Taxtaqoracha dovonidan oʻtib, soʻlim Kitob tumani ostonasiga yaqinlashar ekanman, Ochamayli qishlogʻidan shunchaki oʻtib keta olmayman. Bu yerda Vatanning qahramon jangchisi istiqomat qilgan bir xonadon bor. Negadir u eshikka yoʻl solish ogʻir tuyuladi. Oʻgʻil yoʻqotgan ota-ona oldida mulzam oʻtirasan. Koʻz-qoshingga, boʻy-bastingga qaraydi, oʻxshatadi. Hayot boʻlsa yonimda yurmasmidi degich oʻy kechadi.
Ochamayli – yuz urugʻining bir boʻlagi. Manbalarda aytilishicha, hoʻkiz yoki qoʻtosga uriladigan yoki bolalar minishi uchun moʻljallangan egar “ochamay” deyilgan. Demak, bu urugʻning tamgʻasi egar shaklida boʻlgan. Yana bir kitobda Ochamayli urugʻi och (ach) degan qadimgi qabila nomi bilan atalishi aytiladi.
Bugun 5-6 yil burun qahramon yigit xonadonida kechgan xotiralarimni yana bir qur yodga oldim.
***
Darvozani uzoq taqillatdim. Hovli katta, ovozni yutib yuboradi, shundan quloqqa eshitilmas. Yugurib chiqqan qizchadan soʻrayman:
– Momong uydami?
– Bozorga ketuvdilar.
– Unda bobongni chaqir?
– Bobom chiqolmaydilar, oyoqlari kasal...
Qizcha bilan ichkari kirdim. Qarasam toʻr xonadagi uy eshigidan hassaga tayangan kishi koʻrindi. Hol soʻrashdik. Avaz aka – qahramon yigitning otasi.
Jurnalist ekanimni bilgach, jim qotdi.
– Oʻgʻlimni yoʻqlabsizmi, xush koʻrdik. Qani, ichkariga... Momongiz bozorga ketuvdi. Keb qolar...
– Oyogʻingiz yaxshimi, ota?
– Bir navi. “Selsovet”da 33 yil buxgalter boʻlib ishladim. Pensiyadaman. Baribir ogʻir oldim. 2-marta infarkt, bir marta insultdan keyin hassaga tayanib qoldim.
Avaz ota oʻgʻlining albomini qoʻlimga tutqazdi. Oʻzi esa karavotda xayolchan oʻtirdi. Varaqladim. Otabekning bolaligi, oʻspirinligi... Suratlarda u turlicha gavdalanadi: yuk mashinalari oldida, stadionda, turnikka osilgancha. Atrofida tengqurlari. Aftidan, chayir bolakayning sport bilan shugʻullanishi seziladi. Yoshligidan yoʻl-yoʻl mayka kiyib yurishi esa harbiylikka havasi borligidan. Yana varaqlayman. Yigitcha suratdan suratga ulgʻayib boradi. Birda uning Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan soʻzlashib turgani suratiga koʻzim tushadi.
– Bir vaqtlar uchrashgan edi, – qistirib oʻtadi ota. – U kunlar oʻtdi-ketdi...
Albom soʻngida bir quchoq gul tutgan kelin-kuyov surati. Ota noxos qaradi-yu, hech narsa demadi. Bir achchiq sukunat choʻkdi. Soʻrolmadim, indamadi...
Bilishimcha, o‘sha mashʼum kunda u endigina 24 yoshga toʻlgan, uylanganiga esa atigi 8 oy boʻlgandi.
Aslida bu inson hayotining toʻlib-toshib yashaydigan farogʻatli davri, ming afsuski, marhum yigit xotiralarining poyoni edi...
Oʻzim bilan oʻzim
...Deraza ortidagi keng hovlida bir zamonlar Avaz otaning oʻgʻillari jon-joʻralari bilan yelib-yugurib yurishgan. Hozir ularning hammasi har yerda: birovi mashinada, birovi amalda, birovi piyoda. Ammo ular bu hovliga tez-tez kelib turishadi. Ammo Otabek oʻz uyiga-da kelmaydi. Uning argʻumogʻi yolgʻiz qaytgan.
Ha, shoir Azim Suyun kuylagan qahramon kabi edi u.
Maysalar lol egdi boshini,
Qizgʻaldoqlar toʻkdi yoshini,
Koʻk berkitdi shan quyoshini,
Bahodirsiz kelar argʻumoq.
Xuddi oʻsha. Samoda qushlar unsiz qoldi, latif, sarin shabbodalar tindi, togʻlar tundlashdi. Sheʼrni toʻlaligicha oʻqib ham navqiron yigit koʻz oldimdan ketmadi.
Adash qismat
Ota oʻgʻlimning ismini “Oʻtkan kunlar” filmini koʻrib, Otabekka havas qilib qoʻyganman, degan edi. Bekning oʻtkir zehni, madaniyati, tarbiyasi sabab koʻplar unga havasmand boʻlgani tabiiy. Karomati keng Xudo, ism ortidagi taqdirga serjant Otabek Muhammadiyevni ham sherik qilganiga nima deysiz?