Adabiyotshunoslikda ijodkor ustaxonasi va ijod jarayoni toʻligʻicha ochib berish qiyin boʻlgan muammolardan. Dunyo adabiyotshunoslik maktabida biografik metod tarafdorlari muallif hayoti va ijodini birlikda oʻrganishni taklif qilsa, psixobiografik usulni yoqlovchilar ijodkorning ruhiy holatlariga eʼtibor qaratishni afzal sanaydi.
Rus yozuvchisi D.Merejkovskiydan bu haqda soʻraganlarida: “Men oʻzi hayotligida yozilgan biografiyaga ishonmayman. Avtobiografiyagacha nima boʻlgani aniq boʻlmasa-da, qoʻlimda badiiy asar bor. Shuning oʻzi yetarli. Odamzod hech qachon hayotini oxirigacha bila olmaydi, oʻz hayotini bilmagan odam oʻzgalarnikini bilmasligi aniq. Tashqi hayot haqida soʻzlash zerikarli, ichkarisini esa aytib berish imkonsiz”. Erkin Aʼzam ijodida ham ana shunday “kodlar” bisyor. Biroq adib tomonidan tartibga keltirilgan hasbi hol ijodkor ruhiy holatlarini ochib berishga doim ham imkon beravermaydi. Shu bois bitiklarga sochilgan “kodlar” orqali adib shaxsiyati va ijodi munosabatlarini bilishga harakat qilamiz.
“Nimkosa”lar nima deydi?
Erkin Aʼzamning roman, qissa va hikoyalari nafaqat oʻzbek, balki dunyo kitobxonini ham oʻziga jalb etib kelayotgani sir emas. Ijodkorning publitsistik faoliyati oʻzbek matbuotida alohida sahifa sifatida eʼtiborga loyiq. Yozuvchi badiiy asarda gʻoyaviy niyatini pardalab koʻrsatishga harakat qilsa, publitsistik asarlarida oʻziga xos ifoda uslubi, hayotiy tutumlari, ijodiy manerasi ochiqroq akslanadi. Adib ijodiy qiyofasini yaxlit birbutunlikda tasavvur qilish uchun asarlari zamiriga singdirilgan gʻoyaning umumiy va xususiy jihatlarga diqqat qaratish zarur. Muallif ijodiy ustaxonasining “javhar”ini tashkil qiluvchi: oila (nasliy-genetik), ijtimoiy-siyosiy vaziyat, adabiy muhit, psixobiografik omillar ham bunday yondashuvda muhim ahamiyat kasb etadi.
Koʻp holatlarda yozuvchi shaxsiga, ijodiga baho berishda faqatgina u yaratgan asarlarga bogʻlanib, yozuvchi shaxsi hamda uni oʻrab turgan oilaviy va adabiy muhit eʼtibordan chetda qoladi, kemtiklik paydo boʻladi. Biz koʻpincha yozuvchi kimdan taʼsirlangan, qaysi kitoblarni oʻqigan, qaysi dargohda saboq olgan, ustozi kim, hech boʻlmaganda, u kimga taqlid qilishi bilan qiziqamiz. Mana shu qiziqishlarga bilib-bilmay oʻralashib, yozuvchi shaxsini butunlay tadqiq doirasidan chetlashtirib qoʻyamiz. Balki, xuddi shu jihat bugungi adabiyotshunoslik va adabiy jarayondagi mavhum nuqtalarni oydinlashtirishga, asar zamirida yashiringan mohiyatni anglashimizga koʻmak berishi mumkin.
Yozuvchi asarlari matniga eʼtibor qaratsak, kosa tagida nimkosa, kulgi ortiga yashiringan yigʻi ohangini bir koʻrishda ilgʻash oson emas. Biz bilgan (oʻzi toʻliq bilamizmi?) Erkin Aʼzam qaysi kitobni oʻqib yoki qaysi dargohda taʼlim olib bunday soʻzbilgich boʻldiykin?.. Erkin Aʼzam qahramonlari tilining burroligi, keskirligi, hozirjavobligi, kesatiq-pichingga moyilligi yozuvchining zuvalasi iylanib pishitilgan oila muhiti, shakllangan tafakkur tarzi, ona tilining bilimdoni ekanligi bilan izohlanadi.
