(2019-yil voqealari aks ettirilgani bois muassasa nomi va harbiy murojaat shakli oʻsha davrga xos tarzda talqin etildi.)
Tonggi quyosh nurlari Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining naqshinkor darvozasiga urilib, atrofga oʻzgacha viqor baxsh etardi. Darvoza oldida turgan ikki soqchining koʻzlari atrofga hushyor boqadi. Harbiy libosdagi bir kishi ogʻir, ammo ikkilanib tashlayotgan qadamlari bilan darvozaga yaqinlasha boshladi. Kapitan unvonidagi bu zobit atrofdagi binolarga va tevarakka sinchkovlik bilan tikilar, qayerga kelib qolganini anglashga urinardi.
U yaqinlashib, soqchiga yuzlandi:
– Soqchi, uchilishe mashimi?
Soqchi chaqqonlik bilan harbiycha salom-alikni joyiga qoʻydi-da, jarangdor ovoz bilan dona-dona qilib javob qaytardi:
– Salomatlik tilayman, oʻrtoq kapitan! Bu yer Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti.
Kapitanning yuzida norozilik ifodasi zohir boʻldi, ensasini qotirdi. Oʻng choʻntagini kovlab-kovlab izlanini topolmadi chogʻi, chap choʻnatigini kovlashga tushdi. Soʻng harbiy guvohnomasini istar-istamas chiqarib koʻrsatarkan, mingʻirladi:
– Shu-da, nima farqi bor... Men kapitan Radjabovman. Shu yerga rotatsiya qilindim, – u yana bir bor atrofga koʻz tashlab chiqdi. – Bugundan xizmatni boshlashim kerak. Ichkariga xabar qil.
Soqchi ratsiya tugmasini bosib, navbatchi qismga vaziyatni tushuntirdi. Shundan soʻng biroz nari ketdi.
Bilim yurti boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Sobirov oʻz xizmat xonasida hujjatlarga koʻmilib oʻtiribdi. Uning nigohida esa oʻziga yarashgan xotirjamlik aks etib turardi. Xonadagi har bir buyum – javondagi kitoblar ham, stol ustidagi qalamdon-u qogʻozlar ham goʻyoki qatʼiy harbiy nizomga boʻysunganday, did va tartib bilan joy-joyiga qoʻyilgan. Polkovnik bir qarashda zerikarli koʻringan qogʻozbozlik ishlarini maroq bilan bajarardi. Shu payt eshik taqilladi. Qiya ochilgan eshikdan bir mayor va uning ortidan kelayotgan haligi kapitanning sharpasi koʻrindi.
Mayor ichkari kirarkan, bosh kiyimsiz boʻlgani uchun ikki oyogʻini juftlab, harbiycha salom berdi. Uning ortidan kirgan kapitan esa oʻng qoʻlini chakkasiga olib borib, bu safar ham oʻz odatiga sodiq qoldi:
– Razreshite...
Polkovnik Sobirovning qalami qogʻoz ustida toʻxtab qoldi. U bosh koʻtarib, ostonada turgan zobitga sinovchan va oʻtkir nigoh bilan tikildi:
– Ruxsat beraymi? Keling, oʻrtoq kapitan.
Kapitan bu sovuqqon muomaladan oʻzini yoʻqotib qoʻyib, tirjaygannamo shosha-pisha gapirishga tushdi:
– Tovarish polkovnik...
Sobirov unga yana bir bor yalt etib qaradi. Shundan keyin xona boʻylab uning keskin ovozi yangradi:
– Oʻrtoq polkovnik!
Kapitanning peshonasini sovuq ter bosdi, qaddini gʻoz tutib, taraddud ichida oʻzini arang qayta oʻnglab oldi. Agar boshqa vaziyat boʻlganida polkovnikka qarashga, uning oʻtkir nigohlariga dosh berishga oʻzida kuch topolmasdi. Ammo hozir vaziyat boshqacha edi. Nima boʻlgan taqdirda ham “tildan qolmaslik”, rahbariyat oldida birinchi taassurotni yaxshi tomonga oʻzgartirishga tirishardi. Ammo bu tanishuv qaysi tomonga qarab ketayotganini, polkovnikning eʼtirozlari sababini oʻzi hali toʻliq anglab yetmayotgandi.
