Bir qarashda kiborli koʻringan insonlar qalban oʻta kamtar, muruvvatli va oʻzgalarga eʼtiborli boʻlishi mumkin. Aziza bilan bir martagina – 1994-yilning ilk kunlarida uchrashganman. Oʻshanda uni manman, kalondimog‘ qiz deb oʻylagandim. Bu vaqtda men oliygohda oʻqirdim.
Mustaqillikning dastlabki yillari – oʻtish davri emasmi, koʻpchilikda iqtisodiy qiyinchiliklar hukmron edi. Men ham yetar-yetmaslik kunlarda tahsil olardim. Taʼtildaligimda Xorazm radiosi adabiy eshittirishlaridan biriga taklif qilib qoldi. Viloyat markazidagi telekomradiokompaniya binosiga kirib borganimda studiyada kulrang moʻynali bejirim palto kiygan, qotmadan kelgan nazokatli Aziza Niyozmetova rejissor opa bilan quvnoq kayfiyatda suhbatlashib turardi. Eshikdan kirishim zahoti u menga boshdan oyoq koʻz qiri bilan kiborli bir nazar tashladi. Men oʻzimni juda noqulay his qila boshladim. Chunki oʻta yupun kiyimim kambagʻal bir yigit ekanligimni shundoq fosh qilib turardi. Oyogʻimda yozgi tufli. Uni qanday qilib koʻzdan yashirishni oʻylab talmovsirab qoldim.
Rejissor Gulsara Bobojonova darhol gurungni toʻxtatib, meni mikrofon oldiga boshlab bordi. Suxandon qiz kelgach eshittirish yozila boshlandi. Suxandon tarjimai holim bilan tanishtirarkan, jurnalistika fakultetida oʻqiyotganimni taʼkidlab oʻtishni ham unutmadi.
Yarim soatlik eshittirish yozib olingach, xayr-maʼzur qilib uyga qaytish uchun tashqariga chiqib, bekat tomon ohista odimladim. Qor boʻralab yogʻar, yerga tushgan oppoq parchalar shu zahoti erib, yoqimsiz bir koʻrinish hosil qilayotgandi. Hamma yoq balchiq. “Bilch-bilch” etib qadam bosgancha bekatga kelib, avtobus kuta boshladim. Shu payt yonimga oppoq “Jiguli” mashinasi kelib toʻxtadi. Oynasi yarim tushirilgach, orqa oʻrindiqda oʻtirgan Aziza meni imlab chaqirdi:
– Istudent, nera borasiz?
Urganch Markaziy dehqon bozoriga borib, oʻsha yerdan qishloqqa joʻnaydigan mashinalardan biriga oʻtirishim kerak edi. “Bozor tomonga!” deb javob berdim.
– Oʻtiring, bizlar ham oʻsha yoqqa, – dedi Aziza.
Iymanibgina oldingi oʻrindiqqa oʻtirdim. Aziza darhol gap boshladi:
– Yaxshi sheʼr yozarkansiz, taʼsirchan, menga yoqdi.
Rahmat aytishga ogʻiz juftlagandim, xonanda gapda davom etdi:
– Men bilan doʻkonga birrov kirib chiqolmaysizmi?
– Biror narsani koʻtarib mashinaga ortish kerakmi? – deb soʻradim hayron boʻlib.
– Yoʻq, mening Siz tengi bir ukam bor, unga tufli olishim kerak. Meningcha, oʻlchovi xuddi Siznikiday boʻlsa kerak, shuni kiyib koʻrsangiz, – dedi Aziza juda ishonarli ohangda.
Unga “xoʻp” degach, mashina bozor yonginasidagi Markaziy univermag qarshisida toʻxtadik. Aziza bilan univermag ichkarisiga kirib, ikkinchi qavatdagi poyabzal boʻlimi tomon yurdik. Muxlislar eʼtiborini qozonib, ancha mashhur boʻlib qolgan emasmi, hamma unga qarar, bir-biriga uni koʻrsatishib, shivir-shivir qilishardi. Men esa unga yelkalarimni qisgancha ergasharkanman, oʻzimni goʻyoki qafasdagi qushdek his qilardim.