Akademik momokalonlar maktabi
Adib hayotiga chuqurroq nazar solish maqsadida hasbi holga yuzlanamiz. Ijodkor inson tarjimai holini oʻrganishda asarlar bilan birga kundalik, yozishmalar, xotiralar, qaydlar ham birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi. Ikki oʻrinda Erkin Aʼzamning oʻzi tomonidan tayyorlangan tarjimai holga duch keldik. “Ertak bilan xayrlashuv” kitobida “Gapni oʻzimdan boshlasam” deb nomlangan kichik hasbi hol berilgan. Shu kichik matnda yozuvchi bibisi va “har bir gapiga maqol-matal qoʻshib gapiradigan va bularning barchasini oʻzlari toʻqiydigan” onasi haqida bir-ikki soʻz qistirib oʻtadi. Yoʻl-yoʻlakay aytilgan kichik izohda adib ungan zamin haqidagi samimiy eʼtirof bor. Matalsiz, maqolsiz gapirmaydigan “akademik” onasi va bibisi yozuvchini bolaligidanoq soʻzga oshno qilgan, shu dargohning sirli chashmasidan tashnaligini qondirgan, xalqona ohanglarning jamiki ranglarini tanitgan. Shuning kuchi, quvvati bois yozuvchi asarlarida soʻzning tafti bor, oʻzgacha yogʻdusi bor. El kayvonisi va kitobsevar Normamat otaning maʼrifati – yozuvchiga qon meros. Qolaversa, milliy qadriyatlar ustuvor sanalgan oilada ulgʻaygan yozuvchining ijodida ana shu “yoʻl”ning izlarini koʻrish mumkin.
Besh jildga jamlangan “Tanlangan asarlar”i dastlabki kitobida yozuvchining hikoyalari saralab olingan. Kirishda muallif tomonidan tartiblangan tarjimai hol bor. E.Aʼzam hasbi holini kutilmagan va koʻnikilmagan bir shaklda taqdim etadi. Shu oʻrinda yozuvchining mahoratiga tan bermay iloji yoʻq. Kinoya-qochirimga boy lavhalarda xalqona ohangdagi joziba oʻquvchini maftun qiladi. “Nov boshida ikki momokalonim” deb nomlangan oʻngsoʻzni alohida hikoya deb atash mumkin. Muallif hasbi holga shu darajada mahorat bilan ishlov beradiki, ifoda usuli oʻquvchini rom qiladi. Muallif oʻzi istagan “maydon”da oʻquvchini ergashtiradi, kechmish lahzalariga bir muddatlik “ishtirokchi”ga aylantiradi. Muallifning bolalik xotiralariga choʻkib ulgurgan nurli lahzalar tilga olinadi. Oʻttiz sahifadan ortiq matnda yozuvchi sizni bolalik dunyosiga olib oʻtadi, siz ularni yaqindan bilganday qabul qilasiz. Muallif tarjimai holini noodatiy tarzda, chalgʻitadigan usul bilan bayon qiladiki, har qanday ziyraklik ham ish bermaydi.
“Adabiyotning bodi bolasi” qanday katta boʻldi?
Yozuvchiga hasbi hol bilan bogʻliq savollar berilganda koʻp holatda chap beriladi: “Ilk sevgi, vafo-bevafolikka oʻxshagan nozikroq mavzularga kelganda esa hech qachon toʻgʻridan-toʻgʻri javob berilmagan – odob-axloq va shaʼn masalasi bor oʻrtada; mushkulroq esa-da, bularni badiiy yozmalardan “paypaslab” bilib olsa boʻlar”. Yozuvchi tomonidan tartibga keltirilgan “sahih” manbada bolalikning yorqin xotiralari orasidan keraklilarini “paypaslab” olishga urindik.
Viqorli togʻlarga tutash Boysunda ulgʻaygan adib tabiatan xislatlarga “andak oʻrrog‘-u oʻjarroq” ekanligini aytib, shu bois “andak bodiroq emasmikanmiz?” deya tushuntirish beradi. Fikr davomidan taʼrifni izohlaydi: “Yuksakliklarga boqib oʻrgangan koʻzga tep-tekis manzillar pisand emas-da!” Izohda balki jon bordir... Tog‘ odamlari tabiati oʻzgacha boʻlishi mumkin.
Ustozlarimizdan biri Erkin Aʼzam va uning safdoshlarini nima uchundir “adabiyotdagi bodi bolalar” deb taʼriflardi. Sababini soʻraganimda “Imkonidan daʼvosi katta-da balalarning”, derdi. Bodilik ham bor gapga oʻxshaydi.
