Turk va oʻzbek tillarini oʻzaro solishtirishda davom etamiz. Hozirgi oʻzbek tilida keng qoʻllanadigan soʻzlardan biri “bekat” soʻzidir. U transport toʻxtab oʻtadigan, yoʻlovchilar tushib yoki chiqib oladigan joy maʼnosini anglatadi. Bu soʻz yasalishiga qarar ekanmiz “bek” soʻziga “-at” qoʻshimchasining qoʻshilishidan tashkil topganiga guvoh boʻlamiz. Turk tilida esa asosi “bek” boʻlgan “beklemek” kalimasi bor. Uning maʼnosi “kutmoq” degani. Bir qarashda, “bekat” transport kutiladigan joy mazmunini anglatadigandek goʻyo. Bizning fikrimizcha esa unday emas.
Bir paytlar turklar “bekçi” deganda eshikogʻasini nazarda tutgan. Saroydagi xizmatchilarning bir turi (posbon, poyloqchi, qoʻriqchi, qorovul) “bekçi” deya atalgan. Eshikogʻasi esa keyinchalik “bekçi”dan “kapiçi”ga oʻzgargan.
“Beklemek” feʼlidan yasalgan “bekçi” posbon va poyloqchi maʼnolarida kelar ekan, demak, soʻz maʼnosi hozirgidek “kutish” boʻlmagan. Aksincha, kuzatib turish, qoʻriqlab turish mazmunlarini anglatgan. Qadimda biror xonada yashirin majlis oʻtkazganlar yoxud sirli ish bajaruvchilar oʻzlarini xavfdan ogoh qilish uchun tashqarida bir odamini qoldirishgan. U ichkaridagilar ishni yakunlagunga qadar poyloqchilik qilib turgan. “Bekçi” atamasi shundan paydo boʻlgan. Bunga toʻlaqonli amin boʻlishimizga hozirgi oʻzbek tilidagi yopiq maʼnosini beruvchi “bek” soʻzi sabab boʻladi. Oʻzbekchada keng isteʼmolda boʻlgan “bekitmoq”, “bekinmachoq” kabi jumlalar ham buning isbotidir.
Oʻzbek tilidagi “bek” kalimasi qadimdan yuqori lavozimdagi amaldorlarning unvoni boʻlib kelgan. Hozirda esa oʻgʻil bolalar ismiga qoʻshiladigan faol qoʻshimchalardan biri hamdir. Biz yuqorida aytib oʻtgan turkchadagi kutish va oʻzbekchadagi amaldor maʼnolaridan qaysi biri “bekat” atamasini hosil qildi, degan savolga javob izlaymiz.
Chigʻatoy ulusi davrida mamlakatning turli nuqtalariga xon farmonlarini, yuqori darajadagi topshiriqlarni yetkazadigan lavozim egalari boʻlgan. Ular koʻzlagan manziliga yetib olishlari uchun sarhadi bepayon saltanatda barcha sharoit bilan taʼminlangan. Jumladan, maʼlum masofalarda yomlar qurilgan. Yomlarda masʼul amaldor toʻxtab dam olishi, ot-ulovini almashtirishi yoki ularni yem-xashak bilan toʻyintirib yana yoʻlga tushishi mumkin edi. Karvonsaroy va rabotlardan farqli oʻlaroq yomlarda faqat beklar toʻxtab oʻtgan. Beklar dam oladigan joy esa “bekat” nomi bilan mashhur boʻlgan. Bundan koʻrinadiki, “bekat” soʻzining zamirida “beklar joyi” maʼnosi anglashiladi. Keyinchalik bu soʻz barcha toʻxtab oʻtadigan manzil maʼnosida ishlatila boshlangan.
Quyidagi maʼlumot ham fikrimizni quvvatlaydi. Agar “bekat”ning ildizi faqat “kutish”ga borib taqalganida, turkiyaliklar transport toʻxtaydigan joylar uchun “durak” (“turoq”) jumlasini qoʻllashmas edi. Zero, “bek”ning kutmoq maʼnosi hozirda faqat ularda mavjud.
Darvoqe, “Yom” soʻzining ham asl nomlanishi “Jom” boʻlib, keyinchalik soʻz boshidagi tovush qarluq lahjasida “y”lashtirib yuborilgan. Samarqand viloyatidagi “Jomboy” tumani, “Jom” qishlogʻi ham bir paytlar beklar nafas rostlaydigan manzillar boʻlgan.
Anvar ESHNAZAROV