– Ayolga munosabat har qanday ilgʻor tafakkur va mafkuraning ajralmas tarkibiy qismi, taʼbir joiz boʻlsa, maʼrifat va madaniyat mezoni sanaladi. Ayolini eʼzozlagan xalq ham, inson ham kam boʻlmaydi. Biz dunyoviy, demokratik jamiyat oʻlaroq shu kunlarda ayolning haq-huquqi masalasini chuqurroq idrok etyapmiz, muhokama qilyapmiz; ayol kishi rahbar boʻlsa, jamiyat jadal ravnaq topadi deya boshqaruvda ularning salmogʻini oshirishga urinyapmiz. Lekin... hokimlikka tayinlangan bir-ikki arbob opaxonning siyosat-u dagʻdagʻada haddidan oshib, “internet qahramoni”ga aylanganidan ham xabaringiz bor. Nima bu: siyosiy-boshqaruv tizim tabiatining voqelanishimi yoki ayol tabiatining?

– Ayollar orasida Senat raisi, vazir, elchi, universitet rektori, aeroport direktori... xullas, turli darajadagi rahbarlar bor. Erkaklar orasida ham shunday, albatta. Ammo negadir erkak-ayol “internet qahramonlari” faqat bir tizimdan chiqyapti. Bundan gap jinsda emas, tizimda degan xulosaga kelish mumkin. Umuman, “Ayollarning siyosiy va ijtimoiy faolligi nima uchun muhim?” tarzida konstruktiv savol qoʻyilsa, jamiyat bundan yutadi deya dadil javob bersa boʻladi.

Kuzatuvlarga koʻra, ayollar maʼrifatli, ijtimoiy-siyosiy jihatdan faol boʻlgan jamiyat tinchroq, farovonroq va taraqqiyparvarroq keladi. Chunki ayol kishi resurslarni qurollanish, xavfsizlik, huquq-tartibot sohalaridan koʻra koʻproq taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fanga yoʻnaltirishni istaydi. Bu uning tabiati va onalik instinkti bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Demak, ayollarni maʼrifatli qilish, huquqiy bilimini oshirish, moddiy taʼminotini yaxshilash, kasb-hunar oʻrgatish, jamiyat aʼzolari ongiga “ayolga munosabat – taraqqiyotga munosabatdir” degan tushunchani singdirish, ayollarni ijtimoiy qoʻllash tizimini rivojlantirish kabi yana talay amaliy chora-tadbirlar kelajak va taraqqiyot bilan bogʻliq dolzarb masalalardir.

Siz aytgan misollar esa dorilarning nojoʻya taʼsiri kabi gohi-gohida uchrab turadi, ammo bu hol aslo bugun gender siyosati jabhasida olib borilayotgan chora-tadbirlarni toʻxtatish yo ortga qaytarish zarurligini anglatmaydi.

– Fizika va kimyo sohasida – ikki marta Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan olima Mariya Kyurining tanasi shu qadar nurlanib ketgan ekanki, tobuti eshigiga 2,5 santimetrli qoʻrgʻoshin qoplashga toʻgʻri kelibdi... Aslida ayol zoti rahbar, olim, jurnalist, ijodkor, sanʼatkorlikning yukini ayollik masʼuliyati ustiga oladi; baʼzida hayotini kasb-u koriga qurbon ham qiladi. Ayniqsa, yillab kutubxonalar changini yutib, laboratoriyalarda kolba-yu mikroskoplarga termilib oʻtish zebo qavmning ishi emasdek...

– Agar menga biron sohada isteʼdod berilgan boʻlsa-yu, uning yukini ayol boʻlganing uchun koʻtara olmaysan, uyda jimgina oʻtir deyilsa, bu adolatsizlik deb bong urgan boʻlar edim. Isteʼdodni bergan – Olloh, uni roʻyobga chiqarmaslikka bandasi allaqanday stereotiplar, daqqi qarashlar bilan toʻsqinlik qila oladimi? Bu ilohiy hukmga, qadarga qarshilik emasmi?