Muallif bolaligida bir marta bogʻda yoʻqolib – olchazor-u oʻrikzor orasida adashib, qattiq qoʻrquvga tushganda yigʻlaganini hikoya qiladi. “Endi butunlay shu yerda qolib ketdim”, deb vahimaga tushganini negadir unutmaydi. Va bu voqeani ellik besh yil oʻtib qayta eslaganda yanayam qiziq vaziyatga tushadi: “Meni hech kim tushunmagan damlar koʻpincha shunday boʻladi. Sizni hech kim tushunmasa, yoʻqolganday gap-da, toʻgʻrimi?” Agar bu fikrlarni ijod bilan bogʻlasak, sening yozgan va yozayotganlaringni odamlar tushunmasa, qabul qilmasa... oʻtgan umr “yoʻqolish” bilan barobar-ku! Yozuvchining keyingi soʻzlari yanayam mulohazaga chorlaydi: “Goho oʻylayman: yoʻqolish hodisasi mening qismatimga uyqash bir hol ekan-da”. Yoʻqolib qolish bilan uyqashlik! Yoʻqolish – izsiz ketishmi, qilgan ishlarining besamar boʻlishimi, ishonchsizlikmi? Tajribali ijodkorning oʻziga ishonmasligi mulohaza qoʻzgʻaydi. Ishonchsizlik desak oʻzini oqlamas – “bodilik” daʼvosi qayoqqa ketadi? Oʻzini malomat qilish, nafsini sindirish, kibrni oʻldirish kabi ulugʻlar solgan yoʻlning izlaridir balki... Qoniqmaslik hissi, bezovtalik ortib, “yoʻqolish” tuygʻusi bosh koʻtarib qolar...
Normamat bobodan meros qadriyatlar
Maʼlumotlarga koʻra, muallif kitob qadrlangan oilada oʻsib ulgʻaygan. Otaning farzandlariga yuklagan eng katta yumushi – oʻqish.
“Kim koʻp kitob oʻqisa, rubob olib beramiz”.
“...kitoblarni oʻqib chiqsang yozda lagerga borasan”
“Ayt-chi, yozgi taʼtilda nechta kitobni oʻqib tushirding?”
Oila kun tartibiga shu kabi savollarning qoʻyilishiyoq xonadon maʼrifati va xotirjamligini koʻrsatadi. Normamat boboning bolalari tirikchilik tashvishini oʻylamay bolalarcha yashagan, istasa – bogʻchaga bormaslik uchun “manniy kasha” qoʻzgʻolonini uyushtirgan. Tengdoshlari orasida velosipedli boyvachcha boʻlib tanilish... Elning kayvonisi boʻlgan ota bilan otga mingashib sayr qilish... Eng muhimi, bolalar eʼtibordan chetda qolmagan, ularning istaklari bilan hisoblashilgan. Barchasi shirin xotira boʻlib, muallifning qaysidir asarida “undirgi” boʻlib xizmat qilgan. “Suv yoqalab” asarida Normamat bobo va Erkin Aʼzam hayotiy tutumlarining aksini koʻrish mumkin. Holbuki, axloqiy qadriyatlar qamrovida ulgʻaygan, tasavvur doirasi keng bolaning orzu-umidlari koʻp boʻladi. “Shahardan mehmon keldi” hikoyasidagi bulutlarga rasm solgan bolakayning orzularida yozuvchi bolaligining bir parchasi aks etganday...
Yozuvchi asarlari umummahrajida mavjud qoniqmaslik hissi, “noraso”likdan kuyinish, adolatsizlikka qarshi borish tuygʻusi qayerda undirilgan degan savol oʻrtaga chiqadi. Oʻziga toʻq, osoyishta xonadonda ulgʻaygan bola dunyoqarashidagi bunday ziddiyat mulohazaga chorlaydi. Haqiqatparvarlik qaysi zaminda oʻstirilgan? Odamzod “noraso”likni koʻrganda “raso”likni tusay boshlaydi. Zugʻumga uchragan kishi adolatni qadrlaydi, uni himoya qilishni maqsad qiladi. Ehtimol, adolatparvarlik tuygʻusi Normamat bobodan otameros qadriyatdir? Asarlar zamirida yashiringan adolat tuygʻusi, erk masalasi ham muallif shaxsidagi yetakchi belgilarni ochiqlaydi.
