Avgust – koʻp yillardirki abituriyentlar uchun “hayot-mamot masalasi”, kelajakni hal qiluvchi natijalar kutiladigan oy boʻlib kelgan. Sababi, kimlargadir talabalik baxtini beruvchi, yana boshqalarning mehnat migratsiyasi yoki oilaviy hayot, turmush tomon tashlanadigan ilk qadamini qatʼiy belgilovchi mandat natijalari aynan shu oyda eʼlon qilinadi. Shuning uchun ham koʻpchilik bu sanani ham qoʻrquv, ham hayajon bilan kutadi. Biroq hamma ham emas…

Hamma ham emas, chunki mamlakatda Oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli tarzda qabul qilinuvchi qator jamiyat vakillari mavjud. Ular uchun mandat natijalari yoz ob-havosidek deyarli tayin.

Masalan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureatlari tegishli yoʻnalish va ixtisoslashuv boʻyicha davlat OTMlarining bakalavr va magistratura bosqichlariga kirish imtihonlarisiz, davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

Tavsiyanomaga ega harbiy xizmatchilar (Oʻzbekiston Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha yuksak natijaga erishganlar) esa tegishli oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra, oʻzlari toʻplagan ballarning 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga ega. Yaʼni, aytaylik harbiy abituriyent imtihon natijalariga koʻra 100 ball toʻplasa, unga yana 50 ball imtiyoz sifatida berilib, jami 150 ball natijaga ega boʻladi.

Yana Qurolli kuchlar harbiy xizmatchilarning farzandlariga ham kvota asosida OTMga kirishi uchun tavsiyanomalar beriladi. “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindorlari ham kirish imtihonlariga kirmay turib toʻliq davlat grantlari asosida oʻqishga qabul qilinadi. Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti tavsiyanomasiga ega abituriyentlar ham davlat granti kvotalariga qoʻshimcha ravishda imtihonlarsiz qabul qilinuvchilar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, til sertifikatiga ega nomzodlar, 5-yillik ish stajiga ega xotin-qizlarga, xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari, “Nihol mukofoti” sovrindorlari, toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar, IIV organlari xodimlarining farzandlari va yana qator toifalar OTMda oʻqish uchun turli imtiyozlarga ega sanaladi. Shuningdek, Prezident maktablari bitiruvchilari ham agar taʼlimini Oʻzbekistonda davom ettirish istagida boʻlsa, mahalliy OTMlarga kirish imtihonlarida ishtirok etmasdan turib imtiyozli ravishda grant asosida qabul qilinadi.

Shu kabi turli tizimlararo ijtimoiy tenglikni qoʻllab-quvvatlash hamda iqtidor va mehnatni ragʻbatlantirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan ushbu imtiyozlar unga ega chiqayotganlar tomonidan qanchalik adolatli boʻlib koʻrinmasin, amalda meritokratiya prinsipi (bilim va salohiyat asosida munosib tanlov)ning buzilishiga olib keladi. Yuqori ball toʻplashiga qaramay imtiyozi boʻlmagani uchungina OTMga kirolmay qolish yoki kontrakt asosida qabul qilinish – bilimlarni baholashda “adolatsiz raqobat” xulosasini beradi.

Mana shu bahsli masala turli yillarda mavsumiy muhokama mavzusiga aylanib qolgan. Bu yilgi mavsum ham bundan mustasno boʻlmadi. Faollar bu safar asosiy urgʻuni Prezident maktabi bitiruvchilariga qaratdi. Aslida, katta raqobat bilan kechuvchi qabul jarayonlari ularning yuqori bilim darajasida ekanligini koʻrsatadi. Maktabdagi taʼlim boʻlsa sifatli va xalqaro darajadagi bilimlarni berish bilan birga, oʻquvchida tanqidiy fikrlashni ham rivojlantirib, har bir oʻquvchi uchun yuqori akademik tayyorlov vazifasini oʻtaydi.

