Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan soʻng, Oʻzbekiston SSRda aholining daromad va isteʼmolchilik quvvati nihoyatda past darajaga tushib ketadi. Paxta yakkahokimligi, samarasiz byudjet xarajatlari va soliq siyosati aholining ijtimoiy turmushi yomonlashishiga olib keldi. 1946-1947-yillarga kelib butun sovet hududida narxlarning oʻrtacha qiymati 1937-yilga nisbatan 3,5 barabar, 1940-yilga nisbatan 3 baravar koʻtariladi[1]. Oqibatda urushdan keyingi davrda yuzaga kelgan ocharchilik muammosi xalqning tinkasini yanada quritadi. Butun sovet respublikalarida boʻlgani kabi Oʻzbekiston SSR aholisi ijtimoiy va moddiy turmushni urushdan keyin qayta izga solishdagi qiyinchiliklarni, qishloq xoʻjaligi sohasida ortda qolishlarni va kartochka tizimi mavjud boʻlgan murakkab bosqichlarni boshidan oʻtkazdi.
SSSRda 1947-yili mahsulotlarni taqsimlashning kartochka tizimi tugatilib, oziq-ovqat va sanoat mollarini chakanalab sotish yuzasidan yagona davlat baholari belgilandi[2]. 1952-yildan narxlarni tayinlash, roʻyxatga olish, ularning toʻgʻri yuritilishi va hisob-kitob qilinishi uchun SSSR respublikalari va Oʻzbekiston SSRda ham Savdo vazirliklari tarkibida alohida narx boʻlimlari tashkil qilinadi[3].
Sovet davlatida narx-navo masalalari boʻyicha shugʻullanuvchi alohida davlat organi 1958–1965-yillarda SSSR Davlat Reja qoʻmitasi huzuridagi Narx byurosi, 1965–1968-yillarda Davlat narx qoʻmitasi boʻlgan. 1969-yildan boshlab bu idora SSSR Ministrlar Soveti huzurida faoliyat yuritgan. Davlat narx qoʻmitasi oziq-ovqatdan tortib sanoat mahsulotlarigacha boʻlgan barcha tovarlarning narxlarini belgilab, ularning ustidan qatʼiy nazorat yuritilishini taʼminlagan.
KPSSning XXIV syezdida “Narxlar – sotsialistik davlatni iqtisodiy jihatdan boshqarishning kuchli richagi va biz bu kuchdan faol foydalanishimiz kerak” degan fikr ilgari suriladi[4]. Davlat kooperativ chakana savdo narxida ham yagona tartib oʻrnatdi. SSSR Davlat narx qoʻmitasi isteʼmol mahsulotlarining chakana va ulgurji narxlarda qanday sotilishini belgilab berar hamda barcha respublikalar boʻyicha isteʼmol mahsulotlari Isteʼmolchilar ittifoqi (потребсоюз) tomonidan belgilangan narxda bozorga olib chiqib sotilardi.
Koʻpgina mahsulotlar qadogʻida davlat narxi koʻrsatilgan holda chiqarilib, hudud yoki doʻkondan qatʼiy nazar, butun sovet davlati boʻyicha oʻzgarmas va bir xil boʻlgan. Mazkur tizim oʻzboshimchalik bilan narxlarni oshirishni cheklagan. Toshkentda ham, boshqa shaharlarda ham bir turdagi mahsulot belgilangan narxdan yuqori qiymatda sotilmasligi chakana savdo tizimiga ishonchni oshirdi. Biroq narxlarni qadoqda koʻrsatish tizimi tez orada oʻzining bor kamchiliklarini namoyon qildi. Jumladan, bu tizim moslashuvchan boʻlmay, eskirgan narxni joriy narx bilan almashtirish uchun hukumatning roziligi talab qilingan. Narxi mustaqil boʻlmagan mahsulotlar sotilmay qolgach yillab omborxonalarda turib, yaroqsiz holatga tushib, ishlab chiqaruvchilarga katta ziyon keltirgan. Bundan tashqari olis hududlarda chakana savdo bilan shugʻullanuvchilar ham qadoqda mahsulot narxi koʻrsatilishidan manfaatdor emasdi. Mahsulotni yetkazish va saqlash xarajatlari tovarda koʻrsatilgan narxga mos kelmagan.
Sovet hokimiyatining qatʼiy narx siyosati ishlab chiqaruvchilar manfaatiga mos kelmagani, erkin bozor munosabatlaridagi toʻsiqlar hamda xususiy savdoning cheklab qoʻyilgani qora bozorlarning shakllanishi, avj olishiga, chayqovchilik (спекуляция) bilan shugʻullanuvchilarning soni koʻpayishiga olib keldi. Bunga qarshi kurashayotgan sovet organlari asrlar davomida savdo-sotiq orqali turmush kechirgan aholining ijtimoiy manfaatlariga zid choralar qoʻllashga kirishdi. Oqibatda bozorda oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarini sotayotgan oddiy hunarmandlar ham, oilasini qoʻshimcha daromad orqali taʼminlashga majbur boʻlib savdoga kirganlar ham chayqovchilikda ayblanib, jazoga tortilishi muqarrar edi.
1952-yilda Toshkent shahri bozorlari oʻrganilganda, xususiy tadbirkorlar va chayqovchi-olib sotarlarning faollashgani aniqlangan (ular sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosida narxlarning sunʼiy koʻtarilishida aybdor qilib koʻrsatilgan). Jumladan, Oloy bozorida 3 rubldan sotilishi kerak boʻlgan 1-navli non narxi 7 rubldan, 6 rubl sotilishi kerak boʻlgan quyultirilgan sut 9 rubl qilib sotilgani aniqlangan. Bundan tashqari oʻzbek milliy bosh (doʻppi va b.) va oyoq kiyimlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan hech qanday davlat nazoratisiz sotilayotgani qoralangan[5].
Bozorlarda 1951-1952-yillarda ruxsatsiz tadbirkorlik bilan shugʻullangan 40 kishi ushlanib, javobgarlikka tortiladi. Chayqovchilikka qarshi kurashish uchun qatʼiy choralar roʻkach qilinib ularga ogʻir jazolar belgilangan. Jumladan, bozorda konfet va choy savdosi bilan shugʻallangan B.Sharipov 5 yilga, 1 juft osiyo kovushini sotgan X.Isakov 5 yilga, sabzi sotgan N.Qambarov 5 yilga, milliy matolar va doʻppilar sotgan Q.Abdullayev 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan [6]. Shu tariqa sovet hokimiyati xususiy tadbirkorlik va savdoni cheklab, narx-navo ustidan qatʼiy nazoratni kuchaytirdi. Bu Oʻzbekiston SSRda yashovchi aholining, ayniqsa ming yillar davomida savdo-sotiq orqali daromad topib, roʻzgʻorini yuritgan, bu jarayon qon-qoniga singib ketgan xalq vakillari avlodlarining ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmadi.
Oʻzbekiston SSRda tub aholi oilasi uchun maishiy texnika vositalarini sotib olishga ham imkoni yetmagan. Ayniqsa qishloq, tumanlarda ahvol ogʻir boʻlib, butun bir qishloqda bor-yoʻgʻi bir-ikki oilada televizor, changyutgich yoki muzlatkich boʻlgan. Buning sababini maishiy texnika vositalari bahosi oylik maoshga nisbatan ancha yuqori boʻlgani bilan izohlash mumkin. Masalan, Oʻzbekiston SSRda “VSP” kir yuvish mashinasi 1959-yilda 200 rubl, 1961-yilda “Azerbaydjan-2” havo sovutkichi 420 rubl, “Vostok-2” muzlatkichi 85 rubl, elektr dazmoli 25 rubl qiymatda baholangan[7]. 1962-yilda chakana naxrda baholangan televizorlar ichida eng arzonlari KVN-49 rusumida 102 rubl, eng qimmatlari “Topaz” rusumida 960 rubl, “Mir” rusumida 504 rubl, “Almaz-102” rusumida 480 rubl boʻlgan. Radio va magnitafoni bor eng qimmat televizor “Kristal-104” narxi 1300-1560 rubl hisoblangan. Bu televizorni sotib olish uchun Oʻzbekiston SSRdagi oʻrtacha maoshli oddiy ishchi kamida 1 yil hech qanday sarf-xarajatlarisiz maoshini jamgʻarishi lozim edi. Ish haqi 40–50 rubl boʻlgan oddiy maktab oʻqituvchisi bunday mahsulotni sotib olishi uchun kamida uch yillik oyligini yigʻishi kerak edi. Aholi rusumi eskirgan va sifatsiz mahsulotlarni sotib olishiga toʻgʻri kelgan. 1964-yilda Toshkent shahrida radio vositalarining eskirgan modellarini arzonlashtirilgan narxlari norasmiy belgilanadi: “Minsk-T”, “Neva” rusumli radiopriyomnigi 27 rubldan 10 rublga, “Zarya” televizori 168 rubldan 80 rublga va “Volna” televizorlari 336 rubldan 220 rublga tushiririlgan[8].
