“At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” asari zakiy bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan qutlug‘ bir merosdir. Kitob nomi arabiy yozuvida  التحفة الزكية في اللغة التركية‎  shaklida  berilgan va oʻzbek tiliga “Turkiy til haqida noyob tuhfa” shaklida tarjima qilingan.

Bu noyob tuhfa XIV asrda Misrda yozilgan boʻlib, uni yozgan muallifning ismi maʼlum emas. Asar qoʻlyozmasining bizgacha yetib kelgan yagona nusxasi hozirgi kunda Istanbuldagi Boyazid kutubxonasida saqlanadi. Qoʻlyozma 91 varaq 182 betdan iborat,  har bir betda 7 ta soʻzga sharh berilgan va ular 13 ta qatorga joylashtirilgan.

Asar kirish,  3000 ta soʻzlik lugʻat va grammatikaga oid alohida bobdan tarkib topgan. Lugʻadashi va grammatika qismida berilgan asosiy soʻzlar mamluklar davrida shakllangan qipchoq tiliga oid. Undagi qipchoqcha soʻzlar qizil rangli, arabcha soʻzlar qora rangli siyohda yozilgan.

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya”da turkman, tatar, qarluq tillari haqida ham maʼlumotlar keltirilgan boʻlsa-da, asosiy soʻzlar  mamluk-qipchoq tiliga oid. Muallif bu haqda shunday yozadi: “Men bu asarda qipchoq tiliga asoslandim. Chunki eng koʻp qoʻllaniladigan (ilgʻor) til qipchoq tilidir. Turkman tilini bu ishda bayon qilmadim. Faqat zarurat boʻlgandagina koʻrsatdim” (Attuhfatuz zakiyat-u fil lugʻatit turkiya [Turkiy til (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa]. Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov, – Toshkent: Fan, 1968. – B. 4). Shuningdek, muallif asarda Abu Hayyon Gʻarnatiyning (1256–1344) qipchoq tili haqidagi “Kitobul idrok lilisan al-atrok”  asaridan ham foydalanganini aytib oʻtgan.

“At-tuhfa” mamluk-qipchoq tilida yozilgan. Mamluk-qipchoq tili turkiy tillarning qipchoq guruhiga kiradi. Bu til XIII–XV asrlarda Misr va Suriyada sultonlar va davlat xizmatchilari, savdogarlar soʻzlashadigan oʻzaro muloqot tili – lingva frankaga aylangan (Lingva franka (ital. lingua franca “franklar tili”) – kishilar oʻrtasidagi  muloqot uchun tizimli ravishda ishlatiladigan (oʻz ona tilidan boshqa) til yoki dialekt. Arablar va turklar bu tilni “Lisan al-ifrang” deb atashgan.). Bu tilni qipchoq-oʻgʻuz, Oltin Oʻrda tili, Misr mamluklari tili, qipchoq adabiy tili kabi nomlar bilan ham atashgan. Ammo, baribir bu til tilshunoslikda mamluk-qipchoq tili nomi bilan atalib kelinadi.

Boyazit kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmani 1940-yilda birinchi boʻlib venger olimi Tibor Xalashi-Kun tadqiq qilgan. 1945-yilda turkiyalik professor Besim Atalay uni turk tiliga tarjima qilgan. 1967-yilda uni yahudiy dinidagi turkiy xalq – qaraim millati vakili Aleksandr Dubinskiy oʻrgangan. 1968-yilda esa Solih Mutallibov asarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Yuqorida ismi zikr etilgan, Solih Mutallibovdan boshqa barcha olimlarda “Tuhfa”dagi soʻzlarni oʻz tili doirasida tahlil qilish koʻzga tashlanadi va ularning hammasi asardan oʻz tili uchun nimadir oʻzlashtirishga harakat qilgan.