Bugun tanqid ostiga olinayotgan masala oddiy – shunday tafakkurga ega bola uchun talabalik oʻrnini kirish imtihonida qatnashish orqali band qilish qanday qiyinchilik tugʻdiradi?! Bu haqda jamoatchilik faoli Isroil Tillaboyev shunday yozadi:

“OTMlari imtiyozlar haqida gapirganda xotin-qizlar, harbiylarning bolalari, “Zulfiyachi”lardanam yuqori, juda katta imtiyoz haqida gapirish kerak: bu Prezident maktabi bitiruvchilarining Oʻzbekistondagi istalgan OTMga grant asosida kirish imtiyozi. Mana shu imtiyozga oʻlay agar, tushunmayman! Nima uchun respublikadagi 14 ta Prezident maktabini hamma bitiruvchisi yana toʻgʻridan-toʻgʻri grantga kirishi kerak?! Qishloq maktabida 40 ta bolani ichida, qiyin sharoitda “otilib chiqib” oʻqigan oʻquvchi bilan 1 sinfda 24 tagina bola bilan, shunda ham juda koʻp fani 12 ta oʻquvchi orasida, cheksiz yevrostandart sharoitida, 5000 bola ichidan saralab olingan oʻquvchi ochiq jangga kirishga qoʻrqadimi? Qoʻyib bering, jang qilib erishsin, shunda qadriga yetadi bu grantni. Nega ularga shuncha sharoitni qilib beramiz-u yana grantini ham taʼminlaymiz, ular aslida hammasi (!) jahonning top oʻqishlariga kirishlari kerak emasmi, shuncha harakatimizga yarasha? Men masalan xotin-qizlar imtiyozidan koʻra mana shu imtiyozga qarshiman”.

Izohlarda Prezident maktablariga kirish – oliy taʼlim muassasasiga kirishdan-da murakkabroq ekanligini taʼkidlaganlar, maktabga qabul qilgach har oʻquv yilida turli sertifikat imtihonlaridan oʻtishi haqida qayd etganlar bilan birga, bu ilmi bilan “el qatori” imtihonda ishtirok etish ularga qanday qiyinchilik tugʻdirishini savol ostiga olganlar ham bor.

Aslida, ularga berilayotgan imtiyoz – mamlakat uchun intellektual kapital vazifasini oʻtashi ehtimoli yuqori: ular Prezident maktablarida oʻqish mobaynida erishgan yutuq, oʻzlashtirgan bilimi bilan taʼkidlanganidek, jahonning top–universitetlariga ham katta grant asosida qabul qilinishi mumkin. Lekin Oʻzbekiston taqdim etadigan grant mantigʻi – aynan shunday bilimga ega iqtidorlarni Vatanda olib qolish, shu tariqa, mamlakatdagi turli sohalarni aqliy salohiyati yuqori boʻlgan mutaxassislar bilan taʼminlashni nazarda tutar, balki. Yaʼni, davlat moliyaviy shaklda kiritgan sarmoyasidan amaliy jihatdan shu tariqa natija olishni koʻzda tutgan boʻlishi mumkin.

Xususiy universitetlardan birining asoschisi Bektosh Hotamov ham imtiyozlar tizimi tufayli 57 ball bilan davlat grantiga kirgan va 168,7 ball bilan umuman OTMga qabul qilinmagan abituriyentlarning test natijalarini qiyoslab, ijtimoiy adolat haqida gapirgan:

“Oʻqishga kirishda imtiyozlar masalasini bir oʻylab koʻrish kerak deb oʻylayman. Tushunaman, xotin-qizlarga imtiyoz berish, harbiylar va ichki ishlar xodimlarining farzandlariga imtiyoz berish, harbiy qismda tavsiyanoma olib kelganlarga xullas yana kimlargadir imtiyoz berish kerakdir…

Lekin ahvolga qarang, 57 ball bilan biri davlat byudjetiga kirmoqda, 168,7 bilan hech qaysi biriga kira olmayapti… Qandaydir ijtimoiy adolat tizimi buzilib qolmayaptimi? Oʻzi taʼlimda kimgadir imtiyoz berish nimaga kerak? Hech tushunmayman, bu oliy taʼlim boʻlsa, majburiy boʻlmasa… Oʻzi maʼno nima rostdan ham?”, deb yozadi u.

Facebook foydalanuvchilaridan biri – Shavkat Oʻymovutli imtiyozlar qay tartibda qoʻllanilsa adolatdan boʻlishi boʻyicha shunday takliflar bildirgan:

“... Gap muayyan toifadagi yoshlarga qarshi chiqish haqida ketayotgani yoʻq. Asosiy masala – oliy taʼlimga qabulda haqiqiy adolat va teng raqobat muhitini taʼminlashda.​ Biz ilgari surayotgan yondashuv oddiy: barcha abituriyentlar uchun yagona mezon – faqat va faqat bilim boʻlishi shart.​

