XXI yuzyillikni axborot va intellektual mulk asri deb gʻururlanamiz. Bu texnika asri kutilgan yutuqlari qatorida kutilmagan gʻavgʻolari bilan ham banibasharni sarosimaga solib qoʻydi. Yangicha koʻrinish hamda nomlar ostida millatlar, mamlakatlar, insoniyat taqdiriga tahdidlar maydonga chiqdi.
Masalan, nufuzli millat va mamlakatlar globallashuv, umummadaniyat bahonasida oʻzlariga moslab mafkura yasab oldilar. Mayda va tarqoq tillarni biratoʻla isteʼmoldan chiqarib yuborish orqali jahon hamjamiyatidagi oʻz obro‘-eʼtiborlarini yanada oshirish payiga tushdilar.
Shukrki, Vaqt sinovidan mardonavor oʻtib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz hamda oʻz mustaqil siyosiy irodasiga suyangan Yangi Oʻzbekistonni bu “yuho” domiga tortolmadi. Aksincha, xalqimiz har qanday yovuzlik va jaholatga qarshi oqilona maʼrifat bilan javob qaytarib, belgilangan maqsad yoʻlida sabot va matonat bilan olgʻa intildi.
Xususan, 2019-yil 21-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy farmoni qabul qilingani ana shunday olatasir zamonda milliy tilimizning qaddini tik tutishga, hech qanday vasvasalarga uchmay, nufuzi nafaqat mamlakat ichkarisida, xalqaro miqyosda ham oshishiga ishonchli xizmat qilmoqda. Shuningdek, 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlanishi toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingani ayni haqiqatni yuridik jihatdan ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Bugun “Turkiston” sanʼat saroyida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bayram tabrigi oʻqib eshittirilgani jonfido xalqimizning bir vakili sifatida meni ham behad quvontirdi. Chunonchi, “Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram boʻlsa, uning oʻzligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir” degan dilkash va purmaʼno kalom yaratuvchanlik kayfiyatimiz va yorqin istiqbolga tikilgan orzu-umidlarimizga qanot baxsh etadi.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonda davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, mazkur yoʻnalishda 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga tatbiq etilayotgani ayni muddaodir. Zero, fidoyi bobokalonimiz – turkiy adabiy til asoschisi Mir Alisher Navoiy hazratlari aytganidek, “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”. Binobarin, biz millatimiz va mamlakatimiz obro‘-eʼtiborini asrash va oshirish uchun, avvalo, milliy tilimizni toza saqlab, sof ifoda etish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Kelgusi avlodlar kamoli ham, zavoli ham ana shu saʼy-harakatlarimizga bevosita va bilvosita bogʻliq boʻlib qolaveradi.
Safar OLLOYOR