Ijodorning keyingi yillarda yozilgan kitobida shunday fikrlar uchraydi: “Ertalablari negadir charsillab turaman. Hech narsa yoqmaydi. Dunyo koʻzimga qorongʻi. Gap qoʻshgan odam baloga qolishi aniq. Bu vaqtda olamning bor gʻam-u tashvishi guyo kaminada: mushkul muammolar, haqsizliklar, norasoliklar. Koʻngilda shularga qarshi tiyiqsiz isyon joʻsh uradi. Bugunoq borib shu masalani hal qilmasam! Bugunoq borib shu gaplarni shartta-shartta aytib solmasam! Boʻldi, shuncha zamon musichaga oʻxshab yurganim, chidab kelganim yetar! Bu nima bedodlik axir!” Bu yozuvlarni oʻqib katta bir ruhiy inqilobga tayyorgarlikni kutasiz. Ammo yozuvchining shahdi birdan sinadi: oʻzi aytgandek “yaxshi odam”ga aylanib maʼyus tortadi. Bu jurʼatsizlikmi yo murosaga oʻtishmi? Vaziyatni oʻnglab boʻlmasligini aql anglab yetsa-da, koʻngil qurgʻur koʻnmaydi-da... Bir yonib oʻchganday boʻladi-yu, ammo tutab behuzur qiladi. Tutantiriq yana bir yonishga yoʻl beradi-yu, yana... Imkonsizlikdan zoʻriqishmi? Nima boʻlganda ham nihoyatda ogʻir jarayon. Butun isyonni ichiga qamab oʻtish, nohaqlikka koʻz yumish aqli raso odamni ezib tashlaydi. Ana shu noroziliklar “yonib, tutab” qalbni qiynoqqa soladi. Yonib-oʻchishlar, iztiroblar qogʻozga toʻkiladi, soʻzga solinadi.
“Alpomish”dan Shukur Xolmirzayevgacha
Bolalikda oʻqilgan kitobning har biri adib tafakkurida oʻziga yarasha iz qoldirgan: “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” kabi katta xazina yoniga “Tom Soyer” kabi durdonalarning qoʻshiluvi maʼlum bir fikriy kompozitsiyaning shakllanishiga xizmat qildi. Xalq donoligi asosiga qurilgan eposning muhtasham qurilmasi adib badiiy yaratiqlarida sayqallanib, indiviual hodisa oʻlaroq boʻy koʻrsatdi.
Bolaligida adib “katta boʻlsang kim boʻlasan?” degan savolga ikkilanmasdan “yozuvchi boʻlaman!” deb javob beradi. Ham ishonch, ham qatʼiyat bilan aytilgan soʻz bugun kuchga enganiga shubha yoʻq. Shukur Xolmirzayev bilan uchrashuv va ustozning oʻgitlari muallifga katta maktab boʻldi: “Oʻzing yaxshi bilgan narsalarni yoz, detallarni tasvirlashni oʻrgan”. Koʻrgan, ishongan narsalarini yozish muallif ijodiy konsepsiyasining asos qismini tashkil qiladi. “Kechirasiz, oʻrtoq muallim!” qissasidagi haqiqatparast bola keyinchalik “Otoyining tugʻilgan yili”dagi Asqarga evrilganiga ishonch hosil qilamiz.
“Ertalabki xayollar” kitobida yozuvchining ijod va hayot bilan bogʻliq adabiy-estetik qarashlari aks etgan sara maqolalar jamlangan. Mazkur kitob yozuvchining ijodiy konsepsiyasini ochiqlashga imkon beradi. Kitobda muallifning turli yillarda eʼlon qilingan adabiy, ijtimoiy mavzularga bagʻishlangan maqolalari, qaydlari va suhbatlari joy olgan. Turli yillardagi chiqishlarida yozuvchi ijod va adabiyot bilan bogʻliq juda qimmatli maʼlumotlarni berib oʻtadi. Muallifning ijod va badiiyat haqidagi fikrlari turli yillarda turfa davrada aytilgan boʻlishiga qaramay yaxlit bir fikr atrofida birlashadi. Sochmalar shaklida aytilgan fikrlarda iqror va xulosalar oʻz aksini topgan. Bolalik xotiralarining ijodkor hayotida “oltin zaxira” boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
“Koʻnglimning olami adolatliroq”
“Toshkentga 17 yoshimda kelganman. Odamning bolalikdan qolgan taassurotlari uning keyingi umridagi taassurotlaridan zalvarliroq boʻlar ekan. Ana shu salmoq ijodkorga koʻp narsa berishi mumkin”.
