1
Taqdirparastlikda ayblamang-u, asar oʻz yozguvchisini ham tanlar ekan, aziz mushtariy. Shunday boʻlmasa, ohanrabo “Oʻtkan kunlar”dan beri, mana, rosa yuz yil oʻtdi, soʻz maydonida ne-ne azamatlar ot surmadi... lekin benazir Qodiriyga mansub mungli qissani davom ettirmoq nega birovining-da xayoliga kelmadi? Agar xayoliga kelgan boʻlsa, nega bu ishga bel bogʻlamadi?
“Yaldo kechasi” goʻyoki nasrimizning oʻsha saodatli kezidan beri uzoq yoʻl yurdi, yoʻl yursa ham moʻl yurdi... nihoyat, barcha asarlar singari oʻz muallifini topdi. Inson va millat qaygʻusida qalam surgan, Abdulla Qodiriy “panjasiga panja urgan” bu muallif – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultondir.
2
“Bu kitob...” deb nomlangan muqaddimani oʻqir ekansiz, oʻylaysizki, asl sanʼat asari, u hatto moʻjaz bir sheʼr boʻlsa ham, dastlab bitguvchisining butun borligʻini egallar ekan. Joni ichiga sigʻmagan buloq suvi zamin tubidan otilib chiqmoqqa yoʻl axtargandek, asar ham ijodkorning jism-u jonida betoqat kezib yurar, sohibini xastahol, parishonxayol qilar ekan. Oʻquvchini istilo aylaydigan sanʼat avval muallifini istilo etar ekan.
Iliq yomgʻir tuproqning zarra-zarrasiga singadi, quyoshdan uzilgan yashillik bildirmay yaproqning butun sathiga yoyiladi, oyning yogʻdulari kulli borliqni toʻldiradi... Soʻz ham soʻzchining qalbini-yu ongini taxminan shunday qamrab olar ekan.
Ha, anglashimizcha, mutaassir roman ham avval-boshlab oʻz muallifi ruhiyatini toʻldirgan. Kecha-yu kunduz u bilan birga yashagan, baʼzan hatto uni “xunob qilgan”. Masalshunos Gʻulomning hazrat Gulxaniy bilan uchrashuvlaridan xabardor oʻquvchiga mana bu hollar gʻaroyib tuyulmas: “Yaldo kechasi” kitobi oʻz muallifi bilan birga ishga borgan, uyga qaytgan, safarlar-u majlislarda hamnafas boʻlgan. Hayotning rango-rang ovozlariga jimgina quloq tutgan. Musannifining tafakkur oʻychan aylagan koʻzlaridan dunyoga boqqan. Tuni bilan sharros yoqqan yomgʻirga, tiniq va maʼyus kuzga, kechalari xazonlar yoqilgan shaharga, adogʻi yoʻq tuproq yoʻlga... Shu taxlit oʻzida kechani va bugunni jamlagan.
Bu kitob yana shunday demoqqa-da haq beradi: u kelajak javonlarida ham “Oʻtkan kunlar” bilan yonma-yon turajak, inshoolloh.
3
Asar “Oʻtkan kunlar”ning davomi boʻldi. Muallif “ilova” debdi. Menga qolsa, Qodiriyga tazmin, Qodiriy dahosiga taʼzim degan boʻlardim.
“Yaldo kechasi” muallifi mushkul yoʻl tanlagan: oʻzganing, yana kimning deng – betakror Qodiriyning nomidan asar bitmoq! Bu yukni, bu mashaqqatni hatto ahli qalam ham toʻliq his etishi qiyin.
Oddiygina qilib “adabiy mistifikatsiya” deyildi, toʻgʻri. Bu usul ijod tajribasida azaldan bor ekan, bu ham toʻgʻri. Deylik, farang adibi Prosper Merime bolqonlik oqin boʻlib Pushkinni ham chalgʻitdi; qariyb oʻzimizniki boʻlgan Pushkin esa Belkin boʻlib, Fitrat domla – hind sayyohi boʻlib yozdi. Lekin tarixan yashab oʻtgan, yozishda oʻz yoʻl va uslubida qatʼiy, el aro mashhur adib nomidan qalam surmoq... Zero, bu faqat soʻz-u jumla “mojaro”si emas, oʻshal shaxs boʻlib oʻylamoq, uning darajasida yoki undan oʻtib tafakkur qilmoq ham demak-ku. Nechukkim, “kerak sher ollida sher jangi” demishlar.