N.Baskakov ham oʻzining “Turkiy tillarning tarixiy-tipologik fonologiyasi” nomli asarida mamluk-qipchoq tilini gʻarbiy qipchoq tillari, aniqrogʻi qumiq, qaraim, qirimtatar, qorachoy va balqar tillariga oʻxshash deb topgan.  Adham Tenishev esa uning shimoliy qipchoq tillari, xususan tatar va boshqird tillariga yaqinligini aytgan. Bu ikki olimda ham negadir tuhfani oʻziniki qilishga boʻlgan intilish koʻzga tashlanadi. Chunki Nikolay Baskakov asli Oltin Oʻrda beklarining avlodidan boʻlsa-da, turkologiyaga qiziqishi Qoradengiz boʻyida shakllangan. Adham Tenishev esa tatar millatiga mansub.  Shuning uchun ham noyob tuhfaning oʻrganilishida koʻplab bahstalab masalalar yuzaga kelgan. Har bir shaxs, predmet yoki voqelikni, umuman olganda obyektni oʻrganishda subyekt muhim oʻrin tutadi. Shunday ekan olimlarning bahslaridagi “koʻrpani oʻziga tortish”ni toʻgʻri tushunish mumkin. Aslida esa mamluk-qipchoqlari tili, xususan “At-tuhfa” tili ham qipchoq va oʻgʻuz dialektlarining sintezidan iboratdir.

“At-tuhfa” lugʻati hozirgi kundagi qaysi tilga yaqinligi doimo bahstalab mavzu boʻlib kelgan. Ayrimlar uni oʻgʻuz tiliga, boshqalari qipchoq tiliga yaqin deb topishgan. T.Xalashi-Kun (Halasi-Kun T. Die mameluk-kiptschakischen Sprachstudien und die Handschriften in Stambul // Korosi Csoma Archivum. – Bedapest, 1940. – Bd. 3. – Th. 1 – S. 80–83). mamluk-qipchoq tilidagi yodgorliklardagi soʻzlarni dialektlarga koʻra uch guruhga ajratgan: 1) sof qipchoq soʻzlari; 2) sof oʻgʻiz soʻzlar 3) qipchoq-oʻgʻuz aralash soʻzlar. Shu oʻrinda, asarning oʻrganilishi tarixiga nazar solsak, muammo birmuncha oydinlashadi.

Sharqiy Afrika va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlarining tarixini oʻrganish shuni  koʻrsatadiki, oʻgʻuz turklari bu yerga ancha avvalroq kirib borgan. Bu davrda qipchoq tili Yevropaning shimoliy-gʻarbiy tomonida koʻproq tarqalgan. Qipchoq tilining bu hududlarga kirib kelishi mamluklar davrida kuchaygan va  tez orada koyne (Koyné (yunoncha: Κοινὴ Ἑλληνική “umumeʼtirof etilgan yunon tili”, yoki ἡ κοινὴ διάλεκτος, “umumiy dialekt”) – yunon tilining postklassik antik davrda paydo boʻlgan va xalqaro muomalada boʻlgan shakli.) darajasiga yetgan. Buning asosiy sabablaridan biri asli qipchoqlardan boʻlgan Sulton Beybars va Oltin Oʻrda xoni Berkexon oʻrtasida tuzilgan  ittifoq boʻlishi mumkin. Chunki 1258-yilda Bogʻdod fath etilganidan keyin Xulaguxon bilan Berkexon orasiga sovuqlik tushadi va xon oʻz qoʻshinlariga ortga, Qipchoq yurtiga qaytishga, qaytishning imkoni boʻlmasa Misrga ketishga amr qiladi. Berkexon chingiziylar orasida birinchi boʻlib islomni qabul qiladi va Oltin Oʻrdadada madrasa ochish uchun eng ilmga chanqoq yigitlarni Misrga oʻqishga yuboradi. Shu tariqa Misrning qoʻshinlaridagi harbiylar orasida ham,  madrasalarda oʻqiydigan talabalar orasida ham qipchoq turklari koʻpaya boshlaydi. M.Ulaqov va A.Chechenovning “Turkiy tillardagi yozma yodgorliklar zamonaviy qorachoy-bolqor tili tarixini oʻrganish manbasi sifatida” nomli kitobida keltirilishicha, Misr hukmdorlari qipchoqlar boʻlgani uchun qipchoq tilining nufuzi tobora ortib borgan. Bu esa oʻz-oʻzidan arablar va turklar, xususan amaldorlar ham bir-birlarini tushunishi uchun lugʻatlar tuzish ehtiyojini yuzaga keltirgan. Natijada arab tilidagi kitoblar turkchaga, turkcha kitoblar arabchaga tarjima qilina boshlangan. Shu tariqa, arab-qipchoq gramatikasi va glossariylari yuzaga kelgan (Улаков М.З., Чеченов А.А. Письменные памятники тюркских языков как источник истории современного карачаево-балкарского языка (спецкурс). – Нальчик: Издательство КБНЦ РАН, 2001. – 52 с.).   Tez orada Misr va unga tobe hududlarda oʻgʻuz tili bilan qorishgan sinkretistik qipchoq tili umumiy muloqot tiliga aylangan. “At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” asari oʻsha davrning mevasidir.