Poyabzal boʻlimi sotuvchisi bilan tanish ekanmi, xonanda u bilan quchoqlashib koʻrishdi va bir nimalarni pichir-pichir qilishdi.
Sotuvchi shoshgancha ustal ostidagi qutilarni titkilashga tushib, birozdan soʻng balandroq poshnali, uchi qirrador qop-qora tuflini Azizaning qoʻliga tutqazdi. Xonanda uni yaxshilab koʻzdan kechirdi va hidlab koʻrgach: “Turkiyaniki, haqiqiy teridan ekan”, dedi.
– Kiyib koʻring-chi, Sizning oʻlchoviningizga toʻgʻri kelsa kerak, – dedi u.
Bejirim tufli aynan menbop tikilgan ekan. Bir poyini oʻng oyogʻimga kiyib, unga koʻrsatarkanman, darhol yechishga urindim.
– Toʻxtang, istudent, toʻxtang! Hov, nima qilyotirsiz? Yechmang, narigisini ham kiyib, u yoq-bu yoqqa yurib koʻring, – dedi qoʻngʻiroqdek ovozda kulib.
Xijolat boʻlib, terlab ketdim. Peshonam terlarini artarkanman, apil-tapil tuflining ikkinchi poyini ham kiyib, u yoq-bu yoqqa yurib koʻrsatdim.
– Ana, boʻldi, ajoyib! Aynan Siz bop ekan, – dedi Aziza va sotuvchiga pul sanab uzatdi. Men kursiga oʻtirgancha tuflini oyogʻimdan chiqarishga taraddudlandim.
– E, e, nima qilayotirsiz?! Yechmang! Endi bu tufli Sizniki! Mendan Sizdek yosh shoirga sovgʻa! – dedi Aziza va eski chuvagimni yerdan olib, axlat qutisiga tashladi.
Qip-qizarib ketdim. Nima deyishimni bilmay unga termulardim. U esa jilmaygancha qarab turardi...
Oradan chorak asr vaqt oʻtgach el sevgan sanʼatkor, Xorazm xalq qoʻshiqlarining mohir ijrochisi Aziza Niyozmetova ogʻir xastalik tufayli olamdan oʻtdi. Har kuni uni eslab, haqiga duolar qilib yurdim. Kunlardan bir kuni uni tushimda koʻribman. Oʻsha Markaziy univermagdan chiqib kelayotgan emish. Oyogʻida poshnalari baland oppoq tufli.
– Istudent, – dermish u qoʻngʻiroqdek yoqimli ovozda, – oʻshanda Sizga tufli oberganim uchun fabrika xoʻjayini menga mana shu oq tuflini yutuq sifatida hadya qildi...
Uygʻongach, uzoq vaqt mulohaza ummonida suzgandek, oʻyga tolib yotdim. Saxovat, qoʻliochiqlik va muruvvat odamzotni nafaqat bu dunyoda, balki boqiy olamda ham izzat va sharafga sazovor qilishi shubhasiz. Azizaning mendek qoʻliyupqa talabaga qilgan saxovati uni Alloh dargohida ulug‘ martabalarga musharraf qilganiga aminman.
Besh kunlik dunyoning foniyligini anglab, uning oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallasi va muqaddas ziyoratgohlar koʻchalarini obod qilgani, Mehribonlik va “Muruvvat” uylariga hamisha xayr-saxovat koʻrsatib kelgani koʻpchilikka maʼlum. Hatto, u ota-onasiz qizni asrab olib, oq yuvib-oq taraganini ham yaxshi bilamiz.
Umr – oqar suv, deydi donolar. Besh kunlik foniy dunyoda faqat ezgulik qilib yashashdan ulug‘ neʼmat yoʻqligini yaxshi anglab yashagan Aziza kabi insonlar hamisha ezgu soʻzlar bilan eslanadi. Inson uchun chinakam baxt ham shudir, aslida.
Erpoʻlat BAXT