Muallif maʼlum yoshga yetgach, xotiralarining qiymati va ahamiyatini, salmogʻini qaytadan sarhisob qiladi. Balogʻat yoshigacha boʻlgan davr ijodkorning maʼnaviy mulki, bisoti ekanligini taʼidlaydi. Yozuvchining koʻpjildlikdagi hikoyalari xronologik ravishda solishtirilsa, muallif dunyoqarashi va tafakkur tadrijini, yaʼni ijodiy koordinatlarini belgilashga xizmat qiladigan nuqtalar borligini koʻrish mumkin. Erkin Aʼzam mustaqillikdan keyingi yillarda qisqa tanaffusdan soʻng bir qancha ijod namunalarini eʼlon qildi. Bularning barchasida vaqtning, davrning tarixiy manzarasi, zamon nafasi aks etgan. Nisbatan keyingi yillarda yozilgan asarlarida qahramon tasviridagi muallifga xos kinoyaviy nuqtai nazar, matn semiotikasi, gʻayri nigohning betaraf pozisiyasi oshkora seziladi. Muallif shaxsini ochiqlashda esse tabiatini oʻzida jamlovchi tanqidiy ruhdagi maqolalarining ahamiyati katta.
Adibning “Kitob urmasin” nomli maqolasida “adabiyot hayotni aks ettiradi, ammo aynan emas” deya taʼkidlanadi: “Hayotning maftunkorligi uning norasoligidadir... Badiiy asar aslida ana shuni raso shaklida koʻrmoq orzusidan tugʻilmaydimi?”
Dastlabki asarlaridanoq adolatni va haqiqatni himoya qilishni maqsad etgan yozuvchi “Koʻnglimning olami adolatliroq tuyuladi menga” deb yozadi. Koʻngildagi adolatga boʻlgan ehtiyoj ijod orqali qondiriladi. Dastlabki mashqiy asarining nomlanishi ham muallif ijodiy kredosi bilan chambarchas bogʻliq: “Haqiqat bor joyda tugʻishganingni ham ayama”.
E.Aʼzam ijodkor sifatida oʻziga va soʻziga nisbatan talabchan. Yozuvchining muharrirligi alohida ijodiy fazilatligini hisobga olsak, manzara yanayam oydinlashadi. Muharrirga biror matnni oʻqitish istagi tugʻilganda odamda qandaydir bir andisha, istihola paydo boʻladi. Soʻzni tejab qoʻllayotgan usta “isrof”ga koʻnmaydi, zavoldan qoʻrqadi. Ayni shu javobgarlik hissi matn egasiga koʻchib oʻtishi tayin. Yozuvchi matnni puxta qilishni yoqlaydi, talab qiladi. Shu bois yozganlarida mana shu talab bosh mezon sifatida turadi. “Sirasi, mening yozganlarim, chiqarmalarim ana shu bemaza feʼlning ustidan gʻalabamdir desa boʻladi”. Muallif talabchanligini “injiqlik” deb izohlaydi. Bu “sifat” koʻpda oʻziga nisbatan foyda keltirmasligini, ammo koʻpchilik uchun manfaatli ekanligini hisobga olib “injiq”likdan voz kechmaydi.
Kinoyaga oʻralgan haqiqat
Badiiy ijod maydoniga liro-romantik ruhdagi hikoyalari bilan kirib kelgan yozuvchi ijodida kinoyaviy talqin yetakchi oʻrin egalladi. Aslida yozuvchi mansub avlod vakillari asarlarida asosiy fikr ifodasi sifatida kinoyaviylik salmogʻining ortiqligini sezish qiyin emas. Yozuvchining ijodidagi kinoyani maxsus tadqiqot sifatida oʻrgangan M.Qoʻchqorova, M.Sheraliyeva kabi olimalarimiz muammoni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilishgan. Voqelikni tahlil qilishda va munosabat shaklida kinoyaviy ohang saqlanishi ifoda usuli sifatida badiiy-estetik ahamiyat kasb etadi.
