Baxt mezoni bormi, Alomat?!
Jahon xalqlarining baxtiyorlik koʻrsatkichi tadqiq qilinganida, rivojlangan davlatlar emas, qashshoq davlatlar aholisi oʻzini baxtliroq his etishi maʼlum boʻldi. Oyda bir million pul topadiganning ham, yuz dollar daromad qiladiganning ham baxtni his qilish darajasi deyarli bir xil, hatto qashshoqlarniki ustunroq ekan. Bir million topadigan mardum oz, kambagʻallar esa yuzlab barobar koʻp. Demak, bir million topgan yuzta odamdan koʻra yuz ming kambagʻalni baxtli qilish osonroq ekan-da! Kambagʻalning bir toʻygani – chala boyiganidir.
Balki oʻzini saodatmand deb yurgan “baxtiyor gadolar” (Karlo Gossi) oʻz baxtsizligidan bexabardir? “Balki biz baxtiyor boʻla olardik, / Ehtimol, baxtlimiz, xabarimiz yoʻq...” (Ramiz Ravshan) Oʻzini baxtli deb yurganlarga aslida baxtsiz ekanini qanday anglatish mumkin? Targʻibot orqalimi?..
Rahmatli Sharof Boshbekovning “Temir xotin” tragikomediyasidagi Alomatxon – sovuqqon targʻibotchilarning tipik vakili. U “baxtsizlik kodi” bilan dasturlangan. Mexanizator Qoʻchqorvoyga “Siz baxtsiz odamsiz, faqat buni oʻzingiz bilmaysiz! Shuyam yashashmi, Qoʻchqorvoy aka!” deyaverib, oxiri Birinchi may bayrami namoyishida qizil bayroqcha koʻtarib oʻtish-u yashirincha “yuzta-yuzta” otishni baxt deb biladigan odamni hoʻng-hoʻng yigʻlashga majbur qiladi. Astoydil yigʻlasang soʻqir koʻzdan ham yosh chiqur...
Insonni baxtsiz ekaniga ishontirdingiz ham deylik, evaziga nima berasiz? Baxtsiz ekanini bilib qolgan odam oʻziga taskin, tasallini nimadan, qayerdan topishi kerak?..
Gunoh va xato
Ehtimol, ilgari ham bu hol boʻlgandir, ammo hozir odamlarning bir-birini gunohkorlikda ayblashi urchib ketgandek. Yoshlik kezlarimiz gunoh nimaligini bilmasdan yashagan ekanmiz. Bugun esa kattalar tugul mushtdek bolalar ham bir-birini maʼsiyatda ayblamoqda: “Sen olchani danagi bilan yutib gunoh qilyapsan!” Qoʻyib bersangiz, hamma gunohkor, hamma yoqda qizil chiroq!
Shu bilan birga, gunoh oddiy xato, ayb ish darajasiga tushirib qoʻyilmoqda. Biri boshqasiga dakki bermoqda: “Navoiyning baytini xato yozish gunohi azim!” Yoʻg‘-ey! “Odam soʻzini inson deb katta gunohga qoʻl urdingiz!” Rostdanmi?! Odamdan insonning nima farqi bor? Ikkalasiyam qoʻsh boʻgʻinli boʻlsa! Odamni hayvon degani yoʻq-ku! Bu “harfxoʻrlik”ning ayni oʻzi. Moʻjiza roʻy berib, hazrat Navoiy tirilib kelsa, oʻsha harfxoʻrning tanobini tortib qoʻygan boʻlardi.
Aybni, xatoni gunohga tenglashtirmaylik, azizlar. Gunoh oddiy xatolardan ancha ogʻir keladi. Ha-ya, gunoh tarozisi qachondan beri oʻzi xatokor bandalar qoʻliga oʻtib qoldi?!
Yetti moʻjiza
Bir guruh amerikalik maktab oʻquvchilariga dunyoning yetti moʻjizasi roʻyxatini tuzish topshirildi. Har bir bola varaqqa moʻjiza deb bilganlarini yozdi. Javoblar yigʻilgach, eng koʻp zikr etilganlardan yettitasi ajratib olindi: 1) Misr ehromlari; 2) Tojmahal; 3) AQShdagi Katta kanon; 4) Panama kanali; 5) Empayr steyt bilding osmonoʻpar binosi; 6) Avliyo Pyotr ibodatxonasi; 7) Buyuk Xitoy devori.