Yoki mana siz, ayol ijodkor sifatida ayting, ichingizda yonib-toshib turgan salohiyatni roʻyobga chiqarmay xotirjam yashay olasizmi? Bu xuddi toʻlgʻoqdek gap, hosilani dunyoga keltirish uchun hamma narsaga tayyor boʻlasiz, shunday emasmi? Sirasi, ayoldir-erkakdir, har bir insonning javhariga joylangan mazmun-mohiyati bor. Ayolni Xudo faqat bola tugʻish, roʻzgʻor yumushlari uchungina yaratganida, unga isteʼdod, iqtidor, aqliy salohiyat bermagan boʻlar edi. Ilmiy salohiyat bilan tugʻilgan ayol olimalik qilmasa, uning hayoti yengillashib qolmaydi. Bundan oʻzi ham, jamiyat ham yutqizadi. Jamiyatning yutqizgani shuki, u mavjud insoniy potensialdan toʻliq foydalana olmaydi. Insoniyat yarmi erkak, yarmi ayol qilib yaratilgan. Demak, ilmiy, maʼrifiy, madaniy va hokazo salohiyat ham jinslararo teng taqsimlab berilgan. Ana shu salohiyatning teng yarmini istifoda etmay toʻrt devor ichiga qamab qoʻyishdan insoniyat qancha narsa yoʻqotishini hisoblab koʻrish qiyin emas. Bu xuddiki, ikki qoʻli bor odam faqat bir qoʻlini faol ishlatib, ikkinchisini ovqat yeyishga saqlab yurgandek gap.

Mariya Sklodovskaya-Kyurini yaxshi misol keltirdingiz. Nodir isteʼdodli bu ayol Karpat togʻlarining eng baland qismida alpinizm bilan shugʻullangani, xotin-qizlar orasida birinchi boʻlib haydovchilik guvohnomasi olgani, umrining oxirigacha ona tiliga sadoqat oʻlaroq ilmiy maqolalarini ikki tilda (polyak va fransuz) eʼlon qilish orqali polyak ilmiy tili va tafakkuri rivojiga buyuk hissa qoʻshgani, Eynshteyn taʼbiri bilan aytganda, “shuhrat aynitmagan yagona inson” boʻlgani, olamshumul kashfiyotlarga qoʻl ursa-da ayol boʻlib qolgani, Birinchi jahon urushi yillari askarlar uchun paypoq toʻqigani, ikki farzandni katta qilgani-

yu erining oʻlimidan soʻng boshqa turmush qurmay, 28 yil beva yashaganini bilsangiz kerak, albatta. Mariya Kyuri shuncha ish-yumushlarni eplash mumkinligini butun dunyoga isbotlab, mavjud stereotiplarni yoʻqqa chiqargan ayol! Tasavvur qiling, u ilmiy faoliyat bilan shugʻullanmaganida, insoniyat nelarni yoʻqotardi! Albatta, Mariya Kyuri kashfiyotlarini bir kun kelib boshqa erkak olim ham qilishi mumkin edi. Lekin bu qachon va qay tarzda roʻy berardi? Ilmiy taraqqiyot zanjirida aynan shu ayol bir halqa sifatida belgilangan va bu insoniyat taqdirini oʻzgartirishga xizmat qilgan ekan, bunda faqat hikmat mujassamdir.

Men ilmning “ayolning ishi”, “erkakning ishi” deya jinslarga ajratilishini toʻgʻri deb bilmayman. Agar biz bunday yanglish yoʻl tutsak, shu vaqtgacha ayollar huquqlari borasida erishgan natijalarimizni bekor qilishimiz va taraqqiyot shiddatini susaytirishimiz kerak boʻladi. Chunki ayol huquqlari borasidagi asosiy gʻoya ayol va erkakning aqliy qobiliyati tengligi tamoyili ustiga qurilgan. Ayol faolligi esa taraqqiyot gʻildiragini yanada jadalroq aylantiruvchi muhim omildir.

