Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatishning yangi tartibi belgilandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Unga koʻra, tegishli qaror (588-son, 22.10.2026-y.) bilan Liftdan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Qaror 2027-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Qarorga koʻra, liftlarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish va bekor qilish, texnik xizmat koʻrsatish natijalarini kiritish va saqlash “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Liftlar vakolatli organ tomonidan bepul roʻyxatga olinadi. Dastlabki texnik koʻrikning ijobiy natijalariga asosan lift ikki ish kuni ichida roʻyxatga olinadi va buyurtma beruvchiga QR-kodli maʼlumotnoma yuboriladi.
Bino boshqaruvchisi liftga har oyda kamida bir marta texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlashi shart.
Lift kabinasining koʻrinarli joyida:
- belgilangan shakldagi identifikatsiya raqami;- lift roʻyxatga olingani haqida QR kodli maʼlumot;
- bino boshqaruvchisi va texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning nomi, manzili va bogʻlanish uchun maʼlumotlar boʻlishi lozim.
Yoʻlovchi tashuvchi liftda liftni yuk koʻtarish qobiliyatidan qatʼi nazar, qurilish materiallari, qurilish chiqindilari va lift gabaritiga mos kelmaydigan barcha turdagi buyum, narsa yoki jihozlarni hamda portlovchi, tez alangalanadigan, radioaktiv moddalarni va zaharlilik darajasi oʻta yuqori boʻlgan moddalarni tashish taqiqlanadi.
Elektron platforma orqali sotib olinmagan va oʻrnatilmagan lift va ehtiyot qismlardan foydalanish taqiqlanadi.
Oʻrnatuvchi tomonidan muomalaga chiqarilgan har bir lift muomalaga chiqarilgan sanadan eʼtiboran kamida uch yil muddat bilan kafolatlanadi. Kafolat muddatida taʼmirlash ishlari va lift qismlarini almashtirish muddati oʻn besh kundan oshmasligi kerak.
“Qizil” rangli maʼlumot yorligʻi bilan belgilangan liftdan foydalanish taqiqlangan davrda texnik xizmat koʻrsatilmaydi va bu davrda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bino boshqaruvchisidan har oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.
Texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar reyestriga kirish onlayn xabar berish yoʻli bilan bepul amalga oshiriladi.