Ming yillar davomida har bir millat va elatning mutafakkir-olimlari, allomalari-yu donishmandlari shaxsning asl mazmun-ma’nosini anglashga uringan, “U aslida kim?” degan savolga javob qidirgan. Insonning asl mohiyati nimadan iborat, degan savolga hali ham hech kim mufassal javob bera olmadi. Yaratilgan minglab nazariyalar, kashf etilgan kashfiyotlar, turli ilm maskanlarida oʻtkazilgan tajribalar, yoqlangan dissertatsiyalar, ularda bildirilgan fikrlar, taqdim etilgan xulosalar natija berganda va insonlar ularga amal qilganda hozir shaxs tarbiyasi, maʼnaviyat, madaniyat toʻgʻrisida bong urib oʻtirmas edik.

Afsuski, bu borada insoniyat tomonidan yaratilgan katta ilmiy-maʼrifiy boyliklarimiz ham bashariyat kutgan natijalarni bermayapti. Aks holda bugungi dunyoning shiddat bilan rivojlanib borishi tufayli paydo boʻlayotgan ichki va tashqi mafkuraviy, gʻoyaviy tahdidlar odamlarni ayovsiz ravishda, vahshiyona tarzda oʻz domiga tortmagan, adolatsizliklar, yovuzliklar, maʼnaviy-mafkuraviy buhronlar shu darajada urchimagan boʻlar edi.

Shu maʼnoda, inson tarbiyasi, kamoloti masalasi besh ming yil avval qanday boʻlsa, bugun ham ahamiyati mutlaqo oʻzgarmagan. Taassufki, bu muammolar kamaymagani yetmagandek yangi mazmun va shakllarda “takomillashib” bormoqda.

Ana shunday murakkab zamonda oʻz vatani va millati kelajagini oʻylagan har bir davlat qanday boʻlmasin, mazkur muammoni hal etishga oʻzini masʼul hisoblaydi. Shukrlar boʻlsinki, mamlakatimiz rahbari bu masalada alohida tashabbus koʻrsatib, maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya masalasiga kelajakda taqdirimizni hal eta oladigan katta kuch sifatida eʼtibor qaratmoqda.

Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining oʻtgan yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida bejiz kuyinchaklik bilan “Azizlarim, tarbiyasi izdan chiqqan nopok kimsalardan ogoh boʻlaylik!”, “Farzandlarimizni ularning buzgʻunchi taʼsiridan asraylik!”, “Kelajagimizni yovuz kuchlar qoʻliga berib qoʻyishga aslo haqqimiz yoʻq”, “Agar barchamiz birgalikda qatʼiy harakat qilsak, jamiyatimizda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlashga albatta qodirmiz”, demagan edi.


Bugun mamlakatimizda sogʻlom maʼnaviy-mafkuraviy muhit yaratish umumxalq harakatiga aylanib borayotir. Hali ichki, hali tashqi tahdidlar tobora koʻpayib borayotgan bir sharoitda mamlakat rahbari odamlarni, ayniqsa, yoshlarimizni bunday tahdidlardan munosib himoya qilishning chuqur oʻylangan strategiyasini ishlab chiqdi. Bunda maʼnaviyat, maʼrifat, milliy axloq, ilm-fan, madaniyat, tarbiya masalalarining uygʻunligiga ustuvor ahamiyat berilmoqda.


Shu oʻrinda xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni bugun tobora koʻpayib borayotgan, eʼtiqodi sust baʼzi yoshlarni oʻz domiga tortayotgan turli axloqsizliklardan asrash oʻta jiddiy va muhim masaladir. Axloq aslida, maʼnaviyat va tarbiyaning oʻzagi boʻlsa-da, bugun ushbu fenomen hodisa katta siyosatga daxldor masalaga aylanib boʻldi. Ayrim davlatlar, turli nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro korporatsiyalar oʻz manfaati, siyosiy maqsadi yoʻlida axloq masalasidan, yanayam aniqroq aytsak, ijtimoiy axloqsizliklardan foydalanishga eʼtiborni tobora kuchaytirmoqda.

Shuning uchun hozir qaysi davlat oʻz siyosati markaziga yuksak axloq masalasini qoʻysa, oʻsha joyda bu borada muayyan muvaffaqiyatga erishish mumkin. Mutafakkir Konfutsiy ikki yarim ming yillar avval bu haqda bunday degan edi: “Hukmdor mamlakatni axloqiy fazilatga tayanib boshqarsa, u xuddi Qutb yulduzi singari muayyan joyda turib, yulduzlar qurshovida boʻladi”.


Davlat boshqaruvida tarbiya, ayniqsa, axloq meʼyorlariga suyanib ish yuritilgan joyda, shubhasiz, yutuqqa erishish mumkin. Yuqorida nomi tilga olingan muallifning taʼkidlashicha, xalq maʼmuriy-buyruqbozlik bilan boshqarilsa, xatti-harakati iskanjalar yordamida tartibga solinsa, oddiy xalq jinoyat sodir etishdan majburan oʻzini tiyib turadi, lekin jinoyatning isnodligini anglab yetmaydi. Xalq muruvvat va ishontirish yoʻli bilan, axloq qoidalari, adolatga asosan boshqarilsa, bunday xalq egri ish qilish isnodligini tushunadi.

Yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlar asarlarida ham maʼnaviyat, maʼrifat va axloq masalalariga juda katta eʼtibor beriladi. axloq hattoki qonun kuchiga ega boʻlishi lozimligi qayd etiladi.

Haqiqatan shunday: milliy qadriyati boy, azaldan tarbiya masalasiga, yoshlar kelajagiga alohida ahamiyat bergan xalqlarda axloq davlat qabul qilgan qonunlardan ham ustuvor ahamiyatga ega boʻladi. Shu maʼnoda, agar biz qonun ustuvorligini axloqiy meʼyorlar ustuvorligi bilan uygʻunlashtira olsak, jamiyatni tom maʼnoda maʼnaviy-mafkuraviy barqarorlashtirishga erishamiz. Shu oʻrinda buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning odamlar maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga erishishni istab, iltijo qilib, ularni oʻzlashtirishga eʼtibor berishi kerak, toki axloq qonuniy, maqtovlarga sazovor va ilohiy boʻlib qolsin, degan fikrlarini eslash kifoya.


Ushbu fikr-mulohazalar bizni quyidagi xulosaga olib keladi: bugun axloq inson, jamiyat va davlat taqdirini hal etuvchi eng ustuvor masalaga aylanib boʻldi. Avvallari jahon maydonidagi muhim siyosiy masalalarni hal etishda qurolli toʻqnashuvlar, harbiy yoʻllar kuchiga ustuvor oʻrin berilgan, keyinchalik esa siyosat va diplomatiyaning taʼsirchan kuchidan foydalanilgan boʻlsa, endi bu masalani axloq, aniqrogʻi, odamlar orasida axloqsizlik koʻrinishlarini keng targʻib etish asosida hal etishga urinish kuchayib bormoqda.

Bugun dunyoning harbiy-siyosiy, mafkuraviy muammolarini axloq hodisasi bilan hal etishga urinish insoniyatni jar yoqasiga olib kelayotgan xavf-xatardan boshqa narsa emas. Shu maʼnoda, bugun axloqsizlik insoniyatni tubsiz jarga uloqtiradigan soxta qadriyatga aylanib boʻldi.

Shu oʻrinda bugungi axloqsizlik falsafasining mohiyatini odamlarda maʼnaviyat va maʼrifatga, tarbiyaga tabiiy ehtiyojning yoʻqolib borishi bilan izohlash toʻgʻri boʻlardi. Darhaqiqat, insonning oʻz axloqiy sifatlarini shakllantirishga har bir urinishi tabiiy mazmunga ega. Chunki har birimiz yoshlikdan xalqimizga ming yillar davomida singdirib kelinayotgan milliy qadriyatlar, milliy tarbiya orqali ehtiyojlarimizni shakllantiramiz va ularni yangi sifatlar bilan boyitishga harakat qilamiz. Shu maʼnoda, maʼnaviyatga, tarbiyaga, milliy axloqqa ehtiyojimiz tabiiy harakatimizning asosini tashkil etadi.

Ana shu harakatimiz endi axloqsizlik falsafasining kuchli taʼsiri ostida yemirilmoqda, zarbaga uchramoqda. Bugun ikki yuz ellikka yaqin davlatning 20 dan ortigʻida bir jinslilar nikohi qonuniylashtirilgani, bu holatning Osiyo davlatlarida ham paydo boʻla boshlagani aslida, axloqsizlik falsafasi hosilasidir.

Baʼzi davlatlarda shaxs tugʻilishini roʻyxatga olish hujjatida “otasi”, “onasi” deb yozilgan yozuvlarni ayollar huquqini erkaklarniki bilan tenglashtirish bahonasida inkor etish borasidagi harakatlarni axloqsizlik falsafasining jirkanch “mevasi”, demasdan nima deyish mumkin?

Axloqsizlik falsafasining eng xatarlisi, oʻzbek milliy qadriyatlari orasida muqaddas hisoblangan nikohni isloh qilishga zoʻr berilmoqda. Oʻsha soxta falsafaning gʻoyalariga binoan nikoh, shu asnoda oila instituti qadimda tirikchilik oʻtkazish ehtiyojini qondirish maqsadida zoʻravonlik negizida vujudga kelgan emish. Shuning uchun ham ayrimlar hozirgi koʻrinishdagi oila yoʻq qilinishi kerak, nikoh yoʻq qilinmas ekan, erkak va ayollar oʻrtasidagi tengsizlikka hech qachon barham berilmaydi, demoqda baralla.

“Ommaviy madaniyat” toʻgʻrisida koʻp gapiradigan boʻlib qoldik. Buning sababi shundaki, u endi eshiklarimizni baralla qoqib kelmoqda. Bunday oʻta xatarli ofat yurtimizda ham oʻzini erkin his etib yuribdi. U targʻib etayotgan qadriyatlardan biri – jinsiy mayl onalik baxtidan ancha yuqori turadi.

Bugungi axloqsizlik falsafasi tarafdorlari axloqsizlikni “yangi axloq”, deya oqlashga harakat qilmoqda. Boshqacha aytganda, bugungi ijtimoiy taraqqiyot mazmunini sogʻlom axloq va axloqsizlikning beayov jangi sifatida tasavvur qilish mumkin. Ming yillar davomida shakllangan, odamlarning yaratish, kashf etish, iqtidorini tarbiyalashga qaratilgan milliy qadriyatlarga suyangan, oʻz yurtidan yetishib chiqqan, shuningdek, insoniyatning ilgʻor gʻoyalari asosida tafakkur tarzini takomillashtirishga harakat qilgan, oʻzini oʻzi taraqqiy ettirishga ehtiyoj sezgan har qanday inson axloqsizlikning barcha koʻrinishiga zarba bera oladi.

Ayni paytda eʼtiqodi sust, oʻzligini yoʻqotgan, milliy tarixi, madaniyati, axloqidan ruhiy quvvat olishni bilib-bilmasdan inkor etadigan har qanday inson “yangi axloq”ning quliga aylanib qolaveradi.

Xoʻsh, “yangi axloq” nimaga daʼvat etyapti?

Birinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari, eng avvalo, jamiyatda ming yillar davomida shakllangan va ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan barcha qadriyatni taraqqiyotga toʻsiq sifatida inkor etadi. Ularning nazdida eski narsalarning barchasi illat. Zino, abort, evtanaziya, suiqasd, suitsidni bugun insoniyat erishgan yutuq sifatida baholaydi. Milliylik, oʻzlik, ruhiy yaqinlik kabi meʼyorlarni rad etadi.

Ikkinchidan, “yangi axloq” tarafdorlarida individualizm ruhiyati juda kuchli boʻladi. Jamoa, jamiyatda yashash, ijtimoiy birlik, xalq manfaatlari kabi tushunchalar ular uchun mutlaqo begona. Bunda har bir kishi faqat oʻzi uchun zarur boʻlgan “qadriyatlar” tizimini yaratadi. Bunday tizimning poydevori individualizm, gedonizm, kosmopolitizmdan iborat boʻladi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, ular uchun insoniyat tomonidan ming yillar davomida yaratilgan tom maʼnodagi qadriyatlar “ortiqcha matoh”.

Uchinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari strategiyasida hokimiyatni qoʻlga olish, oʻz soxta qadriyatlarini davlat qonunlari bilan mustahkamlash alohida oʻrin tutadi. Bunga misollar bugun qalashib yotibdi. Bir jinslilar nikohining qonuniylashtirilishi, oila, farzand tarbiyasi boʻyicha davlat va “yangi axloq” tarafdorlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar, qonun yaratuvchi va qabul qiluvchilarning qaror qabul qilishdagi eʼtiqodsizligi – bularning bari bugungi dunyoda “yangi axloq” tarafdorlari tobora koʻpayib borayotganidan darak.

Toʻrtinchidan, “yangi axloq”chilar jamiyatni fazilatli va illatli jamiyatlarga boʻlib tashlaydi. Qadriyatlarning qadrsizlanishi tufayli ular ierarxiyasida “erkin sevgi”, “oilasiz jamiyat”, “jinsiy birlik” kabi tushunchalar ustuvorligi yuzaga keladi. Oqibatda jamiyatlarning boʻlinish hodisasi yuz beradi. Milliylik, oʻzlikni saqlab qolishga intilayotgan, millat va mamlakat birligini muqaddas hisoblagan sogʻlom “konservatorlar” bilan insonni maʼnan va ruhan ezib, falaj holatga olib keladigan “radikallar” oʻrtasida beayov kurash kuchayadi.

Beshinchidan, “yangi axloq” tarafdorlari anʼanaviy axloqning yemirilishini ijtimoiy taraqqiyot gʻalabasi, yangining eski ustidan ustuvorligi sifatida madh etadi. Ular oʻy-xayolini jamiyat hayotida shakllangan, odat tusiga kirgan har qanday qoida, tamoyil va qonunlarni, oʻtmishni butunlay inkor etishdan iborat nigilizm gʻoyasi band qiladi. Oʻtmishga nisbatan nafrat hissi shakllanishi bu gʻoya asosining maʼno-mazmunini tashkil etadi.

Shuningdek, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmagan, biror-bir ijtimoiy tabaqa, guruhga ega boʻlmagan, faqat oʻzining individual manfaatlari bilangina yashaydigan, boshqacha aytganda, arosatda qolgan kimsalar kayfiyatidagi marginallarning shakllanish ham “yangi axloq” tarafdorlaridan iborat boʻladi. Bundaylar odatda oʻz fikriga ega boʻlmaydi, doim ruhiy beqaror va tushkun yuradi.

Oltinchidan, “yangi axloq” tarafdorlarida vatan tuygʻusi, yurtidan gʻururlanish, uni har qanday vaziyatda himoya qilishga shaylik hissi boʻlmaydi. Kosmopolitizm – vatansizlik gʻoyasi bunday axloqning mazmunini tashkil etadi. “Dunyo fuqarosi”ga aylanish har bir “yangi axloq” tarafdorining orzusidir. Ularning qarashiga asosan har qanday mamlakat yoki millatning ulugʻlanishi boshqalarga, ayniqsa, qoʻshnilarga nisbatan ishonchsizlik hollariga, baʼzan esa qurolli toʻqnashuvlarga olib kelar ekan.

Yettinchidan, ushbu axloq moʻljaliga binoan ular uchun eng qulay vaziyat mamlakat va jamiyatdagi beqarorlikdir. Chunki ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-mafkuraviy beqarorlik davlat hamda barcha tuzilmasidagi uyushqoqlik va mutanosiblikni izdan chiqaradi, tartibsizlik hamda boshboshdoqlikka yoʻl ochib beradi. Insonning mohiyatini aniqlashda axloqi bilan axloqsizligining farqini bilish alohida oʻrin egallaydi. Biroq bu farqni hamma ham bilavermaydi, anglayvermaydi. Buning uchun bizga ikki muhim fenomen hodisa kerak. Birinchisi aql boʻlsa, keyingisi – maʼnaviyat.

Yana bir gap: insonning ongli faoliyatini tartibga solish oʻta qiyin. Bu jarayonda har birimiz olgan bilimimiz, toʻplagan amaliy tajribamizga suyanamiz. Ayni paytda faoliyatimizni tartibga solishda davlat tomonidan qabul qilingan va jamiyat tarafidan eʼtirof etilgan qonunlarning oʻrni ham katta. Umuman olganda, demokratik jamiyatni barpo etishda qonunlarning ijtimoiy ahamiyatini boshqa biror qadriyat, narsa bilan almashtirib boʻlmaydi. Bu – aksioma.

Ammo shuni unutmaslik lozimki, qonunlar har bir jamiyatda oʻziga xos ahamiyatga ega. Masalan, Gʻarb davlatlaridagi qonunlar oʻsha xalqning mentaliteti, qadriyatlari, uzoq davrlar davomida toʻplangan ijtimoiy tajribasidan, qabul qilingan axloqiy meʼyorlaridan ustun tursa, Sharq xalqlarida, jumladan, Oʻzbekiston sharoitida insonning qonunlar va axloqiy normalarga nisbatan munosabati oʻzgacha.