– Gap oʻzbek ayoli, uning jamiyatdagi oʻrni, taraqqiyotga taʼsiri haqida ekan, “Oʻtkan kunlar”ni eslaylik. Oilada roʻy bergan fojialar, yoʻqotishlarda Oʻzbekoyimning aybi alayno­ayon. Hatto davlat boshqaruvida oʻz soʻziga ega Yusufbek hojidek tadbirli zot-da uning qaroriga taslim boʻladi. Oʻzbekoyim degan nom ham ramziydek. Hayotning past-u balandini xoʻb koʻrgan bir onaxondan “Ayol kuchli, oʻktam boʻlsa, er-oʻgʻillar boʻshroq keladi, ruhini boy berib qoʻyadi” deb eshitganman... Toʻy-maʼrakalarimiz jadid bobolarimiz davridan buyon epga kelmayapti; maishiy turmushimiz boloxonador hashamlar-u, luzumsiz jihozlarga toʻlib-toshgan; sarpo-suruq tortishuvlari tinmayotir... Shular barida voqelangan meshchanlik – xonaki mojaroga oʻxshab koʻrinsa-da – ijtimoiy xavfi hazilakam emas. Yaxshilab mulohaza qilsak, bugun davlat siyosatining muhim qismiga, el-u xalqning shoʻriga aylangan oilaviy ajralish, korrupsiya, mehnat muhojirlari huquqlarining poymol etilishi kabi fojialar ildizi, bir jihati, xotinlarning orzu-havasi, oʻzaro poygasiga borib taqalmaydimi? Nima qilsak, qonimizdagi bu koʻrinmas baloni yenga olamiz?

– “Oʻtkan kunlar”dagi syujet chizigʻida yana boshqa aybdorlar ham bor, ammo siz faqat Oʻzbekoyimni ajratib koʻrsatyapsiz. Oʻzingiz taʼkidlaganingizdek, “uning qaroriga taslim boʻlgan” – erkaklar-ku baribir. Umuman, Qodiriy biz kabi masalani ayol-erkak deya joʻn talqin etmagan. U fojialar sababi sifatida jaholatni koʻrsatadi. Asarda jaholatning Oʻzbekoyimdan tashqari Azizbek, Xudoyorxon, Musulmonqul, Homid, Mingboshi, Sodiq kabi oʻnlab nomlari borki, biri mustabidlik, ikkinchisi irodasizlik, uchinchisi tamagirlik, toʻrtinchisi zulm, beshinchisi qotillik kabi illatlarni oʻzida tamsil etadi.

Albatta, men ayollarimizning johilligini oqlamoqchi emasman, siz tilga olgan muammolar mavjud va ularning miqyosi katta. Ayol oʻqitilmay, koʻproq “uy qizi” qilib tarbiyalangach, undan johilona odatlar-u johil farzandlar tugʻiladi-da! Oʻn olti-oʻn yetti yoshli qizini uzatadigan ham, shu yoshdagi qizga uylanadigan ham – erkaklar. Bu vaziyatda na ota va na er qizning taʼlimi haqida oʻylaydi. Toʻrt devor va latta-puttadan boshqasini koʻrmagan ayol esa maishiy orzu-havaslar bilan andarmon boʻlishi tabiiy holdir.

Men qizlarni erta turmushga berishga qarshiman. Qizlarimiz oʻqishi, bilim, hunar egallashi, oq-u qorani tanishi – bu muammoning birinchi yechimi boʻlsa, ikkinchi yechim oilada adolatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishdir. Ayol ilmli va oilada adolat poydor boʻlsa, ajralishlar ham, bemaʼni orzu-havaslar ham, moddiyatning maʼnaviyatdan ustunligi ham yoʻqoladi.

Bir intervyuda Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova aytgan edi: seplari olib kirilganda qoʻshnilar qoʻsha-qoʻsha ogʻir sandiqlarni koʻrib, “Oh, rosa badavlat kelin ekan!” deyishibdi. Lekin sandiqlar toʻla kitob ekanini koʻrib, hafsalalari pir boʻlibdi... Bugun bizda shunaqa sandiq-sandiq kitob bilan kelin boʻlib boradigan qizlar bormi? Shunday kelinga orzumand qaynona yo kuyovlar-chi? Afsuski, bizning ilmga bogʻliq qadriyatlar tizimimiz izdan chiqqan va bunda ayol-u erkak birdek aybdor.