Yangi toʻlqin oʻlaroq boʻy koʻrsatgan adabiy avlod ijodida, xususan, M.M.Doʻst, E.Aʼzam, A.Aʼzam asarlarida kinoya muhim ahamiyat kasb etib, asosiy poetik unsur sifatida asar badiiyatini taʼminlashga xizmat qiladi. Jamiyat hayotida nomutanosiblik va erksizlik kuchaygan paytda ramz, majoz va kinoyaga ehtiyoj ortib boradi. Kinoya – muallifning munosabat shakli. Koʻp holatda yozuvchining kinoyasi voqelikka sirtdan qarab baho berish bilan belgilanadi. Abdulla Qodiriyning ijodida ham kinoya oʻziga xos rangda jilolangan. G‘.Gʻulom ijodida esa satiraning kuchi, ahamiyati – alohida mavzu. N.Aminovning oʻtkir hajviy asarlari, Sh.Boshbekovning alamga qorishiq kinoyasi adabiyotshunoslik uchun jiddiy muammo sifatida kun tartibida turibdi.
Xoʻsh, yozuvchi kinoyasi salaflari ijodidan qanday farqlanadi? Zamondoshlari A.Aʼzam va M.M.Doʻst asarlaridagi kinoya ohangidan nimasi bilan ajralib turadi? Nomlari zikr etilgan yozuvchilar ijodida voqelikni “tashqari”dan turib kuzatish, masalaga munosabat bildirish holati sezilib turadi. A.Qodiriy qoʻllagan kinoya ohangidan muallif uslubidagi kinoyaviylik orasida tafovut nimalarda koʻrinadi? Abdulla Qodiriyning asarlaridagi kinoya va kulgi yozuvchimiznikidan tamoman farqlanadi. Kalvak maxsum, Toshpoʻlat tajangdagi kinoya voqelikning ich-ichidan portlaydi, kulgi ichkaridan otilib chiqadi. A.Qodiriy qahramonlari tabiati hajv, kinoya, kesatiq bilan ochib beriladi. U fokus nuqtani qahramon tiynatidagi qusurlarga qaratib, hajv orqali fosh etadi.
Erkin Aʼzam asarlarida voqelik kuzatuvchi nigohning nuqtai nazari orqali ochib beriladi. Adib voqelikni ijtimoiy koʻlamda yoritadi. Fojiaga ijtimoiy sathda yondashadi, maʼno urgʻusini shunga qaratadi. Muallif kulgini “koʻzyosh aralash” aytish usuli deb hisoblaydi. Kulgi hosil qilishdan koʻra mushohada uygʻotish yetakchilik qiladi. Kinoya ohangidagi achchiq istehzo, kesatiq, piching ortidagi hazinlik oʻquvchiga ham “yuqtiriladi”. Haqiqat kinoyaga oʻrab beriladiki, oʻquvchi haqiqat bilan yuzma-yuz turadi.
Baʼzan falon asaringizni oʻqib kuldik, desa yozuvchi hayron qolishini aytadi: “Kuldirish uchun yozmayman... Birgina sirni aytay. Voqelik har xil andazalarsiz, xolis, haqqoniy tasvirlanganda kulgili holatlar oʻz-oʻzidan chiqaveradi... Yigʻlab aytilganda taʼsir qilmagan gapni koʻzyosh aralash kulib aytish sanʼati deb tushunaman men chinakam hajviyotni”.
Muallifning kinoyaga munosabati oydinlashadi. “Kuldirish” uchun yozmaydigan ijodkor muammoni “yigʻlab” turib kulgi bilan aytishni maʼqul koʻradi. Kulgi orqali darddan forig‘ boʻlish, yengillashish, kinoya ohangiga oʻralgan armon, alamlarni oʻzga bilan baham koʻrish va fikrdoshlik hissini uygʻotishning oʻzi katta bir yumush. Yigʻini kulgi orqali pardalab aytish va uni umuminsoniy muammoga aylantirish, dardga malham istash saʼnatkorlikni talab etadi.
Qalbga yaqin qahramonlar
Erkin Aʼzam qahramonlari bilan tanishish jarayonida koʻngilda bir qadar yaqinlik hissi paydo boʻladi. Muallif siymosining ayrim qirralari asar qahramonlari timsolida gavdalanadi. Har qanday badiiy asarda muallif qadriyatlarining oʻziga xos ifodasi bevosita yoki bilvosita aks etadi.