1. Harbiy xizmatchilar farzandlariga alohida kvota​. Harbiy xizmatchilarning sharafli va masʼuliyatli mehnatini davlat tomonidan munosib taqdirlash shart. Ammo bu qoʻllab-quvvatlash boshqa bir abituriyentning haqi evaziga boʻlishi kerakmi?​ Tasavvur qiling: bir abituriyent 155 ball toʻplab ham umumiy raqobatda grantga kirolmaydi. Boshqa biri esa alohida kvota sabab ancha past ball bilan grant sohibiga aylanadi. Nega ota-onaning kasbi farzandning bilim musobaqasidagi natijasiga taʼsir oʻtkazishi kerak?​

Taklif: Sinov hamma uchun teng boʻlishi lozim. Bilimi yetgan abituriyent — u kimning farzandi boʻlishidan qatʼi nazar — umumiy grantga kiradi. Agar harbiy xizmatchining farzandi grantga kirolmasa, davlat uni boshqacha shaklda qoʻllasin. Masalan, u kontraktga kirsa, toʻlov Oliy taʼlim vazirligi hisobidan emas, otasi xizmat qilayotgan Mudofaa yoki Ichki ishlar vazirligining oʻz byudjetidan toʻlansin. Oʻqish tugagach, bitiruvchi oʻsha tizimda maʼlum muddat ishlab berish majburiyatini olsin.​ Shunda harbiyning farzandi ham yordamsiz qolmaydi, boshqa abituriyentlarning ham haqqi toptalmaydi. Bu orqali imtiyoz bekor qilinmaydi, shunchaki uning moliyalashtirish manbasi manzilli va adolatli qilib oʻzgartiriladi.​

2. “Temurbeklar maktabi” va Prezident maktablari bitiruvchilari​. Ushbu muassasalarda oʻquvchilar uchun shundoq ham eng zamonaviy taʼlim, kuchli laboratoriya va maxsus tayyorgarlik sharoitlari yaratilgan. ​Shunday ekan, savol tugʻiladi: eng yaxshi sharoitda oʻqigan va yuqori bilim olgan oʻquvchiga yana qoʻshimcha ball yoki imtiyoz berish qaysi adolat mezoniga toʻgʻri keladi? ​Iqtidorli oʻquvchining ustunligi — unga berilgan qoʻshimcha ballarda emas, olgan bilimida namoyon boʻlishi kerak. Zamonaviy maktabni bitirgan yoshlar umumiy imtihonda oʻz bilimi bilan bemalol raqobatlasha olishi lozim. Maxsus taʼlimning mahsuli — sunʼiy imtiyoz emas, yuqori bilimdir!​

3. “Imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar” masalasi​. Imtiyozlarni asoslashda koʻpincha ogʻir ijtimoiy holat roʻkach qilinadi: yetim bolaning repetitorga puli yoʻq, kam taʼminlangan oila farzandi qoʻshimcha tayyorgarlik koʻrolmaydi… Bular — real muammolar. Lekin ularning yechimi oliy oʻquv yurtiga kirishda boshqalarning haqini olib berish emas! ​Agar yetim yoki kam taʼminlangan bola repetitorga bora olmagani uchun imtiyozga muhtoj boʻlsa, bu — maktab taʼlimi tizimi ishlamayotganidan dalolat. Muammoni OTMga kirish paytida sunʼiy ball ulashish bilan emas, maktab davridayoq hammaga sifatli va bepul taʼlim berish orqali hal qilish kerak.​

4. Biz taklif qilayotgan tizimning mohiyati. ​Barcha abituriyentlar — harbiyning farzandimi, Prezident yoki oddiy maktab bitiruvchisi — qabul imtihonida bir xil va teng shartlarda qatnashishi kerak. Hech kimga qoʻshimcha ball berilmaydi, hech kimga boshqalar (byudjet)ning hisobidan alohida grant ajratilmaydi. ​Ijtimoiy himoya mutlaqo alohida mexanizmlar orqali amalga oshiriladi: ​Harbiy farzandiga yordam kerak boʻlsa — tegishli vazirlik oʻz byudjetidan kontraktni toʻlab bersin. ​Yetim yoki kam taʼminlangan bolaga yordam kerak boʻlsa — maktab davridayoq bepul va sifatli tayyorgarlik muhiti yaratilsin.​ Shunda ijtimoiy himoya ham taʼminlanadi, oliy taʼlimdagi teng va halol raqobat ham buzilmaydi.​