Bir oʻquvchi qiz javobini eng oxirida iymanibgina topshirdi. Roʻyxat bunday ekan: 1) koʻrish; 2) eshitish; 3) idrok etish; 4) his qilish;
5) oʻy surish; 6) kulish; 7) sevish.
Bir qarashda bari oddiy, odatiy. Aslida esa, ular Olloh faqat insongagina toʻkis-tugal tortiq etgan moʻjizalardir!
Shoirlar – shoirlar uchun
Bugun sheʼr-u qoʻshiq ham xuddi tibbiyot sohasi kabi mayda tarmoqlarga boʻlinib ketdi. Ilgari ikki yoʻlda sheʼr yozilardi: yo aruz, yo barmoqda. Hozir moʻl-koʻlchilik: modernizm, postmodernizm, abstraksionizm, avangardizm, realizm, syurrelizm...
Boz ustiga, ayrim shoirlar faqat shoirlar uchun yozadigan boʻlib qoldi. Deylik, bir shoirning besh qalamkash tanishi bor. Bari faqat bir-birovi uchun yozadi: koʻz oldida ulfatlari turadi. Qoralamalarini boshqalar oʻqimaydiyam-da!
Xuddi shunday anʼana bundan yuz yillar burun Fransiya va Rossiyada yuz bergan edi. “Sanʼat – sanʼat uchun” shiorini bayroq qilganlar avom didi bilan qiziqmasdi: “Biz omma darajasiga tushmaymiz, aksincha, ommaning didini oʻz darajamizga yetkazamiz, xohlamasalar – zoʻrlash befoyda!” Futuristlarning dargʻasi boʻlmish Vladimir Mayakovskiy bir toʻplamiga “Jamiyat didiga tarsaki” deya nom qoʻygan edi. Bu toifa Navoiy, Pushkinni zamon kemasidan irgʻitib tashlash fursati keldi, deb hisoblardi. Hozir futuristlarni birov eslamaydi, Navoiy va Pushkin nomi esa barhayot!
Oʻtgan asrda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva omma eʼtiborini sheʼriyatga qarata oldi: shu tomonda bir gap bor-ov! Chindan ham “bir gap” bor edi. Agar maqsad faqat odamlar eʼtiborini qaratish boʻlsa, karna-yu nogʻora chalib ham buni uddalasa boʻladi. Ammo bunday usulning umri qisqa. Matbuot, televideniye, mashvaratlardagi maqtovlar bois bir muddat otning qashqasi boʻlib turish mumkin. Ammo asar magʻzi puch boʻlsa, muallif oʻlik otni qamchilab borayotgan chavandozga oʻxshab qoladi. Shoir Yevgeniy Yevtushenko bunday degan edi: “Sheʼrlarim oʻzimdan keyin yashab qolishiga unchalar koʻzim yetmaydi. Ularning allaqanchasi hayotligimda jon berib boʻldi. Aravaga qoʻshilgan otlarim oʻlib boʻlgan, men esa ularni tezroq yurishga qichayotgan aravakashga oʻxshayman”.
Yevtushenko shunday deb turgandan keyin qolganlar nima desin?!
Niqob ustasi
Xitoy kinoijodkorlarining “Oskar” mukofotini olgan “Niqob ustasi” degan filmi bor. Uning qahramoni Mao Szedun davrida shaharma-shahar yurib, koʻhna sanʼat – niqob almashtirish hunarini namoyish qiladi. Shamoldek tez harakat qilib, yuzidagi ipak qogʻozdan yasalgan rang-barang niqoblarni ustalik bilan almashtiradi. Bir qarasangiz chol, bir qarasangiz yigit, bir qarasangiz ayol, bir qarasangiz ajdar...
Ijtimoiy tarmoqda na ism-familiyasi, na surati tayin mushtariylar uchraydi. Albatta, hammani bir tekisda qaychilash fikridan yiroqman, ammo bitta tirraqi buzoq butun podani bulgʻashi rost. Tarmoqda oʻz suratini yashirib, boshqa qiyofada chiqadiganlar oʻsha niqob ustasini eslatadi. Bir hafta Robin Gud, bir hafta Sulton Sulaymon, bir hafta qarchigʻay, bir hafta sirtlon...