Taʼbir joiz boʻlsa, bizda shaxsning milliy axloqqa, umuman, anʼanaviy qadriyatlarga munosabati mavjud qonunlarga qarashlaridan kam emas. Ayrim hollarda aholining milliy axloqqa munosabati barcha munosabatlar silsilasida ustunlik qilishi ham mumkin.

Nazarimda, milliy axloqimiz mazmun-mohiyatida “ijtimoiy uyalish” hissi alohida ahamiyat kasb etadi. “Ijtimoiy uyalish” kishilarning asrlar davomida shakllangan, uzoq davrlarda ijtimoiy tajribadan oʻtgan, xalqimizning yaratuvchilik faoliyati mobaynida rivojlangan yuksak eʼtiqod hissi sifatida namoyon boʻladi.

Nazarimizda, ushbu “ijtimoiy uyalish” hissi bir tomondan milliy axloqning ustuvorligini taʼminlasa, boshqa tarafdan, mavjud qonunchilikka amal qilish koʻnikmasini shakllantiradi. Bugun dunyoning haddan tashqari tez globallashuvi, turli ichki va tashqi gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlarga qaramasdan xalqimizning oʻzligini saqlab qolish, qadriyatlarimizga sodiqlik hissi yoʻqolmasligini shu maʼnoda tushunish toʻgʻri boʻladi.

Tadqiqotchi Yulo Vooglaydning taʼkidlashicha, insonning xulq-atvori va ijtimoiy hayoti asosan axloq bilan tartibga solinadi. Maʼlumotlarga koʻra, insonlardan 60 foizining xulq-atvori vijdonga, bilimga va axloqiy meʼyorlarni hurmat qilishga bogʻliq. Axloqni hech narsa bilan almashtirib boʻlmaydi. Agar axloq ishlamasa, jamiyatdagi barcha institut – tashkilotlar, jamoalar, oilalar-u boshqa hamma narsa zulmatga yuz tutadi.

Muallifning bunday qatʼiy xulosaga kelishini, “axloqsiz jamiyatning zulmatga yuz tutishi”ni uning Gʻarb dunyosidagi bugungi real holatni chuqur oʻrganishi natijasida chiqargan sabogʻi tufayli, deb bilish mumkin.

Yuqoridagi tahlillardan ayon boʻlmoqdaki, haqiqatan, tarbiya, axloq masalasi bugun jahoniy mazmun kasb etmoqda. Har qanday davlat va jamiyatda ushbu masalaga qaratilgan eʼtibor, axloqning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrnini toʻgʻri belgilash, soʻzsiz, ijtimoiy taraqqiyotga yoʻl ochadi.

Shu oʻrinda siyosat va axloq masalasiga, ularning oʻzaro mutanosibligiga alohida eʼtibor kerak, deb oʻylaymiz. Davlat yuritadigan har qanday siyosat inson manfaatlariga xizmat qilishi lozim. Davlat tomonidan turli axloqsizliklarga yoʻl ochib berilishi kechirib boʻlmas axloqsizlikdir. Bunga misol koʻp.

Masalan, mustabid sovet tuzumi sharoitida milliy axloqimizning sof manbai boʻlgan islom diniga munosabat, milliy oʻzlikni tarannum etishga bagʻishlangan asarlar yaratgan ziyolilarning qatagʻon qilinishi, qadriyat va anʼanalarga eskilik sarqiti sifatida taqiq qoʻyilishi – bularning bari siyosatdagi axloqsizlikdan boshqa narsa emas edi.

Shu maʼnoda, siyosat axloqdan suv ichmas ekan, u hech qachon haqiqat manbaiga aylanmaydi. Siyosatning axloqiy meʼyorlar bilan sugʻorilmasligi jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit beqarorligiga sabab boʻladi.

Shuning uchun ham mamlakatimizda fuqarolar, ayniqsa, jamiyat, davlat va millat kelajagi boʻlgan yoshlar tarbiyasiga ustuvor darajada eʼtibor qaratib kelinmoqda. Ushbu holat davlat siyosatida ham oʻz aksini topmoqda. Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 21-, 33-, 44-, 71- va 79-moddalarida “axloq” soʻzi ishlatilgan. 21-, 33-, 71-moddalarida esa ijtimoiy axloq masalasiga eʼtibor berilgan.