Adolat — kimgadir alohida imtiyoz ulashish emas, barcha bolalarga taʼlim olish uchun teng imkoniyat yaratishdir. Davlat imtihon kuni kelib “Kimga bekordan-bekor grant beraylik?” deb emas, oʻquvchilik yillarida “Hammaga qanday qilib bir xil sifatli taʼlim beraylik?” degan savol ustida bosh qotirishi kerak.​ Oliy taʼlimga qabulda esa faqat va faqat bitta mezon qolishi shart: BILIM. ​Chunki abituriyentdan: “Sen kimning farzandisan?” deb emas, “Sen nimani bilasan?” deb soʻrash adolatdandir”, deb yozadi muallif.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 18-avgust kuni OTMLarga qabul natijalari va yakuniy koʻrsatkichlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazdi. Unda vazir oʻrinbosari Sardor Rajabov OTMlarga imtiyozlar tizimi orqali qabul amaliyoti kengayib borayotgani va bu borada jamoatchilikda tugʻilayotgan eʼtirozlarga munosabat bildirdi. Unga koʻra, milliy sertifikat tizimi test tizimidan-da murakkabroq boʻlib, taʼlim jarayoni tahlil qilinganida ham birlamchi natijalarga koʻra, sertifikat yordamida maksimal ball bilan OTMga kirgan talabalarning deyarli 60 foizi oʻqishda aʼlo baholarga oʻqiyotgani aniqlangan. Umumiy imtiyoz bilan kirganlar orasidagi eng yuqori natijani boʻlsa imtiyoz bilan kirgan ayol-qizlar koʻrsatayotgani maʼlum boʻlgan.

Taʼlim boʻyicha mutaxassis Komil Jalilov ushbu tahlilga javoban imtiyozlar tizimiga qarshi ekanini bildirdi, sertifikat imtihoni chindan murakkabroqligini tasdiqladi va OTMlarga qabul boʻyicha taklif bildirdi:

“... Men oʻqishga kirishda imtiyozlarga qarshiman — bu Konstitutsiyaga zid va test natijalari validligini yoʻqqa chiqaradi. Bu haqida oldin ham koʻp yozganman. Lekin milliy yoki xalqaro sertifikatlar (IELTS, SAT, A-Level yoki boshqa) asosida oʻqishga kirishning “imtiyoz” deb hisoblanishiga ham qarshiman: bu imtiyoz emas, sertifikatlar abituriyentning tegishli fandan maktab bitiruvchisi uchun qoʻyiladigan talablarni bajarganligini tasdiqlaydi…

Umuman, mening nazarimda, yoki yagona imtihon (maktabni bitirganda topshiriladigan imtihon — shuning natijalari bilan OTMga kiriladi), yoki sertifikat tizimi boʻlishi kerak. Hozirgi test tizimidan voz kechish kerak: bir kunda 5 ta fandan test abituriyentning butun maktab dasturini qay darajada oʻzlashtirgani va qay darajada OTMda oʻqishga tayyorligini valid aniqlab bera olmaydi. Bu degani — agar yagona imtihonga oʻtilsada, u ham sertifikat tizimiga oʻxshab har bir fandan alohida boʻlishi, unda yopiq test topshiriqlari bilan birga ochiq test topshiriqlari ham boʻlishi kerak. Shu bilan birga, milliy sertifikat tizimi ham har xil ortiqcha gap-soʻzlar va shubhalarga imkon qoldirmaydigan darajada ishonchli boʻlishi kerak”.

Lekin vazirlik bir necha yildan keyin sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish amaliyotini qayta koʻrib chiqish niyatida ekanini bildirgan.

Umuman olganda, agar toʻgʻri shaklda amalga oshirilsa va talaba yaxshi natija koʻrsatsa, davlatning muayyan toifalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi mamlakatning eng istiqbolli qarorlardan biri boʻloladi. Shunda ham bu jarayon bilimli abituriyent imkoniyati evaziga amalga oshirilmasligi zarur.

Aksi boʻlsa, bir tomondan kiritilgan sarmoya, bildirilgan ishonchning “havoga uchishi”, boshqa tomondan shu talaba toʻplagan natijaning 2-3 barobari bilan ham OTM darvozasi ortida qolgan potensial malakali mutaxassisning sohaga maʼlum muddat kechroq kirishi bilan mamlakat bir necha karra yutqazadi. Va gap bir emas, bir necha yuzlab talaba haqida bormoqda.

Bu masala gap boshida aytilganidek, har yil “chalinadigan kuy” oʻlaroq odatiy takrorlanadigan, biroq yechimi yoʻq muammolar qatoriga kirib qolmasligi, aksincha, bu borada har tomonlama toʻgʻri, adolatli va bilimlardan ustun kelmaydigan shakl ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq boʻladi.