Niqob bandasining ikki qiziqishi bir-birini rad etadi: u mashhur boʻlishni istaydi, ammo “razvedkachi”, “josus”lik stixiyasini jilovlay olmaydi... Xuddi endi-endi sheʼr yozish kasaliga chalingan kabi: ilk mashqlarini birovga koʻrsatishga tortinadi, ammo shoirlik daʼvosidan voz kecholmaydi...
“Oʻlmaydigan” mardum
Qartabozlik qilganlar yaxshi biladi: “tuz koʻzir”ga teng keladigani yoʻq, oʻzidan kichik hamma qartalarni bosib tashlaydi. Hayotda ham ana shunday “tuz koʻzirlar” bor: bola uchun ota, ayol uchun er, xodim uchun rahbar...
Odamzod tabiatan oʻlimdan qoʻrqadi. Ajal bevaqt kelib hamma orzu-havas, niyat-moʻljallarni bekor qilib tashlaydi-da. Ayblanuvchi suddan, mahbus qamoqdan, qarzdor qarzidan, muammolar iskanjasida qolgan odam gʻamlardan, bir-birining joniga tegib ketgan er-xotin baxtsiz turmushdan, mamlakat mustabiddan qutuladi.
Odamlar bir-biri bilan daʼvolashganda ham oʻlimni “tuz qarta” kabi ishlatadi: “Oʻlmayman deb oʻylaysanmi?!”
Oʻlimga chap bergan odamni koʻrmadik. Tarmoqlarda ham bir-biriga goʻrni, kafanlangan mayitni, sovuq qabrni yuborishlar tez-tez uchraydi – tuz qarta ishga solinadi-da (goʻyo daʼvogarning oʻzi oʻlmaydigandek!)
Aslida, oʻlim u qadar qoʻrqinchli narsa emas, bari undan keyin boshlanadi. Mirzo Bedil bitmishki:
Murda ham mahshar uchun ovora,
Orom olmoq naqadar dushvordir.
Uyat haqida
Bizlar gʻirt “uyatsiz” davrlarda yashagan ekanmiz-da! Odamlarda andisha, birovdan uyalish degani yoʻq boʻlgan ekan. Uylarimiz nochor, taʼmirtalabligidan uyalmasdik. Bir sidragina kiyimimiz borligidan sira xijolat tortmasdik. Betimiz qattiq boʻlgan ekanmi... Hozir bir koʻylakni ikki marta kiyishdan uyaladiganlar bor.
Dasturxonlarni ayting, dasturxonlarni! Mehmon oldiga suvi qochgan nonni qoʻyish “uyat”ligini bilmaganmiz. Istihola qilmay chegalangan, odmi oq piyolada choy uzatib yurgan ekanmiz. Mehmonlar ham ayaganmi, yuzimizga solmagan. Hozir shunday piyolada choy uzating-chi, mehmon nega kelgani ham esidan chiqib, inglizlardek xayr-maʼzurni nasiya qilib ketib qoladi.
Qizlar ota-onasi olib bergan oʻgʻil bolalar tuflisini kiygancha maktabga qatnashdan uyalmagan. Paypoqni yamash yoki ikki oyoqqa turli ranglisini kiyish ham ayb emasdi. Paypoq uchidagi yirtiqdan boshmaldoq chiqib turishi oddiy hol edi.
Qanday zamonlarda yashadig-a, yoronlar!..
Boylik – beparvolik
Bir doʻstimiz boy davlatlarga kambagʻal davlatlarning kuchi yetmaydi, deya fikr bildiribdi. Bobo tarix esa bu fikr hamisha toʻgʻri boʻlmaganini uqtiradi. Koʻhna Rimni vayronaga aylantirganlar madaniyatsiz va qashshoq varvarlar boʻlsa, Bagʻdod xalifaligining kuchini qirqqanlar ham ezilgan xalqlardan iborat isyonchilar edi.
Odatda, boylik jamiyatda beparvolikni keltirib chiqaradi.
Hans Kristian Andersenning “Aql bovar qilmas ish” ertagida qirol “Kimki aql bovar qilmas moʻjiza yaratsa, oʻshanga qizimni beraman!” deya jar soldiradi. Hamma ajabtovur hunarlar koʻrsata boshlaydi. Ammo ular orasida eng aql bovar qilmaydigani mahobatli saroyning kichraytirilgan maketi boʻlib chiqadi. Unda hamma narsa muhayyo, hatto qirol-u qirolicha, xizmatkorlar xuddi jonli kabi harakat qilar edi. Chiroqlar charogʻon, bogʻda bulbullar shodon! “Mana, aql bovar qilmas moʻjiza! Bundan zoʻrini oʻylab topish dushvor”, deya tan beradi qirol.