Xoʻsh, nima uchun 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiyamizning birorta ham moddasida “axloq” soʻzi ishlatilmagan bir vaziyatda endi mazkur masala alohida diqqatga sazovor boʻlmoqda? Buning birdan-bir sababi ijtimoiy taraqqiyotning bugunga kelib ham dunyo miqyosida, ham uning taʼsirida mamlakatimizda turli ichki va tashqi maʼnaviy-mafkuraviy taʼsirlar tufayli axloqsizlikning avvallari insoniyat tasavvuriga ham sigʻdira olmagan koʻrinishlari tobora koʻpayib borayotganida, deb oʻylaymiz.

Axloqsizlikning ijtimoiy mazmunga ega boʻlib borayotgani haq gap. Endi bundan qochib qutulish qiyinga oʻxshaydi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar insoniyat hayotiga shu darajada chuqur kirib boryaptiki, uni goʻyo barchamizni hamma tomondan siqib kelayotgan, oʻzining domiga tortib kelayotgan “sprut”ga qiyoslash mumkin. Biroq hozir “taqdirga tan berib” oʻtiradigan payt emas. Harakat qilish, murakkab maʼnaviy-mafkuraviy vaziyatdan qutulish choralarini koʻrish kerak.

Bu haqda koʻp gapirilmoqda. Mamlakatimiz rahbari respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida ham, keyinchalik yana qator tadbirlardagi nutq va maʼruzalarida ham jamiyatda mustahkam ijtimoiy-maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, xalqimizni turli mafkuraviy-gʻoyaviy tahdidlardan asrab qolish jamiyat hamda millat kelajagi uchun juda muhim ekani toʻgʻrisida kuyinib gapirdi, maslahatlar berdi.

Bu borada qator tashkiliy masalalar hal etildi. Bir soʻz bilan aytganda, aholini turli axloqsizlik, “yangi axloq”dan asrab qolish boʻyicha davlat va mamlakat rahbari tomonidan qilinishi lozim boʻlgan barcha ishlar bajarildi. Nazarimda, endi hamma gap oʻzimizda qoldi.

Milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz, urf-odatlarimiz, axloqimizga zid, xalqimiz doimo qoralab kelgan turli illatlar oldida ojizligimizni koʻrsatish, milliy taraqqiyotimizni toʻxtatishga, sekinlashtirishga qaratilgan ichki va tashqi tahdidlarni oqilona tahlil eta olmasligimiz, yaxshini yomondan, oqni qoradan ajrata olishdagi tajribasizlik va uquvsizlik – bularning bari ijtimoiy tarmoqlar quliga aylanishimizni tobora yaqinlashtirib boraveradi.

Xalqimiz “Yaxshi bilan yursang – yetarsan murodga, yomon bilan yursang – qolarsan uyatga”, deb bejiz aytmagan. Yaxshilar bilan birga boʻlish, ulardan tajriba oʻrganish, illat bilan fazilatning farqiga borish doimo muhim ahamiyat kasb etaveradi.

Shu oʻrinda buyuk bobomiz Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo Termiziyning 1695-yili yozilgan “Dastur ul-muluk” (“Podshohlarga qoʻllanma”) asaridagi quyidagi fikrlarni keltirishni lozim topdik: “Azizim, fosiq, axloqsiz va nodon odamlar suhbatida boʻlishdan hazar qil. Aqli raso, bilimdon odamlarga xizmat qilishni oʻzingga majburiyat qilib ol va ulardan aslo tortinma. Chunki axloqsiz, oʻqimagan, johil va odobsiz kishilar bilan munosabatda boʻlish qora ilonni oziqlantirish bilan barobar boʻlib, u qachondir zarar yetkazadi, attorchilik sandiqchasiga monand boʻlgan yaxshi, aqli raso, bilimdon insonlar bilan birga boʻlish, uchrashib turish, muomala qilish foydadan xoli boʻlmaydi”.

