Oʻtmishga nazar solsak, koʻplab buyuk insonlarning kamolotida ularning onalarining hissasi katta ekanini koʻramiz. Bugun ham volidasining mehru eʼtibori va daldasi bilan el nazariga tushgan yurtdoshlarimiz koʻplab topiladi. Oyina.uz ulardan ayrimlarini savolga tutib, onalari haqidagi xotiralarini yozib oldi.
Komiljon SHAMSIDDINOV, jurnalist, siyosiy sharhlovchi:
–Ota-onamga bosh farzandman. Bolalikdan, nima desam ekan, aytganimiz – aytgan, deganimiz – degan, erkaroq, oʻjarroq boʻlib oʻsganmiz. Boshqa tomondan, kaminani “papalab” oʻstirgan, togʻdek suyanch boʻlib turgan – buvimiz borlar: men tantiq boʻlmay, kim boʻlsin. Ayam oʻqituvchi edilar, ertalab ketib, tushlikda biz bolalarga biror yegulik qilib, keyin yana ishga ketardilar. Bolalar tashvishi, bu yogʻda qaynona-qaynota xizmati, ulfatsevar er, ikki stavkalik ish. Onam shoʻrlikning joni temirdan ekan, deyman.
Saksoninchi yillar oʻrtalari, “importniy” kiyim-bosh – anqoga shafe boʻlgan kezlar ekan, shekilli, doʻkonga biror taqchil matoh kelib qolsa, hamma sidirgʻasiga oʻshandoq kiyimga oʻtib olardi. Qish oylari boʻlsa kerak, ittifoqo maktabning yarim bolasi hindcha sviter kiyib kela boshladi. Rangi haliyam esimda – och sariq aralash chiporroq tusda edi. “Oʻshanaqasidan olib berasiz”, deb bizam ayamizga arillab yopishdik. Bu borada biz bilan olib borilgan “muzokaralar”ni-yu, ular naf bermagach, qilgan toʻpolonlarimizni yozib oʻtirmay: masala bizning foydamizga hal boʻldi baribir. Aniqrogʻi, onam bir hamkasbidan nasiyaga, boz ustiga “podprilavka”, narxidan qimmatroq qilib oʻsha matohni opkelib berdilar.
Uch-toʻrt kun oʻtib, kechqurun ayam uyga kelib, etiklarini yechayotganlarida koʻzim bir narsaga tushib qoldi: yechilgan poyabzalning har biridan bir hovuchdek suv toʻkildi. Keyin esa koʻzim onamning – mening injiqliklarimni koʻtarib, saksonta kiyim ustiga yana bir keraksiz matohni nasiyaga olib kelgan onajonimning oyoqlariga tushdi. Ular goʻshtdek qip-qizarib ketgan, hovur chiqib turardi. Oʻziga yangi etikni ravo koʻrmay, taltaygan bolasining koʻngli deb, suv toʻla oyoq kiyimda kunu tun yugurgan onajonim-a!.. Oʻsha kuni rosmanasiga, ayamni deb, uning qadri uchun izillab yigʻlab yuborganman...
Bunga necha oʻn yillar boʻldi. Bu orada balki oʻsha – qiynalgan kunlari unut boʻlsin, deb va yoxud bolalik sabab qilingan xurmacha qiliqlar izini yuvish vajidan onamga olib berganlarim – birorta kiyim-bosh oʻsha hovur chiqib, qip-qizil goʻshtga aylangan oyoqning gardiga ham arzimasligini bilaman...
Faxriddin HAYIT, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir:
– Tengqurlarim hali-hamon bir voqeani eslaydi: oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlarim. Boʻyim choʻzilib, oʻspirinlik yuzimga nusxa bera boshlagan pallalar...
Enamning taʼbiri bilan aytganda, oilada “joʻja birday jonmiz”. Hali opalarim, hali akalarimning kam-koʻsti chiqib turadi. Kun kelib oyogʻimdagi poyabzalim toʻzib, titildi. Enam hafta soʻngiga qadar “amallab turish” vazifasini zimmamga yukladi. Erkaligim tutib eʼtiroz bildirdim: ikki kun maktabga bormadim. Enam ham bu holatga ikki kun chora izladi, chamamda. Uchinchi kun esa anorning hoʻl navdasidan pocham qizardi. Koʻzimda yosh, enamning oldiga tushib oyoqyalang sinfxonaga kirib bordim. Sinfdoshlar oldida izza boʻldim, xafachilik qalbimni kunlab tark etmadi. Shu hadik sababmi, oʻqishga, dars tayyorlashga boʻlgan ishtiyoqim ortdi. Bu “jazo” hayotim uchun ulkan saboq boʻldi.
Baʼzan uyquga yotganimda, sezdirmay kelib boshimni silab, peshonamdan oʻpib qoʻyardilar. Sergak yotganimda enamning qalbida yashirin mehrini his qilardim oʻshanda...
Mirzohid BOTIROV, FarPI yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori:
–Ayam rahmatli bilan boʻlgan quyidagi voqeani ming azob bilan eslayman. Yoshligimda, besh yoshimda taqdirning taqozosi bilan onam ortidan oʻzga xonadonga ergashib bordim...
