʻq. Lekin film haqidagi taqrizlardan kelib chiqib (“Kino”, M., 25.05.1930; “Кино и жизн”, М., 1930, № 19; “Вечерняя Москва”, 21.04. 1930) uning gʻoyaviy yoʻnalishi haqida maʼlum fikrga kelish mumkin. Taqrizlarga koʻra, filmda Botir eshonning gaplariga ishonib, bosmachilarga borib qoʻshiladi. Lekin ularning xalqqa koʻrsatayotgan behad jabr zulmini koʻrib, bosmachi, eshon va mullalarning aslida dehqonlarning dushmani ekanligini tushunib yetadi.

“Sosrealizm” metodining oʻzbek kinosidagi aniq timsoli sifatida baholangan filmlardan yana biri “Yigit” filmidir. Uning rejissori birinchi oʻzbek kinorejissorlaridan biri Nabi Gʻaniyev edi. Ssenariy muallifi va bosh rol ijrochisi Ergash Hamroyev.



1935-yilda yaratilgan bu film aniq dramaturgik syujet qurilishiga koʻra rivojlanib borishi va kuchli xarakterlar toʻqnashuvi namoyon boʻlishi bilan diqqatga sazovor. Film gʻoyaviy mohiyatidan qatʼiy nazar oʻzbek kinosining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan asarlar qatorida tilga olinadi. Diqqatni tortadigan tomoni shundaki, mahalliy xalq turmush tarzini yaxshi bilmaydigan rejissor va ssenariynavislardan maʼlum ijodiy tajribani oʻzlashtirgan yosh oʻzbek kadrlari ham ilk ijod namunalarida  aynan mafkuraviy mavzularga murojaat etadilar. Taassufki, mamlakatda tarafkashlik avj olgan 20-30-yillarda sanʼat va madaniyat ahli ham umumiy oqimda suzar edi. “Bosmachilik”ning asl kelib chiqishidan bexabar boʻlgan yoshlar shoʻro hokimiyatiga umid va ishonch bilan mafkuraviy tashviqotda faol ishtirok etdilar. “Bosmachi”larning qiyofasini ekran va sahnadan koʻrib turgan va mamlakatdagi ocharchilik va talon-taroj aynan ularning ishi ekanligiga ishongan xalq ularga nisbatan qoʻrquv va nafrat bilan kun oʻtkazardi.



“Вестник Просвещения и коммунистической културы” jurnalining 1920-yil 5-6-sonida shunday satrlar bor: “15-iyunda Andijonda birinchi bosqich maktab oʻqituvchilari uchun pedagogika kursi ochildi. Kurslar yaxshi fursatda ochildi, deb aytib boʻlmaydi. Tepangga kelib turmasa ham, lekin doim xavf-xatar solib turadigan bosmachilik ayni vaqtda koʻp odamlarda allaqanday vahima solib turardi, bu esa odamlarni chakana ham qoʻrqitmaydi. Obivatellarning har kuni yangidan-yangi vahimalar tarqatib turadigan yolgʻon-yashiq gaplari bu yerda juda yomon rol oʻynaydi.”

 
Ilk shoʻrolar hukumati oʻrnatilgan davrlarda badiiy ijodning yetakchi mavzulari qatorida “reja”ga kiritilgan bu siyosiy gʻoya qariyb 50-60-yil mobaynida tomosha sanʼatlarining yetakchi mavzularidan biri boʻlib qoldi. Aslida, haqiqatning ildizlari faqat mustaqillikdan keyin ochila boshladi. Lekin, bu mavzu koʻplab bir tomonlama oʻrganilgan masalalar qatori hamon  oʻzining aniq tarixiy nuqtasini topganicha yoʻq. Ayniqsa, oʻzbek kinofilmlarida ifodalangan “bosmachi”larning qora  rangdagi qiyofasi oʻzbek xalqining avlodlariga mashʼum taʼsirini oʻtkazmay qolmagan. Biz esa qoʻlimizda bor manbalar misolida masalaga oydinlik kiritish niyatidamiz.

Har qanday keskin kurashlarga qaramay “bosmachilik harakati”ning 30-yillar oxiriga qadar choʻzilishiga sabab yerlik aholining milliy qadriyatlaridan bexabar shoʻro askarlari hokimiyat qoʻlga olingandan keyin xalqni talash va zoʻravonliklar qilish yoʻliga oʻtkanliklaridan boshlangan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida “Ф.Р.-17. оп.45” raqami bilan saqlanayotgan hujjatda “Samarqand oblastini(ng) bosmachilarni yoʻq qiladigan favqulodda troykasi” deb nomlangan muvaqqat qoʻmitasining bayonnomasi saqlanadi. Unda bosmachilikning kelib chiqishi maxfiy tarzda bayon etilar ekan, shunday jumlalarni oʻqiymiz: “Chinakam qimmatli xodimlar bilan bir qatorda  bu tomonlarga ongi yetilmagan, umuman tarixdan, shu jumladan, Turkiston tarixidan, tajribasidan mutlaqo bexabar ishchilar, qizil askarlar va matroslar keldilar, oʻzlari tashkil etgan maxsus boʻlimlar va cheka organlari orqali, ehtimolki, Ryazan gubernyasida tadbiq qilish mumkin boʻlgan, biroq Turkistonda qoʻllash mutlaqo mumkin boʻlmagan usullar vositasida qishloqda inqilobni amalga oshirishga kirishdilar. Agar ularning aholiga qilgan qabih zoʻravonliklari faktlariga batafsil toʻxtalgudek boʻlsak, inqilobga mutlaqo daxli boʻlmagan “jasorat”lari haqida uyum-uyum qogʻozlarni toʻldirishga toʻgʻri keladi. Hech bir gunohi yoʻqlar ikki-uch kishining til biriktirishi bilan otilavergan-u, ashaddiy aksilinqilobchilar hech kimga maʼlum boʻlmagan sabablar bilan boʻshatib yuborilgan. Samarqandda, masalan, jazo otryadlari oʻrtasida bir kecha davomida mahbuslarni kim koʻp otish boʻyicha musobaqa oʻtkazilgan. Kelgindi xodimlar ushbu mamlakatning odatlarini oyoq osti qilib, eski mutaassibdan, chamasi biror yil ichida baynalmilalchi chiqarish xayoli bilan uning diniy tuygʻularini toptagan holda musulmon turmush tarzining asriy daraxtini tagidan qoʻpormoqqa kirishdilar”. (Bu koʻchirma olim B.Qosimovning “Jadidchilik” maqolasidan olindi: Milliy uygʻonish va oʻzbek filologiyasi masalalari. T., 1993. B. 26-27.)