Shu oʻrinda yana bir muhim masala xususida baʼzi fikrlarni aytishni lozim topdik. Gap rahbar maʼnaviyati ustida ketmoqda. Maʼlumki, barcha katta-kichik rahbarlar maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya, ularning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni xususida toʻlib-toshib gapirishni yaxshi koʻradi. Bu boʻyicha yuzlab, minglab majlislar, yigʻilishlar, tadbirlar, konferensiyalar, treninglar, mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Biroq bu tadbirlarning jamiyatda ijtimoiy axloqni yaxshilashga taʼsiri haqida esa oʻylab koʻrmaymiz. Taʼlim muassasalarida, tashkilot va idoralarda boʻlib oʻtgan tadbirlar taʼsirini oʻtkazganda edi, bu jamiyatda “yangi axloq”qa joy topilmasdi.

Buning ham sabablari koʻp. Ayni paytda katta-kichik idora, muassasalar ayrim rahbarlarining maʼnaviyati, axloqiy qarashlari, umuman, milliy axloqqa munosabati munosib darajada emasligini ham tan olish lozim. Jamiyatda mustahkam ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirmoqchi, aholi, ayniqsa, yoshlarimizni buyuk qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalamoqchi boʻlsak, shubhasiz, bu oʻrinda barcha katta-kichik rahbarlar oʻrnak boʻlishi lozim. Ammo ayrim ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi rahbarlarning “xurmacha” qiliqlari jamiyatda norozilik bilan kutib olinmoqda.

Yana bir masala bor: odatda turli rejalar, belgilangan vazifalar, asosan iqtisodiy masalalarni hal etishdagi kamchiliklar, xatolarga yoʻl qoʻyilganda oʻsha tashkilot, muassasa, idora rahbarlariga turli maʼmuriy, jinoiy jazolar belgilanadi. Bu oʻsha rahbarlarning faoliyatini tartibga solishga, ishga masʼuliyat bilan yondashishiga imkon beradi.

Ammo mazkur tashkilot, idorada, deylik, tuman, shahar miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlar oʻlda-joʻlda boʻlgan joylarda, turli sabab natijasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitning muayyan maʼnoda beqarorlashuvi bilan bogʻliq holatlarda deyarli hech kim, ayniqsa, oʻsha hududlar rahbarlari hech qanday jazoga tortilmaydi. Ushbu holat bunday rahbarlarda tarbiya, axloq masalalariga eʼtiborsizlikni, maʼnaviyat va maʼrifatni tan olmaslikdan iborat yaramas illatni keltirib chiqarmoqda.

Haqiqatan, jamiyat aʼzolarini sogʻlom axloq asosida tarbiyalamoqchi boʻlsak, shubhasiz, rahbar maʼnaviyati masalasiga oʻta jiddiy eʼtibor berish kerak.

Shu bois, qaysi rahbar oʻzi boshqarayotgan tashkilot, idora, muassasada adolat, insof, diyonat asosida ish yuritsa, faoliyatida axloqiy mezon va meʼyorlarga keng eʼtibor bersa, bu borada boshqalarga oʻrnak boʻla olsa, shubhasiz, oʻsha joyda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhit vujudga keladi. Odamlarda kelajakka umid shakllanadi, hayotimiz axloqiy mezonlarga tayangan holda davom etadi.

Maqolamizni bejiz “axloqsizlik “yangi axloq”mi?” deb nomlamadik. Dunyoning oʻzgarishi, odamlar tafakkuridagi evrilishlar, turli sivilizatsiya va madaniyatlararo toʻqnashuvlar, mafkuraviy-maʼnaviy ziddiyatlar, ular ortidan paydo boʻlayotgan axloqsizliklarni “yangi axloq” deyuvchilar soni, haqiqatan, ortib bormoqda. Mana shunday paytda bunday tahdidlar mohiyati tezroq anglangan, ularga qarshi aql, farosat bilan kurashish tajribasiga ega boʻlingan, kelajak taqdiriga befarq boʻlmagan joyda, shubhasiz, taraqqiyot, barqarorlik, inson qadriga soʻzda emas, amalda yetish jarayoni yuz beradi.

Axloqiylikning ayrim koʻrinishlari insonning xatti-harakatlarida namoyon boʻlsa-da, tom maʼnodagi axloqiy sifatlari individning ruhiyatida makon topadi. Axloqiylik har birimizning botinimizda yashaydi. Ana shunday sifatlar asosida tarbiya topamiz, oʻzimizni isloh qilishga ehtiyoj sezamiz. Pirovard natijada real hayot va axloqiy ideal oʻrtasidagi chegaralarni tobora qisqartirib boraveramiz.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 15-oktyabr, 208-son.