Shu mahal talabgorlar ichidan baqaloq yigit chiqib kelib, “Bundan ham zoʻr moʻjiza koʻrsataman!” deydi. Hamma hayron: “Nahotki?!” Qirol amr qiladi: “Qani, koʻrsat hunaringni!”
Baqaloq stol ustidagi saroy maketini mushti bilan bir urib yerparchin qiladi, payrahalar har tomon sochiladi. Izdihomning dami ichiga tushib ketadi. Hatto qirol ham bir necha soniya oʻziga kelolmaydi va nihoyat tan oladi: “Toʻgʻri aytding, bu ishing hammasidan oshib tushdi!”
Shu tarzda mushtumzoʻr baqaloq hukmdorga kuyov boʻladi.
Daniyalik adib ham Qurʼoni karimdan xabardor boʻlganmi deyman. Shunday ajoyib olamni yaratgan Xoliq Egam vaqti-soati kelganda bir ishora bilan uni kunfayakun qiladi – Qiyomat sodir boʻladi.
Siz esa qudrat boylikda deysiz...
Oʻtrog‘-u jahongashtani tanlamas...
Moda, aslida, ojizlarning ishi. Oʻrtamiyona kishi ommaviy moda ketidan chopadi. Didi nozik boyvachchalar esa hech kimda yoʻq nodir libos kiysam deydi. Baʼzilar oʻzi uchun yeydi, boshqalar uchun kiyinadi. Uyida qirqyamoq jandada, koʻcha-koʻyga chiqqanda pason!
Modaga ergashuv majburlikdan, tanlash imkoniyati yoʻqligidan ham yuz beradi. Ilgari doʻkonlarga yangi gazlama kelganida hamma bir xil matodan koʻylak tiktirib kiyar edi. Masalan, bir vaqtlar hammayoqni mahbuslarniki kabi yoʻl-yoʻl xitoycha erkaklar koʻylagi bosdi. Qishloqdan shaharga qiz uzatib kelgan avtobusdan avval ayollar tushadi: oʻn yetti yasharidan yetmish yasharigacha – hammasining egnida “Salom, bahor” deb atalgan, sariq fonda qora bargli qizgʻaldoqlar tasviri tushirilgan matodan tikilgan koʻylak. Erkaklarni koʻrib shaharliklarning ogʻzi ochilib qoladi – barining egnida mahbuslarnikiga oʻxshagan yoʻl-yoʻl koʻylak!
Keyinchalik tanlov imkoniyati paydo boʻlgach, ayollar oldinga chiqib ketdi. Endi ular toʻyga borishdan avval bir-biridan qanaqa koʻylak kiyishini surishtiradigan boʻldi. Ilgari dugonalar bir xil kiyinamiz, egizaklardek koʻrinamiz degan boʻlsa, endi bir-biridan ajralib turishni xohlab qoldi.
Sirasi, moda ojizlarni boshqaradigan davrda yashamoqdamiz. Televizor, gazeta, internet jar soladi: “Kuzda yashil rang urfga kiradi. Gʻaflatda qolmang!”, “Yashil tusli liboslar, poyabzallar, sumkalarda tengi yoʻq huriliqoga aylanasiz!”
Bu yoqda avtomashina, muzlatkich, televizor, telefon, idish-tovoq, gilamlar koʻz-koʻz qilinadi. Badavlat, ammo ruhiyati zaif kishilar bisoti moʻl-koʻl boʻlsa-da, yangi urfga kirgan mahsulotlarni harislik bilan sotib oladi – eskilarini qarindoshlarga peshkash qiladi yo koʻchaga chiqarib qoʻyadi.
Moda inson tafakkuriga ham oʻz hukmini oʻtkazayotir. Oʻtgan yil urf boʻlgan fikr bu yil eskiradi. Urfdagi fikrlar haftasiga oʻzgarib ketmoqda! Trenddagi “noyob” xorijiy fikr qulogʻiga chalinib qolganlar bu gaplardan bexabar bandai gʻofillar ustidan kuladi: “He-e, sadqai mahalla keting-ey!”