– Yuksalishni istagan xalq maktabga kuch beradi – bu aksioma mustaqillik yillarida tildan tushmadi-yu, lekin raqamlar koʻp, sifat esa kam oʻzgargandek. Taʼlim tizimining hamma boʻgʻinlarida – maktab, litsey, oliy oʻquv yurtida ishlaganman, uzoq yillar repetitorlik ham qildim. Eng asosiy omil – oʻquvchining oʻzi ekan degan xulosaga keldim: bolada istak boʻlmasa, taʼlim natija bermaydi! Aslida bu taʼlim toʻgʻrisidagi yangi qonunda ham belgilab qoʻyilgan: oʻquvchi endi taʼlimning obyekti emas, subyektidir. Soʻnggi yillarda davlat ushbu sohaga jiddiy eʼtibor qaratyapti-yu, lekin ichimizdagi jaholat, maʼrifatga munosabat eskichasiga qolayotgandek. Darslikni yangilash, oylikni oshirish, qogʻozbozlikka barham berish, maktabni taʼmirlash, chetdan muallim chaqirish... kabi islohotlar bilan ish bitmayotgandek. Oʻylab qolasiz: xoʻsh, oʻqituvchi avvalgidan koʻp izlanib, munosib tarzda ishlayaptimi? Ota-ona bolasini surishtirib, maktabga koʻproq boryaptimi? Oʻquvchi maktabga munosabatda oʻn yil avvalgi tengdoshidan boshqacharoqmi?

– Savolingiz yaqindagina roʻy bergan ayanchli, uyatli va ayni choqda saboq chiqarishimiz lozim boʻlgan voqeani esga soldi. Janubiy Koreyadagi oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan yurtdoshlarimizdan biri onlayn dars chogʻi oʻqituvchisiga oʻzbek tilida haqoratli soʻzlarni yozgan. “Gugl tarjimon” orqali talabaning yozgani soʻkinish ekanidan voqif boʻlgan oʻqituvchi uni jinsiy zoʻravonlikda ayblab sudga bergan. Talabaning yonini olib oraga tushgan dekanning ustidan ham daʼvo kiritib, uni jinsiy zoʻravonlik tahdidini xaspoʻshlashda ayblagan. Daʼvo isbotlansa, talaba 5 yilga qamalishi, dekan barcha ilmiy unvonlaridan mahrum etilib, ishdan boʻshatilishi mumkin edi. Oʻzbek tilshunos mutaxassislarining lingvistik ekspertiza xulosasi asosida talaba jinsiy tajovuz tahdidi qilmagani, shunchaki soʻkingani isbotlandi. Pirovardida u oʻqishdan haydalib, Koreyadan badargʻa qilindi, bir necha ming dollar jarimaga ham tortildi; dekanga esa jiddiy ogohlantirish berildi.

Bu bizda va xorijda oʻqituvchiga munosabatning yer bilan osmonchalik farqini koʻrsatuvchi holatdir. Mutaraqqiy dunyoda oʻqituvchining obro‘-mavqei vazir-u vuzarolardan yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Ayni choqda, oʻqituvchi boʻlish ham, bu maqomda turish ham katta mehnat talab qiladi. Nomzod bir necha yillar yordamchi, ikkinchi oʻqituvchi lavozimlarida ishlashi, qancha-qancha talablarni bajarishi kerak. Boshqa tomondan, oʻqituvchiga munosib munosabat ham koʻrsatiladi: katta oylik, maʼnaviy ishonch va hurmat, ijtimoiy imtiyozlar... Bizdagidek oʻqituvchini urish, soʻkish mumkin degan fikrda ulgʻaymaydi bolalar. Shuning uchun ham ular taraqqiyotda ilgʻor!