– Ie, uzr, oʻrtoq polkovnik... Kapitan Radjabov Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga binoan xizmatni davom ettirish uchun Nukus garnizonidan yetib keldi.
Sobirov stul suyanchigʻiga yastandi. Uning ochiq deraza tomon qadalgan nigohi oʻsha tomonda biroz vaqt qolib ketdi. Bu jimlik esa xonaning havosini yanada ogʻirlashtirayotgandek edi. Mayor vaziyat yaxshi tomonga qarab ketmayotganini sezar, kapitan birinchi kunning oʻzidayoq xato ustiga xato qilayotganini koʻrib, uni xonaga boshlab kelgani uchun aybdordek oʻngʻaysizlanardi. Axir polkovnikning qoʻl ostida xizmat qilayotganiga yaqinda uch yil toʻladi. Uning hozir nima deyishini, qanday reaksiya qilishini taxminan bilib turardi.
– Xoʻsh, oʻrtoq kapitan, ismingiz nima? – soʻradi polkovnik dona-dona qilib u tomonga tikilarkan.
– Akrom, oʻrtoq polkovnik!
– Otangizning ismi-chi?
– Abbos.
– Bobongizning ismi?
– Rajab.
– Rajab deng? – Polkovnik yonida turgan mayorga maʼnoli qarab qoʻydi. Mayor hamon oʻsha oʻngʻaysiz holatda soʻzsiz turardi. Soʻng nigohini yana kapitanga qadadi.
– Unda nimaga familiyangizni “Radjabov” deb aytyapsiz?
Xonaga goʻyo tosh tushgandek jimjitlik choʻkdi. Bunday savolni kutmagan kapitanning yuziga qizillik yugurdi, nima deyishini bilmay, harchand koʻzlarini olib qochishga urinmasin, biror pana joy topolmasdi. Uning bu qadar dovdirab qolganini koʻrgan Sobirov vaziyatni biroz yumshatdi.
– Safimizga xush kelibsiz, oʻrtoq kapitan. Qani, oʻtiring. Yaqindan tanishib olamiz, – dedi u kursiga ishora qilib.
Hamma joylashib oʻtirgach, Sobirov soʻzida davom etdi.
– Demak, men bilim yurti boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Sobirov boʻlaman. Siz bugundan boshlab mana shu boʻlimda xizmatni davom ettirasiz. Bugunoq lavozim yoʻriqnomangiz bilan jiddiy tanishib chiqing, – u shunday degancha mayorga qaradi. Mayor “xoʻp boʻladi” deganday boshini silkib ishora qildi. – Yaxshi vaqtda keldingiz, ertadan keyin bilim yurtimizning tashkil topgan kuni, oʻrtoq kapitan. Har yilgiday katta bayram qilib nishonlashga tayyorgarlik koʻryapmiz. Mehmonlarimiz shunga yarasha boʻladi. Siz ham oʻz hissangizni qoʻshing, Akromjon, – u shunday deguncha roʻparasida oʻtirgan kapitan tomon biroz boshini yaqin olib bordi.
Kapitan shartta oʻrnidan turdi-da, beixtiyor javob qaytardi:
– Yest!
Polkovnikning qoshlari chimirilib, qarashlarida yana oʻsha talabchanlik paydo boʻldi.
– Oʻrtoq Rajabov, hozirgina qaysi boʻlimda xizmat qilishingizni eslatib oʻtdim. Qolaversa, armiyamizdagi harbiycha buyruqlar, savol-javoblar davlat tilida olib borilayotganiga ancha boʻlgan. Aynan oʻzbek tilida, – Sobirov bu gapga alohida urgʻu berdi. – Yo xabaringiz yoʻqmi?
Rajabov xatosini tushunib, past ovozda toʻngʻilladi:
– Tushunarli, oʻrtoq polkovnik.
– Unda ishga kirishinglar. Ruxsat.
Mayor va kapitan oʻrinlaridan qoʻzgʻaldi. Ular endi chiqib ketay deganida Sobirovning yodiga nimadir tushib qoldi.