Oʻlim keksa-yoshni tanlab oʻtirmaganidek, urfdagi fikrga bandilik ham oʻtrog‘-u jahongashtani tanlamaydi. Koʻr ushlaganini, kar eshitganini qoʻymaydi deganlari shumikan?..
Yurak gardlarin art
Adiblar olamini koʻrmoq, kashf etmoq oson yumush emas. Bu olamning atrofini oʻragan devorda tirqish ham, deraza ham bor. Ularning qay biridan qarashga koʻra bu sirli olam haqida tasavvur paydo boʻladi. Jimitdek tirqishdan qaraganga u tang-u tor boʻlib koʻrinadi, keng derazadan qaragan esa ulkan manzaralarga shohid boʻladi.
Tashqi olamdan olinadigan taassurotlar koʻradigan koʻzning qanchalar tiyrakligiga ham bogʻliq. Koʻziga shapoq tushgan odamga yorug‘ dunyo namozgar gʻira-shirasidan iborat boʻlib tuyulishi mumkin. Derazasi xira tortib ketgan ayol qoʻshni bekaning dorga osgan kirlarini koʻrib, “Bunchalar noshud ekan, choyshabidagi dogʻlar manaman deb turibdi. Ularni koʻzkoʻzlashdan uyalsa boʻlardi!” degan ekan.
Yurak oynasidagi kir dogʻlar bilan olamga boqadigan kishining dili huzur koʻrmaydi. To oʻz koʻnglingda intizom joriy qilmas ekansan, tashqi olam loʻlining toʻrvasiga oʻxshab tuyulaveradi. Axir, “Illat izlaganga illatdir dunyo!” (Sadriddin Salim Buxoriy).
Yana Mirzo Bedil pandiga quloq solsak:
Yurakdan gardlaring art, to tiriksan
intizom baxsh et,
Axir, fayzi boʻlak tartibga solmoqning
doʻkonlarni.
Gazeta tilini kim oʻylab topgan?
Kaminaning sheʼrlari rasmiy gazetalarga toʻgʻri kelmaydi. Ularni oʻzgartirish, “ramka”ga solish soʻraladi yoki umuman rad etiladi. “Siz Dogʻlarjaning sheʼrlarin gazetlardan topolmagaysiz!”
Sabab nimada? Sabab – gazeta tilida!
Gazeta tili qanday paydo boʻldi oʻzi?
Oʻzbekistonda XX asr boshlarida gazetalar chop etila boshladi. Jadid maʼrifatparvarlari erkin, shirali tilda yozgani maʼlum. Keyin shoʻro tuzumi maydonga chiqdi – rasmiy gazetalar koʻpaydi. Mualliflar esa aksar eski jadidlar boʻlib, ular xalq tilida yozmoqni kanda qilmadi.
Keyin senzura va senzorlar paydo boʻldi. senzorlar yo “katta ogʻa”lardan, yo chorigʻini sudrab yurgan mahalliy yoʻqsillardan edi. Ular gazetalardagi jonli xalq tilini tushunmasdi: “Shu soʻzlar oʻzbekchami? U holda nega men bilmayman? Men ham oʻzbek ota-onadan tugʻilganman, axir! Shevada yozish man etilsin! Yagona tilga oʻtilsin! Muqobil til, xalq ogʻzaki ijodi bekor qilinsin!”
Bosh muharrirlar savodsiz senzorlar bilan olishaverib, enasini uchqoʻrgʻondan koʻrardi. Muhim materiallarni bosh muharrirning oʻzi terlab-pishgancha senzorga tushunarli tilga oʻgirar, xodimlar, mualliflardan ham shuni talab qilar edi. Odamzod sabrining ham cheki bor. Tezda jadidlar ham “shamol tegirmoni” bilan jang qilishni toʻxtatdi, koʻplari qamalib, otilib ketdi...
Unutilgan tilning jozibasi hamon kuchli. Ammo rasmiy lisonni yoqlaganlar ham boʻsh kelmayotir. Xalq tilini ommaviy axborot vositalariga yaqinlashtirgisi yoʻq ularning. Chunki tanglay gazeta tili bilan koʻtarilgan.
Xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev surxon shevasida gapirgan yosh hamyurti Baxtiyor Ollomurodni “Jelagan tillaringga asal!” deb alqagan ekan.