Tan olish kerak, biz kam oʻqiydigan, taʼlimga munosabati haminqadar xalqmiz. Xoʻsh, “oʻqib shahar olib berasanmi”, “bir kun keyin olim boʻlarsan” kabi iboralarimizni qanday izohlash mumkin? Lekin eslasangiz, “Ikki eshik orasi” asarida Husan duma Robiyaning otasini “maʼlim” deya ayricha hurmat qiladi. Demak, oʻqituvchining obroʻsi baland boʻlgan davrlar ham oʻtgan tariximizda. Ammo keyin nimadir oʻzgardi, qayerdadir xatoga yoʻl qoʻyildi...

London, Amsterdam, Haaga, Moskva... Bu shaharlarda men havas qilarli darajada koʻp kitob doʻkonlarini koʻrdim. Ularda sanʼat-u adabiyot ham ilgʻor oʻrinda, jamoatchilik fikrini shakllantirish, boshqarish va tarbiyalashda yetakchilikni boy bermagan. Badiiy asarlar asosida muntazam ravishda seriallar, filmlar suratga olinadi, spektakllar qoʻyiladi. Ijodiy erkinlik esa tafakkurni yanada oʻstirib, kitobga va ilmga ishtiyoqni orttirishga xizmat qilmoqda. Tafakkur, tarbiya va targʻibot pishiq asarlar ustiga qurilmogʻi darkor. Bizda pishiq-puxta asarga tayanib kino yo serial olinganini eslolmayman. Hatto tarixiy shaxslar toʻgʻrisidagi seriallar ham tayyor badiiy asarlar emas, yoʻl-yoʻlakay yozib-oʻzgartirib boriladigan qoralamalar asosida ishlanyapti.

Korrupsiya, firibgarlik, yolgʻonchilik va bu illatlarga nisbatan befarqlikning bir tomoni adabiyot (adab) zaifligi, boshqa tomoni taʼlim inqirozi bilan bogʻliq. Adabiyotga, kitobga qiziqish deyarli soʻngan jamiyatda yashab, taʼlim muammolari faqat oʻquvchilarga tegishli deyish toʻgʻrimi? Taʼlim maktabdangina iborat emas, taʼlim bu – hayot tarzidir! Hayot tarzimiz har doim ham aqliy mezonlar asosiga qurilmaydi, mazmunan boy, sergʻoya ham emas. Ilm befoyda bir soha deb qaraladi, internet lahjasida aytsak, trendda emas. Shunday holda oʻquvchilar koʻzida siz kutgan ishtiyoq boʻlishi mumkinmi?

Tanganing ikkinchi tomonida esa – mavjud taʼlim sharoiti va standartlari... Oʻn toʻrt yashar oʻgʻlim “Oyi, nega “History” kanalida tarix qiziq, tarix darsida esa zerikarli?” deb soʻraydi. Hujjatli filmlarni jon deb tomosha qiladi-yu, darslikni ochib oʻqigisi kelmaydi. “Oyi, siz savollarimga qiziq javob berasiz, oʻqituvchimning gaplariga tushunmayman”, deydi. Maktabga oyogʻi tortmaydi, “YouTube”dan chiqmay hujjatli film koʻradi. Aksar sinfdoshlari ham shunday. Nega?

Biz bolalarimizning emotsional intellektini oʻstirish bilan deyarli shugʻullanmaymiz. Biz ularning ongini faqat axborot-u tafsilot bilan toʻyintiramiz, ammo zarur boʻyoqlarni bermaymiz. Maktab bolaning oltin davrini sovurmasligi kerak. Bu kechirilmas xatodir.