Kunlarning birida yangi otamning barcha qarindoshlari bolalari bilan Oʻsh shahriga, Sulaymon togʻiga ziyoratga bordik. Kunimiz zavqli oʻtdi, bolalar bilan rosa quvlashib, togʻlarga chiqib miriqib oʻynadik. Hamma bolalariga shirinliklar, oʻyinchoqlar, muzqaymoqlar olib berib siylar edi. Men esa qimtinibgina oʻtirgan, hali toʻliq yangi qarindoshlariga koʻnikib ulgurmagan, kamsuqum ayajonimning pinjiga kirib, kattalar uchun yozilgan dasturxondagi non va choy bilan siylandim, xolos, chunki uyda ayamning choʻntagida umuman puli yoʻqligi haqida ogohlantirilgandim. Buning ustiga oʻgayligimni judayam yaxshi his qilardim, yangi otamning esa hali mehrini qozonolmadim yoki xayolidan koʻtarildim chogʻi, lekin baribir xursand edim...
Uyga qaytdik, yarim kechasi uygʻonib ketsam, ayamning Yaratganga nola qilib “Robbim, bolamning martabasini ulug‘, rizqini baland qil, sabrli- sadoqatli qil deb”, yigʻlayotganining guvohi boʻldim. Oʻrnimdan shoshib turib, vaziyatga tushunar-tushunmas, “Ayajonim, mehribonim, nega yigʻlayapsiz?!” deb yuz-koʻzidan oʻpib suykalandim, rahmatli ayajonim meni bagʻriga mahkam bosar ekan, “bolam, sen xafa boʻlmagin, xoʻp, men taqdirimdan, qismatimdan yigʻlayapman, Sulaymon togʻida moʻltirab turgan koʻzlaringni koʻrib senga atigi bir donagina shirinlik yoki oʻyinchoq olib berolmaganim uchun yigʻlayapman, bolam”, dedilar.
Onam 2005 yil Andijon viloyat onkologik dispanserida xos kasallik bilan bu dunyoni tark etdi... Ayamning duolari bilan hayotda oʻz oʻrnimni topdim, olim boʻldim, bir talay umrini men bilan bogʻlagan doʻstlarim, ikki qiz, ikki oʻgʻlim va toʻrt nafar nabiram bor. Rahmatli ayam Ochildin xoji qizi Ximoyatxonning joylari jannatda boʻlsin.
Shuhrat ORIF, “Qishloqqurilishbank” raisining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi, shoir:
– Bolaligimda ijodga endi qiziqish bildirgan paytlarim onam menga ishonch bergan eng birinchi muxlisim edilar. Har oqshom onam bilan “Tong yulduzi”, “Gʻuncha”, “Gulxan” nashrlariga xatlar yozardik, sheʼrlarimni yuborardik. Jurnal sahifalarida chop etilganda esa ikkimiz behad sevinardik.
Hayotimda burilish yasagan bir voqeani doim eslayman. Otam shoir va jurnalist boʻlishimga qarshilik qilgan vaqtlari volidam doim mening tanlovimni himoya qilardilar. 1997 yil fevral oyida respublika miqyosida yosh ijodkorlarning anjumanida qatnashishim kerak boʻldi, chunki viloyat bosqichida oʻtkazilgan tanlovda gʻolib boʻlgandim. Shunda onam sandiqlaridan bir kiyimlik atlas olib, meni Toshkentga olib boradigan inson ayol kishi boʻlgani uchun ularga sovgʻa qilishimni tayinladilar.
Bugun oʻylab koʻrsam, Toshkentga kelishimda bu atlasning ahamiyati katta boʻlgan ekan. Respublika boʻyicha ham tanlovda gʻolib boʻldim va poytaxtdagi Nafis sanʼat maktabiga qabul qilindim. Onamning ichki sezgisi bilan tuhfa qilingan shu bir kiyimlik atlas tufayli oʻshanda hayotimda katta qadam bosilgan.
Keyinchalik onam Toshkentga kelganlarida yoki oʻzim vodiyga borganimda, turli bayramlarda ularga yangi kiyim olib bergan paytlarim shu voqeani doim eslab turaman. Meni Toshkentga kelishimga sababchi boʻlgan bir kiyimlik atlas uchun onamdan umrbod minnatdorman. Onam mening eng buyuk ilhomim. Ulardan bir umr qarzdorman.
Javlon JOVLIYEV, OʻzFA doktoranti, yozuvchi:
– Singlim bakalavrga, men magistraturaga kontraktga oʻqishga kirganimizda enam tilla sirgʻasini hech oʻylab oʻtirmay, hech kimga aytmay sotib yuborgandi.
Yaqinda onamga zirak tuhfa qildim, bu sovgʻam zarra, urvoq boʻlsa-da “qarzimiz”ning qaytishi boʻlsin, Enajon. Suyunganingizni ertaga emas, bugun koʻrgim keladi, bugun...
Men sizni va bugun yemay-ichmay, oʻzi kiymay, kasal boʻlsa davolanmay bolasini oʻqitayotgan, oʻqitgan barcha-barcha oʻzbek onalariga taʼzim qilaman! Siz sharafli ishni bajarmoqdasiz!
Nodira IBROHIMOVA,
Oyina.uz