Shoir ogʻam Matnazar Abdulhakim umrining oxirida oʻgʻuz lahjasida sheʼrlar bitdi. Toʻgʻri, oʻquvchidan yutqazdi, ammo muhabbat qurbonlik talab qilishi maʼlum...
Lahjalar yashab qolishi kerak! Ular bugun paydo boʻlmagan, eh-ey, qancha sarhadlar oshib, necha mozorlar bosib kelgan!
Tilingdan oʻpay, Oʻzbegim!
Alvido, qurol!
Ikki kishi aytishib qoldi. Har ikkisi jahl bilan yonidan telefonini chiqarib, oʻzaro janjalni tasvirga ola boshladi.
– Tashla qurolingni! – deb oʻdagʻayladi biri.
– Avval oʻzing tashla! – dedi boshqasi.
Keyin ikkovlon atrofdagi tomoshatalab mardumlarga baqirdi:
– Hamma qurolini tashlasin!
Oq tuyaning dumi
Tuyani yutsa dumini koʻrsatmaydigan doʻstim bir gal xatoga yoʻl qoʻydi...
Majlisga shoshgancha xizmat mashinasiga oʻtirgan rahbaridan haydovchisi hayron boʻlib soʻradi:
– Oq tuya yutdingizmi?!
– Nima deb aljirayapsan, bola! Oq tuyaniyam, koʻk tuyaniyam koʻrganim yoʻq!
– Ehtiyotsizlikdan yutvorganga oʻxshaysiz yo oʻzi ogʻzingizga kirib ketgandir?
– Jumboq qilmay gapir!
– Ogʻzingizning bir chetidan oq tuyaning dumi osilib turibdi, xoʻjayin! Harholda, kattakonning oldiga boryapsiz, sal u yoq-bu yogʻingizni epaqaga keltirib oling. Yomon nazar tushmasin deyman-da.
Rahbar oynaga qarasa, ogʻzi chetidan tuya dumi osilib turibdi! Ikki qoʻllab ichkari tiqsa ham yana chiqib kelyapti. “Toʻyibmanmi, nima balo?”
– Pichoqni uzatvor, Mamarayim!
Haydovchi uzatgan pichoq bilan ogʻziga sigʻmagan bir qarich dumni shartta kesgan amaldor mashinadan uloqtirmoqchi boʻldi-yu, shuyam roʻzgʻorda asqatar, deya shimi choʻntagiga solib qoʻydi.
Qozondek qoringa sigʻmagan dum kichik choʻntakka sigʻarmidi! Majlis boʻlayotgan binoga yetgan zahoti ichkariga yugurgan rahbarining ortidan qarab qolgan haydovchi peshonasiga mushtladi: boyagi dumning shokilali uchi choʻntakdan chiqib shamolda oʻynoqlab borardi. Ammo boshqa manzarani koʻrgan haydovchining koʻngli joyiga tushdi – oʻnlab amaldorning birining ogʻzidan, boshqasining shimi choʻntagidan oq-u koʻk tuyaning bir qarich dumi hilpirab koʻrinardi. Tuya yutgan birgina uning xoʻjayini emas ekan...
Shiorlarga oʻranib...
Usta Salim kolxoz duradgori edi. Shu sabab simyogʻoch-u peshtoqlarga osiladigan shiorlarni eskirganidan keyin yechib olish ham unga tan. Rangi oʻchgan alvonlarni yirtilib ketmasin deya chorchoʻpdan ehtiyotlagancha sidirib olardi. Chorchoʻplarni esa ayamasdi: qancha sinsa, uyiga olib ketadi. Butunlariga yangi shior qoplanadi. Avaylab sidirilgan eski shiorlarni tugib xotiniga olib boradi. Bu yoqda yetti tirmizagi bor, ularga ishton-pishton tikib berish kerak. Qizil ishtonlilar oilasi desangiz haqingiz ketmaydi. Garchi rangi oʻchmagan astar tarafi tashqariga tikilsa ham, shiorlar bilinib turadi. Bir bolasining ishtoni orqasida “KPSS” degan soʻz teskari joy olgan. “Leonid Ilich Brej...” – davomi boshqa tirmizakning ishtonida. Biz esa shior-u bitiklarni teskari holida ham oʻqib, asliga tiklab olamiz...
Dezinformatsiya balosi
Dezinformatsiya – yolgʻon maʼlumot bilan mamlakatlar, kompaniyalar, mashhur shaxslarning obroʻsini toʻkish, aksiyalar qadrini tushirish, hatto urush boshlash mumkin. Shunday tovlamachilik namunasi yozuvchi Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo” romanida keltirilgan.
Edmon Dantes raqibidan oʻch olish uchun abbat Faria obrazida Atlantika okeani orqali oʻtgan telegraf kabelidagi maʼlumotlarni Parijga yuboruvchi aloqachi xodim oldiga boradi. Unga katta pul berib, “AQShdan kelayotgan falon kema halokatga uchradi, bankirlar choʻkib ketdi, falon tonna oltin ham ummonga gʻarq boʻldi” mazmunida telegramma joʻnattiradi. Moʻmay pulni qoʻlga kiritgan aloqachi juftakni rostlaydi.
Noxush xabar yetib borgan zahoti badavlat shirkat aksiyalari bahosi tushib ketadi, Graf Monte-Kristo esa ularni suvtekinga sotib oladi.
Bir haftadan keyin “choʻkib ketgan” kema Fransiyaga yetib keladi. Kompaniya aksiyalari narxi yana koʻtariladi. Uddaburon graf esa endi ularni sotib, mablagʻini yuz barobariga koʻpaytirib oladi.
Bu koʻhna usul hozir unutilgan deb oʻylaysizmi?..
Arzanda adolat
Adolat mezonini adabiyot, jurnalistika, sud hujjatlari, hayotdan topishga urinamiz. Aslida, uning mutlaq sobit mezonlari yoʻq. Adolatni topdim, tutdim deganingizda ham, u barmoqlaringiz orasidan simobdek chiqib ketadi. Voqelikning oldidan qarasangiz – adolat, ortidan qarasangiz – adolatsizlik. Rakursni oʻzgartirsangiz, uning boshqa yoqimli-yoqimsiz taraflari namoyon boʻlaveradi.
Qoʻshxotinlikda odil boʻlish mumkin deyishadi. Odam gohida koʻz ochib koʻrgan rafiqasining haqiga toʻliq rioya etolmaydi-ku!.. Kezi kelganda yakka-yu yolgʻiz farzandga nisbatan ham adolatli munosabatda boʻlish amrimahol.
Adolatni na metrlab, na kilolab, na litrlab oʻlchab boʻladi. Jon boshiga taqsimlaganda hammaga teng – bir qarichdan, bir kaftdan, bir mushtdan tegdi deylik, ammo oʻshanda ham bundan kimdir xursand, kimdir xafa boʻlishi aniq: “minnat bilan tarqatdi, norozi boʻlib berdi, lahm emas, chandir joyi tegdi” qabilidagi mingʻir-mingʻirlar chiqaveradi.
Hayotning astari
Bir yosh shoirning gapidan rosa hayron boʻldim: “Men haqimda boʻlmagʻur gaplar qulogʻingizga chalinsa ahamiyat bermang, bari dushmanlarimning ishi!”
Qanchalar “kamtarlik”! Yosh boshiga dushmanlari ham bor ekan!..
Shu yoshga kirib, “Dushmanlarim boʻlishi ham mumkin” degan fikr miyamga kelmagan ekan. Men haqimda mish-mish, gʻiybatlar borligini koʻp ham oʻylamaganman. Toʻgʻri, rafiqam koʻcha-koʻydan gap topib kelardi: “Sizni falon-pismadon deyishyapti! Koʻzingizga qarab yuring, obroʻni oʻylang!”
Odam patgilamga oʻxshaydi, tez-tez changini qoqib turish kerak. Xudoyimning savoq choʻpi oʻsha gʻiybat-u sinovlardir. Siz haqingizda yomon gap tarqatganlar dushman emas. Odamning eng katta dushmani – uning oʻzi, kibr-u havosi!
Menga pand berib ketganlar haqida faqat iliq gap aytaman: ular sababli hayotning astariga koʻz tashladim, tajriba orttirdim. Faqat doʻstlarim va omad kaftida yurganimda nimani ham bilardim!
Shaxsiyatimga doir gaplarga unchalar qiziqmayman, oʻzimdan oshirib biror narsa deyishlari qiyin. Dangalini aytganda, birovlarning past-baland fikridan, haqoratidan titroqqa tushadigan darajada ojiz emasman...
Olloyor XOʻJANDOV
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Yurak oynasiga boqib” maqolasi