Hozirgi kunda asarni oʻrganish Turkiya, Ozarboyjon, Eron Ozarboyjoni, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Filologiya yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalarga  “At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” asaridan foydalanish boʻyicha alohida kurslar ham tashkil qilingan. Misol uchun, Tabrizda tartib etilgan turuz.com saytini (https://turuz.com/page/title/about-turuz) koʻzdan kechirsangiz, nafaqat “At-tuhfa”, balki qipchoq tiliga oid boshqa manbalarni ham topishingiz mumkin. Ammo, Oʻzbekistonda bu borada sustkashlik koʻzga tashlanadi. Asarning Solih Mutallibov tomonidan tarjima qilingan varianti bugungi kunda oʻzbek oʻquvchilari uchun yagona manba boʻlib turibdi. Solih Mutallibov asarni oʻzbek tiliga tarjima qilish bilan birga uni semantik tahlil ham qilgan. Gramatikasi va fonetikasiga oʻzbek adabiy tili meʼyorlari doirasida tushuntirishlar berib oʻtgan. Ammo tarjimada ham, sharhlarda ham ayrim kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Bunda S.Mutallibovning qipchoq tilida soʻzlashuvchi informantlardan foydalanmagani koʻzga tashlanadi.

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” shunday bir manbaki, undan oʻzbek tilining qipchoq va oʻgʻuz lahjalaridagi soʻzlarni qiyosiy tahlil qilish va semantikasini shakllantirishda unumli foydalanish mumkin. Inchunin, oʻzbek qipchoq lahjasida qoʻllaniladigan, ammo maʼnosi unutilgan koʻp soʻzlar asarda berilgan. Misol uchun, qiңir(yomon niyatli), qilchir(gʻilay), kashal(sochi toʻkilgan), tamaqsav(ochkoʻz), taz(kal), sangirav(gap tushunmaydigan), sholaq(buzuq), ulkar(hulkar), ovurchuq(charx), shishshak(ikki yoshli qoʻchqor), keshak(ikki yoshli tuya), uchmaq(jannat), tamuq(g‘)(doʻzax), jarma(poʻsti tozalangan bugʻdoy), burch(qarz), aru(toza), butaq(daraxt shoxi), qoʻqitmoq(titmoq), muyuz(shox) (Attuhfatuz zakiyat-u fil lugʻatit turkiya [Turkiy til (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa]. Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov, – Toshkent: Fan, 1968. – 280-b.) kabi soʻzlar qipchoq tillarida  qoʻllaniladi, ammo ayrimlarining maʼnolari unutilgan.