Yozuvchi ijodini oʻrgangan ustoz adabiyotshunos Abdugʻafur Rasulov “Uslub – isteʼdod portreti” nomli risolasida shu masalaga eʼtibor qaratadi: “Erkin Aʼzam ijodida “Fayzining amakisi”, “Jiyan”, “Bizning togʻa”, “Bogʻbololik Koʻkaldosh”, “Sovuq” singari hikoyalar borki, “avtobiografik asarlar boʻlsa kerak”, degan fikrga borasan kishi. Aslida yozuvchi oʻzi yaxshi bilgan hayotiy materialni, qahramonni qalbiga yaqin olib tasvirlaydi”.
“Qahramonni qalbga yaqin olish” nima degani? Nazarimizda, yozuvchi qalbida muhrlangan “iz”larni yozuvga solgan, shu bois qalblar bir-birini “taniydi” yoki oʻzining “aks”ini koʻradi. Toʻqilgan, yasama voqelik oʻziga jalb qila olmaydi. Qahramonlarning koʻpchiligini avtobiografik timsol oʻrnida qabul qilish mumkin. “Kechirasiz, oʻrtoq muallim”dagi Ibrohim, “Shaytonchalar koʻchasi”dagi Amir yoki “Koʻk eshik”dagi ijaradosh kabi qahramonlarni koʻzdan kechirsangiz, ularda muallif shaxsining parchalarini koʻrish mumkin. “Otoyining tugʻilgan yili” qissasidagi Asqarni avtobiografik deyish mumkinmi, degan savolga yozuvchi shunday javob beradi: “Maʼlum maʼnoda – ha, ammo jurʼatsizligimdan juda koʻp aziyat chekaman. Asqar – noqulay odam. Biroq bu obrazdagi bir jihat menga hamon qadrli – nohaqlikka qarshi isyon, adolatsizlikka nisbatan murosasizlik!” Deyarli barcha qahramonlarida nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi turish tuygʻusi yetakchilik qiladi. Ammo hayotda esa oʻzidan koʻngli toʻlmaydiganday... Baʼzan qahramonlari orqali oʻzining “jurʼatsiz”ligiga “davo” izlaydi.
Shaxsiyat va badiiyat chorrahasida
Soʻz va amal birligiga erishish oson emas. Qalbida ezgulik va maʼrifatdan nasibasi boʻlmagan odamning yozganlarida harorat ham boʻlmaydi. Aqlbozlik va soʻzbozlik boʻlib qolmaydimi uning bitiklari? Erkin Aʼzam taʼkidlaganidek, yolgʻon aralash munofiqlik – ijodning kushandasi:“Yolgʻon, riyo va nafsdan ijodkor saqlanishi lozim”.
Odamzodni mudom oʻziga tobe qilib kelayotgan nafs omon qoʻyarmikin ijodkor zotini? Insoniy “men” va ijodiy “men” vobastaligida umrguzaronlik qiluvchi ijodkor turli “men”lar muvozanatini teng tutmogʻi lozim. Negaki, insoniyatga maʼnaviy saboq berishga haqli qatlam sanaladi-da ijodkor deganlari. Har bir asar inson qalbini anglashga chaqiruv, oʻzini oʻziga tanitmoq umidi. Yoʻlchiroq singari basharning yoʻlini yoritish missiyasi yozuvchining chekiga tushgan siylov-da!
Erkin Aʼzam mansub avlod qarashlarida jamiyat hayotiga munosabat badiiy asarlar misolida jonlanadi. Millatni qiynayotgan muammolarga befarq qarab boʻlarmikin... Sukutning azobi rohatidan kam emasday... Inqilobiy ruhni uygʻotish ziyoliga berilgan vazifa desak... Qalam orqali millatni maʼrifatga chorlash, gʻururni uygʻotish, koʻngil pokligi, inson sharafi... ijodkor shaxsining butunligiga dalil boʻlmaydimi?!
Keyingi paytda tasavvurimizda mavjud andazalarga muvofiq keladigan ijodkor shaxsi haqidagi tushunchalar kundan-kunga xira tortib bormoqda. Bu borada yozuvchining quyidagi gapi eʼtiborga loyiq: “Ustozim Asqad Muxtor “Yozuvchiman desangiz, yaxshi odamman deganday boʻlasiz, adibman deb qoʻya qolaman”, derdilar”. Asqad Muxtor yirik adabiy shaxsiyat sifatida oʻzbek adabiyotida alohida eʼtirof va eʼtiborga loyiq ijodkor ekanini hamma biladi. Shunday ulug‘ shaxsiyatning “yaxshi odamman” deyishga istihola qilishining oʻzi koʻp narsaga ishora qiladi.
