Bugun, 10-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturiga muvofiq “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat marafoni” oʻtkazilmoqda.
Yoshlarimiz oʻrtasida milliy yuksalishga chorlovchi milliy gʻururni shakllantirish, vatanparvarlik tuygʻusini yanada kuchaytirish, milliy urf-odatlarimiz, anʼana va qadriyatlarimizni singdirish, bolalar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom maʼnaviy muhitni yaratish, hayotiy tajriba va koʻnikmalari yuqori boʻlgan keksa-nuroniylarimizni kelgusi avlod tarbiyasiga keng jalb qilish, oilalarni mustahkamlash, Ona Vatanimiz taraqqiyotida aholining, ayniqsa, yoshlarning daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan bu marafon Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda yurtimizdagi barcha vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, mahallalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Marafonning ochilish marosimi Adiblar xiyobonida boʻlib oʻtdi. Dastlab buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyildi. Marafon ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Toshkent shahar "Nuroniy" jamgʻarmasi raisi, senator Rustam Kalonov oʻtkazilayotgan tadbir maqsadi va vazifalari yuzasidan maʼlumot berdilar.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov marafonni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan tashkilotlarga va qadriyatlarni tarannum etayotgan ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi.
“Biz Adiblar xiyobonidamiz! Bu bogʻning yana bir nomi – Maʼnaviyat bogʻi! Adabiyot bogʻi! Chunki hazrat Navoiyning oʻzi maʼnaviyat! Bu yerda haykali qad rostlab turgan aziz siymolarimizning har biri maʼnaviyatimiz ustunlaridir, desam yanglishmayman.
Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan “Maʼnaviyat kerakmas!” degan iddaolarga koʻzimiz tushadi. Bu menga “Bizga Buxoriy kerakmas!”, “Bizga Navoiy kerakmas!”, “Bizga axloq kerakmas!”, “Bizga insoniylik kerakmas!”, “Bizga qadriyatlar kerakmas”, degan mazmunda eshitiladi. Nima uchun biz maʼnaviyatdan uyalishimiz kerak! Nima uchun maʼnaviyatni unutishimiz kerak! Axir u bizning oʻzligimiz, bizning qiyofamiz-ku!
Aytmoqchimanki, mana shunday maʼnaviy tadbirlar xonadonlarimizga kirib borsin! Farzandlarimizga azaliy qadriyatlarimizni oʻrgataylik! Uyimizga shirinlikka qoʻshib toʻrtta kitob ham olib kiraylik!” dedi Minhojiddin Hojimatov.
Tadbirda bir guruh yurtdoshlarimiz “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi:
Rustam Kalonov, Toshkent shahar "Nuroniy" jamgʻarmasi raisi, senator;
Bahodir Nishonov, Oʻzbekiston davlat yosh tamoshobinlar teatri yetakchi sahna ustasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist;
Turgʻun Beknazarov, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist ;
Feruza Akramova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori;
Mamuraxon Zohidova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʻlimi boshligʻi;
Rasulxon Qodirxonov, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri solist-vokalisti.
Ochilish marosimi Adiblar xiyobonidagi har bir ulug‘ siymo haykali atrofida hozirlangan adabiy davralarga ulanib ketdi. Musiqiy dasturlar va badiiy chiqishlar bayramona kayfiyat ulashdi. “Maʼnaviyat marafoni” milliy qadriyatlarimiz bilan uygʻunlashgan, biri-biridan qiziqarli va noodatiy loyihalar tarzida respublikamiz boʻylab davom etmoqda.