– Aytganday, kapitan Rajabov, ertaga siz uchun masʼuliyatli kun. Bilim yurtimiz boshligʻi kasalxonada davolanayotgan bir faxriy oʻqituvchimizni koʻrgani boradi. Hozir boshliqqa yetib kelganingiz va xizmatni boshlaganingiz haqida bildirgi bering. Soʻng ertaga ertalab yana bir ofitser bilan birgalikda ularga hamrohlik qilasiz. Bahonada tanishib ham olasiz. Kechikmasdan keling, boshliq bunday odamlarni yoqtirmaydi.
Sobirov samimiy gapirardi. Ammo baʼzi soʻzlarga ortiqcha urgʻu berib yuborish odati koʻpincha unga pand berardi. Shuning uchun ham unvoni va mavqeyi teng safdoshlari uning maʼruzalariga koʻp toqat qilolmas, ilojsizlikdan, baʼzan esa “yuzing-koʻzing” deb jim eshitardi. Hozir ham Rajabovning xayolidan shunga oʻxshash oʻylar oʻtdi. U asabiylashganidan oʻzini nazorat qilolmay, yana oʻsha eski odatiga koʻra baland ovozda tasdiqladi.
– Yest!
Polkovnik bosh silkib “boʻpti, ketavering” degandek ishora qildi. Ular chiqib ketgach, stol ustidagi hujjatlarni qayta tartibga keltirarkan, oʻz-oʻziga pichirladi:
– Yest, tak tochno, razreshite... Ehhh!
U koʻksining tub-tubidan kelgan ogʻir, iliq nafasni chiqarib yubordi. Quloqlari ostida bir paytlar eski ittifoq kazarmalarida yangragan tushunarsiz va qoʻpol buyruqlar qayta jaranglab ketgandek boʻldi. Til bilmay qisinib-qimtinib turgan, maʼnosini yaxshi anglamagani uchun boshiga haqoratomuz soʻkishlar yogʻilayotgan qorakoʻz oʻzbek yigitlarining mungʻaygan koʻzlari koʻz oʻngida bir-bir jonlandi. Sovuq saf maydonlarida hayqirib aytilgan, ichi gʻovak, mafkuraviy yolgʻonga yoʻgʻrilgan oʻsha bemaʼni saf qoʻshiqlarining sovuq aks-sadosi quloqlari ostida jaranglaganday boʻldi.
Sobirov beixtiyor seskanib ketdi. Oʻsha azoblar, oʻsha tahqirlar boshqa birovning emas, oʻz yoshligining, oʻz umrining bir qismi edi. U kunlarni koʻp qatori Sobirov ham yashab oʻtgan-ku, qandoq unutsin?
* * *
Shahar allaqachon uygʻonib, kundalik shovqin-suronini boshlab yuborgan, koʻchalardagi mashinalar oqimi piyodalar shoshma-shosharligiga qorishib ketgan edi. Katta yoʻl boʻyida turgan kapitan Rajabovning sabri esa tugab borardi. Oldidan zuvillab oʻtayotgan mashinalarga jahl bilan qoʻl koʻtarar, changini toʻzgʻitib ketgan haydovchilar ortidan gʻudranib soʻkinib qoʻyardi.
U soatining yugurik miliga qarayverib, pastki labini qon chiqqudek tishladi. Vaqt esa gʻizillab oʻtib borar, har bir soniya kechikish unga qimmatga tushishini bilardi. Nihoyat, bir “Neksiya” tormozini chiyillatib, tumshugʻini uning yoniga burdi.
Kapitan eshikni ochdi-yu, oʻzini ichkariga urdi:
– Ukam, yaxshimisiz? Uchilishega haydang tez!
– Assalomu alaykum. Mayli, aka, – dedi haydovchi xotirjam.
Biroz vaqt oʻtib mashina manzilga yetib keldi. Kapitan tashqariga otilib chiqdi-yu, joyida qotib qoldi. U yoʻl boʻyi telefonidan boshini koʻtarmagani uchun yoʻnalishga eʼtibor ham bermagan edi. Qarshisida esa kechagi viqorli harbiy dargoh emas, fuqarolik kiyimida kulishib kirib-chiqib yurgan yigit-qizlar bilan toʻla oddiy taʼlim muassasasi turardi. Uning koʻzlari kosasidan chiqqudek boʻldi. Soʻng jonholatda mashinaning ochiq old oynasiga egildi. Hali qoʻzgʻalishga ulgurmagan mashina haydovchisi hayron boʻlib qoldi.