Yozuvchi har qancha isteʼdodli va mahoratda usta boʻlmasin, shaxsiyati butun boʻlmasa, murodi hosil boʻlmaydi. Ijodda shaxs tushunchasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ijodiy butunlik oʻz-oʻzidan shaxsiyat masalasini oʻrtaga qoʻyadi. Abdulla Qodiriy shaxsiyat haqida “oʻzi butun boʻlmagan, birovga yeng boʻla olmas”, shaxsiy “mustaqillik qullik bilan ziddir” deb yozgan edi.
Adabiyotni qismat bilgan adib Shukur Xolmirzayev ham bir paytlar matbuotda eʼlon qilgan maqolasida “yozuvchi shaxs boʻlishi kerak”ligini jiddiy taʼkidlagan. Erkin Aʼzam mansub avlod vakillari shaxsiy butunlik talabi va umidida qalam tebratishdi. Ularning adabiy avlod sifatida boʻy koʻrsatishida hal qiluvchi jihatlardan biri – Shaxsiyat masalasi edi. Adabiy avlodning ijodiy betakrorligini taʼminlagan omillardan biri Shaxsiy butunlik, ijodiy tutumlarga sodiqlik edi. Sodiqlik va munosiblik Erkin Aʼzam ijodiy konsepsiyasida muhim asos sifatida adabiy-estetik ahamiyat kasb etadi. Muallif asarlarida Oʻr, Magʻrur, Adolatsevar, Mehrli, Koʻngil yoʻrigʻidagi odamlar qahramon sifatida gavdalanadi. Sanalgan sifatlarga muallifning oʻzi “donor”lik qilgani shubhasiz.
Mukammalroq dunyo yaratish ehtiyoji
Muallif ijod haqida shunday fikrlarni yozadi: “Ijod mavjud muhitdan qoniqmaslikdan tugʻiladi. Ijodkor xayolida boshqacharoq, mukammalroq dunyo yaratgisi keladi. Insonni barkamolroq koʻrishni istaydi, deyish ham mumkin. Bu istak, norozilik isyonga yaqin tuygʻu-da. Bir ijodkorniki isyon shaklida, birovniki mulohaza shaklida namoyon boʻladi. Masalan, oʻzim tasvirlayotgan voqelikda “yashash” menga maroqli. Binobarin, ijod insonning erkinlikka boʻlgan hissini qondirish vositasi hamdir”. E.Aʼzam isyon va mulohazadan koʻra tasavvuridagi voqelikda yashashni afzal bilishini aytsa-da, ammo uning qahramonlari koʻnglida kechayotgan gʻalayonlar, ichki kurashlar zamirida isyon yotadi. Qahramon oʻzini anglash yoʻlida bir qancha bekatlarni bosib oʻtadi, tuygʻulari bosh koʻtaradi va Koʻngil inqilobiga erishadi. Isyon-u gʻalayonlar alaloqibat Hurlikka boshlaydi. Muallif ijodida Koʻngil hurligi – alohida mavzu!
Zamonaviy oʻzbek adabiyotining katta yozuvchisi Erkin Aʼzam ijodi adabiy jarayonda alohida sahifa degulik. Yozuvchi asarlari oʻzbek adabiyotshunosligida koʻp va xoʻb oʻrganilgan. Muallif asarlarini oʻrganib, u haqida xulosalarimizni siz bilan baham koʻrishni niyat qilgan edik. Badiiy asar ruh holatlarini ochib berishga qaratilgani bilan sirli hodisa sanaladi. Xoʻsh, Erkin Aʼzam asarlarining siri nimada? Buning tagiga yetmoq mushkul. Yozuvchi badiiy olamining sirlari osonlikcha oʻzini “fosh etmaydi”. Topganlarimiz, anglaganlarimiz – shu yoʻldagi urinishlarimizni sizga ilindik – nechogʻli murodga yetdik, Oʻzi bilguvchi!
Sanobar TOʻLAGANOVA,
filologiya fanlari doktori, professor