Asardagi ayrim soʻzlarda ch oʻrniga shipillovchi sh harfi, shipillovchi sh oʻrniga  sirgʻaluvchi s tovushi qoʻllanilganini ham koʻrish mumkin. Bundan koʻrinadiki, mamluk-qipchoq tilining shakllanishida nafaqat Oltin Oʻrda qipchoq tilining, balki qipchoq-noʻgʻay shevalarining ham taʼsiri boʻlgan. Shashti(sochli), qashabardi(qochaverdi), shuridi, sheshek(chechak), qonshi(qoʻshni), kashti(kechdi), shagʻir(chagʻir), bursh(burch-qarz) kabi soʻzlar qozoq, qoraqalpoq va noʻgʻay tillarini esga soladi. Shuning uchun Qozogʻistonda “At-tuhfa” qozoq tilining asosiy tarixiy manbasi oʻlaroq oʻrganiladi. Birgina Nazim Konkabayeva dissertatsiyasida “At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” 1152 soʻz tahlil qilingan (Konkabayeva N.N. “At-Tuxfa az-zakiya fi әl-lugʻat at-tүrkiya” yeskertkіshіne tarixilingvistikaliq interpretatsiya. “6D021200 – Tүrkіtanu” mamandig‘i boyinsha PhD filosofiya doktori dәrejesіn alu үshіn dayindalgʻan dissertatsiya. https://www.kaznu.kz/content/files/pages/folder17928/Aңdatpa%20Konkabaeva%20N.N..pdf).

Oʻzbekistonda esa bunday tadqiqotlar koʻzga tashlanmaydi. Qolaversa, oʻzbek tilidagi tarjimada ham bir nechta xatoliklar kuzatiladi. Jumladan, hamzalik boʻlimida keltirilgan kichi soʻzi  kishi deb tarjima qilingan. Aslida esa kishi katta odam kichi kichik odamni bildirgan. Oʻzbek adabiy tilidagi kichik soʻzi qipchoq lahjasida kichi shaklida talaffuz qilinadi.

Tamaqsav soʻzi qipchoq tilida odamning och qolgani, suvsav chanqaganini bildiradi. Ammo tarjimada tamaqsavning tarjimasi ochkoʻz  deb berilgan. Ayrim shevalarda tamaqsav ochkoʻz maʼnosida ishlatilgan boʻlishi mumkin, ammo uning bu soʻz tamoq va sav(sog‘) soʻzlarining birikmasi ekaniga ham eʼtibor qaratish kerak. Qipchoq  tilida ochkoʻz maʼnosida jutuqi leksemasi ham ishlatiladi.

Sangirav soʻzi qipchoq tilida yaxshi eshitmaydigan yoki gap tushunmaydigan maʼnosida qoʻllaniladi. Ammo tarjimada oddiygina kar deb berilgan. Oʻzbek  qipchoq lahjasida sangiravning yana bir angirav shakli ham angrayib turadigan, anglamaydigan kishi maʼnosida faol qoʻllaniladi.

Ayni boʻlimdagi koʻsa leksemasiga sharh yozilmagan. Qipchoq tilida koʻsa soʻzi soqolsiz yoki siyrak soqolli maʼnosida qoʻllaniladi. Shuningdek, ayni nom bilan ataldigan qipchoq urugʻi ham bor.

Yeyiladigan ovqatlar boʻlimida esa qurut leksemasi quritilgan qatiq, aniq taʼrif berilgan boʻlsa-da, qoʻshimcha ravishda  “...buning pishloq maʼnosi ham bor” deb qoʻshimcha qilingan. Aslida esa pishloq boshqa taom turi hisoblanadi.

Oʻtgan zamon feʼli boʻlimida suqlandi soʻzi havaslandi deb izohlangan. Aslida esa turkiy tilda suq kinna maʼnosida ishlatiladi (Birovning suqi kirdi). Shuningdek, biron kishiga tikilib yoki shahvat nazari bilan qarash ham suqlanish deyiladi. Ayni boʻlimda yana ikkita soʻz berilgan: surtudi, surtundi. Bu soʻzlar qipchoq lahjasida artish, artinish maʼnosida ishlatiladi, ammo tarjimada qashidi, qashindi deb izohlangan.