– Ukam, nima qilganingiz bu? Qayerga olib keldingiz meni? Xizmatga kechikdim-ku! – Rajabov qoʻlini paxsa qilgancha oʻshqirar, bechora haydovchi esa hech narsani tushunmay unga qarab turardi. Oxiri chidolmadi.
– Iye, aka, qiziqmisiz? Oʻzingiz “uchilishe” dedingiz. Mana, shahardagi bitta-yu bitta uchilishe shu-da. Yana nima xohlaysiz mendan? Ichkariga ham opkirib qoʻyaymi yoki? – u ham zarda qilishda kapitandan qolishmas ekan. Rajabov biroz hovuridan tushdi.
– Nimaga bunaqa qilasiz axir? – ogʻirroq boʻlishga harakat qilardi u. – Men Chirchiq bilim yurtini aytgandim, uka!
– Unday deb mana endi aytyapsiz, aka, – endi haydovchi ham hovurini bosib olgan, oʻta bosiqlik bilan javob qaytarardi. – Oʻsha yoqqa borishingiz kerakmi? Oʻtiring, oborib qoʻyaman.
Nazorat-oʻtkazish joyidan hansirab kirib kelgan kapitan Rajabov kutilmaganda bilim yurti hovlisidagi keng yoʻlak boʻylab u tomon kelayotgan Sobirovga roʻbaro boʻlib qoldi. Kapitan mutlaqo ilojsiz ahvolda edi. Qoʻlini chakkasiga olib borgan payt boshini zoʻrgʻa koʻtardi-yu, tagʻin yana aybdorona bosh eggancha turib qoldi.
– Oʻrtoq polkovnik, gap shundaki... – nimadir deyishi kerak edi, ammo oʻsha “nimadir”ni topolmadi.
– Oʻrtoq kapitan, gap shundaki, siz aytilgan vaqtga yetib kelolmadingiz. – shu lahzada Sobirovning ovozida gʻazabdan koʻra koʻproq umidsizlik ohangi yaqqol sezilib turardi. – Afsuski, endi uning sabablarini muhokama qilgandan foyda yoʻq.
Rajabovning yelkalari tushib ketdi. Oʻrganib qolgan tili boʻlsa yana oʻzidan oldin ish koʻrsatdi.
– Kelganimdan vigovor olamanmi?..
– Vigovor emas, ogohlantirish, oʻrtoq Rajabov, – dedi Sobirov bosiqlik va qatʼiyat ohangida. – Ammo baxtingiz shuki, yangi lavozimda xizmatni boshlab, “xol qoʻygan”larga harbiy nizom boʻyicha olti oygacha intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilmaydi. Buni ogʻzaki ogohlantirish deb qabul qilishingiz mumkin.
Shu payt yoʻl boʻylab gursillagan qadam tovushlari eshitildi. Qaddini tik tutgancha shahdam qadam tashlab kelayotgan bir guruh kursantlar ancha yaqin kelib qolgandi.
Ular yaqinlashishi bilan boshlovchining oʻktam va jarangdor ovozi yangradi:
– Gu-uruh, oʻngga qarab rostlan!
Boʻlajak ofitserlar bir maromda qadam tashlab, oʻzbekcha saf qoʻshigʻini baralla kuylagancha oʻta boshladi. Ularning ovozida, soʻzlarida qandaydir mardonavorlik, oʻziga yarashgan shijoat, yoshlikning kuch-gʻayrati bor edi. Polkovnik Sobirov kursantlarga qarab harbiycha salom berib turar, soʻng yuzida iliq tabassum paydo boʻlib, hozirgina kursantlar baralla aytib oʻtgan qoʻshiqni xirgoyi qilgancha yoʻlida davom etdi. Kapitan Rajabov esa joyidan jilay demasdi. Uzoqlashib borayotgan saf qoʻshigʻining jarangi uning quloqlari ostida gumbirlardi.
Islomjon QOʻCHQOROV