– Bugun ilgʻor ziyolilarimiz oʻy-xayolini “mutaraqqiy xalqlar-u davlatlar safida tursaydik”, oddiy odamlarnikini esa “biz ham farovon yashasaydik” deganga oʻxshash orzu band qilgan.  Jamiyatning hamma qatlamida turli taklif-u gʻoyalar aytilyapti, qizgʻin munozara-yu bahslar kechyapti, qonun loyihalari muhokama qilinyapti. Dunyoni faqat taʼlimotlar, shiorlar, tortishuvlar oʻzgartirmaydi; ular turmush voqeligiga aylanmasa bari bekor – buni yaxshi bilasiz. Eski haqiqat shu: soʻzning kuchi amal bilan! Bu gap qonunlarga ham tegishli. Jamiyatdagi muammolarga befarq boʻlmagan, ijtimoiy fikr uygʻotayotgan, huquqiy masalalarda ham oʻz fikriga ega ziyolilardan biri sifatida ayting-chi, tub oʻzgarishlarga toʻsiq boʻlayotgan soʻz va amal, qonun va ijro tafovuti barham topishi uchun tepadagilar nima qilishi kerag-u oddiy odamlar nima qilishi kerak?

– Odamlarda qonuniy yashash noqonuniy yashashdan maʼqulroq, degan aqida shakllanmogʻi lozim. Masalan, men qonuniy yoʻl bilan tegishli toʻlovlarni toʻlab yer maydoniga ega boʻlsam-u, qoʻshnim shu ishni noqonuniy yoʻl bilan, yaʼni pora berib osongina hal qilsa, qonunga asosan yashash kerakligiga kim ham ishonar edi? Uddaburonlar ishini shu yoʻsinda bitirib ketaversa, jamiyat parokandalikka yuz tutmaydimi?

Davlat buning uchun korrupsiyani jilovlashi, imtiyozlar mexanizmi ochiq-oshkora boʻlishi hamda qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash kerak, mansabdorlar esa qonunga itoatda xalqqa ibrat koʻrsatmogʻi lozim. Jamiyat qonunga itoatsizlikka munosabatini tubdan oʻzgartirmogʻi darkor. Hozir odamlarning “eti oʻlib”, befarq, koʻnikuvchan, hatto huquqbuzarliklarni oqlaydigan ham boʻlib qolgan. Aslida jamiyat huquqiy nigilizmga aslo toqat qilmasligi kerak. Kimdir yoʻl qoidasini buzyaptimi, oʻzboshimchalik bilan daraxt kesyaptimi, birovni urib-soʻkib qiynayaptimi, pora olyaptimi – indamay oʻtmang, qonunsizlikka aslo befarq boʻlmang!

Biz millat va davlat sifatida qonuniy yashashni oʻrganishimiz kerak. Baʼzilar qonun ikkilamchi masala, insof, diyonat birinchi oʻrinda deydi. Lekin insof-u diyonatning oʻlchovi-meʼyori bormi? Boz ustiga, yuzta odamda insof darajasi yuz xil. Shuning uchun qonun asosiy mezon boʻlmogʻi lozim.

Xabaringiz bor, yaqinda yoʻllardagi qoidabuzarliklar haqida ragʻbatlantirish evaziga tegishli tashkilotlarga xabar berish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda koʻp va xoʻb muhokama qilindi. Koʻpchilik bu ishni “xoinlik”, “sotqinlik” deb baholadi; davlat qoidabuzarliklarga qarshi oʻzi kurashsin, fuqarolar orasiga tafriqa solmasin qabilidagi gaplar aytildi. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: davlat hammaning ortidan nazorat qilib yursa, birinchidan, maʼmuriy boshqaruv idoralari battar kattalashadi, xarajatlar koʻpayadi, davlat va jamiyatda kuchlar muvozanati buziladi (kuchli ijro hokimiyati va zaif jamiyat modeli nomaqbul ekani ayon); ikkinchidan, fuqarolik jamiyati rivojlanmaydi, jamoatchilik nazorati susayib, befarqlik ortadi.