Ha, “Yaldo kechasi” muallifi, Choʻlpon taʼbiri ila aytganda, “zoʻr ishga boshini berib qoʻygan”ini bilsa-da, “havasida jasorat his etgan”, “qusur va xatolardan choʻchib oʻltirmagan”. Illo oʻzligini ham namoyon eta olgan: “Kecha”da “Kunlar”ning ijtimoiy-siyosiy chizigʻi davom ettiriladi. Ul kitobda yurt qaygʻusi sevgi sahifalari ichida koʻmilib yotsa, bul kitobda shuning teskarisi. Qodiriy bobo badiiy xayolga, tasavvurga, toʻqimaga kuch bergan boʻlsa, izdoshi taxayyulotning nafis libosini hayotning real fakt-u maʼlumotlariga moslab bichgan.
“Oʻtkan kunlar”ga ilova, jadid boʻlib yozish, mistifikatsiya, badiiy intriga, Qodiriyning sir saqlash usuli... bular darhol diqqatlarni jalb etdi, asarni nihoyatda jozibador qildi, badiiy kashfiyot darajasiga koʻtardi (I.Gʻafurov).
4
“Yaldo kechasi”ni oʻqidim-u xayolimga “Urush va tinchlik” keldi.
Lev Tolstoy mutafakkir oʻlaroq Rusiya tarixidagi ulkan voqeani oradan yarim asr oʻtib qayta idrok etmoqqa urinadi. Uni urush roʻy berishining asl sabablari, jamiyat iyerarxiyasining barcha pogʻonalarida turgan odamlarning harb-u zarbga munosabati qiziqtiradi. Adib “soddadil tarixchilar”ning tog‘-tog‘ bitiklarini oʻrganadi, lekin qone’ javob ola bilmaydi. Yakrang sharhlar, egiz fikrlar chorchoʻpidan tashqaridagi nuqtayi nazarlarni axtaradi, ammo topolmaydi.
Nima uchun dunyoning u burchagidan kelgan minglarcha odam dunyoning bu burchagida tinchgina yashab yurgan odamlarni oʻldirishi, gʻorat qilishi hamda oʻzi ham raqib qoʻlida halok boʻlishi kerak? Bosqinchining jahongirlik istagi uchunmi? Urushni vosita desak, nahotki, shu vahshatni-da oqlaydigan maqsad bor boʻlsa? Qoʻliga qurol berilganlar-chi, ular oʻziga oʻxshagan bandalarni oʻldirishni xohlarmikan? Nahotki, odam bolasi qonli jangi jadallarni – qahramonlik, oʻliklarga toʻlgan maydondagi tantanavor urra-urralarni – gʻalaba deb oʻylasa?!
Oʻttiz besh yoshli adibni ana shunday savollar iztirobga soladi. U urush va bosqinchilik “falsafa”sini oʻz tafakkuri tarozisiga qoʻyadi, urush “insonning aqlidrokiga va tabiatiga sira toʻgʻri kelmagan voqea” deb xulosa yasaydi.
Taassuflarkim, Turkistonning ham jahongir Napoleon urushlaridan qolishmaydigan mahobatli va jarohatli tarixi bor. Unga oid bitiklar, xotiranomayu hujjatlar arxivlarga sigʻib-sigʻmay yotibdi. Moziyning oʻsha qaygʻuli sahnalari qanchaqancha shoiru adiblarga ilhom bermadi, qancha olimlarni chuqur-chuqur oʻylarga gʻarq etmadi... Taftishu tahlilu talqinlarning katta bosqichi bugun yakunlangandek. Turfa fikr-mulohazalar, bahslar bir maxrajga kelgandek. Koʻpirgan soylar tiniq tortgandek.
Shu manzarada “Yaldo kechasi” muallifi ham xalqning murakkab tarixini oʻz tafakkuri, tajribalari elagidan oʻtkazmoqqa chogʻlangan. Kechmish kunlarga oid haqiqatlarni bir kitobga joylab taqdim etmoqqa qasdlangan. “Minglab manbalar qatida tariqdek sochilib yotgan, davrlar shamolida toʻzgʻiy boshlagan... ulug‘ kitob varaqlarini zehniyat koʻzgusidan oʻtkazib, ularni bir muqova ostida mujassam etish” ishtiyoqida yongan. Uni ham zamon, ham zamonlarga taalluqli nihoyasiz savollar; umuman, insonlik va insonlik jamiyati tuzugi haqidagi oʻylar, tafakkurning ogʻir muhokamalari oʻz girdobida aylantiradi.
5
“Yaldo kechasi”. Tarixning mahzun va sharafli hikoyasi. Zulm va umid qissasi. Mahrumiyat va muyassariyat dostoni.