Arxiv hujjatlarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, changyutgich, elektr dazmol, magnitafonlar ishlab chiqarish rejasi faqat SSSR Ministrlar Soveti tomonidan tasdiqlab berilgan[9]. Natijada reja asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar butun sovet davlati fuqarolarining ehtiyojlarini qondira olmagan va chetdan import qilingan xorij tovarlari sovet maishiy texnika bozorlarini zabt eta boshladi. Biroq chet davlatlardan keltirilgan radio vositalari va magnitafonlar narxlari nihoyatda qimmat edi. 1967-yillarda “Chayka” rusumi chakana narxi 55 rublga, SONY-TR911 rusumi esa 130 rublga, Hitachi BH 822H rusumi 65 rublga, Toshiba 7P-77 rusumi 65 rubl, Silver 15A-29 rusumi 145 rublga baholangan. Eng qimmat magnitafonlar Sony TC rusumi 600 rubl, National RQ-150 rusumi 450 rubl boʻlgan[10]. Bu davrda Oʻzbekiston SSR aholisining barcha qatlamlarida xorijiy rusumdagi radio vositalarini sotib olish oylik maoshlariga nisbatan taqqoslaganda ancha cheklangan, koʻp xonadonlarda ham zamonaviy rusumli maishiy va boshqa texnika vositalari mavjud emasdi.
1960-1961-yillarda Oʻzbekiston SSRda ishchi xizmatchilarning oʻrtacha oylik ish haqi 64–68 rublni tashkil qilgan[11].1961-yilga kelib sovet davlatida, shu jumladan Oʻzbekiston SSRda ham muomaladagi pul belgilari 10:1 nisbatda yangilariga almashtiriladi[12]. Pul muomalasidagi oʻzgarishlar oylik maoshlarda ham oʻz aksini topadi.
Respublika aholisining daromadlari asosan oylik maoshlari va nafaqalarga bogʻliqligi, xususiy va kichik tadbirkorlik, savdo orqali daromad topishning cheklanganligi ularning turmush darajasi hamda xarid quvvati pasayishiga olib keldi. Erkin narx belgilash huquqidan mosuvo qilinishi, oʻzi istagan bozorga mahsulot chiqara olmasligi, kuchli davlat nazorati tufayli ishlab chiqaruvchilar manfaati quyi oʻrinlarga tushib qolgan. Kundalik va xoʻjalik ehtiyojlari uchun sotib oladigan mahsulotlar narxi, ulgurji va chakana savdoning sovet idoralari nazoratida ushlanishi ijtimoiy hayotda kambagʻallashishga olib keldi va aholining turmush darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Mavluda RAXMANOVA
Oʻzbekiston FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Foydalanilgan manba va adabiyotlar
1. Я.Миркин. “Было дело и цены снижали...” Шесть сталинских ценовых послаблений глазами ученого-экономиста // Журнал “Родина”. №1. 2022. С. 28–33.
2. M.Xoʻjamov. 40-yillarning ikkinchi yarmi 50-yillar boshlarida Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari borasida olib borilgan narx-navo siyosati // Oʻtmishga nazar. Vzglyad v proshloye. Look to the past. №SI-3. 2021. 723-bet.
3. OʻzMA. R-837-jamgʻarma, 38-roʻyxat, 4495-yigʻmajild, 1-bet.
4. А.Г.Завьялков. Цены и ценообразование в СССР. Изд. 3-е, переб. и доп. Минск. 1981. С.27.
5. OʻzMA. R-837-jamgʻarma, 38-roʻyxat, 4491-yigʻmajild, 16–19-betlar.
6. OʻzMA. R-837-jamgʻarma, 38-roʻyxat, 4491-yigʻmajild, 99-100-betlar.
7. OʻzMA. R-91-jamgʻarma, 10-roʻyxat, 58-yigʻmajild, 179-varaq.
8. OʻzMA. R-91-jamgʻarma, 10-roʻyxat, 59-yigʻmajild, 43-44-varaqlar.
9. OʻzMA. R-91-jamgʻarma, 10-roʻyxat, 58-yigʻmajild, 56-varaq.
10. OʻzMA. R-91-jamgʻarma, 10-roʻyxat, 59-yigʻmajild, 19-20-varaqlar.
11. OʻzMA. R-1619-jamgʻarma, 6-roʻyxat, 6666-yigʻmajild, 10-varaq.
12. Q.Rajabov. Oʻzbekiston XX asrda. Ikki jildlik. Ikkinchi jild. Toshkent: Fan, 2024. 95-bet.