Rivojlangan davlatlarda qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyiliga koʻra, qoidabuzar kim boʻlishidan qatʼi nazar, javobgarlikka tortiladi; demak, xabar yetkazuvchi adolatning yuzaga chiqishiga yordam beryapti deb qaraladi. Bizda esa aksincha: xabar berish – oʻzinikilarni sotish deb baholanadi. Yaʼni qonunlarga amal qilish emas, oʻzinikilarga yoki aynan bir shaxsga sodiq boʻlish, uning aybini yashirish koʻproq qadrlanadi. Umum qabul qilingan tartiblarga sadoqat emas, maʼlum bir guruh yo shaxslar manfaatlariga, ularning yozilmagan qonunlariga sadoqat muhimroq. Bunday sharoitda, tabiiyki, na korrupsiya va na boshqa qoidabuzarliklarga qarshi jamoatchilik nazorati asosida kurashish samara beradi.

Amalda koʻproq yozilgan qonunlar emas, yozilmaganlari hisobga oʻtadi. Qoidalar va odatlarga munosabat taxminan mana bunday: “Yozilgan qoidalar davlatniki, yozilmagan qoidalar, anʼanalar – xalqniki. Yozilgan qoidalarni buzish mumkin, yozilmaganlariga albatta amal qilish kerak. Aks holda, odamlar nima deydi?” “Oʻziniki” va “ular” degan tushunchalar ana shu negizda shakllangan: biz va davlat, biznikilar va davlat odami, xalq va amaldorlar. Ehtimol, muammolarimiz ildizi rivojlangan mamlakatlardagi kabi fuqaro – davlat xizmatchisi, saylovchi – nomzod, xalq – yetakchi tarzidagi tasniflash ongimizga yetarlicha singmaganidadir...

Xoʻp, nima qilmoq kerak?

Bunda davlatning ham, jamiyatning ham oʻziga yarasha masʼuliyati bor. Davlat zimmasidagi masʼuliyat qonunlarning hammaga birdek tatbiq etilishi, jazo muqarrarligini taʼminlash, adolatli qoida va tartiblarni yaratishdan iborat.

Jamiyat aʼzolari esa bu jarayonda oʻzini tomoshabin emas, ishtirokchi va tashabbuskor sifatida tutishi kerak. Davlat tuzilmalari hammaning qonunga toʻliq rioya etib yashashini taʼminlab bera olmaydi, fuqarolarning ham barchasi birdek qonunga itoatkor emas. Shu sababli mutaraqqiy dunyoda jamoatchilik nazorati degan tizim shakllantirilgan. Bu xuddi ichki audit, oʻz-oʻzini nazorat qilish kabidir. Jahonga boqib amin boʻlasizki, faqat kuchli fuqarolik pozitsiyasiga ega odamlari boʻlgan jamiyatlargina ravnaq topmoqda.

– Bahs-u munozara uygʻotgan yana bir mavzu – kitobxonlikka oid savol. Taassufki, biz yuqori minbarlardan yangragan olijanob daʼvatni dasta-dasta kitob ulashish-u tadbirbozlik kampaniyasiga aylantirib yubordik. Olmonlarda esa “Bir marta kitobga qarasang, oʻn marta hayotga qara” degan maqol bor ekan...

– Kitob meni odam qilgan. Shu sabab doim kitob haqidagi savollarga jon deb javob beraman.

Bolaligimda onam “Boʻldi, uxla, ertalab maktabga tura olmaysan!” deya chiroqni oʻchirib chiqib ketganlaridan soʻng ham kitobimni koʻrpa ostiga yashirib, koʻcha chirogʻi yogʻdusida oʻqishni davom ettirardim. Bolaligimiz ana shunday kitobxonlik asriga toʻgʻri kelgan edi.

Onam men oʻqiyotgan kitoblar mazmun-mundarijasi bilan deyarli qiziqmasdi. Kitob oʻqiyotganimning oʻzidanoq xursand edi u. Toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurgan kezlarim “Qoʻrqinchli Tehron” asariga mukkadan ketdim. Bir kuni bosmaxonada ishlaydigan onam allaqayerdan romanning mazmunini eshitib qolib, kitobimni yashirib qoʻydilar. Shundan keyin har bir oʻqiyotgan asarim haqida hisobot beradigan boʻldim. Yaʼni endi qancha oʻqiyotganim emas, nimani oʻqiyotganim muhimroq edi.

