Oʻzbek tili kimningdir shaxsiy tamorqasimas. Til umummilliy meros. Oʻzbekiston hech kimning onasining mahriga qolmaganidek, oʻzbek tili ham hech kimning xususiy mulki emas. Ming yillardan buyon tildan tilga oʻtib kelayotgan toponimlar – joy nomlari ham xalqning umumiy boyligi. Joy nomi qaysidir kattaga yoqmagani uchun uni oʻzgartirish oʻsha yerning aholisi uchun borib turgan hurmatsizlik hisoblanadi.

Bir paytlar Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf “Mingtepani ataylik oʻz nomi bilan” deb bekorga aytmagandi. Oʻzbek xalqini azbaroyi sevganidan, oʻzbek tilini ardoqlagani uchun aytgandi.

Mustaqil davlat boʻla turib, oʻz tilimizni mensimas ekanmiz, bizni hali ancha muammolar kutyapti. Sobiq Ittifoq davrida Ohangaronni Angren dedik, Sirgʻalini Sergeli dedik, Qirgulini Kirgili dedik. Eng yomoni esa, hamon shunday ataymiz. Undan ham yomoni, milliy tildagi joy nomlarini ajnabiy tildagi soʻzlar bilan atash urf boʻlyapti. Odat boʻlib ulgurdi, allaqachon.

Biror yurtdoshimiz oʻgʻliga Messi, Ranaldo deb ism qoʻysa, kulamiz. Lekin kent (shahar) soʻzi oʻrniga city soʻzi hamma yoqni ishgʻol qilsa, hayron boʻlmaymiz.

Masalan, men Fargʻona viloyati Bogʻdod tumani Choʻrindi (Chuvrindi emas!) qishlogʻida tugʻilganman.

Bogʻdodda Olchin, Uyrat, Kenagas, Doʻrmon, Qashqari-makey (kichkina Qashqar), Irgʻoli, Bolgʻali, Katta Xitoy, Kichkina Xitoy, Qoʻgʻoli, Chuvalanchi singari qishloqlar koʻp. Bu qishloq nomlari 92 bovli oʻzbek urugʻining nomlaridir.  Choʻrindi soʻzi ham xuddi shunday. Tarixiy manbalarga koʻra, choʻran (churan) degan turkiy urug‘ boʻlgan. Choʻrindi soʻzi ham xuddi shu urug‘ nomidan kelib chiqqan.  Chuvrindi soʻzidan emas!  Bu maʼlumotni yaxshi bilib qoʻyish kerak. Bir paytlar tumanimizda Buzoq qishloq (Buzovqishloq) bor edi. Yoshlar or qilib qishloqning nomini Mirzaobod deb oʻzgartirishdi. Aslida, qadim bu nom hayvonning emas, qadimiy turkiy qabilaning nomi edi. Umuman olganda, Bogʻdod tumani juda olis tarixiy ildizga ega. Tuman nomidan tashqari, yana Bogʻdod va Samarqand qishloqlari ham bor.

Buning oʻrniga, yurtimizda Gʻalcha, Kalamush, Oqtovuq, Oshqozon, Ichak qishloqlari bor, shularning nomini oʻzgartirish kerak, aslida. Lekin bu jarayonda ham bir narsaga diqqatli boʻlish kerak: bu soʻzlar biz oʻylagan soʻzdan boshqa maʼno bildirishi yoki vaqt oʻtishi bilan fonetik oʻzgarishga uchragan boʻlishi mumkin.

Oʻzbekistonni qanday asrash kerak boʻlsa, oʻzbek tilini ham shunday himoya qilish bugungi zamonning eng dolzarb masalasidir. Biz borgan sari oʻz onasidan uyaladigan silliq oliftalarga oʻxshab qolyapmiz. Onamizning yuzi oftobda nega kuyganini, nega ajin ekanini, uning qoʻllari nega erkaklarnikidek dagʻal ekanini esimizdan chiqarib qoʻyyapmiz. Bu xayollar meni juda koʻp qiynaydi. Menga qattiq alam qiladi. “Ona tilim, kechir meni, ona tilim!”

Davlatjon KARIMOV,

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi