Yozuv – insoniyat tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan biridir.

Yer sayyorasida millionlab inson, 280 ga yaqin mamlakat va 1600 dan ortiq millat bor. Bashariyat shu kungacha 3 mingga yaqin yozuv turidan foydalandi.

Xoʻsh, insoniyat amaldagi yozuv davriga kelguniga qadar qanday bosqichlardan oʻtdi?

Tovushlarni ifodalaydigan yozuv bosqichiga kelgunga qadar tugunli, tasvirli yozuv turlaridan foydalandik. Bu esa oʻz oʻrnida harfli yozuvning paydo boʻlishiga zamin yaratdi.

Tovushli yozuvning kelib chiqishi mil.avv. 2-ming yillikka borib taqaladi. Unga Levantda yashovchi semit tillar oilasiga mansub xalqlarning xizmatkorlar va qullar toifasi uchun ishlab chiqilgan Proto-Sinay yozuvi asos boʻlgan. (“Nega aynan xizmatkorlar va qullar uchun alohida yozuv ishlab chiqilgan?” degan savol tugʻilishi tabiiy. Chunki oʻsha davrda aholining ziyoli qatlami mixxat, iyeroglif yoki piktografik yozuvdan foydalanganlar. Bu yozuvlarni oʻzlashtirish juda qiyin hamda uzoq davom etadigan jarayon boʻlib, xizmatkorlar va qullar uchun ortiqcha xarajatni talab etardi. Tovushga asoslangan harfiy yozuv esa oson va sodda edi. Shuning uchun bu yozuv Semit alifbosi deb ham ataladi.)

Oʻz oʻrnida semit alifbosi ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlmadi. Unga iyerogliflar bilan bogʻliq boʻlgan Qadimiy Misr ieratikasi, yaʼni tovushlarni ifodalovchi tasvirlar asos boʻldi. Bunda tasvirda koʻrsatilgan narsaning Nomi qaysi tovush bilan boshlansa, tasvir oʻsha harfni ifodalagan.

Semit alifbosidan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va asosan, Finikiya davlati keng foydalangan. Keyinroq savdo munosabatlari hamda istilolar tufayli bu alifbo boshqa hududlarga ham tarqalgan va bu alifboni oʻzlashtirgan xalq oʻz til tabiatidan kelib chiqib unga oʻziga xos oʻzgartirishlar kiritgan. Natijada ikki yirik yozuv oilasi vujudga keldi. Bular:

Geʼez yozuv oilasi;

Finikiya yozuv oilasi.

Geʼez yozuvidan, asosan, Sharqiy Afrika, Efiopiya va Eritreya davlatlarida foydalanilgan.

Geʼez alifbosi 26 harfdan iborat boʻlgan qadimiy yozuvlardir. Har bir harf boshqa bir harfga unli harakat bilan bogʻlangan. Hozirgi kunda amaldagi amxara, tigray, harari va tigriniya yozuvlariga asos boʻlgan.

Finikiya yozuv oilasi bugungi kunimizda dunyo boʻylab isteʼmoldagi deyarli barcha yozuvlarning ildizidir. Vaholanki u ham ikki yirik yozuv tizimiga asos boʻldi:

Abjat yozuv tizimi;

Abugida yozuv tizimi.

Abjat (bu atama 1996-yilda fanga kiritilgan) yozuvi – tarkibi faqat undosh tovushlardan iborat boʻlgan alifbodir. Ibroniy, suryoniy, somiy, oromiy, arab alifbolari abjat yozuv tizimiga mansubdir.

Abugida (bu atama fanga Piter T.Deniels tomonidan kiritilgan) yozuv tizimining boshlangʻich nuqtasi yunon alfabitidir. (Alfabit soʻzi yunoncha alifboning “alpha” va “beta” nomli birinchi va ikkinchi harflari qoʻshilmasidan olingan boʻlib, “alpha” – “hoʻkiz”, “beta” – “uy” maʼnosini ifodalaydigan soʻzning birinchi tovushiga asoslanadi.) Greklar finikiyaliklar oʻzlashtirgan 22 undosh harfli alifboga 4 ta sof unli va 2 yarim unli tovushlarni ifodolovchi harf belgilarini qoʻshib, 24 ta unli va undosh harfdan iborat ilk mukammal alifboga asos soldilar. (Finikiya alifbosidagi undosh tovushlarni ifodolovchi 4 harf belgisini unlini {a, e, i, o} ifodolovchi harf deb belgiladilar va yarim unlini ifodolovchi ikki yangi harf {y, h} qoʻshdilar. 22 harf ichidan 4 harf oʻzgarishi va 2 harf qoʻshilishi natijasida 24 harfdan iborat alifbo yaraldi.) Yunonlarning yana bir kashfiyoti abjat yozuvidan farqli ravishda chapdan oʻngga tomon yozishni yoʻlga qoʻygani boʻldi. Albatta bu usul bosqichma-bosqich amalga oshirildi: avvaliga toq qatorlar chapdan oʻngga, juft qatorlar esa oʻngdan chapga tomon yozilgan boʻlsa, keyinroq butkul chap qoʻl qoidasi ommaviylashdi. (Yunonlar metall, mato, tosh, suyak kabi buyumlarga yozishgani tufayli buyumni oʻng qoʻlda tutgan holda chap qoʻlda yozishni qulay hisoblaganlar.)