Birma-bir varaqlashga tushasiz. Orzu-havasga magʻlub boʻlgan turmushga, kishini xonumonidan judo qiladigan urf-odatlarga oʻt tushsin! Ularning qarshisida aql-u idrok, zakovat sohibi boʻlgan donishmand kishilar-da yengilib, soʻnggi pushaymon olovida yonadilar (“Voliduka rabbuka”). Urf-odat degani shunchalar mustabidki, hatto shariat qabul qilganni-da qabul qilmas (“Hukmi ilohiy”). Shoʻrochi va bosmachi degan ayrilmalardan ham oldin ayni shu balolar Oʻzbek oyim va Otabek timsolida bir oilani ikkiga boʻlib, fojialarga giriftor etmadimi?!
Davom etasiz: hamma musulmonlik daʼvo qilsa-yu, musulmonlikdan asar ham boʻlmasa? Zamon oʻzgargani bilan odam oʻzgarmasa? Har lavhada, har sahfada qullik va xoʻrlik sahnalari. Haqiqat kimlar tarafidaligini bilmay goh u, goh bu tomonga oʻtgan odamlar. Yetimxonadagi qabohatlar. Shu yurt egalarini itga teng koʻrishlar (“Toshkand va toshkandliklar”). “Azbaroyi qorin toʻydirish qaygʻusida oʻzining millatdoshiga, din qardoshiga qarshi jang” qilganlar (“Bayroqni kim koʻtaradi?”). Bosqinchilarning, oʻz xon-u amirlarimizning el boshiga solgan koʻrgiliklari, fitna va oʻyinlar. Turkiston muxtoriyatining alamli magʻlubiyati...
Nabi qizilboshning samovaridagi bangilar haqidagi faslni-ku oʻqimaganim yaxshi edi deysiz! Soʻnggi bor (balki soʻnggi bor emasdir?) siyosiy idoraning markaziy binosi darvozasi oldida koʻrinish bergan Hamdamufga laʼnat yogʻdirasiz. Muhabbatda jasoratli Oynisoni esa Raʼnoning (“Mehrobdan chayon”) qizimikan deb oʻylaysiz. Bu orada “Tarjumon”ni oʻqiysiz: “Sakkiz milyon boʻlgan bu qavmning dunyoviy hojatlarini ado qilurlik va yoʻlboshchi boʻlurlik birgina xodim va murshidlari-da yoʻq...” Yurtning zabun hollarga tushmogʻiga kim aybdor: avommi, aʼyonlarmi (“Chin yetim”)? Yoinki “fikr tanballigi”mi?
Oʻqiysiz, fikrlaysiz... Yozuvchining xonlar-u amirlar saroyiga dadil “kirib borgan”idan hayratga tushasiz. Asar qahramonlari bugungi dunyo voqealarini ham Sharq otasi kabi kuzatib turgandek tuyuladi. Ular bizni siyosatning kechagi, bugungi, har doimgi oʻyinlaridan ogohlantiradi: “Bu ikki podishoh – ular bir-birlari ila xesh-aqrabo ekanlari ham hazratimgʻa maxfiy ermas – ushbu yoʻsinda zimdan kelishib olgʻanlar. Yaʼnikim, Oq podishoh hukumati ingilislarning Hindistondagʻi hukmdorliq siyosatigʻa daxl etmasa, ingilis saltanati ham ularning Turkistonda moʻljal qilgʻan istilosigʻa mutlaqo aralashmas. Zero, kichik bir musulmon ulusini deb sohibi dunyo boʻlgʻan ikki nasroniy davlat bir-biriga qarshi tig‘ koʻtarmas”; “Na Turkiya, na Ovrupo – hech qaysisi bizni deb oʻz xalqining manfaati va halovatini xatarga qoʻymas”. “Zimdan kelishib olgʻan”lar kimligini anglagandek boʻlasiz. Nusratxon toʻraga qoʻshilib faryod chekasiz: “Yo Rabbim, biz musulmonlar yolgʻiz aldanmoq uchunmi dunyoga keldik?!”
Bular tarix emas, bugunning hikoyasi ekan deysiz. Insonning ham, millatlar-u davlatlarning ham hayoti tobora oʻyinga aylanib borar, shu oʻyingohda asosiy maqsad – “elimiz, yurtimizni qanday qilib boʻlsa-da yoʻq boʻlib ketishdan asrab qolish” ekan, bu faqat va faqat oʻzimizga bogʻliq ekanini anglaysiz.
