Bir asrlik tarix — yangi mazmun: Toshkentda Zamonaviy sanʼat markazi ochildi

Toshkentda Zamonaviy sanʼat markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Maskan Markaziy Osiyoda zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan, doimiy faoliyat yurituvchi ilk madaniy muassasa sifatida oʻz faoliyatini boshlamoqda.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva nutq soʻzladi.

Maʼlum qilinganidek, mazkur maskan davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mamlakat madaniy hayotini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy sanʼatni rivojlantirish va xalqaro madaniy muloqotni kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Zamonaviy sanʼat markazi bir asrdan ortiq tarixga ega boʻlgan tarixiy sanoat obʼyekti negizida barpo etildi. 1912 yilda qurilgan bino dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan. Bugun esa uning tarixiy meʼmoriy qiyofasi saqlangan holda yangi madaniy makonga aylantirildi.

Markazda zamonaviy sanʼat, meʼmorchilik, taʼlim va tadqiqot yoʻnalishlari uygʻunlashadi. Bu yerda koʻrgazma zallari, taʼlim maydonlari, kutubxona, tadqiqot infratuzilmasi hamda jamoatchilik uchun ochiq makonlar faoliyat yuritadi.