“Tuhfa”da avval oʻzbek tilining qipchoq lahjasida qoʻllanilgan, ammo fors tilining taʼsirida muomaladan chiqib ketgan soʻzlar ham bor. Misol uchun jumurtqa(yumurtqa) soʻzi barcha turkiy tillarda qoʻllaniladi. Ammo oʻzbek tilida uning oʻrniga forscha tuxum varianti ishlatiladi.

Turkiy tillarda piyoz soʻgʻan deb ataladi va bu lugʻatda berilgan. Ammo oʻzbek tilida fors tilidagi piyoz qabul qilingan.

Tuhfaning otlar boʻlimida tarvuzning arxaik varianti – qarpuz nomi keltirilgan. Tarvuzning qarpuz atalishi turkiy tillar tiynatiga mos keladi. Maʼlumki, turkiy tilda qa oʻzagidan yasalgan soʻzlar uch xil maʼnoda keladi: idish, qop, qopqoq (eshik). Qarpuz, qavun, qavaq kabi poliz ekinlari oʻz-oʻziga idish boʻla oladi.  Shuning uchun ushbu variantni toʻgʻri deb qabul qilish mumkin.

“At-tuhfa”ning qisqacha tahlili shuni koʻrsatadiki, bu asar yangicha ruh bilan qaytadan tadqiq qilinishi kerak. Tadqiq qilinganda ham oʻzbek tili qipchoq shevalaridagi soʻzlar bilan tarixiy-qiyosiy tahlil qilinishi maqsadga muvofiq boʻladi.

“At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya”ning Solih Mutallibov tomonidan tarjima qilinishi oʻz davri uchun muhim hodisa boʻlganini inkor etib boʻlmaydi. Xususan, tarjimon “Qisqacha kirish va grafikaga doir maʼlumotlar” bobida arab yozuvining xususiyatlari, alifbodagi arab tilida mavjud boʻlmagan, qipchoq tilida mavjud tovushlarning qoʻllanilishiga doir tavsiflarni professional darajada yetkaza olgan. Shuningdek, “Maʼrifa va nakra bob”ida grammatik qoidalarning taʼriflanishi, arab tilidagi aniqlik artikllaridan qipchoq tillarini tabdillashda foydalanish boʻyicha muhim maʼlumotlarni zamonaviy tilda tushuntirib bera olgan. Arabcha harflarida yozilgan soʻzlarning kiril alifbosiga oʻtkazilishida ham xatolik koʻzga tashlanmaydi. Soʻzning grammatik turkumlari, soʻz shakllari, soʻzlarning gap tarkibida oʻzaro birikish yoʻllari toʻgʻri bayon qilingan. Misol uchun, yangi oʻzbek tilidagi affikslar arab tilida “ismi foil qoʻshimchasi” deyilganini oʻquvchi qiyinchiliksiz tushunib oladi.

Ammo, lugʻat qismidagi sharhlarda anchagina kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Nafsilambirini aytganda, lugʻatlar bilan ishlashning oʻziga yarasha zahmatlari bor. Har bitta soʻzni alohida tahlil qilish, taʼrif-u tavsifini berish oson ish emas. Shuning uchun lugʻatlar bilan ishlashda mualliflik jamolari ishlashi maqsadga muvofiq boʻladi.

Bugungi kunda oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshirish eng dolzarb vazifaga aylangan. Inchunin, lugʻatsiz tilni rivojlantirish mumkin emas. Lugʻatlar esa aniq manbalardan yigʻiladi. Shunday ekan, lugʻat boyligimizni oshirishda ulugʻlarimiz qoldirgan meroslardan manba sifatida foydalanish oʻrinli boʻladi. Qolaversa, zamonaviy lugʻatimizning tarkibida oʻz qatlam soʻzlarning soni ham achinarli darajada kam. “At-tuhfatuz zakiyya fiy lugʻatit turkiya” oʻz qatlam soʻzlarni qayta tiklash imkonini beradi.

Anvar BOʻRONOV