Bugun – kitob oʻqish kamyob hodisa boʻlib borayotgan bir davrda farzandlarimizga uni emas, buni oʻqi, deya olamizmi? Balki kitoblar butunlay oʻtmishga aylanib borayotgandir-u, farzandlarimiz buni birinchi boʻlib anglayotgandir? Zamon bolalari ongiga qiziqarli axborotning aksari televideniye, kompyuter va ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelmoqda. Ammo jamiyatdagi har qanday oʻzgarishlardan qatʼi nazar, bola bolaligicha qoladi. Demak, ularning qoʻliga sifatli kitob tutqazib, mutolaa zavqini anglatishga harakat qilaverishimiz kerak.

Oʻtgan yil oxirida Toshkentda yoshlar forumi oʻtkazildi. Yoshlarga hayotiy ragʻbat berish uchun bir qancha ijtimoiy faol insonlar forumda maʼruza qildik. Jurnalist va bloger Nikita Makarenko yoshlarning kitob haqidagi savoliga javob beraturib, “Faqat badiiy kitob oʻqing, qolgan barcha kitoblarni uloqtiring” degan bir oz keskin, ammo rost tavsiyani berdi. Nega aynan badiiy adabiyot oʻqish kerak? Uning shaxsiy rivojlanishga oid turli kitoblar, qoʻllanmalar, gazeta-jurnallar, internet saytlaridan afzalligi nimada? Badiiy adabiyot dunyoqarashni kengaytirib, nutqni boyitadi, tasavvurni rivojlantiradi, aynan adabiy qahramonlar bolaga maʼnaviy saboq berib, nima yaxshi-yu, nima yomonligini anglatishga qodir. Qolaversa, u oʻquvchiga mislsiz zavq baxsh etadi. Yaʼni badiiy kitob miyani har tomonlama rivojlantirib, “megamiya”ga aylantiradi.

Ammo bogʻchaga borar-bormas smartfonni doʻst tutayotgan bolalarimizni bir joyda oʻtirib diqqat bilan kitob oʻqishga jalb qila olamizmi? “Oʻqish – zerikarli” deb turgan bolaga nima deb uqtirgan maʼqul? Menimcha, bunda shaxsiy ibrat muhim. Bola ota-onasi qoʻlida kitob koʻrsa – kitob, gadjet koʻrsa – gadjetga oshno boʻladi. Bolalarimizni soʻzimiz emas, amalimiz tarbiyalaydi. “Men sening yoshingda falon ishlarni qilardim”ga oʻxshash quruq nasihatlar zamon bolalariga taʼsir qilmaydi.

Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbusning toʻrtinchisida kitobxonlikni keng targʻib qilish orqali yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish nazarda tutilgan. Ammo bugun bilim, axborot, xususan, huquqiy axborot tarqatishning muhim vositalaridan biri boʻlgan bosma mahsulotlar – kitob, gazeta va jurnallarni chop etish hamda aholiga yetkazishda baʼzi muammolar mavjud. Avvalo, kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning tizimliligi va izchilligi, qolaversa, ularning samaradorligini baholash tizimi mavjud emas. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga qaraganda, 2016–2019-yillar oraligʻida mamlakatimizda chop etilgan kitob va broshyuralar birligi qariyb 600 taga, adadi esa 7 mln nusxaga kamaygan. Gazeta-jurnallarning yillik adadi shu muddatda qariyb ikki baravar qisqargan. Bu ketishda yana oʻn yillardan keyin kitob muzey eksponatiga, biz esa mahdud fikrli odamlarga aylanmasak boʻlgani!

Kitob bu – gʻoya degani, gʻoyasiz taraqqiyot, umuman, hayot boʻladimi?

“Biz qorongʻi damlarda ham yorug‘ kelajakka boqa olishimiz kerak” degan edi Arastu. Bugungi qiyinchiliklar ham oʻtar, kitob-u kitobxonlikni yorug‘ kelajakka eson-omon olib chiqolsak bas!

Nodira OFOQ suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Soʻzning kuchi amal bilan” suhbati