Baʼzi manbalarda esa bosmachilik sifatida tarixga kirgan bu milliy-ozodlik harakatining kelib chiqishi shoʻro askarlari tomonidan Qoʻqon muxtoriyatining vahshiylarcha tugatilishi bilan bogʻlanadi: “Qisqa vaqtda roʻy bergan vayronagarchilik, talon-taroj va vahshiyliklar butun Turkistonga yoyildi. Insoniy huquqi, eʼtiqodi, oriyati toptalgan xalq qoʻzgʻaldi. Bu holat xalq harakatiga, xalqning ommaviy qarshilik harakatiga, oʻziga xos yoʻsindagi xalq noroziligiga va qoʻzgʻolonga aylanib ketdi. Biz bu milliy ozodlik va qarshilik harakatini bosmachilik harakati, davrni esa bosmachilik davri deb atadik.”

Endilikda “bosmachi” sifatida atab kelingan milliy ozodlik harakati ishtirokchilarining toʻqima obrazlari aks etgan filmlarni  ilmiy nuqtai nazardan oʻrganar ekanmiz, hodisaga xolis yondoshish masalasi asosiy mezondir. Zotan, mamlakatda shoʻro hokimiyatiga qarshi kurashganlarning barchasi yoʻq qilib yuborilgunga qadar Turkistonda xalq ogʻir iqtisodiy ahvolni boshdan kechirgan edi. Oʻz oilasi, qishlogʻi, yashash joyini tashlab, togʻlarga chiqib ketgan va kurashga otlangan qurolli kuchlar oziq-ovqatlar va kiyim-kechaklarga hamisha ehtiyoj sezganlari tabiiy.  Shu bois vaqti-vaqti bilan bu qurollangan toʻdalar qishloqlarga bosmachilik harakatini uyushtirganlari va aholini qoʻrqitib, talonchilik qilganlarini inkor etib boʻlmaydi. Tinchini yoʻqotgan, hamisha xavotirda yashagan xalq shoʻrolar hokimiyati tarqatgan toʻgʻri-notoʻgʻri axborotlar taʼsirida qurollangan toʻdalarning asl maqsadi  yangi ishchi-dehqonlar hokimiyatini yoʻqotish, eskicha boshqaruv tizimini qaytadan joriy etish deb tushunganlari va ularni “bosmachi”,  deb ataganlari ham haqiqat. Masalaning nozik jihati shundaki, qurollangan toʻda boshliqlarining aksariyati kechagi boshqaruv tizimining nufuzli ayonlaridan boʻlgan kishilar edi va haqiqatan ham ular shoʻro hokimiyatiga qarshi edilar. Biroq, ular orasida dehqonlar ommasi vakillari  ham borligi – ilk shoʻrolar davrida qizil askarlarning mahalliy aholiga koʻrsatgan jabr-zulmi, xalq mulkini talon-taroj qilish, don-dunning urushdan och-nahor chiqqan aholiga berilmay, Rossiyaga joʻnatilishi bilan bogʻliq. Koʻrinadiki, 20-30-yillarda yaratilgan bosmachilar kurashiga bagʻishlangan kinofilmlarining gʻoyaviy yechimi shoʻro hukumati mafkurasiga xizmat qilishi va ijtimoiy voqeʼlik bor boʻyicha emas, yuzaki, bir tomonlama ifoda etilganligi bilan xarakterlidir.

Tadqiq etilayotgan davrda odim tashlagan oʻzbek kinosining tabiiy rivojlanish yoʻliga toʻgʻanoqlar  qoʻyildi. XX asrning 30-yillariga qadar maʼlum muddat qalam tebratib turgan jadidlar 40-yillarga kelib siyosiy maydondan butkul olib tashlandi. Turli siyosiy oʻyinlar natijasida XX asr boshidagi xalqning turmush tarzi, qiziqish va imkoniyatlari badiiy ijod namunalarida buzib talqin etildi. Endilikda oradan yuz yilcha vaqt oʻtib, oʻzbek  kinosining shakllanish davrida yaratilgan filmlarga ilmiy nazar tashlar ekanmiz, yetmish yil mobaynida shoʻro hokimiyatining asl qiyofasi yashirilib, mavjud  mafkuraning “siyosiy oʻyinlari” qanchalik   xas-poʻshlanganligidan kino sanʼatidan ustalik bilan foydalanilganligini koʻrsatadi.

Shohida ESHONBOBOYЕVA.

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!