Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining numizmatika fondi xazinalaridan biri Temuriylar davriga oid 3000 ta mis tangadir, u Andijondagi Bobosaʼdin mozoridan topilgan. 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti ilmiy xodimi B. Abdulgʻoziyevaning oʻrganishlari davomida ular orasida Oʻzbekistonning turli hududlari – Buxoro, Qarshi, Samarqand, Termiz, Shahrisabz, Shohruxiya, shuningdek, Andijonda ham chiqarilgan tangalar borligi maʼlum boʻldi. Bu esa Andijonning oʻz zarbxonasi boʻlgani haqidagi taxminni tasdiqlaydi.

Bu davrning mis tangalari oʻlchami va ogʻirligi, demak, qiymati boʻyicha ham har xil boʻlgan. Pul aylanmasining tezligini esa tangalarning eskirgani, baʼzan butunlay oʻchib ketgan yozuvlariga qarab baholay olamiz.

XV asrda bir mis dinor oltita mayda mis tangaga teng hisoblangan, 20 ta mis dinorni esa bitta kumush tangaga almashtirishgan. Oʻsha davrdagi ayrim savdo-sotiq hujjatlarida mayda tanga – “bir pul” deb eslatib oʻtilgan. Xalqda haligacha “Bu odamning vaʼdasi bir pulga qimmat” yoki “Rejalanmagan ish sariq chaqaga arzimaydi” kabi iboralar uchrab turadi.