Yunon yozuvi ommalashib ikki katta oqimga ajraldi:

Sharqiy oqim (Etrusk);

Gʻarbiy oqim (Glagolit).

Sharqiy oqimda yunon yozuvi savdo aloqalari tufayli qoʻshni mamlakatlarga tarqalgan. Lotin yozuvi paydo boʻlish sababi ham shundan boshlandi. Rim imperiyasi yunon alifbosini oʻzlashtirib, oʻz til tabiatiga moslashtirdi. Natijada hozirda yarim yer yuzi foydalanadigan yozuvga asos boʻlgan lotin alifbosi yuzaga keldi. Oʻz navbatida lotin yozuvi ham ingliz, fransuz, ispan, italyan, nemis va shu kabi Yevropa davlatlari yozuvi shakllanishida poydevor boʻldi.

Gʻarbiy oqimda yunon yozuvi koʻchmanchilik sabab boshqa hududlarga tarqaldi. Bunda koʻchib borgan aholi yozuvi va oʻzlashtirilgan hudud aholisining mahalliy  yozuvining integrallashuvi natijasida yangidan yangi yozuvlar vujudga keldi. Buning yaqqol misoli sifatida kiril yozuvini keltirish mumkin.

Kiril alifbosining paydo boʻlishi IX asrga borib taqaladi. Bu yozuv slavyan xalqlariga masihiylik targʻiboti uchun yuborilgan ikki missioner Kiril va Metodiy ismli birodarlar tomonidan yaratilgan. Ularning maqsadi diniy matnlarni aholiga tushunarli boʻlishi uchun qulay yozuvda taqdim etish edi. Ulargacha slavyan xalqlari mutloq yozuvga ega emas edilar. Kiril yozuvi lotin va yunon yozuvlarining integrallashuvidan hosil boʻlgan alifbodir. Hozirda ushbu yozuvdan Rossiya, Belorussiya, Serbiya, Makedoniya, Bolgariya va shu kabi boshqa slavyan xalqlari rasmiy davlat yozuvi sifatida foydalanadi.

Finikiya alifbosi koʻplab yozuv tizimlarining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan boʻlsa-da, unga bogʻliq boʻlmagan holda mustaqil yuzaga kelgan boshqa yozuvlar ham mavjud. Bulardan eng yiriklari:

Xitoy yozuvi;

Hind yozuvi;

Turk yozuvi hisoblanadi.

Xitoy yozuvi mil.avv. 2 ming-asrda shakllana boshlagan. U logografik turkum sirasiga mansub boʻlib, bunda har bir belgi maʼlum bir soʻz yoki tushunchani ifodalaydi.

Xitoy yozuvining qoʻshni hududlarga tarqalishi Yaponiya, Koreya va Vyetnam yozuvlarining shakllanishiga sabab boʻldi.

Hind yozuvi tarixi Brahmi yozuv tizimi bilan boshlangan va keyinchalik Devanagari, Bengali, Gurmukhi, Tamil kabi koʻplab yozuv tizimlari shakllanishida oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Bu yozuv tizimlari Hindistonning turli tillari va madaniyatlari bilan bogʻliq boʻlib, uning boy adabiy merosi hamda diniy matnlarini saqlab qolishda haligacha katta ahamiyatga ega.

Turk yozuvi qadimiy turk xalqlarining yozuv tizimi boʻlib, Göktürk (Yuqori Turk) xoqonligi davrida, VI–VIII asrlarda keng qoʻllanilgan. Ushbu yozuv tizimi runik yozuvi sifatida tanilgan va u 38 harfdan iborat edi. Har bir harf maʼlum bir fonemani (tovushni) ifodalagan. Bu tovushlar oʻzaro farqlangan va hech biri boshqasini takrorlamagan.

Turk runik yozuvi oʻz davrida boshqa xalqlar, ayniqsa, Mongol va Tibet yozuvi shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Bugungi kunda ham Turk runik yozuvini oʻrganish jarayoni davom etmoqda, chunki u turk xalqlari tarixi va madaniy merosining ajralmas qismidir.

Ziyodaxon TURDIBOYEVA