Varaqlashda davom etasiz: “Asrlar boʻyi istibdod va zulmat qaʼrida tutib kelingan bizim Turkiston kabi mustamlaka oʻlkada jamiyat hayotida eng kichik oʻzgarish yasamoq ham bamisoli zaif bir giyohning metin toshni yorib chiqishi ila barobardir” (“Margʻilonda bir najot maktabi”).
Shu yerda toʻxtaysiz: biz sharqliklar – buyuk insonlarning avlodi, ulugʻvor tamaddunlarning ijodkori boʻlaturib nega istibdod va zulmat qaʼriga tushdik? Bu savolning javobi “Yaldo kechasi”ning sahifalari aro ovozi bot-bot yangragan Fitrat domlaning “Sharq siyosati” asarida berilgani esingizga tushadi: “Sharq oʻzining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmat-u eʼtiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizgʻa sigʻmaydur... Yozuqlar, esizlarkim, Sharq oʻz yoʻlinda davom eta olmadi. Madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har toʻgʻrisinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri koʻrinmasa, oʻlkasi kengayib, oqchasi koʻpaysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzulur, totligʻi yoʻldan chiqa boshlar. Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat soʻnginda buzulib qoldiq, yoʻldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchagʻa berildik, oqchagʻa sotilduk... Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar... Saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yoʻqsulliqning eng teran chuqurigʻa tushdi...”
Voajabo, insoniyat dunyosining tuzugi shunchalar ham nozik ekanmiki, tamaddunga erishmoqning oʻzigina yetarli boʻlmasa? Nahotki, yuksalish ortidan kelgan tinchlik va rohatning bagʻrida xavf yashirin boʻlsa? Hushyor fikr yuritmaydigan kishi-da, xalq-da taraqqiyot-u tinchlig-u toʻqlik-farovonlik ketidan balolarga yoʻliqsa?..
Darvoqe, kecha va kunduz hamisha yonma-yon-ku. Oftob ham qiyomdan soʻng qonli shafaq sari ogʻadi... Bular – Parvardigori olamning ramzlari, oʻzga ravishlar ila bizning holimiz bayon etilgan-ku, nega beparvo boʻlamiz?
6
Yana xayol daryosiga shoʻngʻiysiz.
Jadidlar-u jadid davrining ne bir ohanrabosi borki, nuqul qayrilib ortimizga qarayveramiz, deysiz oʻzingizga. Toʻgʻri, mutaraqqiy dunyo anjumanida hali ham bitta tashrif qogʻozimiz shu – jadidchilik. Lekin nahotki istibdod koʻpyuzyillik iztirobimiz boʻlib qolaveradi?
Jadidlarning pirovard maqsadi milliy mustaqillik boʻlsa, biz unga erishdik-ku – mavzuni yopib, olgʻa yursak boʻlmasmi? “Moziygʻa qaytib ish koʻrish xayrlik”ku-ya, lekin gap faqat tarixdan ibrat axtarishdami? Saboq chiqarish deymiz-u, lekin... oʻtgan kunlar ustida yosh toʻkmoq yetar endi... “Yaldo kechasi” muallifi ham aynan shularni yozdi – nega? Fikrli odamlar bu romanga nega buncha aks sado berayotirlar?
Men tarixchi emasman, lekin oʻylaymanki, butun moziyimiz mobaynida oʻtgan asr boshlaridagiga oʻxshash davr koʻrilmagan. Ungacha boʻlgani – jahongirlar, mutafakkirlar, buyuk shaxslar tarixi edi. Oʻtgan asr ibtidosida esa milyonlab odam bir xalq boʻlib uygʻondi. Tafakkur tebrandi. Insonlik haqlari talabi yoʻlida jamiyatning barcha qatlamlari harakatga keldi: “Dunyoning jamiki aziz va bebaho neʼmatlaridan koʻra oʻlim sharbatini afzal bilgan” joʻmard yigitlardan tortib “hali yuziga ustara tegmagan boʻz oʻgʻlonlar, uch-toʻrt farzand otasi boʻlgan kechagi kosib va dehqonlar, azamat qariyalar”gacha...
Bu tarix – xalq tarixi boʻldi. Muqaddimadagi mazkur roman “millat farzandlari tomonidan yozildi” degan gap shunga ishora. Agar demokratiyani jaydari qilib boshqaruvda hammaning ishtiroki, raiyatning bilvosita boʻlsa-da oʻz hayotiga daxldor masalalarni oʻzi hal qilishi, jamiyat hayotini tashkil etishda butun xalqning faolligi desak, bu – Turkistonning zamonaviy demokratiya sari ilk qadami boʻldi.
Tariximizning biror pallasida bu qadar xilma-xil gʻoyalar, fikrlar, ziddiyatlar, toʻqnashuvlar kuzatilmagandir ehtimol. Roman muallifi aytgan “jadid”, “qadimchi”, “turkchi”, “gʻarbchi”, “islomiy”, “shoʻraviy”...larning bari shu xilma-xillikni ifoda etadi. Avvalgi romanda “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” qalamga olingan boʻlsa, bunisida bizning millat oʻlaroq eng faol, shijoatli kechmishimiz tasvirlanadi. Hatto, qarang, navnihol Suyimagacha haqsizlikka moshinavoriy qarshilik koʻrsatadi.
“Alvido, Turkiston!” degan jumla bilan kitobni yopasiz. Alvido, Turkiston... Nahotki bu ham ramz boʻlsa? Shu xil fikrlarga berilib tagʻin chalkashib ketasiz...
7
Yana “Urush va tinchlik” xotirga keladi.
Darvoqe, har ikki asar olti yil mobaynida yozilgan – bu ham tasodif emasdek.
Lekin... nadomatkim, olamshumul Tolstoy oʻz xalqining vatan himoyasidagi shavkatli yillarini hikoya qilmoq qasdida ter toʻkar ekan, ayni oʻsha fursatda (1863–69) chor qoʻshini yurt olmoq, butun-butun xalqlarni qul qilmoq talvasasida Turkiston boʻylab izgʻib yurar edi.
Yana nadomatkim, tuzumlar, shohlar, zamonlar almashdi-yu, biroq oʻzgalar ustidan hukm yurgizish iddaosi barham topmadi. “Yaldo kechasi”da Buxoro amiri qahr bilan aytganidek: “Vodarigʻkim, ahli Turkiston bunchalar nodon boʻlmasa!.. Bu haftafahm bandalar, chamasi, Oq podishoh agʻdarildi, tamom, olam guliston boʻldi, deb oʻylaydilar chogʻi... Gumrohlar, bilmaydilarki, oʻris imperatoʻri taxtdan tushkani bilan Oʻrusiyaning jahongirlik daʼvosi taxtdan tushkani yoʻq”.
Yana ming nadomatkim, eski talvasa bugun ham goh oshkor, goh pinhon davom etayotir...
Odam bolasi qachon oʻzganing yeriga, mulkiga, haqlariga sohib chiqmoq vasvasasidan xalos boʻladi? Zamonda – insoniyat tarixining har bir soniyasida, makonda – kichik bir tijorat doʻkonidan tortib katta-kichik oʻlkalar qadar shu gap!.. Bu manfur “falsafa” barham topadigan kun kelarmikan?
Jahonshumul Tolstoy bilmas ediki, vaqti kelib rus chorizmi “oʻlja” axtargan oʻsha oʻlkalarning birida hujjatlarga asoslangan tarixiy asar yaratiladi. Va unda bosqinchilig-u istibdod tarixining mudhish lavhalari bayon etiladi. Roman sahifalaridan esa qon boʻlgan yurak sado berib turadi: “Insonlargʻa insoniyat ber!”
8
Kitobning soʻnggi sahifalarini oʻqiyotganimda bomdodgacha birmuncha vaqt bor edi.
Halizamon yorugʻlik va zulmatni chegaralab ufqda koʻndalang chiziq zohir boʻladi. Mumtoz shoirlarimiz taʼbiri ila aytsak, osmon oʻz yaqosini chok etadi. Mana shu – tong boshlanganining nishonidir. Ufq qaʼriga uzoq tikildim. Zulmat bitmasa-chi, degan ishtiboh oraladi. Yoʻq, bunday oʻylash Yaratganning nizomiga shak keltirmoq bilan barobar. Hatto mahshar ham tongda sodir boʻladi...
Siz ham sezgandirsiz, subhi kozib deb nom olgan tongoldi pallasi bandasining koʻngli allanechuk boʻsh, halim boʻlib qoladi. Odilbek tusi oʻchib ketgan yashil bayroqqa oʻralib yuztuban qular ekan, koʻzim jiqqa yoshga toʻldi... Hazrat Qodiriyning Kumush vafotida yigʻlagani xotirga keldi. “Yaldo kechasi”ni bitgan sevimli adibimiz ham shu joyda koʻzyoshlarini tiyolmagan boʻlsa kerak deb oʻyladim.
Koʻksimda esa magʻlub boʻlganlarning, umid va tugʻidan boʻlak hech nimasi qolmaganlarning, shul ikkisiga takya qilib olgʻa borayotganlarning savoli qadalib qoldi: bayroqni kim koʻtaradi?!
Nodira OFOQ
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qodiriyga tazmin va taʼzim” maqolasi